OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yilgi 12 foizli ichki yutuqli zayomini chiqarish va uni tarqatish tartibi toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 5-martdagi 51-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yilgi 12 foizli ichki yutuqli zayomi obligatsiyalarini qabul qilish va toʻlashni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasida qimmatbaho qogʻozlar bozorini shakllantirish hamda iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, xalq xoʻjaligini rivojlantirish va kishilarni ijtimoiy himoya qilishning kechiktirib boʻlmaydigan vazifalarini hal etish uchun aholining pul mablagʻlarini jalb qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yilgi 12 foizli ichki yutuqli zayomi aholi oʻrtasida ixtiyoriy asoslarda tarqatish uchun 1992-yil 1-iyuldan 2012-yil 1-iyulgacha boʻlgan muddatga chiqarilsin, obligatsiyalarni sotishdan olingan mablagʻ respublika budjeti daromadiga oʻtkazilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yilgi 12 foizli ichki yutuqli zayomining ilova qilinayotgan shartlari tasdiqlansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yilgi 12 foizli ichki yutuqli zayomi “Oʻzjamgʻarmabank”, “Oʻzsanoatqurilishbank”, “Oʻzdehqonchiliksanoatbank”ning barcha muassasalari tomonidan erkin sotiladi va sotib olinadi;
obligatsiyalarni tarqatganlik va ular boʻyicha daromad toʻlaganlik uchun sotilgan obligatsiyalarning kurs qiymatidan olingan pul tegishli bank muassasalariga qoldiriladi.
Qayd qilib oʻtilgan respublika banklariga Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yilgi 12 foizli ichki yutuqli zayomini Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida roʻyxatga olingan birjalar orqali naqd pulga sotishga ruxsat berilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
“Oʻzdavbank” bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yilgi 12 foizli ichki yutuqli zayomi obligatsiyalarini 1992-yil 1 maygacha tayyorlashni taʼminlasin;
manfaatdor banklar bilan birgalikda 1992-yil 1 maygacha obligatsiyalarni sotishning kurs qiymati baholari jadvalini va Oʻzbekiston Respublikasi ichki yutuqli zayomi obligatsiyalari boʻyicha yutuqlarni joylashtirish va toʻlash aʼmollarini amalga oshirish qoidalarini ishlab chiqsin;
tirajlarni oʻtkazish muddatlarini belgilasin, yutuqlarning birinchi tirajini 1992-yil iyul oyida oʻtkazishni nazarda tutsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yilgi ichki yutuqli zayomi obligatsiyalarini bosib chiqarish va tarqatish, tirajlarni oʻtkazish, yutuqlarni toʻlash, zayomni tarqatishga oid reklama bilan bogʻliq xarajatlar respublika budjeti mablagʻlari hisobidan toʻlanadi.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va nohiyalar hokimliklari, vazirliklar, idoralar, konsernlar, birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar, banklar Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yilgi ichki yutuqli zayomini chiqarish va tarqatish shartlarining joylarda keng tushuntirilishini taʼminlasinlar.
“Oʻzjamgʻarmabank”, “Oʻzsanoatqurilishbank” va “Oʻzdehqonchiliksanoatbank” ushbu maqsadlarda har bir shahar va nohiya boʻlimlarida yuqori malakali mutaxassislardan iborat matbuot guruhini tashkil etsinlar, ularga tegishli mukofot puli toʻlansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari oʻrtoq B. S. Hamidov zimmasiga yuklatilsin. Qarorning qanday bajarilayotganligi 1992-yilning avgust oyida koʻrib chiqilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 6-aprel,
165-son
Vazirlar Mahkamasining
1992-yil 6-apreldagi 165-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yilgi 12 foizli ichki yutuqli zayomini chiqarish
ShARTLARI
1. Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yilgi ichki yutuqli zayomi 1992-yil 1-iyuldan 2012-yil 1-iyulgacha boʻlgan muddatga chiqariladi.
2. Zayom obligatsiyalari Oʻzbekiston jamgʻarmalar banki, Oʻzbekiston sanoat-qurilish banki, Oʻzbekiston dehqonchilik sanoati banki muassasalari tomonidan erkin sotiladi va sotib olinadi.
3. Zayomlar har bir razryadida 2500 million soʻmlik boʻlgan alohida razryadlar bilan chiqariladi. Har bir razryad — nomeri 00001 dan 50000 gacha boʻlgan 50000 ta seriyadan iborat. Har bir seriyadagi obligatsiya 001 dan 100 gacha boʻlgan nomerga ega boʻladi.
4. Zayom obligatsiyalari 250, 500 va 1000 soʻmlik qiymatda chiqariladi, 250 soʻmlik obligatsiya 500 soʻmlik obligatsiyaning yarmi hisoblanadi, 1000 soʻmlik obligatsiya esa bir seriyadagi ikkita 500 soʻmlik obligatsiyadan iborat.
5. Zayom obligatsiyalari boʻyicha barcha daromadlar yutuqlar sifatida toʻlanadi. Yutuqlarning umumiy miqdori zayomning yiliga oʻrtacha 12 foizi hisobidan yigirma yillik muddatga belgilangan. Yigirma yillik muddat ichida zayomlar obligatsiyasi umumiy hajmining 32 foiziga yutuq chiqadi, obligatsiyalarning qolgan 68 foizi esa, zayomning muddati tugagach, ularning yozilgan qiymati boʻyicha qayta sotib olinadi.
Yutuq chiqqan obligatsiyalarning yutuqlari toʻlanadi va kelgusi yutuqlar tirajlaridan chiqariladi. Zayom boʻyicha yutuqlar besh yuz soʻmlik obligatsiyaga obligatsiyaning yozilgan qiymatini ham hisobga olgan holda 250000, 100000, 50000, 10000, 5000, 2000 soʻm miqdorida belgilanadi (250 soʻmlik qiymatga ega boʻlgan obligatsiyaga yutuqning yarmi beriladi).
6. Zayomning yigirma yil muddat ichida har yili 4 tirajdan iborat 80-marta yutuqlar tiraji oʻtkaziladi. Tirajlar 1992-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi belgilagan muddatlarda oʻtkaziladi.
7. Yutuqlar tirajida zayomning har bir razryadi boʻyicha yutuqlarning quyidagicha soni oʻynaladi:
| 500 soʻmlik obligatsiyaga yutuq miqdori (obligatsiyaning yozilgan qiymati ham shunga kiradi), soʻm |
Oʻynaladigan yutuqlar | |||
|
bir tirajda |
bir razryadli barcha tirajlarda | |||
| yutuqlar soni | yutuqlar miqdori (soʻmlarda) | yutuqlar soni | yutuqlar miqdori (soʻmlarda) | |
| 250000 | 1 | 250000 | 80 | 20000000 |
| 100000 | 5 | 500000 | 400 | 40000000 |
| 50000 | 25 | 1250000 | 2000 | 100000000 |
| 25000 | 50 | 1250000 | 4000 | 100000000 |
| 10000 | 1000 | 10000000 | 80000 | 800000000 |
| 5000 | 8800 | 44000000 | 704000 | 3520000000 |
| 2000 | 10119 | 20238000 | 809520 | 1619040000 |
| | 20000 | 77488000 | 1600000 | 6199040000 |
8. Yutuq chiqqan obligatsiyalar, shuningdek, yozilgan qiymati boʻyicha qayta sotib olinadigan yutuq chiqmagan obligatsiyalar yuzasidan 2014-yilning 1-iyuligacha toʻlovlar talab qilinishi mumkin. Shu muddat oʻtgandan soʻng toʻlovga berilmagan obligatsiyalar oʻz kuchini yoʻqotadi va ular boʻyicha toʻlovlar berilmaydi.
9. Obligatsiyalarni sotish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi belgilagan narxlarda, qayta sotib olish esa yozilgan qiymati boʻyicha amalga oshiriladi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi ichki yutuqli zayomi obligatsiyalari va ularga chiqqan yutuqlar davlat soliqlari solishdan ozod qilinadilar.