Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining
Qarori
Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumni hisoblash va soliqlar toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 19-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3143]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining 2022-yil 3-fevraldagi 2022-04-sonli ““Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumni hisoblash va soliqlar toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3143-1, 15.02.2022-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-dekabrdagi PQ-4086-son “Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari hamda 2020-2021-yillarga budjet moʻljallari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumni hisoblash va soliqlar toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi hamda Davlat soliq qoʻmitasining 2017-yil 27-noyabrdagi 165, 151, 2017-68-son “Savdo faoliyatini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarning daromadlarini va tovar operatsiyalarini hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 2958, 2017-yil 29-dekabr) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2017-y., 10/17/2958/0477-son) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais B. MUSAYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 31-yanvar,
2019-07-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining 2019-yil 31-yanvardagi 2019-07-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumni hisoblash va soliqlar toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-dekabrdagi PQ-4086-son “Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari hamda 2020-2021-yillarga budjet moʻljallari toʻgʻrisida”gi qarori 8-bandiga muvofiq yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumni hisoblash va soliqlarni toʻlash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom:
kalendar yilida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi 100 million soʻmdan oshmagan qatʼiy belgilangan soliq toʻlovchilarga;
kalendar yilida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi 100 million soʻmdan oshgan, biroq bir milliard soʻmgacha boʻlgan yagona soliq toʻlovini toʻlovchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan tatbiq etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi kalendar yil davomida bir milliard soʻmdan oshgan yakka tartibdagi tadbirkorlar soliqlar va majburiy toʻlovlarni yuridik shaxslar uchun nazarda tutilgan tartibda toʻlaydi hamda buxgalteriya hisobini qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda yuritadi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
2-bob. Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari
3. Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi bir milliard soʻmdan oshmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari hamda tovar cheklari kitobchasi yuritiladi.
4. Daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari va tovar cheklari kitobchasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2019-yil 7-yanvardagi 2, 2019-05-son “Soliq hisobotining shakllarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorining (roʻyxat raqami 3126, 2019-yil 21-yanvar) 11-ilovasiga muvofiq shaklda yuritiladi.
Bunda daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari kitob shaklida (bundan buyon matnda Hisobga olish kitobi deb yuritiladi) tikiladi, uning birinchi varagʻida yakka tartibdagi tadbirkor toʻgʻrisidagi maʼlumotlar toʻldiriladi.
Hisobga olish kitobining keyingi varaqlarida faoliyat turidan kelib chiqib:
chakana savdo faoliyati bilan shugʻullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarning tovarlar harakati toʻgʻrisidagi registri;
tijorat faoliyati uchun chetdan tovarlar olib keluvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarning tovarlar harakati toʻgʻrisidagi registri;
xizmat koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarning koʻrsatilgan xizmatlar harakati toʻgʻrisidagi registrlari oʻz faoliyati uchun lozim boʻladigan miqdorda (varaqda) tikiladi.
5. Aholi bilan pulli hisob-kitoblarni nazorat-kassa mashinalarini qoʻllamasdan amalga oshirishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari bilan shugʻullanadigan yakka tartibdagi tadbirkor tovar cheklari kitobchasini soliq organlariga roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etishi lozim.
Tovar cheklari kitobchasi yakka tartibdagi tadbirkorning arizasiga asosan u roʻyxatdan oʻtkazilgan joydagi davlat soliq xizmati organlarida roʻyxatdan oʻtkaziladi.
3-bob. Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan daromadlarni va tovar operatsiyalarining hisobini yuritish
6. Oʻz faoliyatining xususiyatiga koʻra aholi bilan pulli hisob-kitoblarni nazorat-kassa mashinalarini qoʻllamasdan amalga oshirishi mumkin boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar tovar cheklari kitobchasini yuritishlari shart.
7. Hisobga olish kitobidagi yozuvlar ularning toʻgʻriligini tasdiqlash uchun u bilan birga saqlanadigan hujjatlar asosida yuritiladi.
8. Quyidagilar yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan xarid qilingan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) manbaini tasdiqlaydigan hujjatlar boʻlib hisoblanadi:
shartnoma;
tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) olinganligini tasdiqlovchi hujjat.
9. Quyidagilar tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) realizatsiya qilinganligini tasdiqlaydigan hujjat boʻlib hisoblanadi:
nazorat-kassa mashinasi umumiy koʻrsatkichi — nazorat-kassa mashinasi qoʻllanilishi orqali tovarlar sotilganda;
bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda toʻlovlar qabul qilish boʻyicha hisob-kitob terminallari cheklari nusxalari — hisob-kitob terminali qoʻllanilganda;
tovar cheklari kitobchasi — tovar cheki berilganda.
10. Sotilgan tovarlar va koʻrsatilgan xizmatlar rekvizitlari toʻgʻrisidagi (tovarlarni sotish, koʻrsatilgan xizmatlar, buyurtmalar manbaini tasdiqlaydigan hujjat, kirim hujjati, toʻlov hujjati, tovar kodi, oʻlchov birligi, xarid va xizmat narxi) maʼlumotlar Hisobga olish kitobiga shu kunning oʻzida tegishli yozuvlar bilan qayd etiladi.
Kunlik sotilgan tovarlar va koʻrsatilgan xizmatlar summasi nazorat-kassa mashinasi koʻrsatkichi bilan va/yoki bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda toʻlovlar qabul qilish boʻyicha hisob-kitob terminallari cheklari yoki yozilgan tovar cheklari summasi bilan mos tushishi kerak.
11. Har bir mijozga tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) realizatsiya qilinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tovar cheklari kitobchasining alohida varagʻida aks ettiriladi. Tovar cheklari kitobchasidagi varaqa ikki nusxada toʻldiriladi, bir nusxasi qirqib olinadi va xaridorga beriladi, ikkinchi nusxasi tovar cheklari kitobchasida tikilgan holda qoladi.
Bunda xaridorga beriladigan va oʻzida qoladigan tovar cheklari kitobchasining varaqasida barcha yozuvlar aynan bir xil boʻlishi kerak.
12. Tovar cheklari kitobchasidagi varaqalarda quyidagi yozuvlar:
yakka tartibdagi tadbirkorning STIR, F.I.O. va imzosi — tovar cheklari kitobchasini soliq organida roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etilgunga qadar barcha varaqlarda yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan mustaqil ravishda kiritiladi;
qolgan yozuvlar — tovar cheki xaridorga berilgunga qadar sotish, xizmat koʻrsatish va buyurtmalarni bajarish paytida kiritiladi.
13. Tovar cheklari kitobining varaqlari toʻldirilganda:
“Tovar, xizmat va buyurtma nomi” ustunida tovarning (ishlarning, xizmatlarning) qisqa nomi aks ettiriladi;
xaridorga sotiladigan har bir tovar, koʻrsatiladigan xizmatlar va buyurtmalar alohida satrda aks ettiriladi. Agar bitta xaridorga sotiladigan tovarlar, koʻrsatiladigan xizmatlar va buyurtmalarning barcha nomini tovar cheklari kitobchasining bir varagʻida aks ettirish imkoni boʻlmasa, bitta xaridorga sotish bir necha varaqlarda rasmiylashtiriladi va unga bittadan ortiq tovar cheki beriladi;
tovar cheklari kitobchasi varagʻining toʻldirilmagan satrlari chizib qoʻyiladi;
narx, miqdor, son va summa toʻgʻrisidagi maʼlumotlar raqamlar bilan kiritiladi;
narx va summa toʻgʻrisidagi maʼlumotlar soʻmda koʻrsatiladi.
14. Tovar cheklari kitobchasi tugashiga qadar, yakka tartibdagi tadbirkor davlat soliq xizmati organlarida faqat bitta yangi tovar cheklari kitobchasini roʻyxatdan oʻtkazishi mumkin.
4-bob. Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumni aniqlash
15. Yakka tartibdagi tadbirkorlarni qatʼiy belgilangan soliqqa tortish tartibidan yagona soliq toʻloviga oʻtkazish uchun soliq organlariga quyidagi belgilar asos boʻlishi mumkin:
yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan taqdim etiladigan soliq hisoboti;
xizmat koʻrsatuvchi banklardagi hisobvaraqlarida 100 million soʻmdan oshgan biroq bir milliard soʻmgacha tovar aylanmani amalga oshirganligi toʻgʻrisidagi bank maʼlumotlari;
kameral nazorat natijasida yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan qiymati 100 million soʻmdan oshgan biroq bir milliard soʻmgacha boʻlgan tovarlarning sotib olinganligi;
davlat bojxona xizmati organlaridan olingan maʼlumotga koʻra summasi 100 million soʻmdan oshgan biroq bir milliard soʻmgacha boʻlgan tovarlarning import qilganligi;
belgilangan tartibda oʻtkazilgan xronometraj koʻzdan kechirish natijalari bilan tushumi 100 million soʻmdan oshgan biroq bir milliard soʻmgacha ekanligi hisob-kitob qilingan holatda;
tegishli tashkilotlardan olingan boshqa maʼlumotlar asosida tushumi 100 million soʻmdan oshgan biroq bir milliard soʻmgacha boʻlgan degan xulosaga kelinganda.
16. Yakka tartibdagi tadbirkorlarning tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi bir kalendar yildagi oylar davomida oʻsib boruvchi tushumdan kelib chiqib aniqlanadi.
17. Yakka tartibdagi tadbirkorlarning tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi miqdori faoliyatning bir necha turi bilan shugʻullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkor uchun barcha faoliyatidan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan jami tushumidan kelib chiqib aniqlanadi.
5-bob. Yakka tartibdagi tadbirkorlarning yagona soliq toʻlovi toʻlashga oʻtishining oʻziga xos xususiyatlari
18. Kalendar yilida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi 100 million soʻmdan oshgan, biroq bir milliard soʻmdan oshmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar yagona soliq toʻlovini toʻlashga oʻtkaziladi.
Bunda kalendar yilida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi miqdori 100 million soʻmdan oshgan oydan keyingi oyning birinchi sanasidan boshlab yakka tartibdagi tadbirkor tovar aylanmasidan yagona soliq toʻlovini toʻlashga oʻtadi.
19. Kalendar yilida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi bir milliard soʻmdan oshgan yakka tartibdagi tadbirkorlar soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni yuridik shaxslar uchun nazarda tutilgan tartibda toʻlaydi.
Bunda yakka tartibdagi tadbirkorlar tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi miqdori bir milliard soʻmdan oshgan oydan keyingi oyning birinchi sanasidan boshlab ixtiyoriy ravishda qayta yuridik shaxs tashkil etgan holda faoliyat koʻrsatishlari yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini saqlab qolgan holda yuridik shaxslar uchun nazarda tutilgan soliqlar va majburiy toʻlovlarni toʻlashga oʻtadilar.
20. Kalendar yilida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi 100 million soʻmdan oshmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar qatʼiy belgilangan soliqni toʻlaydi.
21. Yagona soliq toʻlovini hisoblab chiqishda qatʼiy belgilangan soliq solish davrida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushum soliq solish bazasiga kiritilmaydi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlarga yuridik shaxslar uchun nazarda tutilgan soliqlar va majburiy toʻlovlarni hisoblashda qatʼiy belgilangan va yagona soliq toʻlovini toʻlash davridagi tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushum soliq solish bazasi sifatida qaralmaydi.
22. Kalendar yilida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi 100 million soʻm va bir milliard soʻmdan oshgan holatda faoliyatini vaqtinchalik toʻxtatgan (tugatgan) yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatini qayta tiklagan sanadan boshlab yagona soliq toʻlovining yoki yuridik shaxslar uchun nazarda tutilgan soliqlar va majburiy toʻlovlarning toʻlovchilari hisoblanadi.
Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi 100 million soʻm va bir milliard soʻmdan oshgan holatda faoliyat turini toʻxtatib (butunlay yoki vaqtinchalik) boshqa faoliyat turiga oʻzgartirsa, oldingi faoliyat turida amalga oshirgan tovar aylanmasidan kelib chiqib yagona soliq toʻloviga yoki yuridik shaxslar kabi umumbelgilangan soliqlarni toʻlash tartibi qoʻllaniladi.
23. Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi 100 million soʻmdan oshgan oyning keyingi oyidan boshlab, qatʼiy belgilangan soliq boʻyicha taqdim etilgan imtiyozlar tatbiq etilmaydi.
6-bob. Hisobotlarni taqdim etish va toʻlash muddatlari
24. Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumlari 100 million soʻmdan oshmagan yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan hisobga olish joyidagi soliq organiga tovar aylanmalari boʻyicha hisobotlarni chorak yakuni bilan keyingi oyning 10-kunidan kechiktirmay taqdim etiladi.
Bunda, yakka tartibdagi tadbirkor tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi 100 million soʻmdan oshgan oyning keyingi oyidan boshlab tushumlar toʻgʻrisidagi hisobotlar taqdim etilmaydi.
Yakka tartibdagi tadbirkorning tovarlarni (ishlarni xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumlari toʻgʻrisida hisobot Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2019-yil 7-yanvardagi 2, 2019-05-son “Soliq hisobotining shakllarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorining (roʻyxat raqami 3126, 2019-yil 21-yanvar) 11-ilovasiga muvofiq shaklda taqdim etiladi.
25. Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq hisobotini taqdim etish va yagona soliq toʻlovini toʻlash yakka tartibdagi tadbirkor roʻyxatdan oʻtkazilgan joydagi davlat soliq xizmati organlariga Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksida belgilangan tartibida amalga oshiriladi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar ixtiyoriy ravishda har oyda yagona soliq toʻlovini avans tariqasida toʻlashlari mumkin.
26. Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan taqdim etiladigan yagona soliq toʻlovi hisob-kitob shakllari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2019-yil 7-yanvardagi 2, 2019-05-son “Soliq hisobotining shakllarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorining (roʻyxat raqami 3126-sonli, 2019-yil 21-yanvar) 9-ilovasi bilan tasdiqlangan.
27. Hisoblangan soliqlar bilan bir qatorda yakka tartibdagi tadbirkorlar Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksida belgilangan tartibda faoliyati doirasida boshqa soliqlar va majburiy toʻlovlarni ham toʻlashlari shart.
28. Kalendar yili davomida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi bir milliard soʻmdan oshmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan oʻzi hamda har bir yollangan xodim uchun Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksida belgilangan miqdor va muddatlarda yagona ijtimoiy toʻlov toʻlanadi.
7-bob. Yakuniy qoidalar
29. Yakka tartibdagi tadbirkorlar ushbu Nizom talablarini hisobga olgan holda soliqlar va majburiy toʻlovlarni hisoblashning toʻgʻriligi hamda ularning qonunchilikka muvofiq oʻz vaqtida toʻlanishi yuzasidan javobgardirlar.
Oldingi tahrirga qarang.
30. Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan hisoblab chiqarilishi, toʻlanishi lozim boʻlgan soliqlar va majburiy toʻlovlar ustidan nazorat hamda tegishli choralar davlat soliq xizmati organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
(30-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
31. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Moliya vaziri D. KUChKAROV
2019-yil 31-yanvar
Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi oʻrinbosari I. JASIMOV
2019-yil 31-yanvar
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2019-y., 10/19/3143/2789-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)