Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun tartibga solinadigan narxlarni (tariflarni) shakllantirish, deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 30-noyabrdagi PQ-4040-son qaroriga muvofiq, shuningdek, suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun tartibga solinadigan narxlarni (tariflarni) shakllantirish, deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash tartibini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun tartibga solinadigan narxlarni (tariflarni) shakllantirish, deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun tariflarni shakllantirish va belgilashda isteʼmolchilar uchun koʻrsatiladigan xizmatlar tannarxini toʻliq qoplash nazarda tutiladi, shuningdek, suv taʼminoti va kanalizatsiya tashkilotlarini rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish xarajatlari hisobga olinadi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi:
2019-yil 1-iyulgacha boʻlgan muddatda barcha guruhdagi isteʼmolchilarning sovuq va issiq suv priborlari bilan jihozlanishi hamda ushbu priborlarning tekshirilish holatini xatlovdan oʻtkazsin;
2019-yil 1-avgustgacha boʻlgan muddatda “Oʻzstandart” agentligi bilan birgalikda yakka tartibdagi va koʻp kvartirali uy-joy fondida sovuq hamda issiq suv priborlarining oʻrnatilishini moliyalashtirish manbalari va toʻliq yakunlashning aniq muddatlari nazarda tutilgan Sovuq va issiq suvni hisobga olish priborlarini oʻrnatish dasturini ishlab chiqsin hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2019-yil 1-iyulgacha boʻlgan muddatda aholining ichimlik suvni isteʼmol qilish normativlarini qayta koʻrib chiqsin hamda tasdiqlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri M.X. Saliyev va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining raisi N.Sh. Sharipov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 13-aprel,
309-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-apreldagi 309-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun tartibga solinadigan narxlarni (tariflarni) shakllantirish, deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom suv taʼminoti va kanalizatsiya tashkilotlari — Tabiiy monopoliyalar subyektlari davlat reyestriga kiritilgan tabiiy monopoliyalar subyektlari tomonidan koʻrsatiladigan suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun tartibga solinadigan narxlarni (tariflarni) (keyingi oʻrinlarda tariflar deb ataladi) shakllantirish, deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
suv taʼminoti va kanalizatsiya tashkiloti (keyingi oʻrinlarda tashkilot deb ataladi) — suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlarini koʻrsatish maqsadida tashkil etilgan tashkilot;
narxlarni tartibga solish organi — Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va uning topshirigʻiga asosan — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining moliya bosh boshqarmalari;
rentabellik — zarur foyda miqdorini (davr xarajatlari, moliyaviy faoliyat boʻyicha xarajatlar va sof foyda summasi) koʻrsatiladigan suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari hajmiga toʻgʻri keladigan ishlab chiqarish xarajatlari summasiga boʻlish orqali hisoblab chiqariladigan tashkilotlar faoliyati foydasining nisbiy koʻrsatkichi;
tartibga solish koeffitsiyenti (kamaytiruvchi yoki oshiruvchi) — narx (tarif) darajasini aniqlash uchun belgilanadigan nisbiy miqdor;
tarif smetasi — daromadlar va xarajatlar, ishlab chiqariladigan tovarlar hajmlari koʻrsatkichlari hamda xoʻjalik subyektining faoliyatini aks ettiruvchi va tartibga solish koeffitsiyentini belgilashda asos sifatida qabul qilinadigan boshqa iqtisodiy koʻrsatkichlar;
investitsiyalar va xizmatlar koʻrsatish rejasi — Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi (keyingi oʻrinlarda “Uyjoykommunxizmat” vazirligi deb ataladi) bilan kelishilgan shakl boʻyicha tashkilot tomonidan ishlab chiqiladigan va xizmatlar koʻrsatish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar, infratuzilmaga va faoliyatning boshqa turlariga kiritilgan hamda maqsadli koʻrsatkichlarga erishish uchun zarur boʻlgan investitsiyalar haqidagi maʼlumotlar, shuningdek, amal qilish davridagi operatsion xarajatlar smetasini oʻz ichiga olgan reja.
Investitsiyalar va xizmatlar koʻrsatish rejasi tegishli hokimliklar bilan kelishilgan holda uch yilga ishlab chiqiladi va suv taʼminoti hamda kanalizatsiya xizmatlari uchun tariflarni tasdiqlash boʻyicha buyurtmanomaning asosiy tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi;
daromadning talab qilinadigan darajasi — suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun tariflarni qoʻllash davridagi daromadlarning barcha operatsiya xarajatlari, suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish, kengaytirish xarajatlari, tashkilotning moliyaviy faoliyati boʻyicha xarajatlarni qoplash, shuningdek, sof foyda olish uchun zarur boʻlgan jamlangan summasi.
3. Suv taʼminoti va kanalizatsiya tashkilotlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, viloyatlar uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boshqarmalari va Toshkent shahar uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish bosh boshqarmasi (keyingi oʻrinlarda hududiy boʻlinmalar deb ataladi) bilan birgalikda suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari tariflarini qayta koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun narxlarni tartibga solish organlariga ushbu Nizom bilan belgilanadigan tartibda murojaat qiladi.
4. Suv taʼminoti va kanalizatsiya tashkilotlari suv taʼminoti hamda kanalizatsiya xizmatlarini koʻrsatishda ishlab chiqarish va realizatsiya qilish uchun tariflarni asoslashda qabul qilinadigan xarajatlarni aniqlashda Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-fevraldagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlari tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga amal qiladi.
5. Tashkilot deklaratsiya qilingan (tasdiqlangan, belgilangan) tariflarni mustaqil pasaytirish huquqiga ega, bunda:
monopol past narxlarni belgilash maqsadida tariflarni pasaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi;
tariflar barcha isteʼmolchilar uchun bir vaqtning oʻzida pasaytiriladi va keyinchalik narxlarni tartibga solish organiga bu haqda xabar beriladi.
6. Suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun tartibga solinadigan narxlarni (tariflarni) shakllantirish, deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash tartibi ushbu Nizomga 1-ilovaga* muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
2-bob. Suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun tariflarni shakllantirish
7. Suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun tariflar tashkilot tomonidan talab qilingan darajadagi daromadga erishish vazifasiga muvofiq shakllantiriladi.
8. Tariflar alohida yuridik shaxs hisoblangan yoki ajralib chiqqan tashkilot sifatida faoliyat koʻrsatadigan tashkilotlar uchun alohida belgilanadi.
9. Oʻrtacha tariflar tashkilotning ushbu Nizom 3-bobida koʻrsatilgan xarajatlar tarkibiy qismlarini oʻz ichiga oladigan daromadining talab qilinadigan darajasini suvni realizatsiya qilish boʻyicha kutiladigan hajmga boʻlish orqali hisob-kitob qilinadi.
10. Har bir turdagi isteʼmolchilardan pul mablagʻlari tushumining kutiladigan umumiy summasi tashkilotning ushbu Nizomga muvofiq belgilanadigan daromadining talab qilinadigan darajasiga erishish uchun yetarli boʻlish sharti bilan ularning har biriga turli tariflar belgilanishi mumkin.
11. Har bir turdagi isteʼmolchilar uchun tariflar tegishli turdagi isteʼmolchiga yetkazib berilgan kub metr suv miqdoriga mos ravishda hisob-kitob qilinadi. Shu tariqa, yetkazib berilgan dastlabki kub metr suv uchun toʻlov isteʼmol qilingan soʻnggi kub metr suvga toʻlangan toʻlov kabi hisoblanadi. Keyinchalik hisobga olish priborlari yordamida isteʼmol hajmlari toʻgʻrisida qoʻshimcha axborot toʻplanishiga qarab, tashkilotlar va “Uyjoykommunxizmat” vazirligi oʻsib boruvchi tarifikatsiyani ishlab chiqib, taklif etishi mumkin. Bunda past tariflar eng kam hajm doirasidagi isteʼmol, yuqori tariflar esa katta hajmdagi isteʼmol uchun belgilanadi.
3-bob. Suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun tariflarni hisob-kitob qilish
12. Suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun tariflar xarajatlarni, shu jumladan tashkilotlarning “Uyjoykommunxizmat” vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan investitsiyalar va xizmatlar koʻrsatish rejalariga muvofiq suv taʼminoti hamda kanalizatsiya tizimlarini kengaytirish va modernizatsiya qilish xarajatlarini toʻliq qoplash prinsiplariga asosan belgilanadi va ushbu rejalar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
rejalashtirish davrida xizmatlar koʻrsatish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar;
suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish yoki kengaytirish uchun investitsiyalarga boʻlgan ehtiyojlar, shuningdek, kelishilgan moliyalashtirish manbalari (oʻz mablagʻlari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, xalqaro moliya institutlari va (yoki) tijorat banklarining qarz mablagʻlari hisobidan);
oʻtgan yillardagi xarajatlar asosida hisoblangan yillik davriy xarajatlar smetasi;
daromadning yillik talab qilinadigan darajasini hisoblash;
suvni realizatsiya qilishdan kutiladigan hajmni hisoblash;
suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun oʻrtacha tarifni hisoblash;
turli isteʼmolchilar uchun suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari boʻyicha taklif etiladigan tariflar.
13. Investitsiyalar va xizmatlar koʻrsatish rejasining amal qilish davridagi oʻrtacha tariflar tashkilotning “xarajatlar plyus” uslubi boʻyicha aniqlanadigan daromadining talab qilinadigan darajasini suvni realizatsiya qilishdan kutiladigan yillik hajmga boʻlish orqali hisob-kitob qilinadi.
“Xarajatlar plyus” uslubining maqsadi — xizmat koʻrsatish uchun doimiy (yillik) xarajatlar, infratuzilmani kapital taʼmirlash va modernizatsiya qilish xarajatlari, yangi infratuzilma barpo etish yoki xizmatlarni kengaytirishga yirik miqdorda kapital sarflash qiymatini qoplash uchun uzoq muddatli istiqbolda yetarli darajadagi daromadni shakllantirishdan iborat.
14. Daromadning talab qilinadigan darajasining “xarajatlar plyus” uslubi boʻyicha hisob-kitobi quyidagilarni oʻz ichiga oladigan operatsion xarajatlar (investitsiyalar va xizmatlar koʻrsatishning tasdiqlangan rejasiga muvofiq) hisobga olingan holda amalga oshiriladi:
yillik barcha ishlab chiqarish xarajatlari (masalan, materiallar, ish haqi, elektr energiyasi, amortizatsiya ajratmalari);
davr xarajatlari (masalan, sotish xarajatlari, boshqaruv xarajatlari, boshqa operatsion xarajatlar va zararlar);
modernizatsiya va rekonstruksiya qilish uchun tashkilotning yillik daromadi hisobidan toʻlanadigan xarajatlar;
moliyaviy faoliyatni amalga oshirish xarajatlari (foizli xarajatlar);
tashkilotning foyda olishi.
Natijada hosil boʻlgan summa rejalashtirish davrida tashkilot kelishilgan qarzlar boʻyicha asosiy qarz summasini oʻzining pulli xarajatlarini inobatga olgan holda, investitsiyalar va xizmatlar koʻrsatish rejasi amal qiladigan muddatda qoplashi uchun yetarli boʻlishi zarur.
15. Tarif koʻrsatiladigan xizmatlarga toʻgʻri keladigan xarajatlar va sof foyda koʻrsatkichlari bazasida hisob-kitob qilinadi va quyidagilar:
normalanadigan xarajatlar boʻyicha — normativ-texnik hujjatlarni (retseptura, xomashyo va materiallar, issiqlik va elektr energiyasi, mehnat sarflash normalarini va boshqalar) hamda tegishli vakolatli organlar tomonidan tasdiqlangan standartlashtirish boʻyicha normativ hujjatlarni (DS, TS, TSH, TB va shu kabilarni) hisobga olgan holda;
normalanmaydigan xarajatlar boʻyicha — hisobot koʻrsatkichlarining tahlili asosida va narxlarning prognoz boʻyicha oʻzgarishini hisobga olgan holda shakllantiriladi.
Xomashyo, materiallar, yoqilgʻi, energiya va boshqa resurslarning texnik va texnologik normalari tegishli vakolatli organlar tomonidan ushbu resurslarning eng kam va eng koʻp sarflash diapazonlarida tasdiqlangan taqdirda, narxni (tarifni) hisob-kitob qilish maqsadida narxlarni tartibga soluvchi organ ularning oʻrtacha koʻrsatkichidan normalarning ushbu diapazoni doirasida foydalanadi.
16. Suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun xarajatlar alohida hisob-kitob qilinadi va bunda bilvosita moddiy xarajatlar, ishlab chiqarish xususiyatidagi qoʻshimcha xarajatlar, mehnat uchun bilvosita xarajatlar, davr xarajatlari va moliyaviy faoliyat xarajatlari ishlab chiqarish xodimlarining ish haqiga mutanosib ravishda ushbu turdagi xizmatlar boʻyicha taqsimlanadi.
17. Xarajatlar tariflar amal qilish davrining har bir yili uchun xarajatlarning inflyatsiya oqibatida kutiladigan oshishi hisobga olinmagan holda hisob-kitob qilinadi.
18. Suv taʼminoti xizmatlari uchun talab qilinadigan oʻrtacha tarif davrning dastlabki yilida quyidagi tarzda hisob-kitob qilinadi:
OʻT = (Dd1 + Dd2 + Dd3 + h.k.z.) / (Hs1 + Hs2 + Hs3 va h.k.z)
bunda:
OʻT — suv taʼminoti xizmatlari uchun talab etiladigan oʻrtacha tarif;
Dd — daromadning talab qilinadigan darajasi (yillar boʻyicha);
Hs — realizatsiya qilinadigan suv hajmi (yillar boʻyicha).
19. Kanalizatsiya xizmatlari uchun talab qilinadigan oʻrtacha tarif davrning dastlabki yilida quyidagi tarzda hisob-kitob qilinadi:
OʻT = (Dd1 + Dd2 + Dd3 + va h.k.z) / (Hs1 + Hs2 + Hs2 va h.k.z)
bunda:
OʻT — kanalizatsiya xizmatlari uchun talab qilinadigan oʻrtacha tarif;
Dd — daromadning talab qilinadigan daraja (yillar boʻyicha);
Hs — suv chiqarish hajmi (yillar boʻyicha).
20. Yillik operatsion xarajatlar avvalgi xarajatlar, shuningdek, bunday xarajatlarda taklif etiladigan va asoslangan oʻzgartirishlar asosida hisob-kitob qilinadi.
21. Rivojlantirish va modernizatsiya qilish uchun xarajatlar tashkilotning sof foydasi tarkibiga qoʻshimcha ravishda kiritiladi.
22. Moliyaviy faoliyat boʻyicha xarajatlar qisqa va uzoq muddatli moliyalashtirish uchun barcha yillik xarajatlarni (yaʼni, foiz koʻrinishidagi xarajatlar) oʻz ichiga oladi. Moliyaviy faoliyat xarajatlari kreditlar yoki obligatsiyalar boʻyicha asosiy qarzni qoplash xarajatlarini oʻz ichiga olmaydi. Moliyaviy faoliyat xarajatlari faqat uzoq muddatli tegishli qarzlar investitsiyalar va xizmatlar koʻrsatish rejasi doirasida tasdiqlangan holatda, daromadning talab qilinadigan darajasi hisob-kitobiga kiritilishi mumkin.
23. Agar oldingi hisobot davrida tashkilot texnologik jarayonlarni takomillashtirish va resurs tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hisobidan yoqilgʻi-energetika resurslarini tejashga erishsa, tariflarni navbatdagi qayta koʻrib chiqishda yoqilgʻi-energetika resurslari, xomashyo va materiallar uchun xarajatlar resurs tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish natijasida qoʻllaniladigan qayta koʻrib chiqilgan xarajatlar normalari hisobga olingan holda qabul qilinadi.
24. Resurs tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hisobidan tejab qolingan mablagʻlar sof foyda tarkibida hisobga olinadi va 50 foizi infratuzilmani rivojlantirish, modernizatsiya qilish, energiya va resurs tejaydigan texnologiyalar hamda uskunalarni joriy qilishga yoʻnaltiriladi. Qolgan 50 foizi esa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Issiqlik taʼminoti va suv taʼminoti korxonalari xodimlarining mehnatini moddiy ragʻbatlantirish mexanizmini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 19-iyundagi PQ-655-son qaroriga muvofiq tashkilot xodimlarini ragʻbatlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
25. Bunda investitsiyalar va xizmatlar koʻrsatish rejasiga asosan tashkilotni rivojlantirish va modernizatsiya qilishga yoʻnaltirilgan mablagʻlar, shuningdek, energetika resurslarini tejashdan olingan mablagʻlarni sof foyda tarkibida hisobga olish hisobidan tashkilotlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kommunal xizmat koʻrsatish sohasida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning yangi bosqichi toʻgʻrisida” 2001-yil 17-apreldagi PF-2832-son Farmoniga muvofiq belgilangan rentabellik cheklangan miqdorining 10 foizdan oshishi monopoliyaga qarshi qonunchilikni buzish hisoblanmaydi va oshgan summaga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar qoʻllanilmaydi.
(25-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
26. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 147-moddasida nazarda tutilgan xarajatlar suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun tasdiqlanadigan tariflarni shakllantirishdagi xarajatlarda hisobga olinmaydi. Bunda aholiga koʻrsatiladigan suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari “nol” stavka boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻiga tortiladi.
4-bob. Suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun tariflarni deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash
27. “Uyjoykommunxizmat” vazirligi suv taʼminoti va suv chiqarishni nazorat qiluvchi organ hisoblanadi va davlat boshqaruvining turli darajalarida siyosatni bir xillashtirish hamda sektor faoliyatini umumiy muvofiqlashtirish uchun masʼuldir.
28. Suv taʼminoti va kanalizatsiya tashkilotlari suv taʼminoti hamda kanalizatsiya xizmatlarini koʻrsatishdan tashqari investitsiyalar va xizmatlar koʻrsatish boʻyicha koʻp yillik rejalar tayyorlanishi uchun ham masʼuldir. Investitsiyalar va xizmatlar koʻrsatish rejalari mahalliy davlat hokimiyatining tegishli organlari bilan kelishilgan holda tayyorlanadi. Investitsiyalar va xizmatlar koʻrsatish rejalarida suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar belgilanadi, bunday maqsadlarga erishish uchun zarur boʻlgan kapital qoʻyilmalar va operatsion xarajatlar, shuningdek, barcha davriy xarajatlar aniqlanadi. Rejalar daromadning talab qilinadigan darajasi va oʻrtacha tariflarni hisob-kitob qilish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
29. Tashkilotlar investitsiyalar va xizmatlar koʻrsatish rejalarini hamda tariflarni tasdiqlash buyurtmanomalarini avvalgi investitsiyalar va xizmatlar koʻrsatish rejasini amalga oshirish natijalarini inobatga olgan holda, joriy rejani amalga oshirish davri tugaguniga qadar tayyorlaydi.
30. Tashkilotlar investitsiyalar va xizmatlar koʻrsatish rejalarini “Uyjoykommunxizmat” vazirligiga tegishli hujjatlarni tayyorlash maqsadida koʻrib chiqish uchun yuboradi.
31. Tashkilotlar tegishli hokimliklar bilan kelishgan holda, investitsiyalar va xizmatlar koʻrsatish rejalarini ishlab chiqish davomida tariflar boʻyicha takliflar yuzasidan isteʼmolchilar bilan maslahatlar oʻtkazadi.
32. Suv taʼminoti va kanalizatsiya tashkilotlari tariflarni deklaratsiya qilish (tasdiqlash) uchun hududiy boʻlinmalar bilan birgalikda narxlarni tartibga solish organlariga quyidagi hujjatlar ilova qilingan ariza bilan murojaat qiladi:
a) deklaratsiya qilinadigan (tasdiqlanadigan) tarifning ushbu Nizomga 2-ilovaga* muvofiq shakl boʻyicha hisob-kitobi;
b) moliyaviy hisobotlar nusxasi;
v) mehnat boʻyicha statistika hisobotining nusxasi;
g) daromadlar va xarajatlar toʻgʻrisida tashkilot boʻyicha xarajatlar va har bir xizmat boʻyicha alohida xarajatlar moddalari aks ettirilgan va quyidagilar ilova qilingan yigʻma maʼlumotlar:
ushbu Nizomga 3-ilovaga* muvofiq shakl boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri ishlab chiqarish moddiy xarajatlarining mazmuni (xomashyo va materiallar, yoqilgʻi, elektr energiyasidan foydalanish boʻyicha tasdiqlangan normalar koʻrsatilgan holda);
ushbu Nizomga 4* yoki 4a-ilovalarga* muvofiq shakl boʻyicha ishlab chiqarish xususiyatiga ega boʻlgan mehnatga haq toʻlash uchun toʻgʻridan-toʻgʻri xarajatlar va ijtimoiy sugʻurtalash uchun ishlab chiqarishga taalluqli ajratmalarning mazmuni (mehnat xarajatlarining tasdiqlangan normalari koʻrsatilgan holda);
ushbu Nizomga 5-ilovaga* muvofiq shakl boʻyicha asosiy mablagʻlar va nomoddiy aktivlar boʻyicha ammortizatsiya ajratmalari summasining hisob-kitobi (dastlabki va qoldiq qiymat, asosiy mablagʻlardan va nomoddiy aktivlardan foydalanish muddatlari, foydalanishga topshirish muddatlari koʻrsatilgan holda);
ushbu Nizomga 6-ilovaga* muvofiq shakl boʻyicha ishlab chiqarish maqsadlari uchun qoʻshimcha xarajatlar, materiallarga va mehnatga bilvosita xarajatlarning mazmuni;
kapital va joriy taʼmirlash xarajatlari, shuningdek, tashkilotni rivojlantirish va modernizatsiya qilish xarajatlarining mazmuni;
ushbu Nizomga 7-ilovaga* muvofiq shakl boʻyicha davr xarajatlari, moliyaviy faoliyat boʻyicha xarajatlar va sof foydaning mazmuni (shu jumladan, asosiy qarz va foizlarni qoplash yuzasidan tasdiqlangan jadvallar taqdim etilgan holda, jalb etilgan kreditlarga xizmat koʻrsatish uchun zarur mablagʻlar);
ushbu Nizomga 8-ilovaga* muvofiq shakl boʻyicha faoliyatning asosiy moliyaviy koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
d) ushbu Nizomga 9-ilovaga* muvofiq shakl boʻyicha natura shaklida ifodalangan koʻrsatiladigan xizmatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (ishlab chiqarish (yetkazib berish) hajmlari pasayganda pasayish sabablarining yozma asoslarini taqdim etish zarur);
e) rivojlanish davlat dasturlarini (mavjud boʻlsa) amalga oshirish uchun mablagʻlarga boʻlgan ehtiyoj hisob-kitoblari koʻrsatilgan holda ushbu dasturlarning asosiy koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi axborot;
j) oʻtgan hisobot davri uchun rivojlanish davlat dasturlarining amalga oshirilishi (yoki amalga oshirilayotgan) natijasida koʻrsatiladigan xizmatlarning material, energiya va mehnat talab qilish darajasini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi axborot;
Oldingi tahrirga qarang.
z) davlat dotatsiyalariga boʻlgan ehtiyoj yoki qonunchilikda (zarurat boʻlganda) nazarda tutilgan davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning boshqa chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi axborot.
(32-bandning “z” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Ushbu bandda nazarda tutilgan hujjatlar bilan birgalikda barcha hisob-kitob materiallarining elektron shakllari ham taqdim etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tariflarni deklaratsiya qilish (tasdiqlash) uchun boshqa vakolatli organlardagi zarur hujjatlar va axborotni axborot hamkorligi orqali, shu jumladan elektron koʻrinishda belgilangan tartibda mustaqil oladi, ushbu bandda nazarda tutilgan hujjatlar va axborot bundan mustasno.
33. “Uyjoykommunxizmat” vazirligi tariflar hisob-kitoblarni tahlil qilib, zarur tuzatishlarni tegishli tashkilotlar bilan muhokama qiladi va ularning yakunlari boʻyicha tariflarni kelishish uchun buyurtmanomalarni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga yuboradi.
34. “Uyjoykommunxizmat” vazirligi tashkilotning rejalashtirish va tariflarni shakllantirish boʻyicha kompleks jarayonini qoʻllab-quvvatlash va nazorat qilish uchun javob beradi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda, tariflarni tasdiqlash buyurtmanomalarini kelishish jarayonini muvofiqlashtiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tariflarni yakuniy kelishishni amalga oshiradi.
35. Tashkilotlar tegishli hokimliklar bilan kelishgan holda, tasdiqlangan tariflar isteʼmolchilarga yetkazilishini taʼminlaydi.
36. Tariflar deklaratsiyasida (tasdigʻida) narxlarni tartibga solish organi tomonidan ushbu Nizomga 10-ilovaga* muvofiq shakl boʻyicha koʻrsatilgan sana tashkilot xizmatlari uchun deklaratsiya qilingan (tasdiqlangan) yangi tarifni joriy etish sanasi hisoblanadi.
Bunda narxlarni tartibga solish organining tariflarni deklaratsiya qilish (tasdiqlash) toʻgʻrisidagi qarori tashkilotlar tomonidan ommaviy axborot vositalarida ular kuchga kirishidan 15 kun avval majburiy tartibda eʼlon qilinadi.
37. Tariflarni deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va deklaratsiya qilinadigan (tasdiqlanadigan) tarif hisob-kitobi (ushbu Nizomga 2-ilova*) yoki tarif smetasining (ushbu Nizomga 11-ilovaga* muvofiq) bitta asl nusxasi tariflar deklaratsiya qilingan (tasdiqlangan) sanadan boshlab uch kun muddatda tashkilotga, ikkinchi nusxasi Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi va uning hududiy organlariga yuboriladi, uchinchi nusxasi narxlarni tartibga solish organida qoladi.
1 — 11-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
Deklaratsiya qilingan (tasdiqlangan) narx darajasi saqlab qolingan taqdirda, deklaratsiya qilinayotgan (tasdiqlanayotgan) tarifni hisob-kitob qilish tarkibidagi sarflarning (xarajatlarning) bitta satri summasi sarflarning (xarajatlarning) boshqa turi satri summasi oʻzgarishi hisobiga oʻzgarganda, tashkilot tuzatish kiritilgan hisob-kitobni (ushbu Nizomga 2-ilova*) taqdim etgan holda, narxlarni tartibga solish organini ushbu oʻzgarish toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qilishi shart.
38. Tariflar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va “Uyjoykommunxizmat” vazirligi bilan kelishilgan holda, tariflarni tasdiqlash uchun yangi yoki qayta koʻrib chiqilgan buyurtmanomalarni yubormasdan inflyatsiya indeksi hisobga olinib, har yili avtomatik ravishda tuzatiladi.
39. Tashkilotlarning xarajatlari haddan ortiq oshib ketgan hollarda, tasdiqlangan tariflarni qayta koʻrib chiqish uchun oraliq buyurtmanomalarni yuborishi mumkin.
40. Tashkilotlar choraklik moliyaviy-operatsion hisobotlarni, shuningdek, tegishli yilda tashkilotning moliyaviy hamda operatsion koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi axborotni (investitsiyalar va xizmatlar koʻrsatish rejasida koʻrsatilgan maqsadli koʻrsatkichlar bilan taqqoslagan holda) oʻz ichiga olgan moliyaviy natijalar haqida yillik hisobotlar hamda investitsiyalar va xizmatlar koʻrsatish boʻyicha kelishilgan rejalar boʻyicha hisobotlarni tayyorlaydi va “Uyjoykommunxizmat” vazirligiga koʻrib chiqish uchun yuboradi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
41. Tashkilotlar “Uyjoykommunxizmat” vazirligi va mahalliy davlat hokimiyatining tegishli organlari (hokimliklar) bilan birgalikda qayta koʻrib chiqilgan tariflar joriy etilgandan soʻng hisobga olish priborlari bilan qamrab olinmagan isteʼmolchilarning toʻlovlarini hisoblash maqsadida suv isteʼmoli normalarini qayta koʻrib chiqadi.
42. Tashkilotlar “Uyjoykommunxizmat” vazirligi va tegishli hokimliklar bilan birgalikda ishlab chiqarish obyektlari va isteʼmolchilarni kelishilgan muddatlarda hisobga olish priborlari bilan 100 foiz qamrab olinishini taʼminlaydigan hisobga olish priborlarini joriy qilish dasturining ishlab chiqilishi va joriy etilishini taʼminlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
(43-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-apreldagi 259-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2020-y., 09/20/259/0507-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(44-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-apreldagi 259-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2020-y., 09/20/259/0507-son)
45. Davlat monopoliyaga qarish kurashish organlari tartibga solinadigan tariflar toʻgʻri shakllantirilishi va qoʻllanishi uchun davlat nazoratini amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat monopoliyaga qarshi kurashish organi ushbu Nizom talablariga qonunchilikda belgilangan tartibda rioya etilishini tekshiradi va oʻrganadi (tahlil qiladi).
(45-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
46. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(46-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.04.2019-y., 09/19/309/2947-son; 27.04.2020-y., 09/20/259/0507-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)