Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Akfa universitetini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha shart-sharoitlarni yaratish toʻgʻrisida” 2017-yil 29-dekabrdagi PQ-3450-son qaroriga muvofiq, shuningdek, ilgʻor jahon taʼlim standartlariga muvofiq oliy maʼlumotli yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni tashkil etish, yoshlarning, ayniqsa, mamlakat mintaqalaridagi yoshlarning salohiyatini roʻyobga chiqarish va undan samarali foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish, Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim sohasidagi xalqaro hamkorligini yanada kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda “Akfa Medline” masʼuliyati cheklangan jamiyatning (keyingi oʻrinlarda “Akfa Medline” MChJ deb ataladi) Akfa universitetini (keyingi oʻrinlarda Universitet deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Universitet faoliyatining asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari etib belgilansin:
respublika iqtisodiyoti real sektorlari tarmoqlarining ehtiyojlarini hisobga olgan holda fundamental, tibbiyot, aniq va gumanitar fanlar sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash;
yuqori malakali mutaxassislarni, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni, shuningdek, xorijda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizni jalb etgan holda yetakchi xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan keng hamkorlikni amalga oshirish;
xodimlarning, jumladan, tibbiyot sohasida malakasini oshirish, malaka amaliyotlarini tashkil etish, xorijning ilgʻor ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik qilish asosida tajriba almashish dasturlarini amalga oshirish;
taʼlim jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
mehnat bozorining mavjud muammolari va ehtiyojlarini inobatga olgan holda fundamental, tibbiyot, aniq va gumanitar fanlar sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish.
3. Universitetda taʼlim jarayonini ilgʻor pedagogik va axborot texnologiyalari, ilm-fan va texnikaning soʻnggi yutuqlarini qoʻllagan holda tashkil etishga koʻmaklashish boʻyicha “Akfa Medline” MChJ bilan Gachon universiteti (Koreya Respublikasi) oʻrtasida bitim tuzilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
4. Belgilansinki:
Universitet masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi nodavlat oliy taʼlim tashkiloti hisoblanadi;
Universitetda oʻquv-metodik rahbarlik qilish va taʼlim jarayonining olib borilishi tuziladigan bitimlar asosida yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari (keyingi oʻrinlarda xorijiy hamkorlar deb ataladi) bilan hamkorlikda taʼminlanadi;
Universitetda taʼlim jarayoni xorijiy hamkorlarning oʻquv rejalari va dasturlariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim davlat taʼlim standartlari hamda davlat talablari hisobga olingan holda ingliz tilida tashkil etiladi;
Universitet bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasida oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat sifatida eʼtirof etiladigan belgilangan namunadagi diplom beriladi;
Universitetga abituriyentlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi va qoidalari Universitet tomonidan xorijiy hamkorlar bilan kelishgan holda belgilanadi;
bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul kvotalari respublika mehnat bozori ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda Universitet tomonidan belgilanadi;
Universitetda taʼlim olish toʻlov-kontrakt asosida kunduzgi shaklda amalga oshiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Universitetga taʼsis hujjatlarini ishlab chiqishda va ular belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishida koʻmaklashsin.
6. Universitet Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Koʻkcha darvoza, 1-boshi berk koʻcha, 10-uyda joylashgan Shayxontohur tibbiyot kollejining bino va inshootlarida tekin foydalanish huquqi bilan joylashtirilsin.
7. Belgilab qoʻyilsinki, Universitetning joriy faoliyatini moliyalashtirish uning bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash, shuningdek, zarur oʻquv va laboratoriya asbob-uskunalari, mebel, kompyuter texnikasi, oʻquv va metodik adabiyotlar hamda boshqa moddiy-texnik vositalar bilan taʼminlash:
Universitet muassislarining mablagʻlari;
toʻlov-shartnoma asosida talabalarni oʻqitishdan tushgan mablagʻlar;
Universitet tomonidan shartnoma asosida ishlar va xizmatlar amalga oshirilishi;
jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya ehsonlari;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlar, shu jumladan, xorijiy hamkorlarning moliyaviy mablagʻlari;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
(7-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
8. Universitetga mavjud talab va ehtiyojni hamda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish istiqbollarini hisobga olib Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishgan holda yangi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarini xorijiy hamkorlar bilan birgalikda ochishga ruxsat berilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda:
Shayxontohur tibbiyot kolleji oʻquvchilari kontingenti Toshkent iqtisodiyot kolleji binosida joylashtirilgan holda oʻqishni davom ettirishini taʼminlash;
Shayxontohur tibbiyot kollejining ishdan boʻshayotgan xodimlarini ishga joylashtirish choralarini koʻrsin.
10. Toshkent shahar hokimligi 2019/2020 oʻquv yili boshlanguniga qadar Universitet faoliyatini yoʻlga qoʻyishni taʼminlagan holda uning bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash boʻyicha zarur loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlashda, oʻqituvchi va talabalar uchun turar joy binosini qurishda, zarur oʻquv-laboratoriya uskunalari, tibbiyot trenajyorlari, kompyuter texnikasi va kutubxona fondlari bilan jihozlashda Universitetga koʻmaklashsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Universitet buyurtmanomalariga koʻra ushbu qarorni amalga oshirish doirasida jalb etiladigan xorijiy professor-oʻqituvchilar tarkibi va maʼmuriy xodimlarga, shuningdek, ularning oila aʼzolariga kirish vizalari konsullik yigʻimlari va boshqa yigʻimlar undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Universitet buyurtmanomalariga koʻra Universitetning ushbu qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinayotgan xorijiy professor-oʻqituvchilar tarkibi va maʼmuriy xodimlariga, shuningdek, ularning oila aʼzolariga davlat boji undirilmasdan koʻp martalik vizalar berilishini va koʻp martalik vizalar muddati uzaytirilishini, shuningdek, ular Oʻzbekiston Respublikasida yashash joyi boʻyicha vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olinishi va muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi 593-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)
13. 2022-yil 1-yanvarga qadar:
Universitet barcha turdagi soliqlarni toʻlashdan;
Universitetni jihozlash va faoliyatini tashkil etish uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha “Akfa Medline” MChJ va Universitet tomonidan olib kelinadigan, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmaydigan uskunalar (shu jumladan, laboratoriya uskunalari), kompyuter texnikasi, multimedia mahsulotlari, tibbiyot trenajyorlari, adabiyotlar, qurilish materiallari va inventar bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod qilinsin.
Belgilansinki, chetdan olib kelinadigan tovarlardan boshqa maqsadlarda foydalanilgan taqdirda imtiyozlar berilishi munosabati bilan toʻlanmagan bojxona toʻlovlari summasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga undirib olinadi.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari A.A. Abduxakimov va Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.K. Shadmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 15-fevral,
130-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.02.2019-y., 09/19/130/2619-son; 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)