O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oldingi tahrirga qarang.
Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy tavalludining 210 yilligini nishonlash hamda Xiva shahrida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi ijod maktabini tashkil etish to‘g‘risida
(qaror nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 797-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 09/25/797/1181-son)
O‘zbek mumtoz adabiyoti, milliy madaniyati, ma’naviyati va ma’rifati taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ shoir, tarixnavis, tarjimon, davlat arbobi Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiyning 210 yilligini keng nishonlash hamda ijodini targ‘ib qilish, izdoshlarini kashf etish va ular o‘z iste’dodlarini namoyon qilishlariga shart-sharoit yaratib berish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xorazm viloyati hokimligi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va keng jamoatchilikning 2019-yil dekabr oyida Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy (keyingi o‘rinlarda Ogahiy deb ataladi) tavalludining 210 yilligini mamlakat miqyosida keng nishonlash to‘g‘risidagi taklifi qo‘llab-quvvatlansin.
2. Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy tavalludining 210 yilligini nishonlash bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Tashkiliy qo‘mitaga Ogahiy tavalludining 210 yilligini nishonlash doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarni yuksak saviyada tashkil etish, belgilangan chora-tadbirlar sifatli amalga oshirilishini muvofiqlashtirib borish, yuzaga keladigan masalalarni o‘z vaqtida hal etish vazifalari yuklatilsin.
3. Xorazm viloyati hokimligi Ogahiy tavalludining 210 yilligini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlar doirasida:
a) O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan birgalikda 2019-yil 1-avgustga qadar Xiva shahridagi Ogahiy nomidagi majmua tarkibiga kirgan inshootlarni, jumladan, shoir maqbarasini ta’mirlash hamda unga tutash hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish;
b) O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda 2019 — 2021-yillarda Ogahiyning asarlar to‘plamini nashr etish;
v) 2019-yil dekabr oyida:
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda “Ogahiy — shoir, tarixnavis, tarjimon va davlat arbobi” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etish;
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan birgalikda Ogahiy ijodiga bag‘ishlangan “Nazm va navo” kechasini o‘tkazish choralarini ko‘rsin.
Belgilansinki, Ogahiy tavalludining 210 yilligini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlar Xorazm viloyati mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda 2019-yil dekabr oyida respublikaning barcha ta’lim muassasalarida Ogahiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy tadbirlar, davra suhbatlari, ijodiy uchrashuvlarning yuqori saviyada o‘tkazilishini ta’minlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Xiva shahrida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi ijod maktabi (keyingi o‘rinlarda — ijod maktabi) tashkil etilsin.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 797-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 09/25/797/1181-son)
Oldingi tahrirga qarang.
6. Belgilab qo‘yilsinki:
ijod maktabi O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi davlat umumta’lim muassasasi hisoblanadi, shaxsiy g‘azna hisobraqamiga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga, shtampga, blankalarga ega bo‘ladi;
ijod maktabida har bir sinfdagi o‘quvchilar soni 20 nafarni tashkil qiladi, 7-sinflarga esa ijodiy tanlovlar, test va boshqa sinovlar asosida qabul qilinadi;
ijod maktabida o‘qituvchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari mehnatiga umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘qituvchilari mehnatiga soatbay haq to‘lashga muvofiq haq to‘lanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligiga ijod maktabining moddiy-texnik bazasi, imkoniyatlari, pedagog kadrlar salohiyatidan hamda mavjud talab va ehtiyojdan kelib chiqqan holda, keyingi yillarda o‘quvchilarni qabul qilish kvotalariga o‘zgartirishlar kiritish huquqi beriladi.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 797-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 09/25/797/1181-son)
7. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi:
a) bir oy muddatda:
Ijod maktabining ustavi tasdiqlanishini va belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin;
b) 2019-yil 1-avgustga qadar:
Ijod maktabiga oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan iqtidorli pedagog kadrlar jalb etilishini ta’minlasin;
Ijod maktabini jihozlash uchun mebel, kompyuter texnikasi, o‘quv-laboratoriya asbob-uskunalari va sport anjomlarining texnik parametrlarini ishlab chiqsin va buyurtmachiga taqdim etsin;
v) 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab:
Ijod maktabini darsliklar, o‘quv-metodik qo‘llanmalar va badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda Ijod maktabiga iqtidorli o‘quvchilarni saralab olish maqsadida ona tili va adabiyot, xorijiy tillar bo‘yicha test hamda ijodiy tanlov o‘tkazsin.
8. Xorazm viloyati hokimligi:
Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Qurilish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Ijod maktabi uchun Xiva shahrida 220 o‘ringa mo‘ljallangan o‘quv binosi, 100 o‘ringa mo‘ljallangan yotoqxona, 100 o‘ringa mo‘ljallangan oshxona qurilishi uchun yer maydonini ajratish choralarini ko‘rsin;
Ijod maktabining qurilish ishlari bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini jihozlarning texnik parametrlarini qo‘llagan holda ishlab chiqilishini va vakolatli ekspertiza organlari tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishini ta’minlasin;
2019-yil 1-sentabrga qadar Ijod maktabi binolarini foydalanishga topshirish choralarini ko‘rsin.
9. Ijod maktabida amalga oshiriladigan qurilish-montaj va jihozlash ishlari bo‘yicha:
Xorazm viloyati hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi — buyurtmachi etib;
Xorazm viloyati mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar — moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan belgilangan tartibda davlat arxitektura-qurilish nazoratini o‘rnatsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ta’lim sohasiga ajratilgan mablag‘lar doirasida 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab Ijod maktabini joriy saqlash uchun zarur mablag‘larni ajratsin.
12. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga ushbu qaror ijrosi bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.A. Abduhakimov, O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri Sh.X. Shermatov va Xorazm viloyati hokimi F.U. Ermanov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 20-mart,
238-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 20-martdagi 238-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy tavalludining 210 yilligini nishonlash bo‘yicha tashkiliy qo‘mita
TARKIBI
|
1. |
A.A. Abduhakimov |
― |
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlanish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Tashkiliy qo‘mita raisi |
|
2. |
F.O‘. Ermanov |
― |
Xorazm viloyati hokimi, Tashkiliy qo‘mita raisi o‘rinbosari |
|
3. |
B.S. Sayfullayev |
― |
madaniyat vaziri |
|
4. |
Sh.X. Shermatov |
― |
xalq ta’limi vaziri |
|
5. |
I.U. Madjidov |
― |
oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri |
|
6. |
A.Ya. Haydarov |
― |
moliya vazirining birinchi o‘rinbosari |
|
7. |
A.X. To‘xtayev |
― |
qurilish vaziri |
|
8. |
B.S. Yuldashev |
― |
Fanlar akademiyasi prezidenti |
|
9. |
S.S. Saidov |
― |
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi |
|
10. |
A.D. Xadjayev |
― |
O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi raisi vazifasini bajaruvchi |
|
11. |
A. Ko‘chimov |
― |
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori |
Izoh. Tashkiliy qo‘mita a’zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoxud zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yukla ngan shaxslar kiritiladi.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.03.2019-y., 09/19/238/2804-son; 19.12.2025-y., 09/25/797/1181-son)