Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 8-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1390-3]
Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat reyestridan chiqarish boʻyicha 2019-yil 5-apreldagi xulosaga muvofiq hamda Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-oktabrdagi PF-5564-son “Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 9-oktabrdagi 469-son “Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar meʼyoriy hujjatlarining qonuniyligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, buyuraman:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-oktabrdagi PF-5564-son “Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq 2019-yil 1-yanvardan aksiz soligʻi solinadigan tovarlarning ayrim turlarini (avtomobil, oʻsimlik yogʻi va boshqalar) sotishdan tushadigan tushumlar hisobini yuritish va undan foydalanishning maxsus tartibi bekor qilinganligi;
“Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 36-moddasiga asosan yangi normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganligi munosabati bilan ilgari qabul qilingan barcha hujjatlar yoki ularning qismlari, agar ular yangi huquqiy normalarga zid boʻlsa yoki amalda oʻz ahamiyatini yoʻqotgan, lekin rasman oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilmagan boʻlsa, oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilishi kerakligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Iqtisodiyot vazirligiga 2018-yil 20-noyabrda kiritilgan Ayrim turdagi aksizli tovarlarni ishlab chiqish va sotishning hisobi tizimi toʻgʻrisida vaqtinchalik nizomni (roʻyxat raqami 1390, 2004-yil 26-iyul) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-oktabrdagi PF-5564-son “Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va rakobatni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiqlashtirish haqidagi 6-01/42-6070/1-son taqdimnoma talablari bajarilmaganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligining “Ayrim turdagi aksizli tovarlarni ishlab chiqarish va sotishning hisobi tizimi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorni (roʻyxat raqami 1390, 2004-yil 26-iyul), shuningdek unga oʻzgartirishlarni Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestridan chiqarish haqida 2019-yil 15-martdagi US-4-5/6-19-son xati;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 9-oktabrdagi 469-son qarori bilan tasdiqlangan Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni huquqiy ekspertizadan va davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomning 18-bandiga asosan vazirlik va idoralar tomonidan Adliya vazirligining davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan normativ hujjatlarni qonunchilikka muvofiq holga keltirish haqidagi taqdimnomasi bajarilmagan taqdirda Adliya vazirligi meʼyoriy hujjatni davlat reyestridan chiqarishga haqli ekanligi va bu meʼyoriy hujjatni yuridik kuchga ega emas deb hisoblash uchun asos boʻlishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestridan chiqarilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va Markaziy bank Boshqaruvining 2004-yil 12-iyuldagi RA-01-8-31, 95, 2004-49, 256-V-son “Ayrim turdagi aksizli tovarlarni ishlab chiqarish va sotishning hisobi tizimi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 1390,2004-yil 26-iyul);
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va Markaziy bank Boshqaruvining 2012-yil 20-fevraldagi 17, 20, 2012-9, 4/1-son “Ayrim turdagi aksizli tovarlarni ishlab chiqarish va sotishning hisobi tizimi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 1390-1,2012-yil 20-mart);
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va Markaziy bank Boshqaruvining 2014-yil 17-fevraldagi 56, 8, 2014-3, 256-V-2-son “Ayrim turdagi aksizli tovarlarni ishlab chiqarish va sotishning hisobi tizimi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qarori (roʻyxat raqami 1390-2,2014-yil 6-mart).
3. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va bu haqda Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritilsin.
4. Qonun hujjatlarini tahlil qilish va turkumlash boshqarmasi ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjatni “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilinishini taʼminlasin.
5. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
6. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish vazirning birinchi oʻrinbosari M. Istamov zimmasiga yuklansin.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2019-yil 8-aprel,
170-mh-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.04.2019-y., 10/19/1390-3/2899-son)