Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 ― 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 2019-yil 17-yanvardagi PF-5635-son Farmoni bilan:
a) kapitali 1 milliard AQSh dollari miqdorida boʻlgan va quyidagi asosiy vazifalar yuklangan Oʻzbekiston Respublikasining toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) tashkil etilganligi:
respublika iqtisodiyotining ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirishga, shuningdek, uning raqobatbardoshligini yanada oshirishga toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va innovatsion texnologiyalarni jalb qilish;
xususiy mahalliy va xorijiy investorlar bilan uzoq muddatli oʻzaro foydali sheriklik munosabatlarini yoʻlga qoʻyish orqali investitsiya faoliyatini ragʻbatlantirish va rivojlantirish;
investitsiya takliflarini baholash, investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
investitsiya muhitini yaxshilashga, shuningdek, respublikaning investitsiya salohiyati va imkoniyatlarini xorijda keng targʻib qilishga koʻmaklashish;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga shakllantiriladigan 5 million AQSh dollari miqdoridagi ustav kapitaliga ega boʻlgan davlat ulushi 100 foizli aksiyadorlik jamiyati shaklidagi Jamgʻarmaning boshqaruvchi kompaniyasi tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasining toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsilar va tashqi savdo vazirligi vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Jamgʻarmaning boshqaruvchi kompaniyasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari E.M. Gʻaniyev va Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 18-may,
420-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-maydagi 420-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) faoliyatini tashkil etish tartibini, uning huquqiy maqomini va boshqaruvchi kompaniya tomonidan Jamgʻarmani ishonchli boshqarish tartibi xususiyatlarini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
Jamgʻarmaning muassisi — Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi;
boshqaruvchi kompaniya — Jamgʻarmaning muassisi bilan tuzilgan investitsiya deklaratsiyasini oʻz ichiga oluvchi ishonchli boshqarish shartnomasiga muvofiq Jamgʻarmani boshqaruvchi yuridik shaxs;
Oldingi tahrirga qarang.
ishonchli boshqarish shartnomasi — boshqaruvchi kompaniya va Jamgʻarma muassisi oʻrtasida tuziladigan ishonchli boshqarishda cheklashlarni, taqdirlash va xarajatlarni qoplash tartibini, shartnomaning asoslari va uni toʻxtatish shartlarini, tomonlarning javobgarligini va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa qoidalarni nazarda tutuvchi shartnoma;
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
investitsiya deklaratsiyasi — investitsiyalarning maqsadlarini, investitsiya siyosati yoʻnalishlarini, boshqaruvchi kompaniyaning investitsiya faoliyatidagi cheklashlarni, deklaratsiyaning amal qilish muddatini va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida belgilanadigan boshqa qoidalarni tavsiflovchi hujjat;
(2-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
alohida bank hisob raqami — Jamgʻarmani ishonchli boshqarish jarayonida olingan pul mablagʻlari hamda daromadlar hisobi yuritiladigan boshqaruvchi kompaniyaning alohida bank hisob raqami.
3. Jamgʻarmaning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
toʻliq nomi — Oʻzbekiston Respublikasining toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi;
qisqartirilgan nomi — Toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi;
b) ingliz tilida:
toʻliq nomi — Direct Investments Fund of the Republic of Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — Direct Investments Fund;
v) rus tilida:
toʻliq nomi — Fond pryamix investitsiy Respubliki Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — Fond pryamix investitsiy.
4. Jamgʻarma yuridik shaxs tashkil etmagan holda tashkil etiladi.
5. Quyidagilar Jamgʻarmaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
respublika iqtisodiyotining ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirishga, shuningdek, uning raqobatbardoshligini yanada oshirishga toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va innovatsion texnologiyalarni jalb qilish;
xususiy mahalliy va xorijiy investorlar bilan uzoq muddatli oʻzaro foydali sheriklik munosabatlarini yoʻlga qoʻyish orqali investitsiya faoliyatini ragʻbatlantirish va rivojlantirish;
investitsiya takliflarini baholash, investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
investitsiya muhitini yaxshilashga, shuningdek, respublikaning investitsiya salohiyati va imkoniyatlarini xorijda keng targʻib qilishga koʻmaklashish.
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi Jamgʻarmaning yagona muassisi hisoblanadi hamda investorlar tomonidan Jamgʻarma bilan birgalikda loyihalarga investitsiya kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan soʻng boshqaruvchi kompaniyaning soʻrovi boʻyicha Jamgʻarma kapitalini shakllantiradi.
6. Jamgʻarmaning eʼlon qilingan kapitali 1 (bir) milliard AQSh dollarini tashkil etadi, u birinchi bosqichda investorlar tomonidan Jamgʻarma bilan birgalikda loyihalarga investitsiya kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilinishiga qarab 100 (yuz) million AQSh dollari miqdorda shakllantiriladi.
7. Jamgʻarma faoliyati muddati 15 yilni tashkil etadi, ushbu muddat boshqaruvchi kompaniyaning faoliyati natijalari asosida Jamgʻarma muassisining qarori bilan uzaytirilishi mumkin.
8. Jamgʻarmaning pul mablagʻlari ishonchli boshqarish shartnomasiga asosan boshqaruvchi kompaniyaga ishonchli boshqarish uchun beriladi.
9. Boshqaruvchi kompaniya Jamgʻarmaning mol-mulki hisobiga Oʻzbekiston Respublikasida, shu jumladan, xorijiy shaxslar bilan birgalikda investitsiya loyihalarini moliyalashtirib, Jamgʻarmaning ishonchli boshqaruvchisi sifatida ish koʻradi.
10. Boshqaruvchi kompaniya:
foyda keltiradigan investitsiyalarni amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotiga xorijiy va mahalliy investitsiyalarni, shuningdek, yuqori malakali kadrlar va innovatsion texnologiyalarni jalb etish;
xorijiy investorlar bilan oʻzaro munosabatlarni rivojlantirish orqali investitsiya faoliyatini ragʻbatlantirish;
qulay investitsiya muhitini yaratish va yoyish, Oʻzbekiston Respublikasining investitsiya imkoniyatlari ijobiy idrok etilishi maqsadida ish koʻradi.
11. Jamgʻarma va boshqaruvchi kompaniyaning faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
2-bob. Boshqaruvchi kompaniya
Oldingi tahrirga qarang.
12. Boshqaruvchi kompaniya oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga va ushbu Nizomga muvofiq amalga oshiradi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
13. Boshqaruvchi kompaniya aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etiladi.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi boshqaruvchi kompaniyaning yagona aksiyadori hisoblanadi.
15. Boshqaruvchi kompaniyaning Jamgʻarmani ishonchli boshqarish boʻyicha faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organi tomonidan belgilangan tartibda beriladigan litsenziya asosida amalga oshiriladi.
16. Boshqaruvchi kompaniya aksiyadorlarning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi. Aksiyadorlar boshqaruvchi kompaniyaning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
17. Boshqaruvchi kompaniyaning aktivlari ustav kapitaliga kiritilgan ulushlar, boshqaruvchi kompaniya faoliyatidan olinadigan daromadlar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
18. Boshqaruvchi kompaniyaning mol-mulki Jamgʻarma mol-mulkidan, shuningdek, boshqaruvchi kompaniyada ishonchli boshqaruvdagi boshqa mol-mulkdan alohida boʻladi.
19. Mol-mulkni ishonchli boshqarishdan olingan daromadlar Jamgʻarmaning mulki tarkibiga kiritiladi va Jamgʻarmaning investitsiya deklaratsiyasiga muvofiq ishlatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
20. Boshqaruvchi kompaniyaning xarajatlari boshqaruvchi kompaniyaning boshqarish uchun taqdirlash puli sifatida oladigan daromadlari va uning ustav kapitali, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobiga qoplanadi.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
3-bob. Boshqaruvchi kompaniyaning asosiy vazifalari va funksiyalari
21. Quyidagilar boshqaruvchi kompaniyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
mahalliy hamda xorijiy investorlar va moliyaviy institutlar bilan birgalikda foyda keltiradigan investitsiyalarni Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyoti tarmoqlarida amalga oshirish;
ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirish uchun toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va innovatsion texnologiyalarni jalb qilish, shuningdek, respublika iqtisodiyotining raqobatbardoshligini yanada oshirish;
xususiy mahalliy va xorijiy investorlar bilan uzoq muddatli oʻzaro manfaatli sheriklik munosabatlarini shakllantirish orqali investitsiya faoliyatini ragʻbatlantirish va rivojlantirish;
investitsiya takliflarini baholash, investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
investitsiya muhiti yaxshilanishiga koʻmaklashish, shuningdek, respublikaning investitsiya salohiyati va imkoniyatlarini chet elda keng targʻib qilish.
22. Yuklangan vazifalarga muvofiq boshqaruvchi kompaniya quyidagi funksiyalarni bajaradi:
investitsiya kiritish uchun ustuvor yoʻnalishlarni hisobga olgan holda investitsiya loyihalarini tanlab oladi, moliyaviy qoplashni, tijorat jozibadorligi va ularni amalga oshirish samaradorligini belgilaydi;
yirik institutsioal va strategik xorijiy investorlar bilan hamkorlikni tashkil qiladi;
xorijiy investorlar bilan birgalikda xavf-xatarni teng taqsimlash prinsipi asosida kapital qaytarilishining zarur darajasini taʼminlaydigan investitsiya loyihalarini izlash, tahlil qilish va baholashni, tizimlashtirish, moliyalashtirishni amalga oshiradi va monitoring olib boradi;
4-bob. Boshqaruvchi kompaniyaning boshqaruv organlari
23. Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi, kuzatuv kengashi va bosh direktor boshqaruvchi kompaniyaning boshqaruv organlari hisoblanadi.
24. Boshqaruvchi kompaniyaning boshqaruv organlari vakolatlari “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, boshqaruv kompaniyasining ustavi va ushbu Nizom bilan tartibga solinadi.
25. Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri boshqaruvchi kompaniyaning kuzatuv kengashi raisi hisoblanadi.
Kuzatuv kengashi tarkibiga mustaqil aʼzolar (direktorlar), shu jumladan, xorijiy aʼzolar kiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Boshqaruvchi kompaniyaning boshqaruv kengashi, agar uning majlisida uning aʼzolari umumiy sonining uchdan ikki qismi ishtirok etsa, qaror qabul qilishga vakolatlidir. Qarorlar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga yoxud boshqaruvchi kompaniyaning ustaviga muvofiq boshqa ovozlar talab qilinmasa, majlisda ishtirok etayotgan kuzatuv kegashi aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
(25-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
26. Bosh direktor boshqaruvchi kompaniyaning umumiy faoliyatiga rahbarlik qiladi, kuzatuv kengashi va aksiyadorlar umumiy yigʻilishi vakolatiga taalluqli boʻlgan masalalarni hal etish bundan mustasno.
27. Boshqaruvchi kompaniyaning bosh direktori boshqaruvchi kompaniyaning kuzatuv kengashi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
28. Boshqaruvchi kompaniyaning bosh direktori boshqaruvchi kompaniya kuzatuv kengashiga hisobot beradi.
29. Boshqaruvchi kompaniyaning bosh direktori va mustaqil aʼzolari (direktorlar) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 9-iyuldagi 308-son qarori bilan tasdiqlangan Qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyatni litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizom talablariga muvofiq boʻlishi, shuningdek, quyidagi professional fazilatlar va vakolatlarga ega boʻlishi kerak:
xorijiy investorlarning keng doirasi bilan ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatish tajribasi;
xorijiy investorlar bilan bitimlarni tizimlashtirish va tuzish tajribasi;
investitsiya xavf-xatarlarini boshqarish tajribasi.
30. Boshqaruvchi kompaniya mustaqil aʼzolarni (direktorlarni) oʻz ichiga oladigan investitsiya qoʻmitasini tashkil qiladi.
5-bob. Jamgʻarma va boshqaruvchi kompaniya tomonidan investitsiya faoliyatini olib borish tartibi. Jamgʻarma va boshqaruvchi kompaniyaning oʻzaro hamkorligi
31. Jamgʻarma va boshqaruvchi kompaniya tomonidan investitsiya faoliyatini amalga oshirish tartibi belgilangan tartibda tuziladigan, investitsiya deklaratsiyasini oʻz ichiga oladigan ishonchli boshqarish shartnomasi bilan belgilanadi.
32. Jamgʻarma muassisi va boshqaruvchi kompaniya investitsiya deklaratsiyasini va ishonchli boshqarish qoidalarini qabul qiladi.
33. Investitsiya loyihalarini tanlash ular moliyaviy qoplanishi, tijorat jozibadorligi va samaradorligi baholanishi hisobga olingan holda boshqaruvchi kompaniya tomonidan mustaqil amalga oshiriladi, bunda quyidagi asosiy mezonlarga rioya qilinadi:
investitsiya loyihalarining moliyaviy va iqtisodiy samaradorligi;
loyihalarga ajratiladigan investitsiyalar respublikaning ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirishga va uning raqobatbardoshligini yanada oshirishga yoʻnaltirilishi kerak;
yangi ish oʻrinlari yaratish;
ishlab chiqarish rejalashtirilgan mahsulotlar va xizmatlarning ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardoshligi;
bitta loyiha boʻyicha Jamgʻarma investitsiyalarining cheklangan miqdori ushbu loyihaga moʻljallanayotgan investitsiyalar umumiy hajmining koʻpi bilan 30 foizini tashkil etadi. Bunda Jamgʻarma xoʻjalik yurituvchi subyekt ustav fondi (kapitalining) 30 foizidan ortiq boʻlgan ulush egasi boʻlishi, shuningdek, eng yirik ulush egasi boʻlishi mumkin emas;
bitta loyiha boʻyicha Jamgʻarma investitsiyalarining cheklangan miqdori Jamgʻarma umumiy miqdorining 10 foizidan ortiq boʻlmasligi kerak;
iqtisodiyotning bir tarmogʻi boʻyicha Jamgʻarma investitsiyalarining cheklangan miqdori Jamgʻarma umumiy miqdorining 20 foizidan ortiq boʻlmasligi kerak;
xorijiy va mahalliy birgalikda investitsiya kirituvchilar investitsiya loyihasida loyiha qiymatining kamida 70 foizi hajmida ishtirok etishning oʻz moliyaviy va boshqa imkoniyatlarini tasdiqlaydilar.
34. Loyihaga mablagʻlarni investitsiyalash toʻgʻrisidagi bitim boshqaruvchi kompaniyaning boshqaruv organlari tomonidan maʼqullangandan keyin boshqaruvchi kompaniya 2 ish kuni mobaynida boshqaruvchi kompaniyaning boshqaruv organlari qarorlari nusxalarini taqdim qilgan holda Jamgʻarma muassisiga Jamgʻarmani toʻldirishga soʻrov yuboradi.
35. Soʻrovga muvofiq Jamgʻarma muassisi 5 ish kuni mobaynida tegishli investitsiya loyihasiga investitsiya kiritish uchun Jamgʻarmani toʻldirishga mablagʻlarni boshqaruvchi kompaniyaning alohida bank hisob raqamiga oʻtkazadi.
36. Boshqaruvchi kompaniya uning alohida bank hisob raqamiga pul mablagʻlari oʻtkazilgandan keyin 2 ish kuni mobaynida Jamgʻarmaning muassisiga investitsiya paylarini taqdim etadi.
37. Boshqaruvchi kompaniya Jamgʻarmaning muassisiga boshqaruvchi kompaniyaning kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlangan shakllar boʻyicha Jamgʻarma mol-mulki tarkibiga kiradigan pul mablagʻlari sarflanishi, shuningdek, Jamgʻarma mol-mulkini boshqarishdan olingan daromadlar toʻgʻrisidagi hisobotlarni taqdim etadi.
38. Boshqaruvchi kompaniya oʻzining ustavida belgilangan tarkibda va tartibda ichki audit xizmatini tashkil qilishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
39. Boshqaruvchi kompaniya Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlari buzilganligi uchun Jamgʻarma muassisi oldida javob beradi.
(39-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
40. Ishonchli boshqarish shartnomasiga muvofiq boshqaruvchi kompaniya tomonidan xizmatlar koʻrsatilganligi uchun Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga taqdirlash puli toʻlanadi. Toʻlanadigan haqning umumiy miqdori va xususiyatlari ishonchli boshqarish shartnomasi bilan belgilanadi.
6-bob. Boshqaruvchi kompaniyaning hisobot berishi va auditi
41. Boshqaruvchi kompaniyaning hisobot yili kalendar yilning 1-yanvaridan 31-dekabrigacha (31-yanvar ham kiradi) belgilanadi.
42. Boshqaruvchi kompaniya Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan buxgalteriya hisobi va hisobotining milliy standartlariga, shuningdek, Xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga muvofiq buxgalteriya hisobini yuritadi.
43. Boshqaruvchi kompaniyaning auditlanmagan yillik hisoboti Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan buxgalteriya hisobi va hisobotining milliy standartlariga muvofiq har yili hisobot yilidan keyingi yilning 30-martigacha tuziladi.
44. Boshqaruvchi kompaniyaning yillik buxgalteriya hisobotlarini audit qilish uchun uning kuzatuv kengashi “katta toʻrtlik”ka kiradigan auditorlik firmalari orasidan auditorlik tashkilotini jalb qiladi va uni taqdirlash miqdorini tasdiqlaydi.
45. Auditorlik tashkiloti boshqaruvchi kompaniyaning yillik buxgalteriya hisobotlari majburiy auditini har yili hisobot yilidan keyingi yilning 30-iyunidan kechikmay oʻtkazadi, uning yakunlari boʻyicha boshqaruvchi kompaniyaning kuzatuv kengashi tomonidan u kiritilgan sanadan boshlab 40 kundan kechikmay hisobot tasdiqlanadi.
Boshqaruvchi kompaniya har yili hisobot beriladigan yildan keyingi yilning 30-iyunidan kechikmay aktivlar qiymatini baholash uchun “katta toʻrtlik”ka kiradigan auditorlik firmalari orasidan auditorlik tashkilotini jalb qiladi.
46. Boshqaruvchi kompaniyaning moliya-xoʻjalik faoliyati ustidan nazorat qilish uchun taftish komissiyasi tashkil etiladi.
VII. Yakunlovchi qoida
Oldingi tahrirga qarang.
47. Jamgʻarmani va boshqaruv kompaniyasini qayta tashkil etish va tugatish Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(47-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.05.2019-y., 09/19/420/3171-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)