Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻquvchilarni psixologik-pedagogik qoʻllab-quvvatlash ishlarini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarni maʼnaviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga taʼlim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 14-avgustdagi PQ-3907-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, umumiy oʻrta va oʻrta maxsus davlat taʼlim muassasalarida oʻquvchilarni psixologik-pedagogik qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari (keyingi oʻrinlarda taʼlim muassasalari deb ataladi) oʻquvchilarini psixologik-pedagogik qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish maqsadida taʼlim muassasalarida psixologik xizmat faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar psixologik xizmatning asosiy vazifalari etib belgilansin:
taʼlim muassasalarida psixologik xizmat faoliyatini samarali va sifatli tashkil etish, shu jumladan, ish faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllash orqali oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish ishlari samaradorligini oshirish;
oʻquvchilarning qobiliyati, layoqati, qiziqishlari hamda kasb-hunarga moyilliklari asosida toʻgʻri kasb-hunar tanlashlariga koʻmaklashish;
turli yosh davrlarida oʻquvchilarning shaxsiy, aqliy va ijtimoiy rivojlanishini psixologik jihatdan kuzatib borish, taʼlim-tarbiyadagi psixologik nuqsonlarni aniqlash, ularning aqliy taraqqiyotida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan har qanday salbiy ogʻishlarning oldini olish;
oʻquvchilar taʼlim muassasasining ijtimoiy muhitiga moslasha olmasligi holatlarini korreksiyalash, ularni ijtimoiy reabilitatsiya qilish boʻyicha tadbirlarni tashkil etish va amalga oshirish;
pedagogik jamoalarda sogʻlom psixologik muhitni yaratish va qoʻllab-quvvatlash, jamoa aʼzolarining hissiy-emotsional holatlari, shaxslararo munosabatlar va ziddiyatli xatti-harakatlarni korreksiyalash, ularning psixologik madaniyatini yuksaltirish;
isteʼdodli va iqtidorli oʻquvchilarni aniqlash, ularning individual-psixologik, fiziologik xususiyatlari va qiziqishlarini oʻrganish, qobiliyatlarini namoyon etishlari va rivojlantirishlari uchun shart-sharoitlar yaratish;
axborot-psixologik xurujlarning xavfi, Internet jahon axborot tarmogʻining salbiy taʼsiri, yoshlar tarbiyasiga xavf solayotgan “ommaviy madaniyat”ning kirib kelishi holatlarining oldini olishga qaratilgan tadbirlarni oʻtkazish;
pedagog xodimlar, oʻquvchilar hamda ota-onalarning psixologik-pedagogik bilimlarini oshirishga koʻmaklashish, pedagog xodimlar, ota-onalar va jamoat tashkilotlarining samarali hamkorligini taʼminlash.
3. Quyidagilar:
Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus davlat taʼlim muassasalarida psixologik xizmat faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-fevraldagi 130-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 09/25/130/0199-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi ikki oy muddatda:
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda taʼlim muassasalari psixolog kadrlarining lavozim majburiyatlari hamda ularga qoʻyiladigan malaka talablarini qayta koʻrib chiqsin;
taʼlim muassasalaridagi psixologik xizmat xonalarini jihozlash meʼyorlarini ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda tasdiqlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu qaror ijrosini taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlar uchun zarur mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida “Taʼlim” sohasiga ajratilgan mablagʻlar doirasida ajratilishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduxakimov, Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri Sh.X. Shermatov hamda Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 12-iyul,
577-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-iyuldagi 577-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus davlat taʼlim muassasalarida psixologik xizmat faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
nizom
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom umumiy oʻrta va oʻrta maxsus davlat taʼlim muassasalarida (keyingi oʻrinlarda taʼlim muassasalari deb ataladi) psixologik xizmat faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Psixologik xizmatning faoliyati:
xalq taʼlimi tizimidagi taʼlim muassasalarida — Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining Oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi (keyingi oʻrinlarda Respublika tashxis markazi deb ataladi), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi (keyingi oʻrinlarda hududiy xalq taʼlimi boshqarmalari deb ataladi) hamda tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari (keyingi oʻrinlarda xalq taʼlimi boʻlimlari deb ataladi) tomonidan;
akademik litseylarda — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda idoraviy mansubligiga koʻra tegishli oliy taʼlim muassasasi (keyingi oʻrinlarda oliy taʼlim muassasasi deb ataladi) tomonidan;
kasb-hunar taʼlimi muassasalarida — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari tomonidan muvofiqlashtiriladi.
3. Psixologik xizmat oʻz faoliyatini taʼlim muassasalarida pedagog va tibbiyot xodimlari, oʻquvchilarning ota-onalari va ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar (keyingi oʻrinlarda ota-onalar deb ataladi), fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etadi.
2-bob. Psixologik xizmatning maqsad va vazifalari
4. Psixologik xizmatning maqsadi oʻquvchilarning maʼnaviy va aqliy rivojlanishi, barkamol shaxs sifatida shakllanishi, faol ijtimoiy moslashuvi va ularning yosh davrlari boʻyicha rivojlanishida salomatligini muhofaza qilish, uzluksiz taʼlim jarayonida oʻzligini anglashi, individual psixologik xususiyatlari, shaxsiy imkoniyatlari va qobiliyatlarini namoyon etishlari uchun psixologik-pedagogik shart-sharoitlar yaratishdan iborat.
5. Quyidagilar psixologik xizmatning asosiy vazifalari hisoblanadi:
taʼlim muassasalarida psixologik xizmat faoliyatini tashkil etish ishlarini sifatli tashkil etish, shu jumladan, ish faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllash orqali oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish ishlari samaradorligini oshirish;
oʻquvchilarning qobiliyati, layoqati, qiziqishlari hamda kasb-hunarga moyilliklari asosida kasb-hunarni toʻgʻri tanlashlariga koʻmaklashish;
turli yosh davrlarida oʻquvchilarning shaxsiy, aqliy va ijtimoiy rivojlanishini psixologik jihatdan kuzatib borish, taʼlim-tarbiyadagi psixologik nuqsonlarni aniqlash, ularning aqliy rivojlanishida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan har qanday salbiy ogʻishlarning oldini olish;
oʻquvchilar taʼlim muassasasining ijtimoiy muhitiga moslasha olmasligi holatlarini korreksiyalash, ularni ijtimoiy reabilitatsiya qilish boʻyicha tadbirlarni tashkil etish va amalga oshirish;
pedagogik jamoalarda sogʻlom psixologik muhitni yaratish va qoʻllab-quvvatlash, jamoa aʼzolarining hissiy-emotsional holatlari, shaxslararo munosabatlar va ziddiyatli xatti-harakatlarni korreksiyalash, ularning psixologik madaniyatini yuksaltirish;
isteʼdodli va iqtidorli oʻquvchilarni aniqlash, ularning individual-psixologik, fiziologik xususiyatlari va qiziqishlarini oʻrganish, qobiliyatlarini namoyon etishlari va rivojlantirishlari uchun shart-sharoitlar yaratish;
axborot-psixologik xurujlarning xavfi, Internet jahon axborot tarmogʻining salbiy taʼsiri, yoshlar tarbiyasiga xavf solayotgan “ommaviy madaniyat”ning kirib kelishi holatlarining oldini olishga qaratilgan tadbirlarni oʻtkazish;
pedagog xodimlar, oʻquvchilar hamda ota-onalarning psixologik-pedagogik bilimlarini oshirishga koʻmaklashish, pedagog xodimlar, ota-onalar va jamoat tashkilotlarining samarali hamkorligini taʼminlash.
3-bob. Psixologik xizmat faoliyatining asosiy yoʻnalishlari
6. Quyidagilar psixologik xizmat faoliyatining asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
psixologik maʼrifat va tashviqot;
psixologik-pedagogik tashxis;
psixologik profilaktika;
psixologik korreksiya;
psixologik maslahat;
kasb-hunarga yoʻnaltirish.
7. Psixologik xizmat faoliyatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilarni nazarda tutadi:
a) psixologik maʼrifat va tashviqot yoʻnalishida:
pedagogik jamoa, sinf rahbarlari va ota-onalarning psixologik savodxonligi va kompetentligini oshirishda dastlabki psixologik-pedagogik bilim va tushunchalar, har bir oʻquvchiga individual yondashuv orqali oilaviy munosabatlar, shaxsiy gigiyena va sogʻlom turmush boʻyicha tavsiyalar berish;
oʻquvchilar, pedagog xodimlar, ota-onalar bilan yakka va jamoaviy shakldagi suhbatlar, maslahatlar, seminar-treninglar tashkil etish, turli xil yigʻilishlarda maʼruzalar bilan chiqishlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari orqali psixologik bilimlarni berib borish;
b) psixologik-pedagogik tashxis yoʻnalishida:
oʻquvchilarning taʼlim-tarbiya jarayonidagi ishtiroki, ularning har bir holat, voqea va hodisaga munosabatini psixologik-pedagogik tashxisga oid yangi metodikalar asosida oʻrganish, tahlil etish va zarur koʻrsatmalar berish;
oʻquvchilarning qiziqishlari, moyilliklari, isteʼdodi va iqtidoridagi asosiy yoʻnalishlarni aniqlash;
taʼlim muassasasiga qabul qilingan oʻquvchilarning psixologik moslashuvi va rivojlanish dinamikasini, oʻquvchilarning oʻqishga tayyorgarlik holatlari, oʻzlashtirishi va rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotgan omillarni aniqlash, oʻrganish, tahlil qilish va tavsiyalar ishlab chiqish;
taʼlim muassasasining keyingi bosqichlariga oʻtgan oʻquvchilarning yangi ijtimoiy muhitga moslashuvi, oʻquv faoliyati, bilim, koʻnikma va malakalarni egallash dinamikasi, shaxs sifatlari, shaxslararo munosabatlar shakllanishini kuzatib borish, tahlil etish, korreksion mashgʻulotlarni tashkil etish;
psixologik-pedagogik tashxislar, soʻrovnomalar, suhbatlar orqali oʻquvchilarning kasbiy qobiliyatlari, qiziqishlari va fanni oʻzlashtirishga boʻlgan moyilliklarini aniqlash, ularning ongli ravishda kasb-hunar tanlashlariga koʻmaklashish, taʼlimning keyingi bosqichlarida oʻqishni davom ettirish uchun oʻquvchilar va ota-onalarga tavsiyalar berish va yoʻnaltirish;
ijtimoiy-psixologik muammolari mavjud hamda fanlarni oʻzlashtirishi past boʻlgan oʻquvchilar bilan psixologik-pedagogik tashxislar, soʻrovnomalar, suhbatlar oʻtkazish orqali muammo turini aniqlash, guruhlash va ular bilan korreksion ishlarni olib borish;
v) psixologik profilaktika yoʻnalishida:
oʻquvchilardagi barcha salbiy holatlar va moyilliklarning oldini olish boʻyicha pedagog xodimlar va ota-onalar uchun tavsiyalar ishlab chiqish;
oʻquvchilarning tengdoshlari va kattalar bilan oʻzaro munosabatlarida psixologik shikast yetkazuvchi omillarni bartaraf etishda yordam koʻrsatish;
oʻquvchilar oʻrtasidagi huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha olib boriladigan profilaktika ishlarida ishtirok etish;
oʻquvchilar xulq-atvoridagi salbiy holatlarning oldini olish, ruhiy zarba, nizo, salbiy emotsional kechinmalar holatlari yuzaga kelishining oldini olish;
salomatligi jihatidan imkoniyati cheklangan oʻquvchilarni psixologik qoʻllab-quvvatlash;
mahalliy davlat hokimiyati organlari, sogʻliqni saqlash, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, ota-onalar bilan uchrashuvlar, suhbatlar, seminar-treninglar, munozaralar va ochiq muloqotlar tashkil etish, taqdimotlar va videofilmlar namoyishlarini oʻtkazish;
g) psixologik korreksiya yoʻnalishida:
taʼlim olish va kasb-hunar tanlashda qiynalayotgan oʻquvchilar, shaxsning motivatsion doirasi bilan bogʻliq muammolarni hal etish borasida individual va jamoaviy korreksiya ishlarini olib borish;
yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning psixologik reabilitatsiyasini taʼminlash;
mutaxassis sifatida oʻquvchining psixologik holatiga oid maʼlumotlarga munosabat bildirish, tarbiyasida salbiy holatlar mavjud boʻlgan oʻquvchilar bilan korreksion ishlarni amalga oshirish;
taʼlim olish jarayonida oʻquvchilarning bilish faolligi hamda qiziqishlarini rivojlantirish, ularning intellektual passivligini korreksiyalash;
individual yoki jamoaviy tartibda ota-onalar va pedagog xodimlarni jalb etgan holda oʻyin, muloqot, suhbat, trening, mashq va mashgʻulotlar shaklida tadbirlar tashkil etish;
d) psixologik maslahat yoʻnalishida:
oʻquvchilarning individual rivojlanishidagi muammolarni hal etish boʻyicha barcha taʼlim jarayoni qatnashchilariga maslahatlar berish;
oʻquvchilarga taʼlim olish, kelajagini aniqlash, tengdoshlari va yoshi kattalar bilan munosabatlaridagi muammoli holatlar yuzasidan maslahatlar berish;
oʻquvchilarning psixik rivojlanish xususiyatlari, shaxs sifatida shakllanishi, shaxslararo munosabat maqomi, ularning yosh, jins, individual-tipologik xususiyatlari muammosi boʻyicha amaliy maslahatlar tashkil etish;
e) kasb-hunarga yoʻnaltirish yoʻnalishida:
oʻquvchilarga turli kasblar, ixtisosliklar, mansab lavozimlari, tanlangan kasbni, ixtisoslikni egallash mumkin boʻlgan taʼlim muassasalari hamda kasbning insonga, uning jismoniy, psixologik va shaxsiy sifatlariga, salomatligiga qoʻyadigan talablari haqida maʼlumotlar berish;
oʻquvchilarning bilish (oʻquv predmetlariga, fanga) va kasbiy (kasblarga, mutaxassisliklarga) qiziqishlarini, kasb tanlash motivlari va kasbiy rejalarini aniqlash hamda baholash;
oʻquvchilarga ularning individual xususiyatlari va mehnat bozori talablarini, taʼlim olish hamda kelgusida ishga joylashish imkoniyatlarini hisobga olgan holda kasb va taʼlim muassasasini tanlashga koʻmaklashish;
oʻquvchilarda mehnat koʻnikmalarini, kasblarga qiziqish, mehnatsevarlik, ishchanlik va masʼuliyatni shakllantirish hamda rivojlantirish.
4-bob. Psixologik xizmat faoliyatini tashkil etish
8. Taʼlim muassasasida psixologik xizmat muassasa rahbarining buyrugʻiga muvofiq oʻquvchilar sonidan kelib chiqib 1 — 3 ta shtat birligidan iborat tarkibda tashkil etiladi.
Psixologik xizmatning psixolog kadrlari (keyingi oʻrinlarda psixolog kadrlar deb ataladi) soni bir nafardan ortiq boʻlganda ulardan biriga psixologik xizmat rahbarligi yuklanadi.
9. Psixolog kadrlar lavozimiga qoʻyiladigan malaka talablari tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda belgilanadi.
10. Taʼlim muassasalarida psixologik xizmat faoliyatining nazorati bevosita taʼlim muassasasi rahbari tomonidan amalga oshiriladi. Psixolog kadrlar oʻz faoliyati doirasida bevosita taʼlim muassasasi rahbariga boʻysunadi.
Psixolog kadrlar taʼlim muassasasining pedagog xodimlari bilan birgalikda oʻquvchilarning psixologik holati, muassasaning psixologik muhiti, korreksion-rivojlantiruvchi va profilaktik tadbirlarning amalga oshirilishi, kasb-hunarga yoʻnaltirish va tashxis qoʻyish faoliyati uchun masʼul hisoblanadi.
11. Psixolog kadrlar oʻz faoliyatini taʼlim muassasasining ichki tartib-qoidalariga hamda oʻquv dasturi va oʻquv rejasida belgilangan dars mashgʻulotlari oʻtkazilishini inobatga olgan holda amalga oshiradi.
12. Taʼlim muassasalarida psixolog kadrlar uchun haftasiga 36 soatli ish tartibi joriy etiladi.
13. Taʼlim muassasasi rahbariyati tomonidan psixolog kadrlarning faoliyat olib borishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib beriladi.
14. Psixolog kadrlar malakasini oshirish muvofiqligi boʻyicha tegishli muassasalarda har uch yilda kamida bir marta amalga oshiriladi.
15. Psixolog kadrlarning vazifalari va funksiyalari taʼlim muassasasi ustavida belgilanadi.
16. Taʼlim muassasalarida psixologik xizmatning faoliyati tegishliligi boʻyicha Respublika tashxis markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan tasdiqlangan namunaviy ish reja asosida tashkil etiladi.
17. Psixolog kadrlarning ish rejasi taʼlim muassasasining pedagogik kengashi qarori asosida namunaviy ish rejaga muvofiq tasdiqlanadi.
18. Psixologik xizmatning tashkiliy, ilmiy-metodik va dasturiy taʼminoti tegishli ravishda Respublika tashxis markazi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda amalga oshiriladi.
5-bob. Psixolog kadrlarning huquq va majburiyatlari
19. Psixolog kadrlar quyidagi huquqlarga ega:
taʼlim muassasasini boshqarishda qatnashish;
taʼlim muassasasi pedagog xodimlari uchun belgilangan barcha kafolatlar va imtiyozlardan foydalanish, jamoat birlashmalariga saylash va saylanish;
oʻquvchilar, ularning ota-onalari, shuningdek, taʼlim muassasasi pedagoglari bilan olib boriladigan ishlarning muayyan yoʻnalishlarini mustaqil shakllantirish;
taʼlim muassasasi rahbariyatidan oʻzining faoliyat olib borishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berilishini talab qilish;
taʼlim muassasasi rahbariyati bilan kelishgan holda sinfdagi va sinfdan tashqaridagi mashgʻulotlarda hamda boshqa tadbirlarda oʻquvchilarning xulq-atvori hamda individual xususiyatlarini, ularning oʻqishga va pedagog xodimlarga boʻlgan munosabatlarini oʻrganish maqsadida ishtirok etish;
dars mashgʻulotlari, maʼnaviy-tarbiyaviy tadbirlar va sport musobaqalarini kuzatish, tahlil qilish, oʻquvchilarning shaxsiy hujjatlari bilan tanishish, zarur taklif va maslahatlar berish;
taʼlim muassasasining pedagogik va metodik kengashlarida ishtirok etish, oʻz yoʻnalishi boʻyicha takliflar berish;
ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olib psixologik-pedagogik tashxisga oid yangi metodik dasturlarni ishlab chiqish, tajriba-sinovdan oʻtkazishda qatnashish, ularni amaliyotga joriy etishda ishtirok etish;
Oldingi tahrirga qarang.
taʼlim muassasasi rahbariyatining qonunchilik hujjatlariga zid ravishda berilgan topshiriq va koʻrsatmalarini bajarmaslik;
(19-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
oʻquvchilarning hayoti va faoliyatiga doir turli ishchi guruhlar va komissiyalar ishida oʻz ixtiyoriga koʻra qatnashish, fikrlar bildirish, ularda qabul qilingan qarorlar ustidan yuqori turuvchi tashkilotlarga murojaat qilish;
davlat va nodavlat notijorat tashkilotlarga, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga oʻquvchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan iltimosnomalar berish.
Oldingi tahrirga qarang.
Psixolog kadrlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
(19-bandning oʻn uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
20. Psixolog kadrlar:
taʼlim muassasasining ichki tartib-qoidalariga rioya qilish va oʻquvchilarni psixologik taʼsirlardan himoya qilishga;
oʻzining kasbiy koʻnikmalari va mahoratini doimiy ravishda takomillashtirish hamda belgilangan muddatlarda oʻz malakasini oshirib borishga;
psixologik-pedagogik tashxis natijalarini toʻgʻri rasmiylashtirish, tashxis natijalari boʻyicha asoslangan tavsiyalar berishga;
faoliyatini ish rejasi asosida tashkil etishga, amalga oshirishga, ish rejasining ijrosi boʻyicha hisobotlar tayyorlashga;
psixologik maʼrifat, tashxis, psixologik profilaktika, korreksion-rivojlantiruvchi, maslahat tadbirlarini sifatli tashkil etish va muddatlariga rioya qilishga;
taʼlim jarayoni ishtirokchilarining shaxsiy maʼlumotlari hamda tashxis natijalariga oid maʼlumotlarini oshkor etmaslikka majbur.
Oldingi tahrirga qarang.
Psixolog kadrlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin.
(20-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
21. Psixolog kadrlarga ish haqi miqdorlari (lavozim maoshlari) qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
(21-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Taʼlim muassasasi rahbari psixolog kadrlarni ragʻbatlantirish maqsadida ustamalar, qoʻshimcha haq belgilashi mumkin.
22. Psixologik xizmatning samarali tashkil etilishi va faoliyat yuritishi boʻyicha javobgarlik taʼlim muassasasi rahbariga yuklanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
23. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-fevraldagi 130-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 09/25/130/0199-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.07.2019-y., 09/19/577/3416-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 01.03.2025-y., 09/25/130/0199-son)