Namangan viloyati Chust tumani hokimining
qarori
Ijtimoiy himoyaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini 2018-yil uchun band qilib qoʻyish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 97-modda) 17-moddasi, “Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 29-30-son, 277-modda) 25-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-son qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 34-son, 333-modda) asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun tumanda 2018-yil uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish maqsadida, qaror qilaman:
1. Tumandagi ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish joylarining eng kam miqdorini belgilash boʻyicha komissiya tarkibi 1-ilovaga muvofiq, 2017-yilda mazkur toifadagi shaxslar uchun ish joylarining eng kam miqdori belgilangan korxonalar va tashkilotlar roʻyxati 2-ilovaga* asosan tasdiqlansin.
* 2-ilova berilmaydi.
2-ilovaga muvofiq xodimlarning roʻyxat boʻyicha oʻrtacha sonidan 630 nafarini tashkil etadigan 7 foiz miqdorida, shu jumladan:
oʻn toʻrt yoshgacha bolalari va nogiron bolalari boʻlgan yolgʻiz ota, yolgʻiz ona va koʻp bolali ota-onalar uchun 0,5 foiz (42 kishi);
taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun 1,8 foiz (165 kishi);
muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilganlar uchun 0,3 foiz (35 kishi);
nogironlar uchun 3,3 foiz (301 nafar yuqorida koʻrsatilgan ish oʻrinlariga tumanda 3-guruh nogironlari ishga joylashish boʻyicha talab 51 ta boʻlganligi sababli kelgusida 250 ta ish oʻrinni bitiruvchilar uchun band etib qoʻyilsin);
tuman Bandlikka koʻmaklashish markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun 0,3 foiz (25 kishi);
jazoni oʻtash muassasalaridan ozod qilingan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun 0,4 foiz (33 kishi);
ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslarning boshqa toifalari, shu jumladan odam savdosidan jabrlanganlar uchun 0,3 foiz (29 kishi) miqdorida ish oʻrinlari zaxirasini belgilaydi.
2. Ushbu toifa shaxslar uchun ish oʻrinlari xodimlar tomonidan oʻzlarining mehnat majburiyatlarini toʻsiqlarsiz bajarishini taʼminlaydigan sanitariya-gigiyena normalari va mehnat sharoitlariga muvofiq boʻlishi kerak, shu jumladan:
yolgʻiz ota, yolgʻiz ona va 14 yoshgacha boʻlgan nogiron bolalari bor koʻp bolali ota-onalar uchun — bolalarni tarbiyalash va mehnat majburiyatlari boʻyicha vazifalarni uygʻunlashtirish imkonini beradigan, oʻzgaruvchan ish jadvaliga ega boʻlgan ish oʻrinlari;
taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun — ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari;
muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar uchun — ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari;
nogironlar uchun — mehnat sharoitlari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazilgan hamda xodimga ish jarayonlarini toʻsqinliksiz bajarish imkonini (sogʻligʻining ahvoli va mehnat faoliyatiga nisbatan belgilangan zid koʻrsatkichlar hisobga olingan holda) beradigan ish oʻrinlari;
tuman Bandlikka koʻmaklashish markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun — maxsus malakani talab qilmaydigan ish oʻrinlari;
jazoni oʻtash muassasalaridan boʻshatilgan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar, odam savdosidan jabrlanganlar uchun — ularning kasb boʻyicha tayyorgarligi hisobga olingan holdagi ish oʻrinlari, muayyan kasb-hunarga, malakaga ega boʻlmagan shaxslar uchun esa — maxsus malakani talab qilmaydigan ish oʻrinlari.
3. Ish oʻrinlari band qilib qoʻyiladigan kasblar va lavozimlar:
muhandislar, iqtisodchilar, hisobchi, hisobchi-taftishchi, huquqshunos, zootexnik, agronom, shifokor, hamshira, kichik tibbiy xodim, ish yurituvchi, oʻqituvchi, tarozibon, elektr va avtoaravacha haydovchisi, tashuvchi, farrosh, oʻtyoqar, obodonlashtirish ishchisi, omborchi, EHM operatori, yukchi, ishchi, bogʻbon, qorovul.
4. Tumandagi mavjud korxona, tashkilot va muassasalarning rahbarlariga:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga muvofiq ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun koʻrsatilgan ish oʻrinlari tashkil etilishini taʼminlash;
yil boshlangunga qadar oʻn kundan kechikmay ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun band qilib qoʻyilgan ish oʻrinlari umumiy sonining kamida 25 (yigirma besh) foizi hajmida ish oʻrinlari band qilib qoʻyilishini va tayyor boʻlishini taʼminlasin, ushbu toʻgʻrisida tuman Bandlikka koʻmaklashish markaziga yil boshlangunga qadar axborot berilsin;
ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslar uchun ish oʻrinlarining qolgan qismini band qilib qoʻyish tashkilot (ish beruvchi) tomonidan kalendar yilning birinchi choragi mobaynida taʼminlasin, bu toʻgʻrida tuman Bandlikka koʻmaklashish markaziga birinchi chorak tugagandan keyin oʻn kundan kechikmay axborot berish;
tashkilotlar har chorakda tuman Bandlikka koʻmaklashish markaziga yuqorida koʻrsatilgan toifadagi shaxslarning ishga joylashtirilishi toʻgʻrisida ushbu nizomga 2-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha axborot taqdim etishi;
band qilib qoʻyilgan ish oʻrinlarining belgilangan soni hisobiga ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining tayyorligi toʻgʻrisidagi axborotni tashkilot tomonidan takdim etilmaganligiga ham va amalda ularning tayyor emasligiga ham mehnat organi tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organi qarorining bajarilmaganligi sifatida qarashi lozimligi qayd etilsin.
5. Ushbu qaror bajarilmagan taqdirda tashkilotning mansabdor shaxslariga “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 15-bandiga muvofiq jarima solinadi.
6. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslar uchun band qilib qoʻyiladigan ish oʻrinlarini tuman hokimi tomonidan belgilangan miqdordan ortiqcha tashkil etgan tashkilotlar ushbu ish oʻrinlarini tashkil etishga sarflangan mablagʻlarning bir qismini Bandlikka koʻmaklashish tuman markazi bilan tuzilgan shartnoma asosida Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplash huquqiga egadir.
7. Tuman Bandlikka koʻmaklashish markazi (B. Mallayev) bir hafta muddatda ushbu qarorni 1-bandida koʻrsatilgan tashkilot rahbarlari eʼtiboriga yetkazsin va ushbu qarorning bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlasin.
8. Mazkur qaror “Chust haqiqati” gazetasida eʼlon qilinsin va tuman hokimligining rasmiy “VEB sayti”ga joylashtirilsin.
9. Mazkur qaror rasman eʼlon qilingan kundan 3 oydan keyin kuchga kiradi.
10. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari J. Bahodirov zimmasiga yuklatilsin.
Tuman hokimi B. OXUNOV
Chust sh.,
2017-yil 30-sentabr,
1587-son
Tuman hokimining 2017-yil 30-sentabrdagi 1587-sonli qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Tumandagi ijtimoiy muhofazaga muxtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish joylarining eng kam miqdorini belgilash boʻyicha komissiya
tarkibi
|
Komissiya raisi | |||
|
1. |
J. Bahodirov |
— |
Tuman hokimining birinchi oʻrinbosari |
|
Komissiya raisining oʻrinbosari | |||
|
2. |
B. Mallayev |
— |
Tuman bandlikka koʻmaklashish markazi direktori |
|
Komissiya aʼzolari | |||
|
3. |
N. Bozorova |
— |
Tuman hokimininng oʻrinbosari |
|
4. |
V. Gʻiyosov |
— |
Tuman Yoshlar ittifoqi kengashi raisi |
|
5. |
A. Qayumov |
— |
Tuman Xalq taʼlim muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish boʻlimi mudiri |
|
6. |
N. Poʻlatov |
— |
Tuman hokimligi huzuridagi jazoni ijro etish joylardan boʻshatilgan shaxslarda ijtimoiy koʻnikmalar hosil qilish markazi rahbari oʻrinbosari |
|
7. |
S. Karimov |
— |
Bandlikka koʻmaklashish markazi mutaxascisi |
Izoh: Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, ularning oʻrniga yangi tayinlangan shaxslar komissiya aʼzosi hisoblanadi.