O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni hisobga olish tizimini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Respublikamizning barcha hududlarida mobil aloqani rivojlantirish, zamonaviy servis xizmatlarini joriy etish orqali interaktiv davlat xizmatlari va elektron tijoratdan foydalanish imkoniyatlarini yaratish, shuningdek, mamlakatimizda xalqaro standartlarga mos keladigan mobil telefonlar va mobil aloqa moduliga ega qurilmalarni (keyingi o‘rinlarda mobil qurilmalar deb ataladi) keng ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Iste’molchilarga sifatli mobil qurilmalardan foydalanish imkoniyatini yaratish, ichki bozorni kontrafakt mahsulotlarning olib kirilishi va sotilishidan himoya qilish hamda telekommunikatsiya bozorida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining respublikada mobil qurilmalarni xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodlari asosida ro‘yxatga olish bo‘yicha quyidagilar imkonini beradigan tizimni (keyingi o‘rinlarda Tizim deb ataladi) joriy qilish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin:
mobil qurilmalardagi o‘ziga xos identifikatsiya kodlari to‘g‘riligini tekshirish orqali ularning mulkdorlari (egalari) huquqlarining himoya qilinishini ta’minlash;
mobil qurilmalardan ularning mulkdorlarini (egalarini) ogohlantirmasdan noqonuniy va ruxsatsiz foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik;
xalqaro standartlarga mos kelmaydigan sifatsiz mobil qurilmalar sotilishining oldini olish.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi — mobil qurilmalarning identifikatsiya kodlarini ro‘yxatga olish va qo‘llash, ushbu yo‘nalishda normativ-huquqiy bazani yaratish va takomillashtirish bo‘yicha vakolatli organ;
“O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” davlat unitar korxonasi — Tizim operatori (keyingi o‘rinlarda Tizim operatori deb ataladi) etib;
Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg‘armasining mablag‘lari — Tizimni yaratish va joriy etish ishlarini moliyalashtirish manbai etib belgilansin.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-avgustdagi 550-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.08.2025-y., 09/25/550/0790-son)
3. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi:
a) 2019-yilning 1-aprelidan boshlab, mobil telefonlar va mobil aloqa moduliga ega qurilmalarni xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodlari bo‘yicha ro‘yxatga olish tizimini to‘liq ishga tushirish imkonini beradigan hamda kelishilgan tashkiliy-texnik va iqtisodiy mexanizmlarni nazarda tutuvchi Tizimni tashkil etish reja-jadvalini bir hafta muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Oldingi tahrirga qarang.
b) jamoatchilik o‘rtasida keng muhokama natijalari asosida quyidagilarni nazarda tutuvchi Hukumat qarorining tegishli loyihasini 2019-yil 1-avgustgacha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
(3-band “b” kichik bandining birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-martdagi 223-sonli qarori tahririda)
Tizim operatorining asosiy funksiya va vazifalarini, vazirlik va idoralar, telekommunikatsiya operatorlari bilan o‘zaro hamkorligi tartibini belgilash;
O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kelinadigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tartibi hamda shartlari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash;
v) 2019-yil 1-aprelgacha bo‘lgan muddatda:
mobil qurilmaning identifikatsiya kodini Internet tarmog‘i orqali onlayn rejimida ro‘yxatga olish va uning maqomini tekshirish xizmati joriy etilishini;
mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish hamda maslahat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha hududiy punktlarini tashkil etishni va ularning faoliyat yuritishini ta’minlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Tizim operatoriga mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchilar yoki ularning rasmiy dilerlari (distribyutorlari) bilan Tizimni joriy etish uchun zarur bo‘lgan uskunalar, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, dasturiy ta’minot mahsulotlari, vosita va moslamalar, kompyuter hamda server texnikasini eng yaxshi takliflarni tanlash asosida yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzishga va keyinchalik shartnomalarni “O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Loyihalarni va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda ekspertizadan o‘tkazishga ruxsat berilsin.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-martdagi 254-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.03.2019-y., 09/19/254/2839-son)
5. Tizim operatoriga uni tashkil etish va joriy etish doirasida olib kiriladigan uskunalar, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, dasturiy ta’minot mahsulotlari, vosita va moslamalar, kompyuter hamda server texnikasi uchun bojxona to‘lovlarini bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan kundan boshlab 36 oygacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi berilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Tizimni ishga tushirguncha Tizim operatorining O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat xavfsizlik xizmatining tegishli tarkibiy bo‘linmalari hamda mobil aloqa tarmoqlarining telekommunikatsiya operatorlari bilan o‘zaro hamkorligi bo‘yicha bitimlar tuzilishini ta’minlasin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.M. Sadikov zimmasiga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Elektron hukumat, telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish va axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 22-oktabr,
847-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.10.2018-y., 09/18/847/2091-son; 27.03.2019-y., 09/19/254/2839-son; 29.08.2025-y., 09/25/550/0790-son)