Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
qarori
Mikrokredit tashkilotlarida buxgalteriya hisobini yuritish toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 8-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1728-3]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 27-iyundagi 15/9-sonli “Nobank kredit tashkilotlarida buxgalteriya hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3263, 27.06.2020-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuniga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-fevraldagi PQ-4160-son “Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2007-yil 8-sentabrdagi 23/1-son qarori (roʻyxat raqami 1728, 2007-yil 12-oktabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 41-42-son, 426-modda) bilan tasdiqlangan Mikrokredit tashkilotlarida buxgalteriya hisobini yuritish toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2019-yil 16-mart,
5/9-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 16-martdagi 5/9-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Mikrokredit tashkilotlarida buxgalteriya hisobini yuritish toʻgʻrisida yoʻriqnomaga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 16-bandning ikkinchi xatboshisi va 88-banddagi “muhri” degan soʻz “shtampi” degan soʻz bilan almashtirilsin.
2. 170-banddagi “memorial hujjatlar bilan birga kassa hisobvaragʻi bilan oʻtkazilgan korrespondensiyalashgan va orderlarni” degan soʻzlar “kassa hisobvaragʻi bilan korrespondensiyalashgan va kassa orderlarini” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
3. 173-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“173. Quyidagi hujjatlar kassada, omborda yoki yonmaydigan shkaflarda saqlanishi shart:
yillik hisobotning tegishli imzolar bilan rasmiylashtirilgan nusxasi hamda oylik (chorak) balans uning barcha ilovalari bilan;
oxirgi oʻn ikki oy uchun kassa hujjatlari;
yordamchi kitoblar.”.
4. 174-banddan “oʻtgan oylar uchun memorial hujjatlar va” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
5. 2-ilovaning 3-bandidagi “(muhr mavjud boʻlgan taqdirda)” degan soʻzlar “(muhr iziga boʻlgan talab tadbirkorlik subyektlariga nisbatan tatbiq etilmaydi)” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
6. 4 — 12 va 19-ilovalardan “M.Oʻ.” degan qisqartma chiqarib tashlansin.
7. 15-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
8. 16-ilovadan “Muhr oʻrni (muhr mavjud boʻlgan taqdirda)” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.04.2019-y., 10/19/1728-3/2896-son)