Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining
buyrugʻi
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun moʻljallangan maxsus qabulxonalarning ichki tartib qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 31-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3073-1]
Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 22-oktabrdagi OʻRQ-503-son “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-maydagi PF-5441-son “Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2018-yil 14-avgustdagi 220-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 3073, 2018-yil 29-sentabr) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.10.2018-y., 10/18/3073/1977-son) bilan tasdiqlangan Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun moʻljallangan maxsus qabulxonalarning ichki tartib qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir P. BOBOJONOV
Toshkent sh.,
2019-yil 26-aprel,
112-son
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2019-yil 26-apreldagi 112-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun moʻljallangan maxsus qabulxonalarning ichki tartib qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 75-band “giyohvandlik vositalari” degan soʻzlardan keyin “, ularning analoglari” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
2. 135 — 137-bandlar quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“135. Advokatning himoya ostidagi shaxs bilan uchrashish jarayonida elektron vositalardan (mobil telefon, fotoapparat va diktofon) foydalanish imkoniyati yaratiladi. Bunda advokat tomonidan elektron vositalardan maʼlumotlarni qayd etish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi.
Himoyachilar (advokatning himoyachi sifatida ishtirok etishi bundan mustasno), qonuniy vakillar, qarindoshlar va boshqa shaxslarga uchrashuvlar berilganda, ularning yonida aloqa vositalari, shaxsiy kompyuter, fotoapparat, videokamera va ovoz yozish qurilmalarining boʻlishi taqiqlanadi.
136. Uchrashuv jarayonida advokat tomonidan maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga Qoidalarning 3-ilovasida koʻrsatib oʻtilgan taqiqlangan ashyolar va oziq-ovqat mahsulotlarini topshirish holatlari aniqlanganda uchrashuv muddatidan oldin toʻxtatiladi.
Advokat bilan uchrashuv muddatidan oldin toʻxtatilgan hollarda, maxsus qabulxona maʼmuriyati tomonidan advokatlik siri va daxlsizligini taʼminlashga doir qonun hujjatlari talablariga rioya qilgan holda dalolatnoma rasmiylashtiriladi. Dalolatnoma nusxasi Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining tegishli hududiy boshqarmasiga va ushbu advokatga guvohnoma bergan hududiy adliya organiga yuboriladi.
137. Qarindoshlar va boshqa shaxslar bilan uchrashuvlar maxsus qabulxona xodimlarining nazorati ostida amalga oshiriladi. Himoyachi, qonuniy vakil, qarindoshlar va boshqa shaxslar tomonidan maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga mazkur Qoidalarning 3-ilovasida koʻrsatib oʻtilgan taqiqlangan ashyolar va oziq-ovqat mahsulotlarini topshirishga urinilgan hollarda uchrashuv muddatidan oldin toʻxtatib qoʻyiladi. Uchrashuvga kelgan shaxs bu haqda uchrashuv boshlanishidan oldin maxsus qabulxonaning masʼul xodimlari tomonidan ogohlantirilishi shart.”.
3. 3-ilovaning 5-bandi “giyohvandlik vositalari,” degan soʻzlardan keyin “ularning analoglari” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
4. Mazkur oʻzgartirish va qoʻshimchalar Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Oliy sudi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Advokatlar palatasi bilan kelishilgan.
Bosh prokuror O. MURODOV
2019-yil 25-aprel
Oliy sud raisi K. KAMILOV
2019-yil 25-aprel
Sogʻliqni saqlash vaziri A. SHADMANOV
2019-yil 25-aprel
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sh. KUDBIYEV
2019-yil 25-aprel
Advokatlar palatasi raisi A. ERNAZAROV
2019-yil 25-aprel
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2019-y., 10/19/3073-1/3225-son)