Sirdaryo viloyati hokimining
Qarori
Yuridik va jismoniy shaxslarga koʻrsatiladigan qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmati uchun toʻlovlar tariflarini belgilash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 22-noyabrdagi “Qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish uchun toʻlovlarni toʻlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5580-sonli Farmoni va 2017-yil 21-apreldagi “2017 — 2021-yillarda maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2916-sonli hamda Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 6-fevraldagi “Chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 95-son qarorlariga muvofiq viloyatning shaharlari va tumanlarida qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmati uchun toʻlovlar taʼriflarini belgilash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 6, 14-moddalari va “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 6, 25-moddalariga asoslanib, qaror qilaman:
1. Viloyat “Toza hudud” Davlat unitar korxonasi va uning tuman (shahar) filiallari tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarga koʻrsatiladigan qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmati uchun toʻlovlar taʼriflari, narxlarni tartibga soluvchi organ bilan kelishilgan holda 2019-yil 1 boshlab jismoniy shaxslar uchun har bir oila aʼzosidan oyiga 2 800 soʻm (ikki ming sakkiz yuz) soʻm, yuridik shaxslar 1 metr3 uchun 45 000 (qirq besh ming) soʻm (QQS siz) belgilansin.
2. Viloyat moliya bosh boshqarmasi ( A.Raximov), davlat aktivlarini boshqarish boshqarmasi (M. Quvondiqov), tuman va shahar hokimliklariga joylarda viloyat “Toza hudud” Davlat unitar korxonasi va uning tuman (shahar) filiallari tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarga qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmati koʻrsatilishida belgilangan toʻlovlar taʼriflariga qatʼiy rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirish topshirilsin.
3. Tuman, shahar hokimliklari viloyat “Toza-hudud” davlat unitar korxonasi va uning tuman (shahar) filiallari bilan birgalikda fuqarolarni oʻzini oʻzi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalari orqali hamda boshqa qulay, samarali usullardan yuridik shaxslar, jumladan tadbirkorlik subyektlari va aholiga qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmati koʻrsatilishi tartibi va bu xizmat uchun belgilangan toʻlovlar tariflarini yetkazish vazifasi yuklatilsin.
4. Sirdaryo viloyat hokimining 2017-yil 30-sentabrdagi “Yuridik va jismoniy shaxslarga koʻrsatiladigan qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmati uchun toʻlovlar taʼriflarini belgilash toʻgʻrisida”gi 447-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qaror rasmiy nashrda eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
6. Qaror matni “Sirdaryo haqiqati” gazetasida chop etilsin va viloyat hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
7. Qarorning bajarilishini nazorat qilish viloyat hokimining oʻrinbosari J. Ibraximov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim Gʻ. MIRZAYEV
Guliston sh.,
2019-yil 27-fevral,
45-son