Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat mulkidan samarali foydalanish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Davlat mulki boʻlgan obyektlar va ishlab chiqarish maydonlaridan samarali foydalanishni tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, “Davlat axborot xizmatlarini yaratish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona integrator — UZINFOCOM” masʼuliyati cheklangan jamiyatining (keyingi oʻrinlarda Jamiyat deb ataladi) Toshkent shahar, Yashnobod tumani, Fargʻona yoʻli koʻchasi, 15-uy manzilida joylashgan Jamiyatning 2,2 ga yer maydoni va tugallanmagan qurilish obyektini Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “Elektromagnit moslashuv markazi” davlat unitar korxonasiga (keyingi oʻrinlarda “Elektromagnit moslashuv markazi” DUK deb ataladi) balans qiymatida davlat ulushini kamaytirish hisobiga berish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Toshkent shahar, Yashnobod tumani, Fargʻona yoʻli koʻchasi, 15-uy manzilida joylashgan Jamiyatning 2,2 ga yer maydoni va tugallanmagan qurilish obyektini belgilangan tartibda “Elektromagnit moslashuv markazi” DUKga topshirilishini hamda “Elektromagnit moslashuv markazi” DUK tomonidan qabul qilib olinishini taʼminlasin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni hisobga olish tizimini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 22-oktabrdagi 847-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2018-yil, 43-son, 846-modda):
a) 2-bandning uchinchi xatboshisidagi “UZINFOCOM davlat axborot xizmatlarini yaratish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona integrator” MChJ” soʻzlari “Oʻzbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” davlat unitar korxonasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 3-bandning “b” kichik bandi birinchi xatboshisidagi “uch oy muddatda” soʻzlari “2019-yil 1-avgustgacha” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 1-iyuldagi 525-f-son farmoyishi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.M. Sadikov hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori N.S. Joʻrayev zimmalariga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 16-mart,
223-son