Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Islom taraqqiyot banki guruhi va Arab muvofiqlashtirish guruhi jamgʻarmalari bilan sheriklikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Islom taraqqiyot banki guruhi (keyingi oʻrinlarda — ITB) va Arab muvofiqlashtirish guruhi jamgʻarmalari (keyingi oʻrinlarda — AMG) bilan uzoq muddatli sheriklikni yanada kengaytirish, shuningdek, ustuvor loyihalarni va ular bilan hamkorlik dasturlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida:
1. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
2004-yildan buyon ITB guruhi Oʻzbekiston Respublikasiga yoʻl-transport, energetika va kommunal infratuzilma, qishloq joylarda uy-joy qurilishini modernizatsiya qilish, ichimlik suvi taʼminoti, sogʻliqni saqlash va taʼlim tizimlarini rivojlantirish, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha loyihalarni moliyalashtirish uchun umumiy miqdori 1,9 mlrd. dollar boʻlgan uzoq muddatli kreditlar berildi;
AMG jamgʻarmalari 1998 — 2018-yillar mobaynida sogʻliqni saqlash, taʼlim, ichimlik suvi taʼminoti, irrigatsiya va melioratsiya, avtomobil va temir yoʻllar qurilishi, qishloqlarda uy-joy qurilishi sohalaridagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun umumiy miqdori 529,5 mln. dollar mablagʻ ajratdi;
2018-yil 18-19-sentabr kunlari Toshkentda ITB guruhi kuni va AMG “davra suhbati” oʻtkazilib, ularning yakunlari boʻyicha Oʻzbekistonda istiqbolli dasturlar va loyihalarni amalga oshirish toʻgʻrisida kelishib olindi va ITB guruhi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida 1,3 mlrd. dollar miqdoridagi investitsiya loyihalarini moliyalashtirishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi bilan ITB guruhi oʻrtasida 2018 — 2021-yillarga moʻljallangan Sheriklik strategiyasi imzolandi.
2. Oʻzbekiston Respublikasining ITB guruhi va AMG bilan uzoq muddatli sherikligining asosiy yoʻnalishlari hamda vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
energetika, yoʻl-transport, kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, uy-joy qurilishi, bank-moliya tizimini hamda kichik va xususiy tadbirkorlik sektorini rivojlantirish, sogʻliqni saqlash va taʼlim tizimlarini takomillashtirish hamda respublika tarmoqlari va hududlarini kompleks rivojlantirishning boshqa yoʻnalishlari boʻyicha loyihalarni amalga oshirishga ITB guruhining, shu jumladan Xususiy sektorni rivojlantirish boʻyicha islom korporatsiyasi (keyingi oʻrinlarda — XSRBIK), Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi (keyingi oʻrinlarda — XISMK), Investitsiyalar va eksport kreditlarini sugʻurtalash islom korporatsiyasi (keyingi oʻrinlarda — IEKSIK), Islom tadqiqot va taʼlim instituti, shuningdek, AMG jamgʻarmalarining moliyaviy mablagʻlarini jalb etish;
bank sektorida islomiy moliyalashtirish asoslarini joriy etish, davlat-xususiy sherikligi mexanizmlarini, jumladan vaqf-jamgʻarmalarni tashkil etish yoʻli bilan qoʻllab-quvvatlash dasturlarini birgalikda ishlab chiqish va Oʻzbekistonda tatbiq qilish;
respublika tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining investitsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, ularning eksport imkoniyatlarini mustahkamlash uchun XSRBIK, XISMK va IEKSIK moliyaviy resurslari va mahsulotlarini faol jalb etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi salohiyatini oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash.
3. 2019-yilda Islom taraqqiyot banki (ITB) guruhi va Arab muvofiqlashtirish guruhi (AMG) jamgʻarmalari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha harakatlar rejasi (keyingi oʻrinlarda — “Yoʻl xaritasi”) 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari va Bosh vazir maslahatchilari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rahbarlari zimmasiga “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning soʻzsiz va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
1 — 3-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari va Bosh vazir maslahatchilari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rahbarlari — masʼul ijrochilar “Yoʻl xaritasi”ning tadbirlari soʻzsiz va sifatli bajarilishini, shuningdek, ITB va AMG jamgʻarmalari bilan investitsiya loyihalari ishlab chiqilishini taʼminlasin hamda ularning amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi hisobot oyidan keyingi kalendar oyining 5 sanasiga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga axborot taqdim etib borsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Hisob palatasi bilan birgalikda:
“Yoʻl xaritasi”dagi tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirish hamda 2- va 3-ilovalarda koʻrsatilgan loyihalarni ishlab chiqish boʻyicha vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va xoʻjalik birlashmalarining ishlari samarali muvofiqlashtirilishini taʼminlasin, shuningdek, yuzaga keladigan masalalarni tezkorlik bilan hal etishda ularga koʻmaklashsin;
“Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning amalga oshirilishini tizimli asosda monitoring qilsin hamda vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlari — masʼul ijrochilar tomonidan “Yoʻl xaritasi”ning biriktirilgan bandlarini soʻzsiz amalga oshirish yuzasidan koʻrilayotgan amaliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida ularning hisobotlarini muntazam eshitib borsin;
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari G.K. Saidova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 5-mart,
PQ-4224-son