Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
Qoʻshma qarori
Toshkent shahri boʻyicha ichki ishlar boʻlimi boshligʻi lavozimiga nomzodlarni Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashida tasdiqlash amaliyotini eksperiment tariqasida joriy etish toʻgʻrisida
Oʻtgan davr mobaynida mamlakatda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining yaqin hamkorligi asosida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashning sifat jihatdan yangi tizimi joriy etilib, huquq-tartibotni va fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlash boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Ayniqsa, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurash boʻyicha olib borilayotgan faoliyat ustidan deputatlik va parlament nazoratining kuchaytirilganligi kutilgan ijobiy natijalarni berdi.
Xususan, oʻtgan yilda Ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurash holati toʻgʻrisidagi axboroti Oliy Majlis Senatining yalpi majlislarida ikki marotaba, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari va tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmalari (boʻlimlari) boshliqlari hamda ularning yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosarlarining hisobotlari, mos ravishda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari Toshkent shahar, viloyatlar va tuman (shahar) Kengashlarida 3224 marotaba eshitilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Bundan tashqari, joylardagi huquqbuzarlik va jinoyatchilik holati Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish Respublika Komissiyasi hamda mahalliy kengashlarning qoʻshma majlislarida deputatlar, senatorlar, davlat va jamoat organlari rahbarlari va keng jamoatchilik ishtirokida keskin muhokama qilinib, xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagan mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar koʻrildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida oʻtgan yilda jinoyatchilikning 33 foizga kamayishiga erishildi.
Biroq, ayrim hududlarda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurash ishlari yetarli samara bermadi.
Oqibatda, oʻtgan yilda respublika hududida 49.011 ta jinoyat sodir etilib, har 100 ming kishiga 150 tadan toʻgʻri keldi.
Bu koʻrsatkich, ayniqsa, Navoiy (215 ta), Toshkent (218) va Buxoro (159) viloyatlarida yuqori boʻldi.
Birgina sodir etilgan 432 ta qotillikning aksariyati Toshkent viloyati (66), Toshkent shahri (61), Fargʻona (52), Samarqand (48) va Qashqadaryo (40) viloyatlari hisobiga toʻgʻri keldi.
Bunga huquqni muhofaza qiluvchi organlarning davlat va jamoat tashkilotlari, shuningdek, keng jamoatchilik bilan oʻzaro hamkorligining toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmaganligi, ichki ishlar organlari hududiy boʻlinmalari rahbarlarining hisobotlarini mahalliy Kengashlarda eshitishda hali-hamon rasmiyatchilik va yuzakilikka yoʻl qoʻyilayotganligi, deputat va senatorlarda tashabbuskorlik yetishmayotganligi bois mahalliy Kengashlar nazorati talab darajasida tashkil etilmaganligi kabi bir qator omillar sabab boʻlgan.
Ayniqsa, soʻnggi paytlarda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashga bevosita masʼul boʻlgan ichki ishlar tuzilmalariga boshchilik qilayotgan kadrlarda bilim koʻnikmalari, malaka va tajribaning yetishmayotganligi ham mazkur faoliyatda yetarlicha muammolarning yuzaga kelishiga sabab boʻlmoqda.
Shu bois koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklarning bartaraf qilinishiga erishish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurash faoliyatida ichki ishlar organlari va xalq vakillarining uygʻunligini taʼminlash maqsadida Toshkent shahri boʻyicha ichki ishlar boʻlimi boshligʻi lavozimiga nomzodlarni xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashida tasdiqlash amaliyotini eksperiment tariqasida joriy etish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Qayd qilinganlardan kelib chiqib, ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurash borasidagi faoliyati ustidan deputatlik va parlament nazoratining taʼsirchan mexanizmlarini yanada kuchaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. 2019-yil 1-martdan Toshkent shahri boʻyicha ichki ishlar boʻlimi boshligʻi lavozimiga nomzodlarni xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashida tasdiqlash amaliyoti eksperiment tariqasida joriy etilsin.
2. Ichki ishlar boʻlimlari boshliqlarini xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashida tasdiqlash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
tegishli hududdagi ichki ishlar boʻlimi boshligʻi lavozimiga nomzod Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining oʻrinbosari — Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻi tomonidan tavsiya etiladi;
ichki ishlar boʻlimi boshligʻi lavozimiga nomzod hududda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurash boʻyicha oʻz dasturini taqdim etadi;
ichki ishlar boʻlimi boshligʻi lavozimiga nomzod xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatlari umumiy sonining yarmidan koʻpi tomonidan ovoz berilgan taqdirda tasdiqlangan hisoblanadi;
ichki ishlar boʻlimi boshligʻi lavozimiga nomzod xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatlarining belgilangan ovozini ololmasa, Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining oʻrinbosari — Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻi yangi nomzodni taqdim etadi;
xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatlari umumiy sonining yarmidan koʻpining ovozini olgan ichki ishlar boʻlimi boshligʻi lavozimiga nomzod Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining oʻrinbosari — Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻining buyrugʻi bilan lavozimga tayinlanadi.
3. Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi (J. Artikxodjayev) va Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi (R. Djurayev) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-fevraldagi “Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi PQ-3528-sonli qarori asosida tashkil etilgan 73 ta ichki ishlar boʻlimi boshliqlarini joriy yilning 1-choragi yakunlari boʻyicha hisobot natijalaridan kelib chiqib, lavozimiga qayta tasdiqlash masalasini koʻrib chiqsin.
4. Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi (J.Artikxodjayev) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida har chorakdan keyingi oyning 10-sanasiga qadar axborot kiritib borsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi ikki hafta muddatda xalq deputatlari mahalliy Kengashining namunaviy reglamentiga mazkur Qoʻshma qarordan kelib chiqqan holda tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritsin.
6. Ushbu Qoʻshma qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi F. Dadaxodjayev zimmasiga yuklansin.
7. Ushbu Qoʻshma qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2019-yil 23-yanvar,
2301-III-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi N. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
2019-yil 23-yanvar,
KQ-497-III-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2019-y., 04/19/2301-III/KQ-497-III/2826-son)