Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi loyiha boshqaruvi milliy agentligining
buyrugʻi
Kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 22-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3127]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2022-yil 14-iyuldagi 32-sonli “Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3380, 15.08.2022-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-iyuldagi PQ-3832-son “Oʻzbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va 2018-yil 2-sentabrdagi PQ-3926-son “Oʻzbekiston Respublikasida kripto-birjalar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor D. LI
Toshkent sh.,
2019-yil 21-yanvar,
16-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining 2019-yil 21-yanvardagi 16-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-iyuldagi PQ-3832-son “Oʻzbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda 2018-yil 2-sentabrdagi PQ-3926-son “Oʻzbekiston Respublikasida kripto-birjalar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
blokcheyn — barcha maʼlumotlar ketma-ket qayd qilinadigan va bloklar boʻyicha joylashtiriladigan taqsimlangan maʼlumotlar reyestri, bunda har bir yangi blok oldingi blokka kriptografik imzo orqali bogʻlanadi;
kripto-aktiv — qiymatga ega va egasi boʻlgan blokcheyndagi qaydlar majmuasi;
kripto-birja — kripto-aktivlarni ayirboshlash, sotib olish va sotish uchun elektron maydoncha taqdim etadigan tashkilot.
2. Kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (bundan buyon matnda litsenziyalovchi organ deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
Kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash mazkur Nizomning 1-ilovasida berilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
3. Kripto-birja faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya (bundan buyon matnda litsenziya deb yuritiladi) faqat chet el yuridik shaxslariga ular tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida shuʼba yoki boshqa korxonalarni ochish orqali beriladi.
Chet el yuridik shaxsning shuʼba yoki boshqa korxonasi oʻz faoliyatini chet el yuridik shaxs nomiga berilgan litsenziya asosida amalga oshiradi.
Chet el yuridik shaxslarining kripto-birjalar faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega boʻlgan shuʼba yoki boshqa korxonalarining ustav kapitallarida (fondlarida) yuridik shaxslarni — Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlarini ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
4. Kripto-birja faoliyatini amalga oshirish uchun namunaviy litsenziya beriladi.
5. Litsenziya nomuayyan muddatga beriladi.
6. Yuridik shaxsda kripto-birja faoliyatini amalga oshirish huquqi litsenziya berilgan vaqtdan boshlab vujudga keladi.
7. Litsenziyani boshqa yuridik shaxsga berish taqiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
2-bob. Litsenziya talablari va shartlari
8. Quyidagilar kripto-birja faoliyatini amalga oshirishda litsenziya talablari va shartlari hisoblanadi:
Oldingi tahrirga qarang.
a) ariza berilgan sanada pul mablagʻi shaklida bazaviy hisoblash miqdorining kamida oʻttiz ming baravari miqdorida shakllantirilgan ustav jamgʻarmasi mavjudligi, shundan yigirma ming baravari Oʻzbekiston Respublikasining tijorat bankida alohida hisobvaraqda zaxiraga qoʻyiladi;
(8-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining 2019-yil 19-iyundagi 111-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3127-2, 08.07.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2019-y., 10/19/3127-2/3389-son — 2019-yil 1-sentabrdan kuchga kiradi)
b) Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan serverlarga joylashtirilgan hamda mazkur Nizomda nazarda tutilgan talablarga javob beradigan ishlab turgan elektron kripto-birja savdo tizimi mavjudligi;
v) kripto-birja savdo qoidalarining mavjudligi, ularda quyidagilar koʻzda tutilishi shart:
ishtirokchilarga kripto-birja savdolarida ishtirok etishga ruxsat berish tartibi;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablarini bajarilishini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar;
Keyingi tahrirga qarang.
kripto-aktivlarni muomalaga qoʻyish va muomaladan chiqarishga ruxsat berish tartib-taomillari;
kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish va ularni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi;
bitimlar tuzishda kripto-birja savdolari ishtirokchilari oʻrtasida oʻzaro hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi;
kripto-birja xizmatidan foydalanganlik uchun toʻlov miqdori va uni belgilash tartibi;
kripto-birjalarda narxlar manipulatsiyasi va maxfiy axborotdan noqonuniy foydalanishning oldini olish choralari;
kripto-aktivlardan gʻayriqonuniy maqsadlarda foydalanishni taqiqlash;
g) kripto-aktivlarni ularga boʻlgan talab va taklif asosida kotirovkalash;
d) mijozlarning kripto-aktivlar bilan operatsiyalari toʻgʻrisidagi axborotni, shuningdek, ularning identifikatsiya maʼlumotlarini va mijozlar bilan oʻzaro munosabatlar boʻyicha materiallarni, jumladan ish yozishmalarini besh yil davomida saqlash;
e) kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga amal qilish;
Keyingi tahrirga qarang.
j) kripto-birja faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq axborotlarni litsenziyalovchi organ talabi bilan taqdim etish.
9. Kripto-birja ustav fondi faqat uning taʼsischilari pul mablagʻlaridan shakllantiriladi.
Kreditga va garovga olingan mablagʻlardan hamda boshqa jalb etilgan mablagʻlardan kripto-birja ustav fondini shakllantirish uchun foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
3-bob. Litsenziya olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar
10. Litsenziya olish uchun litsenziya talabgori litsenziyalovchi organga yozma shaklda, shu jumladan pochta orqali yoki elektron hujjat tarzida quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) litsenziya berish toʻgʻrisidagi ariza, unda yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, uning joylashgan eri (pochta manzili), elektron pochta manzili, bank muassasasining nomi va bank muassasasida talab qilib olinguncha depozit hisob raqami koʻrsatiladi;
b) litsenziya talabgori davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi;
v) mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda kripto-birjaning apparat-dasturiy realizatsiyasi tavsifi;
g) kripto-birja savdosining tasdiqlangan qoidalari namunasi;
d) ustav fondining zaxiralangan summasining mavjudligi toʻgʻrisida tijorat bankdan maʼlumotnoma.
Oldingi tahrirga qarang.
Barcha hujjatlar rahbar tomonidan imzolanishi, hujjatlar elektron hujjat tarzida taqdim etilganda esa elektron raqamli imzo orqali tasdiqlanishi kerak.
(10-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi loyiha boshqaruvi milliy agentligining 2019-yil 18-fevraldagi 41-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 3127-1, 22.02.2019-y.) tahrirda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.02.2019-y., 10/19/3127-1/2657-son)
Litsenziya talabgoridan ushbu Nizomda nazarda tutilmagan hujjatlarning taqdim etilishini talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
11. Litsenziya talabgori tomonidan litseziyalovchi organga taqdim etilgan arizalar quyidagicha qabul qilinadi:
shaxsan kelib — ariza egasining ariza nusxasida qabul qilib olingan sanasi belgisi qoʻyilgan tartibda;
pochta aloqasi orqali — qabul qilinganligi maʼlum qilinadigan buyurtma xati orqali:
elektron aloqa orqali — ariza qabul qilinganligi toʻgʻrisida elektron javob yuborish orqali.
Qabul qilingan arizalar toʻgʻrisidagi maʼlumot litsenziyalovchi organning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.
Hujjatlar zarur tarzda rasmiylashtirmasdan yoki toʻliq boʻlmagan hujjatlar toʻplami taqdim etilgan taqdirda ular uch kun muddat ichida sabablari koʻrsatilgan holda litsenziyalovchi organ tomonidan talabgorga qaytariladi.
4-bob. Arizani koʻrib chiqish va litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish
12. Litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya olish uchun taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish uchun yigʻim undirilmaydi.
13. Litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror litsenziya talabgorining arizasi barcha zarur hujjatlar bilan birga olingan kundan boshlab oʻttiz kundan oshmaydigan muddatda qabul qilinadi.
14. Litsenziyalovchi organ yigirma kundan oshmaydigan muddatda taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqadi va ular asosida litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida xulosa tayyorlaydi.
15. Litsenziyalovchi organ, tarkibi litsenziyalovchi organ rahbarining oʻrinbosari tomonidan tasdiqlangan ekspert komissiyasi xulosasi asosida yetti kunlik muddat ichida litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
16. Litsenziyalovchi organ tegishli qaror qabul qilingandan keyin uch kun muddatda litsenziya talabgorini qabul qilingan qaror toʻgʻrisida xabardor qiladi.
Litsenziya berishga qaror qabul qilinganligi haqidagi xabarnoma litsenziya talabgoriga bank hisob raqami rekvizitlari va davlat boji toʻlash muddati koʻrsatilgan holda, yozma shaklda, shu jumladan pochta orqali yoki axborot tizimi orqali elektron hujjat tarzida yuboriladi (topshiriladi). Litsenziya berish toʻgʻrisida qaror qabul qilingani haqidagi xabarnoma bilan bir vaqtda litsenziya talabgoriga imzolash uchun litsenziya bitimi yuboriladi.
17. Litsenziyalovchi organ va litsenziatning oʻzaro huquq va majburiyatlarni belgilovchi litsenziya bitimi litsenziyalovchi organ va litsenziat oʻrtasida tuziladi va quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
bitimni imzolagan mansabdor shaxslar familiyasi, ismi va otasining ismi;
tomonlarning rekvizitlari;
amalga oshirilishiga litsenziya berilayotgan faoliyat turining nomi;
litsenziatga qoʻyiladigan litsenziya talablari va shartlari;
litsenziya bitimi talablari va shartlari buzilganligi uchun tomonlarning javobgarligi;
litsenziat tomonidan litsenziya bitimi talablari va shartlari bajarilishini litsenziyalovchi organ tomonidan nazorat qilish tartibi;
ushbu Nizomga koʻra boshqa maʼlumotlar.
Litsenziya bitimi ikki nusxada tuziladi, ulardan biri litsenziyalovchi organda qoladi, ikkinchisi esa, litsenziatga yuboriladi yoki beriladi.
18. Litsenziyalar elektron hujjat tarzida rasmiylashtiriladi, litsenziyalovchi organ rahbarining, u boʻlmagan taqdirda uning oʻrinbosarining raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi, litsenziyalovchi organning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi va litsenziat soʻroviga koʻra qogʻoz shaklda beriladi.
19. Qogʻoz shaklda litsenziya berilgan taqdirda, ular belgilangan shakldagi maxsus blankalarda rasmiylashtiriladi. Litsenziya blankalari qatʼiy hisobda turadigan hujjatlar hisoblanadi, hisobga olish seriyasiga, raqamiga va himoyalanganlik darajasiga ega boʻladi. Litsenziya blankalari namunalari litsenziyalovchi organ tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi hamda litsenziyalovchi organ buyurtmasi boʻyicha “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasida bosmaxona usulida tayyorlanadi.
Litsenziyalovchi organ rahbari litsenziyalar blankalarining hisobga olinishi, saqlanishi va ulardan maqsadli foydalanilishi uchun shaxsan javob beradi.
20. Litsenziyalar litsenziya talabgori tomonidan litsenziya berilishi uchun davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilgan hamda litsenziya bitimi imzolangan kundan boshlab uch kunlik muddat ichida rasmiylashtiriladi.
Litsenziya qogʻoz shaklida berilgan taqdirda, litsenziya litsenziyalovchi organ rahbari tomonidan, u boʻlmagan taqdirda uning oʻrinbosari tomonidan imzolanadi.
21. Agar litsenziat litsenziya berilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi haqida xabarnoma olgan paytdan boshlab uch oy ichida litsenziyalovchi organga litsenziya berilishi uchun davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etmasa yoki litsenziya bitimini imzolamasa, litsenziyalovchi organ litsenziyani bekor qilish haqida qaror qabul qilishga haqlidir.
22. Litsenziya berishni rad etishga quyidagilar asos boʻladi:
litsenziya talabgorining hujjatlarni lozim tarzda rasmiylashtirmay taqdim etishi;
litsenziya talabgori taqdim etgan hujjatlarda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlarning mavjudligi;
litsenziya talabgorining litsenziya talablari va shartlariga nomuvofiqligi.
Boshqa asoslarga koʻra, shu jumladan litsenziya berish maqsadga muvofiq emas degan vaj bilan litsenziya berishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Litsenziya talabgori litsenziyalovchi organning litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qarori ustidan, shuningdek litsenziyalovchi organ mansabdor shaxsining harakati (harakatsizligi) ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli.
Keyingi tahrirga qarang.
23. Litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda rad etish haqidagi xabarnoma litsenziya talabgoriga rad etishning aniq sabablari va litsenziya talabgori koʻrsatib oʻtilgan sabablarni bartaraf etib hujjatlarni takroran koʻrib chiqishga taqdim etishi uchun yetarli boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda yozma shaklda, shuningdek, elektron hujjat tarzida axborot tizimi orqali yuboriladi (topshiriladi). Litsenziya berishni rad etish haqidagi xabarnomada koʻrsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur boʻlgan vaqtga mutanosib boʻlishi kerak.
24. Litsenziya berishni rad etish uchun asos boʻlgan sabablar litsenziya talabgori tomonidan bartaraf etilgan taqdirda, hujjatlarni litsenziyalovchi organ tomonidan takroran koʻrib chiqish litsenziya talabgorining arizasi barcha zarur hujjatlar bilan birgalikda olingan kundan boshlab yetti kundan ortiq boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi.
Litsenziyalovchi organ uch kunlik muddat ichida ekspert komissiyasi xulosasi asosida litsenziya berish yoki berishni rad etish haqida qaror qabul qiladi.
25. Litsenziya talabgorining arizasini qayta koʻrib chiqishda ilgari litsenziya berishni rad etish haqidagi xabarnomada koʻrsatilmagan yangi asoslar boʻyicha litsenziya berishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Litsenziya berish rad etilganligi haqidagi xabarnomada koʻrsatilgan muddat oʻtgandan keyin berilgan ariza yangidan berilgan ariza hisoblanadi.
5-bob. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish va litsenziya dublikatini berish
26. Litsenziat qayta tashkil etilganda, uning nomi yoki joylashgan eri (pochta manzili) oʻzgargan taqdirda, litsenziat yoki uning huquqiy vorisi qayta roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin bir oy muddatda litsenziyalovchi organga koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza berishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
27. Litsenziat litsenziya qayta rasmiylashtirilgunga qadar unda koʻrsatilgan faoliyatni ilgari berilgan litsenziya asosida amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
28. Litsenziyalovchi organ litsenziyani qayta rasmiylashtirishda litsenziyalar reyestriga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi. Litsenziyalovchi organ tegishli hujjatlar ilova qilingan litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza olingan kundan boshlab besh kun mobaynida litsenziyani qayta rasmiylashtiradi.
29. Yoʻqolgan yoki yaroqsiz holga kelgan litsenziya oʻrniga litsenziatning arizasiga koʻra ariza olingan kundan eʼtiboran besh ish kuni ichida litsenziyalovchi organ tomonidan dublikat beriladi.
Litsenziya dublikatini berishda yigʻim undirilmaydi.
6-bob. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish
30. Litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat litsenziyalovchi organ tomonidan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
31. Litsenziyalovchi organ litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilishda oʻz vakolatlari doirasida quyidagilarga haqli:
kripto-birjalardan kripto-aktivlar aylanmasi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini talab qilish;
Keyingi tahrirga qarang.
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish;
Keyingi tahrirga qarang.
litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish chogʻida paydo boʻladigan masalalar yuzasidan litsenziatdan zarur axborotni soʻrash va olish;
tekshirishlar natijalari asosida, litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlarining aniq buzilishlarini koʻrsatgan holda dalolatnomalar (maʼlumotnomalar) tuzish;
litsenziatga aniqlangan buzilishlarni bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarorlar chiqarish, bunday buzilishlarni bartaraf etish muddatlarini belgilash;
qonun hujjatlarida belgilangan hollarda litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish yoki litsenziyani bekor qilish masalasi boʻyicha qaror chiqarish va (yoki) sudga murojaat qilish;
Keyingi tahrirga qarang.
litsenziyasiz kripto-birjalar faoliyati amalga oshirilayotganligi toʻgʻrisida aniqlangan faktlar haqidagi maʼlumotlarni belgilangan tartibda tegishli organlarga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan choralar koʻrilishi uchun yuborish.
Keyingi tahrirga qarang.
32. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirishda litsenziyalovchi organ xodimlari tomonidan ikki nusxada dalolatnoma tuziladi, ularning bittasi litsenziatga beriladi, ikkinchi nusxasi litsenziyalovchi organda qoladi.
7-bob. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish va litsenziyani bekor qilish
33. Litsenziyaning amal qilishi quyidagi hollarda toʻxtatib turilishi mumkin:
litsenziat litsenziya bitimida nazarda tutilgan litsenziya talablari va shartlarini buzganligi aniqlanganda;
litsenziyalovchi organning aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini litsenziat zimmasiga yuklovchi qarori litsenziat tomonidan bajarilmaganda.
34. Litsenziyaning amal qilishi quyidagi hollarda tugatiladi:
litsenziat litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilganda;
yuridik shaxs tugatilganda — tugatilgan paytdan eʼtiboran yoki uning faoliyati qayta tashkil etish natijasida tugatilganda — qayta tashkil etilgan paytdan eʼtiboran, bundan uning oʻzgartirilishi, shuningdek yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sanasida qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxslarda faoliyatning ayni bir litsenziyalanadigan turini amalga oshirish uchun litsenziya mavjud boʻlgan taqdirda qoʻshib yuborilishi mustasno;
litsenziat litsenziya shartnomasida nazarda tutilgan litsenziya talablarini va shartlarini muntazam ravishda yoki bir marotaba qoʻpol ravishda buzganda;
litsenziat litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishiga olib kelgan holatlarni belgilagan muddatda bartaraf etmaganda.
35. Litsenziya quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin:
ushbu Nizomning 21-bandida nazarda tutilgan holda;
litsenziat litsenziyaning amal qilishini bekor qilish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilganda;
litsenziya soxta hujjatlardan yoki ishonchsiz maʼlumotlardan foydalanilgan holda olinganligi fakti aniqlanganda.
36. Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish va bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Litsenziyaning amal qilishi tugatilganda va litsenziya bekor qilinganda toʻlangan davlat boji qaytarilmaydi.
8-bob. Litsenziyalar reyestri
37. Litsenziyalovchi organ litsenziyalar elektron reyestrini yuritadi. Litsenziyalar reyestrida quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi lozim:
yuridik shaxs — litsenziat nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan eri (pochta manzili), elektron pochta manzili, telefon;
taʼsischilarning ustav kapitali (fondi)dagi ulushlari haqida maʼlumot;
litsenziyaning berilgan sanasi va tartib raqami;
litsenziya blanki seriyasi va raqami;
litsenziyani qayta rasmiylashtirish, amal qilishini toʻxtatib turish va qayta tiklash asoslari va sanasi;
litsenziyaning amal qilishini tugatish asoslari va sanasi;
litsenziyaning amal qilishini bekor qilish asoslari va sanasi;
dublikat berish asoslari va sanasi.
38. Litsenziyalar reyestrida mavjud boʻlgan maʼlumotlar litsenziyalovchi organning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi va tanishib chiqish uchun ochiq boʻladi.
9-bob. Litsenziya berganlik uchun davlat boji
39. Litsenziya berganlik uchun davlat boji undiriladi. Davlat boji miqdori litsenziyalovchi organ tomonidan belgilanadi.
40. Davlat boji litsenziyalovchi organning bank valyuta hisob raqamiga chet el yuridik shaxs tomonidan oʻtkaziladi.
10-bob. Yakuniy qoida
41. Ushbu Nizom talablarini buzganlikda aybdor shaxslar qonunchilikka koʻra javobgardirlar.
Kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
Kripto-birja faoliyatini litsenziyalash
SXEMASI
Keyingi tahrirga qarang.
Kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
Kripto-birjalarni apparat-dasturiy realizatsiyasi
TAVSIFI
1. Kompaniya hamda uning faoliyati va rahbariyati haqida maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan maʼlumotnoma.
2. Dasturiy kompleks tavsifi, shuningdek, uning ishlab chiquvchilari haqida qisqa maʼlumot.
3. Dasturiy kompleksdan boshqa davlatlarda foydalanilganligi tarixi.
4. Axborot xavfsizligi insidentlari haqida maʼlumot, koʻlami va oqibatlaridan qatʼiy nazar (jumladan, buzib kirish, xakkerlik hujumlari va boshqa ruxsat berilmagan kirish faktlari).
5. Dasturiy kompleksning oxirgi 6 oy davomida oʻtkazilgan test natijalari (jumladan, “Pentest”ni kirishiga qarshi testlar va boshqa test turlari).
6. Axborot xavfsizligini taʼminlash kompleksining umumiy tavsifi, jumladan:
foydalanuvchilarni avtorizatsiya qilish va ruxsat berilmagan kirish holatlaridan himoya qilish tizimi tavsifi;
uzluksiz testdan oʻtkazish, kod sifatini nazorat qilish, kod yangilanganda xavfsizlikni taʼminlash tizimi tavsifi;
fishing hujumlaridan himoya tizimi tavsifi;
zaxira nusxa koʻchirish tizimi tavsifi.
7. Maʼlumotlar bazalari serverlari tavsifi.
8. Ilovalar serverlari tavsifi.
9. Interfeys foydalanuvchilari va uni amalga oshirish tavsifi.
10. Tashqi dasturiy komplekslar (blokcheynlar bilan) bilan kripto-aktivlarni kiritish-chiqarish uchun integratsiya qilish tizimi tavsifi.
11. Elektron toʻlov tizimlari bilan integratsiya qilish tizimi tavsifi.
12. Marja savdolari uchun imkoniyatlari tavsifi.
13. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirish boʻyicha ichki nazorat qoidalari va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish xalqaro standartlariga muvofiqlikni taʼminlash boʻyicha boshqa chora-tadbirlar (FATF tavsiyalari).
14. Yangi kripto-aktivlarni qoʻshishni texnik amalga oshirish taʼrifi.
15. Yuk hajmini oshirishda masshtablash tizimi tavsifi.
16. Kripto-tokenlarda foydalanuvchi depozitlarini saqlash tizimi tavsifi.
17. Bank depozitlarini saqlash, boshqarish tavsifi va bank dasturiy taʼminoti bilan aloqasi.
18. Bozorni manipulatsiya qilishni oldini olish uchun savdolarni tahlil va monitoring qilish tizimi tavsifi.
19. Savdo botlari va tashqi ilovalar uchun API kirish imkoniyati tavsifi.
20. Market-meykerlar uchun ishlash shartlari va taklif etilayotgan birjada likvidlikni taʼminlash boʻyicha market-meykerlar bilan kelishuvlar mavjudligi tavsifi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2019-y., 10/19/3127/2525-son; 22.02.2019-y., 10/19/3127-1/2657-son, 08.07.2019-y., 10/19/3127-2/3389-son; 20.12.2019-y., 10/19/3127-3/4185-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi,17.05.2021-y., 10/21/3127-4/0464-son, 05.08.2021-y., 10/21/3127-5/0757-son, 22.11.2021-y., 10/21/3127-6/1081-son, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son, 24.12.2021-y., 10/21/3127-7/1197-son)