Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA YER MONITORINGI TOʻGʻRISIDA NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
Yer fondidagi oʻzgarishlarni oʻz vaqtida aniqlash uchun uning holatini kuzatib borish, yerlarga baho berish, salbiy jarayonlarning oldini olish va oqibatlarini tugatish, davlat yer kadastri yuritilishini, yerdan foydalanishni, yer tuzishni, yer fondidan belgilangan maqsadda va oqilona foydalanish, yerlarni muhofaza qilish ustidan davlat nazorati amalga oshirilishini axborot bilan taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasida Yer monitoringi toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi 2001-yilda va undan keyingi yillarda davlat budjetidan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan yer monitoringini amalga oshirish xarajatlarini qoplash uchun zarur mablagʻlar ajratishni nazarda tutsinlar.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-yanvardagi 22-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.01.2022-y., 09/22/22/0024-son)
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari T. Xoltoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
2000-yil 23-dekabr,
496-son
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 23-dekabrdagi 496-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida Yer monitoringi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Yer monitoringi yer fondidagi oʻzgarishlarni oʻz vaqtida aniqlash, yerlarga baho berish, salbiy jarayonlarning oldini olish va oqibatlarini tugatish maqsadida uning holatini kuzatib borish tizimidan iborat.
2. Oʻzbekiston Respublikasining barcha yerlari, ularning huquqiy rejimi, foydalanilish maqsadi va xarakteridan qatʼi nazar, monitoring obyekti hisoblanadi.
3. Monitoring yerlardan foydalanish maqsadini hisobga olgan holda olib boriladi va yer fondi toifalariga muvofiq boʻlgan quyidagi kichik tizimlarga boʻlinadi:
qishloq xoʻjaligi maqsadidagi yerlar monitoringi;
aholi punktlari yerlari monitoringi;
sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlardagi yerlar monitoringi;
tabiatni muhofaza qilish, sogʻlomlashtirish, rekreatsion maqsadlardagi yerlar monitoringi;
tarixiy-madaniy maqsadlardagi yerlar monitoringi;
oʻrmon fondi yerlari monitoringi;
suv fondi yerlari monitoringi;
zaxira yerlar monitoringi.
4. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi yer monitoringining asosiy vazifalari hisoblanadi:
yer fondi holati oʻzgarishlarini oʻz vaqtida aniqlash ustidan kuzatishlar tizimini tashkil etish va amalga oshirish, ularni baholash, salbiy jarayonlarni prognozlash hamda ularning oldini olish va bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish;
davlat yer kadastri yuritilishini, yerdan foydalanishni, yer tuzishni, yer fondidan maqsadli va oqilona foydalanish, yerlarni muhofaza qilish va yer resurslarini davlat tomonidan boshqarishga doir boshqa funksiyalar ustidan davlat nazoratini axborot bilan taʼminlash.
5. Hududiy qamrab olinishiga koʻra yerlarning respublika, mintaqaviy va mahalliy monitoringi amalga oshiriladi.
Respublika monitoringi Oʻzbekiston Respublikasining butun hududini qamrab oladi.
Mintaqaviy monitoring fizik-geografik, maʼmuriy va boshqa chegaralar bilan chegaralangan hududlarni qamrab oladi.
Mahalliy monitoring alohida yer uchastkalari va manzara-ekologiya komplekslarini qamrab oladi.
6. Yer monitoringi mazmuni yer fondi holatini maxsus tashkil etilgan muntazam kuzatishlar (suratga olish, tekshirish va qidiruv)dan, quyidagilar oʻzgarishlarini aniqlash, baholash va prognozlashdan iborat boʻladi:
yerga egalik qilish, yerdan foydalanish, ekinzorlar, dalalar, uchastkalar, manzara-ekologiya komplekslarining holati;
yerlar unumdorligining oʻzgarishiga, ularning tanazzuli va destruksiyasi (aridizatsiya va choʻllanishi, suv, irrigatsiya va shamol eroziyasi, chirindi miqdori oʻzgarishi, tuproq tarkibining oʻzgarishi, ohakliligi, begona oʻt bosganligi, shoʻrlanganligi, qishloq xoʻjaligi yerlarining oʻt bosganligi, yerlarning pestitsidlar, ogʻir metallar, radionuklidlar va boshqa toksik moddalar, sanoat, maishiy va boshqa chiqindilar bilan ifloslanishi)ga taʼsir qiluvchi jarayonlar (omillar);
tabiiy ozuqabop oʻtlar qoplami holatining oʻzgarishi (oʻsimliklar tarkibi, tuzilishi, hosildorligi, sifati va toʻyimliligining oʻzgarishi) bilan bogʻliq jarayonlar;
daryolar qirgʻoqlarining, Orol dengizi, koʻllar, suv omborlari, irrigatsiya va gidrotexnika inshootlarining holati;
jarliklar va oʻpqonlar, oʻpirilishlar, sel oqimlari, zilzilalar, suv toshqinlari, “degishlar”, karst, yer choʻkishi, boshqa ekzogen va endogen jarayonlar va antropotexnogen hodisalar tufayli paydo boʻlgan jarayonlar;
aholi yashash joylari, neft va gaz qazib olish, tozalash inshootlari, goʻngxonalar, axlatxonalar, yonilgʻi-moylash materiallari, oʻgʻitlar, zaharli ximikatlar omborlari, toksik sanoat chiqindilari va radioaktiv materiallar koʻmilgan joylar, shuningdek boshqa sanoat obyektlari yerlarining holati.
7. Yerlarning holati oʻzgarishlarning yoʻnalishi va jadalligiga oid bir qancha izchil kuzatishlarni (davriy, mavsumiy, sutkalik) tahlil qilish, olingan koʻrsatkichlarni yerlarning sifat holati normativlari bilan taqqoslash orqali baholanadi. Yer holatini baholash koʻrsatkichlari muayyan davr yoki sana uchun ham absolyut, ham nisbiy koʻrsatkichlarda (oʻlchov birligida) ifodalanadi.
8. Yerlar holatini baholash natijalariga koʻra tezkor maʼlumotlar, axborotlar, prognozlar va tavsiyanomalar tuziladi, ularga oʻzgarishlar, ayniqsa salbiy oʻzgarishlarning dinamikasini, ularning yoʻnalishini va jadalligini tavsiflovchi mavzuli xaritalar, kartogrammalar, jadvallar va diagrammalar ilova qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Yer monitoringi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi (keyingi oʻrinlarda — Kadastr agentligi) va Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasining boshqa manfaatdor vazirliklari va idoralari ishtirokida amalga oshiriladi.
(9-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 22-iyuldagi 439-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2024-y., 09/24/439/0543-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari uyma-uy aylanib chiqish yoʻli bilan dehqon xoʻjaliklari yer uchastkalaridan va tomorqa yerlaridan maqsadli va samarali foydalanishning, shu jumladan, yerga ishlov berish, urugʻlik, koʻchatlar va daraxtlar oʻtqazish, issiqxonalar qurish, mol va parrandalar boqish holatining muntazam monitoringini olib borish huquqiga egadir.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 13-avgustdagi 652-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.08.2018-y., 09/18/652/1702-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirliklar va idoralarning faoliyatini muvofiqlashtirish, yer monitoringi maʼlumotlarini umumlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi (qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar boʻyicha) va Kadastr agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
(9-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 22-iyuldagi 439-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2024-y., 09/24/439/0543-son)
Oldingi tahrirga qarang.
10. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarda yer monitoringi Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda boshqa toifadagi yerlarda Kadastr agentligi tomonidan manfaatdor vazirliklar va idoralar ishtirokida ishlab chiqiladigan va tasdiqlanadigan yagona uslub boʻyicha olib boriladi, bu uslub yerlarning holatini, tezkor va muntazam kuzatish ishlarini amalga oshiruvchi, tadqiqotlar, tekshirishlar oʻtkazuvchi yoki xaritalovchi barcha korxonalar va tashkilotlar uchun majburiy hisoblanadi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 22-iyuldagi 439-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2024-y., 09/24/439/0543-son)
Oldingi tahrirga qarang.
11. Idoraviy mansubligidan va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, yerlarni mavzuli xaritalovchi va ularning holatini kuzatuvchi korxonalar, muassasalar va tashkilotlar yer resurslari va davlat kadastri boʻlimlariga ularning vakolatlari doirasida yerlarning miqdori va sifati boʻyicha holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yer monitoringi va davlat yer kadastri boʻyicha axborotlar (hisobotlar)ga kiritish uchun koʻrsatilgan ishlar boʻyicha materiallarning nusxalarini tekin beradilar.
Oʻz navbatida yer resurslari va davlat kadastri boʻlimlari ham yerlarni mavzuli xaritalovchi va ularning holatini kuzatuvchi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga ularning soʻroviga binoan zarur materiallarni tekin beradilar.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 19-oktabrdagi 483-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2004-y., 42-son, 446-modda)
12. Yer monitoringi yagona klassifikatorlar, kodlar, metrik birlik tizimi, maʼlumotlarning standart formatlari va meyoʼriy-texnik baza, koordinatlar va balandliklar davlat tizimiga asoslangan turli xil maʼlumotlarning bir-biriga mosligi prinsipiga rioya qilgan holda amalga oshiriladi.
13. Yer monitoringini oʻtkazishda zarur axborotlarni olish uchun quyidagilar qoʻllaniladi:
masofadan turib zondlash (aerokosmik suratga olish va kuzatishlar);
yerda suratga olish va kuzatish;
fond materiallari.
14. Muddatlari va davriyligiga koʻra yerlarning holatini uchta guruhda kuzatishlar amalga oshiriladi:
bazaviy (yer monitoringini yuritishning dastlabki bosqichida kuzatish obyektlarining haqiqiy holatini qayd etuvchi boshlangʻich) kuzatishlar;
davriy (yillik va tabiiy tusdagi davrlar boʻyicha) kuzatishlar;
tezkor (joriy oʻzgarishlarni qayd qiluvchi), bir yildan kam oraliq davrda muntazam yoki bir yoʻla bajariladigan kuzatishlar.
15. Ekin maydonlari, dalalar, uchastkalar, manzara-ekologiya komplekslari holatini bevosita kuzatishda olingan bazaviy (boshlangʻich) maʼlumotlar tumanlar, shaharlar, qoʻrgʻonlar, viloyatlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va umuman Oʻzbekiston Respublikasi boʻyicha, shuningdek alohida tabiiy komplekslar boʻyicha umumlashtiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
16. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida yerlarning bazaviy va davriy monitoringi — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari tomonidan yuritiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
17. Yerlarning tezkor (navbatchi) monitoringi tumanlar va shaharlardagi bazaviy va davriy monitoring maʼlumotlaridan foydalangan holda — tumanlar (Quvasoy shahar) qishloq xoʻjaligi boʻlimlari va Kadastr agentligi tumanlar (shaharlar) boʻlimlari tomonidan yuritiladi.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-yanvardagi 22-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.01.2022-y., 09/22/22/0024-son)
Oldingi tahrirga qarang.
18. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va viloyatlar qishloq xoʻjaligi boshqarmalari (qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar boʻyicha), Kadastr agentligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining hududiy organlari bilan birgalikda har yili 1-fevraldan kechiktirmay mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligiga, Kadastr agentligiga, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligiga mintaqadagi yerlarning holati toʻgʻrisida axborotlar (hisobotlar) taqdim etadilar, oʻta xavfli va yoʻl qoʻyilishi cheklangan jarayonlar aniqlanganda tezkor maʼlumotlar yuboradilar.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
19. Korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va jismoniy shaxslar yer monitoringi maʼlumotlaridan belgilangan tartibda haq toʻlagan holda foydalanadilar.
20. Yer monitoringini yuritish boʻyicha ishlar davlat budjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
Yer monitoringi boʻyicha davlatlararo va xalqaro dasturlarni mablagʻ bilan taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasining boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan tuzadigan bitimlari va shartnomalarida belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.