Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va
Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida
Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Ilmiy darajalar haqidagi hujjatlarning ekvivalentligini aniqlash tartibi va yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida
1998-yil 6-may, Moskva
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ilmiy darajalar toʻgʻrisidagi hujjatlarning tan olinishi va nostrifikatsiyasi, ilmiy darajalarni taqqoslash prinsiplari toʻgʻrisidagi bitimga amal qilib (Almati, 1993-yil 17-may),
ilmiy aloqalarni saqlab qolish va rivojlantirishga intilib,
yuqori malakali ilmiy kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish sohasida hamkorlikni davom ettirishga boʻlgan intilishni tasdiqlab, 1995-yil 27-iyuldagi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida oliy taʼlim sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisidagi bitimdan kelib chiqib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar oʻz davlatlari hududida boshqa Tomonning vakolatli organi tomonidan ilmiy darajalar berilganligi haqidagi davlat namunasi shaklidagi malaka hujjatlarini tan oladilar. Bu hujjatlarning tan olinishi ularning egalariga Tomon oʻz davlati hududida milliy malaka hujjatlari egalariga beradigan huquqlar hech qanday shartsiz tarqalishini bildirmaydi.
Ilmiy darajalar haqidagi davlat namunasi shaklidagi malaka hujjatlarining ekvivalentligi ularning egalarini qayta attestatsiyadan oʻtkazish jarayonida belgilanadi.
Qayta attestatsiya talabgor fuqarosi boʻlgan yoki uning hududida doimiy yashab turgan davlatning davlat attestatsiya organi tomonidan oʻtkaziladi.
2-modda
Tomonlarning vakolatli organlari:
attestatsiya tizimlarini rivojlantirishning milliy konsepsiyalarini va yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasiga qoʻyiladigan talablarni, shuningdek ilmiy xodimlar ixtisosliklarining roʻyxatlarini (nomenklaturalarini) ishlab chiqishda va oʻz davlatlari hududida ilmiy darajalar beruvchi kengashlar tarmoqlarini shakllantirishda oʻzaro maslahatlashishlar oʻtkazadilar;
yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazishning davlat tizimlarida ilmiy darajalar talabgorlariga qoʻyiladigan asosiy talablarni bir-biriga taqqoslash imkoniyatini taʼminlaydilar.
3-modda
Tomonlar yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish sohasida hamkorlikni quyidagi yoʻllar bilan rivojlantiradilar:
bir Tomonning talabgorlarini boshqa Tomonning davlati hududidagi ilmiy darajalar beruvchi kengashlarda dissertatsiyalar himoya qilishlari uchun teng shart-sharoitlar yaratish;
yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazishning davlat tizimlaridagi oʻzgarishlar haqida oʻz vaqtida oʻzaro xabardor qilib turish, bu kadrlar attestatsiyasi masalalari boʻyicha tegishli normativ aktlar va boshqa materiallar bilan almashish;
yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish jarayonini boshqarish tajribasi bilan almashish boʻyicha uni takomillashtirishga qaratilgan zarur qoʻshma tadbirlar oʻtkazish.
4-modda
Tomonlarning vakolatli organlari dissertatsiya ishlarini ekspertiza qilish sifatini oshirish uchun:
yetakchi olim va mutaxassislar boshqa Tomonning ilmiy darajalarni berish boʻyicha kengashlari ishida, shuningdek dissertatsiyalar himoyasida opponentlar sifatida qatnashishlariga;
bir Tomonning ilmiy darajalar berish boʻyicha kengashlarida himoya qilingan dissertatsiyalarni boshqa Tomon davlati hududida ilmiy darajalar berish boʻyicha kengashlarda qoʻshimcha ekspertizadan oʻtkazishga koʻmaklashadilar.
5-modda
Vakolatli organlar boʻlib Oʻzbekiston Respublikasidan Oliy attestatsiya komissiyasi, Rossiya Federatsiyasidan Umumiy va professional taʼlim vazirligi hisoblanadi.
6-modda
Ushbu Bitimda ishtirok etish Tomonlarning yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish sohasida hamkorlikning boshqa shakllaridan foydalanish huquqlarini cheklamaydi.
7-modda
Ushbu Bitimni amalga oshirish bilan bogʻliq aniq masalalar boʻyicha qoʻshimcha bitimlar va protokollar imzolanishi mumkin.
8-modda
Ushbu Bitimdan kelib chiqadigan yoki uni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan masalalar boʻyicha kelishmovchiliklar vujudga kelgan holda ularni bartaraf etish tartibini kelishib olish maqsadida Tomonlarning vakillari oʻzaro maslahatlashadilar.
9-modda
Ushbu Bitimga Tomonlarning oʻzaro yozma roziligi bilan uning ajralmas qismi boʻlib hisoblanadigan protokollar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
10-modda
Ushbu Bitim u imzolangan sanadan kuchga kiradi, besh yil davomida amal qiladi va agar Tomonlardan hech biri tegishli muddat tugashidan kamida olti oy ilgari uning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor qilmasa, keyingi besh yillik davrlarga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
Moskva shahrida 1998-yil 6-mayda ikki nusxada, har biri oʻzbek va rus tillarida tuzildi, ikkala matn bir xil kuchga ega.
(imzolar)