O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
KIChIK VA O‘RTA TADBIRKORLIKNI RIVOJLANTIRISh UChUN XORIJIY KREDITLAR BERIShNI TAShKIL ETISh MASALALARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 27-maydagi 232-sonli “Kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirishni rag‘batlantirish mexanizmini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirishni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida 1997-yil 31-yanvardagi PF-1702-son Farmonini bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasining o‘z huzurida, xodimlarning tasdiqlangan umumiy soni doirasida Kichik va o‘rta tadbirkorlikni mablag‘ bilan ta’minlashga ko‘maklashish markazi tuzish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin va unga:
respublikaning turli tarmoqlari va mintaqalaridagi kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirishga oid takliflarni o‘rganish va umumlashtirish va shu asosda investitsiya, loyihalariga bo‘lgan takliflar va talablarga oid ma’lumotlar bankini shakllantirish, davriy axborot byulletenini chiqarish va uni manfaatdor tuzilmalar o‘rtasida tarqatish;
tarmoqlar va mintaqalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini, xomashyo resurslari va zarur infrastruktura mavjudligini hisobga olgan holda ishlab chiqarishlarni oqilona joylashtirishda kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlariga ko‘maklashish;
loyihalarning maqsadga muvofiqligini baholash va O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturiga kiritish to‘g‘risida “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasiga takliflar tayyorlash yuklansin.
“O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi 15 kun muddatda kichik va o‘rta tadbirkorlikni mablag‘ bilan ta’minlashga ko‘maklashish markazi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
3. Davlat soliq qo‘mitasi Milliy bank bilan birgalikda bir hafta muddatda jalb qilinayotgan xorijiy kreditlar hisobiga olib kelinadigan texnologik uskunalar uchun kichik va o‘rta korxonalarni import boj poshlinalari to‘lashdan ozod qilish tartibini belgilasin.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlariga xizmat ko‘rsatuvchi “O‘zinvestloyiha” kompaniyasining viloyat bo‘linmalariga va O‘zbekiston Banklar uyushmasining shu’ba tuzilmalariga ofislar ajratishda, malakali kadrlar bilan ta’minlashda va boshqa tashkiliy masalalarda amaliy yordam ko‘rsatsinlar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda qonunchilikni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 31-yanvardagi PF-1702-son Farmoni va mazkur qarorga muvofiq o‘zgartirish yuzasidan belgilangan tartibda takliflar kiritsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari B.S. Hamidov va V.A. Chjen zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 7-fevral,
67-son
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 7-fevraldagi 67-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Loyihalarni tanlab olish hamda kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirish uchun jalb qilinayotgan xorijiy kredit liniyalari hisobiga kichik va o‘rta korxonalarga kreditlar berish
TARTIBI
I. UMUMIY QOIDALAR
1.1. Mazkur Tartib kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlari tomonidan taqdim etilgan (investitsiya takliflarini tanlab olishning hamda ishlab chiqish, mablag‘ bilan ta’minlash va amalga oshirishning izchil mexanizmini belgilaydi.
1.2. Xorijiy kredit liniyalari hisobiga mablag‘ bilan ta’minlashning ustuvor huquqi:
faoliyat ko‘rsatayotgan kichik va o‘rta qo‘shma korxonalarni rivojlantirish va yangilarini tuzish;
eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish;
qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash bo‘yicha ishlab chiqarishlarni rivojlantirish;
asosan qishloq joylarda qo‘shimcha ishlab chiqarish va noishlab chiqarish infrastrukturani yaratishni nazarda tutuvchi investitsiya loyihalariga beriladi.
2. INVESTITSIYa LOYIHALARINI TANLAB OLISh
2.1 Investitsiya takliflarining tashabbuskorlari loyiha g‘oyasi ko‘rsatilgan belgilangan namunadagi buyurtmanoma-anketani rasmiylashtiradilar va uni “O‘zinvestloyiha” bo‘linmalariga yoki O‘zbekiston Banklari uyushmasining “Bankinvestloyiha” tashkilotiga taqdim etadilar.
2.2 Investitsiya takliflarining tashabbuskorlari respublika tarmoqlari va mintaqalarini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish sxemalari, xomashyo resurslarining mavjudligi, ishlab chiqarish va ijtimoiy infrastrukturaning rivojlanganligi, shuningdek, prefensiyalar tizimi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasining Kichik va o‘rta tadbirkorlikni mablag‘ bilan ta’minlashga ko‘maklashish markazidan va “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasining mintaqaviy bo‘linmalaridan olishlari mumkin.
2.3. “O‘zinvestloyiha” bo‘linmalari yoki “Bankinvestloyiha” tashkiloti xizmatlarga haq olmagan holda, 10 kun muddatda taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqadilar, ishlab chiqarish bazasini tekshirishdan o‘tkazadilar hamda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishning belgilangan ustuvorliklari, shuningdek, jalb etilgan xorijiy kredit liniyalari mezonlariga muvofiq mablag‘ bilan ta’minlash uchun tijorat banklari tomonidan talab etiladigan hujjatlar paketini tayyorlashning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa tayyorlaydilar.
2.4. Xorijiy kredit liniyalari doirasida mablag‘ bilan ta’minlash chog‘ida loyiha tashabbuskorining o‘z sarmoyasi tijorat banklarining tegishli talablariga yetarli bo‘lmagan holda investitsiya tashkilotlari (O‘zbekiston Banklari uyushmasi “Bankinvesttrast” va boshqalar) loyiha tashabbuskorining ustav fondini yetarli miqdorda shakllantirishda qatnashishlari mumkin.
3. BIZNES REJALARNI VA INVESTITSIYa LOYIHALARINING TEXNIK IQTISODIY ASOSLAShLARINI IShLAB ChIQISh
3.1. Investitsiya takliflarining tashabbuskorlari zarur hollarda injiniring va konsalting kompaniyalarini jalb etgan holda investitsiya oldi tekshiruvlarini amalga oshiradilar, shu jumladan:
talab va takliflar prognozini hisobga olgan holda mahsulot bozorini baholash;
prognozlashtiriladigan xomashyo va foydalaniladigan resurslarning zaxiralarini baholash;
obyekt, infrastrukturaning joylashgan o‘rnini baholash;
loyihaning atrof-muhitga ta’sirini baholash;
ishlab chiqarish miqyoslarini optimallashtirish;
oqilona texnologik yechimni tanlash;
loyihaning iqtisodiy samaradorligi va hayotiyligini baholash;
loyihaning huquqiy, tashkiliy va moliyaviy asoslarini shakllantirish.
3.2. “O‘zinvestloyiha” tomonidan tasdiqlangan tavsiyalarga muvofiq tayyorlangan loyihaning Texnik-iqtisodiy asoslashlari loyiha tashabbuskori tomonidan tijorat banki (lizing kompaniyasi)ga taqdim etiladi.
4. INVESTITSIYa LOYIHALARINI EKSPERTIZA QILISh
4.1. Tijorat banki (lizing kompaniyasi) zarur bo‘lganda O‘zbekiston Banklari uyushmasi (“Bankinvestloyiha”, “Bankhuquqxizmat”, “Bankaxborotreyting”, “Bankkonsaltaudit”) konsalting firmalarini jalb etgan holda loyiha biznes-rejasini va texnik-iqtisodiy asoslashini, loyiha tashabbuskorining kreditga layoqatliligini baholash, loyihaning huquqiy, tashkiliy va moliyaviy tuzilmalarini, shuningdek, kreditni ta’minlashning yetarliligini ekspertizadan o‘tkazadi.
Tijorat banki (lizing kompaniyasi) 30 kun muddatda loyiha tashabbuskorini loyihani mablag‘ bilan ta’minlash mumkinligi to‘g‘risida xabardor qiladi.
4.2. Tijorat banki (lizing kompaniyasi)ning kredit qo‘mitasi ijobiy qarori qabul qilganda loyiha tashabbuskori belgilangan tartibda kontraktlarni rasmiylashtiradi va Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazadi, garov shartnomasini rasmiylashtiradi va Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazadi, “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi bilan Investitsiya dasturiga kiritish imkoniyatini kelishib oladi, mulkni sug‘urtalash va tadbirkorlik tavakkalchiliklarini sug‘urtalashning boshqa shakllarini va qarz oluvchining tijorat banki (lizing kompaniyasi) talablariga muvofiq javobgarligini rasmiylashtiradi.
5. INVESTITSIYa LOYIHALARINI MABLAG‘ BILAN TA’MINLASh
5.1 Loyiha tashabbuskori tomonidan tijorat banki (lizing kompaniyasi)ga belgilangan talablarga muvofiq kreditni ta’minlash bo‘yicha hujjatlarning to‘la paketini taqdim etish yakuniga ko‘ra tijorat banki (lizing kompaniyasi) 10 kun muddatda loyihani amalga oshirishni ta’minlovchi xarajatlar moddalari bo‘yicha mablag‘ bilan ta’minlashni boshlaydi.
5.2 Loyiha tashabbuskorida texnik-iqtisodiy asoslashlarni ishlab chiqish va sug‘urtalash bo‘yicha xizmatlarga haq to‘lash uchun yetarli mablag‘lar bo‘lmagan hollarda ushbu xarajatlar bu xizmatlar qiymatining ko‘pi bilan 50 foizi doirasida kredit summasiga kiritilishi mumkin.
5.3 Loyiha tashabbuskori qarz mablag‘laridan belgilangan maqsadlarda foydalanilishi, ishlab chiqarish quvvatlarining o‘z vaqtida o‘zlashtirilishi va kredit belgilangan muddatlarda to‘lanishi uchun amaldagi qonunchilikka muvofiq javob beradi.
5.4 Tijorat banki (lizing kompaniyasi ajratilgan mablag‘lardan belgilangan maqsadlarda foydalanilishini nazorat qiladi va bank amaliyotida qabul qilingan qoidalar va tartiblarga muvofiq kreditning o‘z vaqtida to‘lanishi monitoringini amalga oshiradi.
5.5 Ajratilgan kredit mablag‘laridan belgilangan maqsadlarda foydalanilmagan hollarda, shuningdek, kredit o‘z vaqtida to‘lanmagan hollarda tijorat banki (lizing kompaniyasi) tomonidan quyidagi choralar qo‘llaniladi:
loyiha tashabbuskorining schyotida mablag‘ bo‘lganda:
loyiha tashabbuskori schyotidan har qanday valyutadagi mablag‘ni so‘zsiz undirib olish;
loyiha tashabbuskorining schyotida yetarli miqdorda mablag‘ bo‘lmaganda:
garovga qo‘yilgan mol-mulk hisobidan undirib olish va kreditni to‘lamaslik tavakkalchiligining loyiha tashabbuskori tomonidan taqdim etilgan boshqa ta’minoti bo‘yicha undirib olish;
loyiha tashabbuskorining mansabdor shaxslari suiiste’molchiliklarga yo‘l qo‘yganda va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa shunga o‘xshash hollarda:
bu mansabdor shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish.