Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Moʻynoq tumanini rivojlantirish jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish va mablagʻlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda loyihalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 16-yanvardagi 37-son qarorining 9-bandiga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashida Moʻynoq tumanini rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Moʻynoq tumanini rivojlantirish jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish va mablagʻlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — transport vaziri A.J. Ramatov va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi Q.R. Sariyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 12-mart,
211-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-martdagi 211-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Moʻynoq tumanini rivojlantirish jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish va mablagʻlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Moʻynoq tumanini rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) faoliyatini tashkil etish va mablagʻlaridan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma yuridik shaxs hisoblanmaydi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashida tashkil etiladi.
3. Jamgʻarma Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati qarorlari bilan qabul qilingan dastur hamda belgilangan topshiriqlar (keyingi oʻrinlarda dasturlar deb ataladi) asosida Moʻynoq tumanini rivojlantirish boʻyicha nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish maqsadida tashkil etiladi.
4. Jamgʻarma uchun shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari belgilangan tartibda ochiladi.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Jamgʻarma mablagʻlarini tasarruf etuvchi hisoblanadi.
2-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi
6. Quyidagilar jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining maqsadli mablagʻlari, shu jumladan markazlashtirilgan investitsiyalar;
xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning imtiyozli kreditlari (qarzlari);
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti mablagʻlari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika va Moʻynoq tumani budjeti zaxira jamgʻarmalari mablagʻlari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining qoʻshimcha manbalari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xayriya jamgʻarmalarining grantlari, xorijiy donorlarning mablagʻlari;
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh mablagʻlarini joylashtirishdan tushadigan daromadlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Markazlashtirilgan manbalar hisobidan amalga oshirilishi nazarda tutilgan loyihalar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetida ushbu maqsadlar uchun rejalashtirilgan mablagʻlar doirasida, amaldagi tartib asosida moliyalashtiriladi hamda ularning hisobi Jamgʻarma orqali sarflanadigan mablagʻlar bilan birgalikda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan olib boriladi.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining hamda Moʻynoq tumani budjetining zaxira jamgʻarmalari mablagʻlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan ajratiladigan mablagʻlar, xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning imtiyozli kreditlari (qarzlari), jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, xayriya jamgʻarmalarining grantlari, xorijiy donorlarning mablagʻlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan mablagʻlar belgilangan tartibda Jamgʻarmaning shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga tushadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Xalqaro moliya institutlarining va boshqa xorijiy donorlarning tartibotlari yoki xorijiy kreditlar va grantlarni berishning shartlarida boshqacha tartib belgilangan holatlar bundan mustasno.
9. Jamgʻarma mablagʻlari:
dasturlar asosida Moʻynoq tumanini rivojlantirish boʻyicha belgilangan tadbirlarni moliyalashtirishga;
Moʻynoq tumani infratuzilmasini yaxshilashga, qishloqlarni obodonlashtirishga va koʻkalamzorlashtirish hamda mahalliy ichki yoʻllarni taʼmirlashga;
Moʻynoq tumani uy-joy fondining koʻp kvartirali uylaridagi umumiy foydalaniladigan va uylar ichidagi muhandislik kommunikatsiyalarini taʼmirlashga, shuningdek, bolalar maydonchalari barpo etgan holda uylarga yondash hududlarni obodonlashtirishga;
mahallalar hududida kutubxonalar tashkil etishga va ularni badiiy adabiyotlar bilan taʼminlashga;
kam taʼminlangan va yosh oilalarga imtiyozli kreditlar olinishida boshlangʻich badalni qisman yoki toʻliq qoplashga hamda maishiy texnika vositalariga boʻlgan birlamchi ehtiyojni qondirishga;
qishloq va chekka hududlarda joylashgan taʼlim va tibbiyot muassasalarida ishlash uchun yuborilgan xodimlarni xizmat joylari bilan taʼminlashga;
Moʻynoq tumani aholisining turmush sharoitlari va sifatini yaxshilash boʻyicha boshqa tadbirlarga sarflanadi.
3-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini boshqarish
10. Jamgʻarmaning Kuzatuv kengashi Jamgʻarmani boshqarishning yuqori organi hisoblanadi, uning tarkibi va nizomi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan tasdiqlanadi.
11. Jamgʻarmaning Kuzatuv kengashi raisi — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisining oʻrinbosari, uning aʼzolari — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, vazirlik va idoralar rahbarlari, shuningdek, tegishli nodavlat notijorat tashkilotlari vakillaridan iborat boʻladi.
12. Jamgʻarmaning Kuzatuv kengashi:
Jamgʻarma faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi;
Jamgʻarma mablagʻlarining tushumi va ulardan foydalanish prognozlarini koʻrib chiqadi va ularni navbatdagi yil uchun tasdiqlaydi;
Jamgʻarma mablagʻlarining maqsadli yoʻnaltirilganligini nazorat qiladi;
Jamgʻarma mablagʻlarini tasarruf etuvchi faoliyatini nazorat qiladi;
dasturlarga kiritilmagan qoʻshimcha loyihalarni koʻrib chiqadi va ularni tasdiqlaydi;
zarur hollarda tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetalariga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi;
Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish bilan bogʻliq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
13. Kuzatuv kengashi majlisi zaruratga koʻra, biroq har chorakda kamida bir marta oʻtkaziladi.
Kuzatuv kengashi majlisi aʼzolarning yarmidan koʻpi qatnashgan taqdirda vakolatli hisoblanadi. Koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha qarorlar oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Qabul qilingan qaror bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladi.
14. Jamgʻarma mablagʻlarini tasarruf etuvchi:
Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlari smetasini tuzadi hamda tasdiqlash uchun Kuzatuv kengashiga taqdim etadi;
Jamgʻarmaga xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning imtiyozli kreditlari (qarzlari), jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, xayriya jamgʻarmalarining grantlari, xorijiy donorlarning mablagʻlari jalb etilishini taʼminlaydi;
dasturlarga kiritilgan hamda Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlangan loyihalarni moliyalashtiradi;
dasturlar doirasida ajratilgan mablagʻlarning maqsadli yoʻnaltirilishi monitoringini tizimli asosda olib boradi;
Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari ijrosi toʻgʻrisidagi choraklik va har yilgi hisobotlarni tuzadi va koʻrib chiqish uchun Jamgʻarmaning Kuzatuv kengashiga kiritadi;
Jamgʻarma mablagʻlarining shakllantirilishi va maqsadli ishlatilishi yuzasidan tegishli maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa targʻibot tadbirlari orqali keng yoritib boradi;
Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishini nazorat qiladi;
Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish bilan bogʻliq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
15. Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi boʻyicha nazorat Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.
16. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.03.2019-y., 09/19/211/2758-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)