Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Taʼlim, malaka va ilmiy darajalarni oʻzaro tan olish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda Tomonlar deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida taʼlim va fan sohasidagi munosabatlarni rivojlantirishga intilgan holda,
Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasida olingan taʼlim, malaka va ilmiy darajalarning oʻzaro tan olinishini yengillashtirish istagida,
Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasida yashovchi fuqarolarning taʼlim ehtiyojlarini qondirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga katta ahamiyat berib,
1993-yil 19-martdagi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida madaniyat, fan va texnika, taʼlim, sogʻliqni saqlash, axborot, sport va turizm sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisidagi Bitimning qoidalarini inobatga olgan holda,
1995-yil 27-iyuldagi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida oliy taʼlim sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisidagi Bitimdan kelib chiqqan holda,
2005-yil 12-avgustdagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan Rossiya Federatsiyasi Fan va taʼlim vazirligi oʻrtasida kasbiy taʼlim sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimni hisobga olib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
1. Mazkur Bitim Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga muvofiq Tomonlar davlatlarida taʼlimni davom ettirish va mutaxassislik faoliyatini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasida olingan taʼlim, malaka va ilmiy darajalarni oʻzaro tan olishni tartibga soladi.
2. Mazkur Bitim, u kuchga kirganidan soʻng, davlat akkreditatsiyasiga ega boʻlgan taʼlim dasturlari boʻyicha Tomonlar davlatlarining taʼlim va ilmiy tashkilotlarida olingan taʼlim va malakaga hamda Tomonlar davlatlari qonunchiligida belgilangan tartibda berilgan ilmiy darajalarga nisbatan qoʻllaniladi.
2-modda
Rossiya Federatsiyasida olingan, asosiy umumiy taʼlim toʻgʻrisidagi attestat bilan tasdiqlangan asosiy umumiy taʼlim va Oʻzbekiston Respublikasida olingan, umumiy oʻrta taʼlim (I — IX sinflar) toʻgʻrisidagi shahodatnoma bilan tasdiqlangan umumiy oʻrta taʼlim mos ravishda tan olinadi hamda ularning egalariga Rossiya Federatsiyasida oʻrta umumiy yoki oʻrta kasb-hunar taʼlimining taʼlim dasturlari va Oʻzbekiston Respublikasida umumiy oʻrta (X-XI sinflar), oʻrta maxsus va oʻrta kasb-hunar taʼlimining taʼlim dasturlari boʻyicha oʻqishni davom ettirish huquqini beradi.
3-modda
Rossiya Federatsiyasida olingan, oʻrta umumiy taʼlim attestati bilan tasdiqlangan oʻrta umumiy taʼlim va Oʻzbekiston Respublikasida olingan, oʻrta taʼlim attestati va akademik litsey diplomi bilan tasdiqlangan umumiy oʻrta taʼlim (X-XI sinflar) va oʻrta maxsus taʼlim mos ravishda tan olinadi hamda ularning egalariga Rossiya Federatsiyasida oʻrta kasb-hunar taʼlimi yoki oliy taʼlimning (bakalavriat va mutaxassislik) taʼlim dasturlari va Oʻzbekiston Respublikasida oʻrta kasb-hunar taʼlimi yoki oliy taʼlimning (bakalavriat) taʼlim dasturlari boʻyicha oʻqishni davom ettirish huquqini beradi.
4-modda
Rossiya Federatsiyasida olingan, oʻrta kasb-hunar taʼlimi diplomi bilan tasdiqlangan oʻrta kasb-hunar taʼlimi va Oʻzbekiston Respublikasida olingan, oʻrta kasb-hunar taʼlimi diplomi bilan tasdiqlangan oʻrta kasb-hunar taʼlimi mos ravishda tan olinadi hamda ularning egalariga Rossiya Federatsiyasida oliy taʼlimning (bakalavriat va mutaxassislik) taʼlim dasturlari va Oʻzbekiston Respublikasida oliy taʼlimning (bakalavriat) taʼlim dasturlari boʻyicha oʻqishni davom ettirish huquqini beradi.
5-modda
1. Rossiya Federatsiyasida olingan, oʻqish muddati toʻrt yildan kam boʻlmagan bakalavr diplomi bilan tasdiqlangan oliy taʼlim va Oʻzbekiston Respublikasida olingan, oʻqish muddati toʻrt yildan kam boʻlmagan bakalavr diplomi bilan tasdiqlangan oliy taʼlim mos ravishda tan olinadi hamda ularning egalariga Rossiya Federatsiyasida oliy taʼlimning (magistratura) taʼlim dasturlari va Oʻzbekiston Respublikasida oliy taʼlimning (magistratura) taʼlim dasturlari boʻyicha oʻqishni davom ettirish huquqini beradi.
2. Mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatilgan, Tomonlar davlatlarining taʼlim va ilmiy tashkilotlarida kunduzgi shaklda olingan oliy taʼlim uning egalariga olingan taʼlim va Tomonlar davlatlari har birining qonunchiligiga muvofiq Tomonlar davlatlarining har birida mutaxassislik faoliyatini amalga oshirish huquqini beradi.
6-modda
1. Rossiya Federatsiyasida olingan, oliy taʼlimning mutaxassis yoki magistr diplomi bilan tasdiqlangan oliy taʼlim va Oʻzbekiston Respublikasida olingan, oliy taʼlimning magistr diplomi bilan tasdiqlangan oliy taʼlim mos ravishda tan olinadi va ularning egalariga Rossiya Federatsiyasida oliy taʼlimning taʼlim dasturlari — aspirantura (adyunktura)da ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash dasturlari va assistentlik-amaliyot oʻquv dasturlari boʻyicha hamda Oʻzbekiston Respublikasida oliy taʼlim (tayanch doktorantura) dasturlari boʻyicha oʻqishni davom ettirish huquqini beradi.
2. Mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatilgan, Tomonlar davlatlarining taʼlim va ilmiy tashkilotlarida kunduzgi shaklda olingan oliy taʼlim uning egalariga olingan taʼlim va Tomonlar davlatlari har birining qonunchiligiga muvofiq Tomonlar davlatlarining har birida mutaxassislik faoliyatini amalga oshirish huquqini beradi.
7-modda
1. Rossiya Federatsiyasida olingan, mutaxassislik diplomi bilan tasdiqlangan oliy tibbiy va oliy farmatsevtika taʼlimi va Oʻzbekiston Respublikasida olingan, bakalavr yoki bakalavr bilan birgalikdagi magistr diplomi bilan tasdiqlangan, tegishli tayyorgarlik yoʻnalishi boʻyicha oʻqish muddati (umumiy muddat) Rossiya Federatsiyasida olingan tegishli mutaxassislik boʻyicha nazarda tutilgan meʼyoriy oʻqish muddatidan kam boʻlmagan muddat boʻyicha oliy tibbiy va oliy farmatsevtika taʼlimi mos ravishda tan olinadi hamda ularning egalariga Rossiya Federatsiyasida oliy taʼlim dasturi (magistratura), aspiranturada ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash dasturlari va ordinatura dasturlari va Oʻzbekiston Respublikasida oliy taʼlimning (magistratura, klinik ordinatura va tayanch doktorantura) taʼlim dasturlari boʻyicha oʻqishni davom ettirish huquqini beradi.
2. Rossiya Federatsiyasida olingan, ordinaturani tugatganlik toʻgʻrisidagi diplom bilan tasdiqlangan oliy tibbiy va oliy farmatsevtika taʼlimi va Oʻzbekiston Respublikasida olingan, klinik ordinaturani tugatganlik toʻgʻrisidagi tegishli hujjat bilan tasdiqlangan oliy tibbiy yoki oliy farmatsevtika taʼlimi mos ravishda tan olinadi hamda ularning egalariga Rossiya Federatsiyasida oliy taʼlimning taʼlim dasturlari, aspiranturada ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash dasturlari va Oʻzbekiston Respublikasida oliy taʼlimning (tayanch doktorantura) taʼlim dasturlari boʻyicha oʻqishni davom ettirish huquqini beradi.
3. Mazkur moddaning 1 va 2-bandlarida koʻrsatilgan, Tomonlar davlatlarining taʼlim va ilmiy tashkilotlarida kunduzgi shaklda olingan oliy taʼlim uning egalariga olingan taʼlim va Tomonlar davlatlari har birining qonunchiligiga muvofiq Tomonlar davlatlarining har birida mutaxassislik faoliyatini amalga oshirish huquqini beradi.
4. Rossiya Federatsiyasining taʼlim va ilmiy tashkilotlarida tibbiy va farmatsevtika mutaxassisliklari va tayyorgarlik yoʻnalishlari boʻyicha oliy tibbiy yoki oliy farmatsevtika taʼlimining (bakalavriat, mutaxassislik, magistratura va ordinatura) taʼlim dasturlari boʻyicha oʻqish davri va Oʻzbekiston Respublikasining taʼlim va ilmiy tashkilotlarida tibbiy va farmatsevtika mutaxassisliklari va tayyorgarlik yoʻnalishlari boʻyicha oliy tibbiy yoki oliy farmatsevtika taʼlimining (bakalavriat, magistratura va klinik ordinatura) taʼlim dasturlari boʻyicha oʻqish davri tegishli mutaxassislik va tayyorgarlik yoʻnalishlari boʻyicha oʻqish davri sifatida tan olinadi hamda ularning egalariga Rossiya Federatsiyasida oliy tibbiy yoki oliy farmatsevtika taʼlimining (bakalavriat, mutaxassislik, magistratura va ordinatura) tegishli taʼlim dasturlari va Oʻzbekiston Respublikasida oliy tibbiy yoki oliy farmatsevtika taʼlimining (bakalavriat, magistratura va klinik ordinatura) tegishli taʼlim dasturlari boʻyicha oʻqishni davom ettirish huquqini beradi.
8-modda
1. Rossiya Federatsiyasida olingan fan nomzodi ilmiy darajasi va Oʻzbekiston Respublikasida olingan tegishli fan tarmogʻi boʻyicha falsafa doktori (RhD) ilmiy darajasi mos ravishda tan olinadi va ularning egalariga Rossiya Federatsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasida fan doktori ilmiy darajasini olish huquqini beradi.
2. Rossiya Federatsiyasida olingan fan doktori ilmiy darajasi va Oʻzbekiston Respublikasida olingan tegishli fan tarmogʻi boʻyicha fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasi mos ravishda tan olinadi.
3. Mazkur moddaning 1 va 2-bandlarida koʻrsatilgan ilmiy darajalar ularning egalariga Tomonlar davlatlari har birining qonunchiligiga muvofiq Tomonlar davlatlarining har birida mutaxassislik faoliyatini amalga oshirish huquqini beradi.
9-modda
Mazkur Bitimda nazarda tutilgan taʼlim va malaka, ilmiy darajalarni tan olish ularning egalarini taʼlim va ilmiy tashkilotlarga qabul qilishda hamda mutaxassislik faoliyatini amalga oshirish uchun Tomonlar davlatlari qonunchiligi bilan tatbiq etiladigan talablarni bajarish majburiyatidan ozod qilmaydi.
10-modda
1. Mazkur Bitimni amalga oshirish bilan bogʻliq masalalarni hal etish qoʻshimcha tavsiyalar ishlab chiqishni talab qilgan holda, Tomonlar mazkur Bitimni amalga oshirish uchun oʻzlarining taʼlim va fan sohasida boshqaruvni amalga oshiruvchi vakolatli organlari nomidan ekspertlar qoʻmitasini tuzadilar. Ekspertlar qoʻmitasi mazkur Bitimni talqin qilish hamda uni oʻzgartirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqishga doir masalalar bilan ham shugʻullanishi mumkin.
2. Ekspertlar qoʻmitasi har bir Tomondan toʻrtta (4) ekspertdan koʻp boʻlmagan tarkibdan iborat boʻladi. Ekspertlar qoʻmitasining tarkibi, uchrashuv oʻtkaziladigan joyi va sanasi toʻgʻrisida axborot diplomatik kanallar orqali yozma ravishda yuboriladi.
3. Ekspertlar qoʻmitasi uchrashuvlarining davriyligi, joylari va sanalari boʻyicha shartlar taʼlim va fan sohasidagi boshqaruvni amalga oshiruvchi Tomonlarning organlari tarafidan kelishiladi.
11-modda
Mazkur Bitimni amalga oshirish uchun Tomonlar taʼlim va fan sohasida boshqaruvni amalga oshiruvchi vakolatli organlar nomidan axborot taqdim etilishini taʼminlaydilar, shu jumladan:
har bir Tomon davlatida olinadigan taʼlim darajalarining tavsifi va tegishli kasblar, mutaxassisliklar va tayyorgarlik yoʻnalishlari boʻyicha malakalarini koʻrsatgan holda kasblar, mutaxassisliklar va tayyorgarlik yoʻnalishlari roʻyxati;
mazkur Bitimda koʻrsatilgan taʼlim va malaka toʻgʻrisidagi hujjatlarning namunalari, shuningdek, ilmiy darajalar toʻgʻrisidagi diplomlarning shakllari;
Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga muvofiq akkreditatsiyaga ega boʻlgan taʼlim dasturlarini amalga oshiruvchi taʼlim va ilmiy tashkilotlar toʻgʻrisida maʼlumotlar;
Tomonlar davlatlarining qonunchiligi asosida belgilangan ilmiy attestatsiya tizimlari toʻgʻrisida maʼlumotlar, shu jumladan, ilmiy darajalar beriladigan ilmiy mutaxassisliklar nomenklaturasi, shuningdek, ilmiy darajalarni mustaqil berish huquqiga ega boʻlgan tashkilotlar toʻgʻrisida maʼlumotlar.
12-modda
Mazkur Bitimni qoʻllash yoki talqin qilish bilan bogʻliq Tomonlar oʻrtasida kelib chiqadigan nizolar maslahatlashuv va muzokaralar orqali hal etiladi.
13-modda
Tomonlarning roziligi asosida mazkur Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanadigan va alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
14-modda
1. Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuziladi va imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi.
2. Tomonlarning har biri boshqa Tomonga diplomatik kanallar orqali mazkur Bitimni tugatish haqida yozma xabarnoma yuborish orqali uni tugatish huquqiga ega. Bitim boshqa Tomondan bunday xabarnoma olingan kundan oʻn ikki (12) oy oʻtgach tugatiladi.
3. Mazkur Bitimning amal qilishini tugatish u tugatilguniga qadar Bitimga muvofiq taʼlim va malaka, ilmiy darajalarni tan olish toʻgʻrisida qabul qilingan qarorlarga daxl qilmaydi.
4. Mazkur Bitim amal qilishi tugatilgan taqdirda, uning qoidalari mazkur Bitim amal qilishi tugaguniga qadar Rossiya Federatsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasining taʼlim va ilmiy tashkilotlarida oʻqishni boshlagan shaxslar tomonidan olingan taʼlim, malaka, shuningdek, Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga muvofiq ilmiy daraja olishni himoya qilish uchun dissertatsiya taqdim etgan shaxslarga berilgan ilmiy darajalarga ham qoʻllaniladi.
15-modda
Mazkur Bitim kuchga kirgan kundan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi munosabatlarda 1998-yil 6-maydagi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida ilmiy darajalar haqidagi hujjatlarning ekvivalentligini aniqlash tartibi va yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisidagi Bitim bekor qilinadi.
Urganch shahrida 2019-yil 30-mayda ikki nusxada, har biri oʻzbek va rus tillarida tuzildi, bunda har ikkala matn ham bir xil kuchga ega.
(imzolar)