Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
BANK SIRI TOʻGʻRISIDA
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni olish, saqlash, muhofaza qilish, eʼlon qilish va taqdim etish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Bank siri toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Bank siri toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining bank siri toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-modda. Bank siri
Bank siri bank tomonidan muhofaza qilinadigan quyidagi maʼlumotlardan iboratdir:
oʻz mijozlarining (vakillarining) operatsiyalari, hisobvaraqlari va omonatlariga doir maʼlumotlar;
bank oʻz mijoziga (vakiliga) bank xizmatlari koʻrsatishi munosabati bilan mazkur mijoz (vakil) toʻgʻrisida olgan maʼlumotlar;
mijozning (vakilning) bank seyflari va binolarida saqlab turilgan mol-mulki, uning xususiyati va qiymati haqidagi maʼlumotlar;
mijoz (vakil) topshirigʻiga binoan yoki uning foydasini koʻzlab amalga oshirilgan banklararo operatsiyalar va bitimlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarning banklar oʻrtasida muomalada boʻlishi natijasida maʼlum boʻlib qolgan, boshqa bankning mijoziga (vakiliga) doir maʼlumotlar;
Oldingi tahrirga qarang.
jamgʻarib boriladigan pensiya tizimining ishtirokchilari, pensiya badallarining miqdori va summalarining harakati, fuqarolarning shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi pensiya jamgʻarmalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
(3-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yil 23-sentabrdagi 8-son Qonuniga muvofiq xatboshi bilan toʻldirilgan — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 37-38-son, 280-modda)
4-modda. Uchinchi shaxslar
Bank, uning mijozi (vakili) va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankidan tashqari boshqa barcha shaxslar uchinchi shaxslar hisoblanadi.
5-modda. Bank sirining oshkor qilinishi
Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon qilish, ogʻzaki yoki yozma shaklda yoxud boshqa yoʻsinda tarqatish yoki maʼlum qilish, uchinchi shaxslar eʼtiboriga yetkazish, bunday maʼlumotlarni qoʻlga kiritishi uchun uchinchi shaxslarga bevosita yoki bilvosita, shu jumladan ana shunday maʼlumotlar xizmat vazifasini bajarishi munosabati bilan oʻziga ishonib topshirilgan yoxud maʼlum boʻlib qolgan yoki ushbu Qonunda belgilangan tartibda taqdim etilgan shaxslar tomonidan bunday maʼlumotlarni saqlash tartibining buzilishi oqibatida imkoniyat yaratib berish bank sirining oshkor qilinishi deb hisoblanadi.
Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarning bank tomonidan uchinchi shaxslarga ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda, shuningdek bankka yuridik, buxgalteriya, auditorlik, axborot va maslahat yoʻsinidagi xizmat koʻrsatuvchi shaxslarga maʼlum qilinishi yoki taqdim etilishi, basharti bu ana shunday xizmat koʻrsatish zarur boʻlsa hamda mazkur shaxslar ushbu Qonunning 6-moddasida belgilangan harakatlarni sodir etishdan oʻzlarini albatta tiysalar, bank sirining oshkor qilinishi deb hisoblanmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
6-modda. Bank sirining oshkor qilinishini taqiqlash
Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar xizmat vazifasini bajarishi munosabati bilan oʻziga ishonib topshirilgan yoki maʼlum boʻlib qolgan yoxud ushbu Qonunda belgilangan tartibda taqdim etilgan shaxslar tomonidan bu maʼlumotlarning oshkor qilinishi yoki ulardan shaxsiy maqsadda yoxud uchinchi shaxslarning manfaatlari yoʻlida foydalanilishi taqiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki zimmasiga qonun bilan yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishi munosabati bilan oʻziga maʼlum boʻlib qolgan, bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni oshkor etishga yoki taqdim etishga haqli emas, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Keyingi tahrirga qarang.
7-modda. Bank sirining muhofaza qilinishi
Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarning muhofaza qilinishi bank tomonidan kafolatlanadi.
Bankning rahbarlari va boshqa xodimlari xizmat vazifasini bajarishi munosabati bilan oʻziga ishonib topshirilgan yoki maʼlum boʻlib qolgan bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni oshkor qilishi, shuningdek mazkur maʼlumotlardan shaxsiy maqsadda yoki uchinchi shaxslarning manfaatlari yoʻlida foydalanishi, uchinchi shaxslarga bunday foydalanish imkoniyatini bevosita yoki bilvosita, shu jumladan ana shunday maʼlumotlarni saqlash tartibini buzish oqibatida yaratib berishi taqiqlanadi.
Bankning rahbari yoki boshqa xodimi bankda ishlash davrida oʻziga maʼlum boʻlib qolgan, bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni uning bank bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingandan keyin ham oshkor qilishga haqli emas.
Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarning tegishli ravishda saqlanishi uchun bank zarur tashkiliy va texnikaviy chora-tadbirlar koʻrishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
Agar bank bilan mijoz (vakil) oʻrtasida nizo kelib chiqqan boʻlsa, bank oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun sudga mijozning (vakilning) bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni zarur hollarda va doirada maʼlum qilishi mumkin.
8-modda. Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni taqdim etish
Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar mijozning (vakilning) oʻziga, u vakolat bergan vakillarga, shuningdek ushbu Qonunda belgilangan tartibda boshqa shaxslarga taqdim etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bank sirini tashkil etuvchi, pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalar toʻgʻrisidagi jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bogʻliq boʻlgan axborot qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etiladi.
(8-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 15-yanvardagi OʻRQ-516-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2019-y., 03/19/516/2484-son)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni, agar bu maʼlumotlar ularning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishi uchun zarur boʻlsa, olishga haqlidir.
(8-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 15-yanvardagi OʻRQ-516-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2019-y., 03/19/516/2484-son)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisidagi bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni, agar bu maʼlumotlar mazkur tashkilotlar faoliyatida qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan nazorat qilish sohasida oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishi uchun zarur boʻlsa, olishga haqlidir.
(8-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 25-apreldagi OʻRQ-405-sonli Qonuniga asosan toʻrtinchi qism bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2016-y., 17-son, 173-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki oʻz mijozlari haqidagi bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni ushbu Qonunda belgilangan tartibda taqdim etadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Kredit axborotini belgilangan tartibda kredit byurolariga taqdim etish bank sirining buzilishi deb hisoblanmaydi;
(8-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yil 10-apreldagi OʻRQ-321-sonli Qonuniga asosan beshinchi qism bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2012-y., 15-son, 163-modda)
9-modda. Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni prokuratura, tergov va surishtiruv organlariga taqdim etish
Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar prokuratura, tergov va surishtiruv organlariga mazkur bank mijoziga (vakiliga) nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi mavjud boʻlgan taqdirda, yetkazilgan zarar undirib olinishini yoki uning mol-mulki xatlanishini taʼminlash maqsadida tergovchi yoxud surishtiruvchining asoslantirilgan qaroriga binoan prokuror sanksiyasi bilan taqdim etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
10-modda. Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni sudga va davlat ijrosiga taqdim etish
(10-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrdagi OʻRQ-446-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 978-modda)
Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar sudga uning yozma soʻrovi asosida, mazkur bank mijoziga (vakiliga) nisbatan sudning ish yurituvidagi ishlar boʻyicha taqdim etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar davlat ijrochisiga uning yozma soʻrovi, shu jumladan elektron hujjat tarzidagi soʻrovi asosida, mazkur bank mijoziga (vakiliga) nisbatan qoʻzgʻatilgan ijro ishi boʻyicha taqdim etiladi.
(10-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrdagi OʻRQ-446-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 978-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
11-modda. Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni davlat soliq xizmati organlariga taqdim etish
Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar davlat soliq xizmati organlariga bank mijoziga (vakiliga) soliq solish masalalariga taalluqli hollarda qonun hujjatlariga muvofiq taqdim etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
12-modda. Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni taqdim etish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni sudga, prokuratura, tergov va surishtiruv organlariga, shuningdek davlat ijrochisiga taqdim etish, buning uchun ushbu Qonunda nazarda tutilgan asoslar boʻlgan taqdirda, ularni soʻrayotgan organga yopiq va muhrlangan konvertda yoki axborot tizimi orqali elektron hujjat tarzida himoyalangan aloqa kanallari vositasida yuborish orqali amalga oshiriladi.
(12-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrdagi OʻRQ-446-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 978-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Kredit axborotini kredit byurolariga taqdim etish kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisidagi shartnoma asosida amalga oshiriladi.
(12-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yil 10-apreldagi OʻRQ-321-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2012-y., 15-son, 163-modda)
13-modda. Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni mijozning (vakilning) merosxoʻrlari yoki huquqiy vorislariga taqdim etish
Mijoz (vakil) toʻgʻrisidagi, bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar uning merosxoʻrlari yoki huquqiy vorislariga, agar ularning oʻzi yoki ular vakolat bergan vakillar qonun hujjatlariga muvofiq meros huquqini yoki huquqiy vorislikni tasdiqlovchi barcha zarur hujjatlarni taqdim etsalar, bank tomonidan taqdim etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Meros huquqini yoki huquqiy vorislikni tasdiqlamaydigan hujjatlar olingan taqdirda, bank murojaat qilgan shaxsni u soʻragan maʼlumotlarni taqdim etish imkoniyati yoʻqligi xususida uch ish kuni ichida yozma ravishda xabardor qilishi shart, shuningdek qoʻshimcha hujjatlar taqdim etishni talab qilishga yoki murojaat etgan shaxsning meros huquqini yoxud huquqiy vorisligini tasdiqlab berish toʻgʻrisidagi yozma soʻrovni tegishli notariusga yoki yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organga yuborishga haqli. Meros huquqini yoki huquqiy vorislikni tasdiqlovchi barcha zarur hujjatlar taqdim etilgan taqdirda, bank murojaat etgan shaxsga besh ish kuni ichida tegishli mijoz (vakil) toʻgʻrisidagi toʻliq maʼlumotlarni berishi va barcha hujjatlarni taqdim etishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
14-modda. Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarning banklar oʻrtasida muomalada boʻlishi
Banklar oʻz faoliyatining xavfsizligini taʼminlash, omonatlarni, kreditlar va boshqa investitsiyalarning qaytarilishini kafolatlash maqsadida oʻz mijozlari (vakillari) toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qonunda belgilangan tartibda va doirada oʻzaro almashib turishlari va bir-birlariga taqdim etishlari mumkin.
Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondiga, shuningdek omonatchilarga pullarni qaytarish tadbir-choralarini koʻrish uchun agent banklarga taqdim etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Boshqa bankning mijozi (vakili) toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olgan bank bunday maʼlumotlarni oshkor qilishga va uchinchi shaxslarga taqdim etishga haqli emas.
15-modda. Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni taqdim etish chegarasi
Bank ushbu Qonunga muvofiq faqat oʻz mijoziga (vakiliga) doir, bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni taqdim etadi, bunda mijozning (vakilning) bankda saqlanayotgan hujjatlarida boshqa shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlsa, bunday maʼlumotlar ham mijozga (vakilga) doir maʼlumotlar deb hisoblanadi.
16-modda. Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar taqdim etishni rad qilish
Agar bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni taqdim etish toʻgʻrisidagi talab ushbu Qonunning qoidalariga muvofiq boʻlmasa, bank bunday maʼlumotlar taqdim etishni rad qilishi shart.
Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni taqdim etishni rad qilganlik ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shuningdek ularning mansabdor shaxslari bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni soʻrash va olishga haqli emas, ushbu Qonunda koʻrsatilgan hollar bundan mustasno.
17-modda. Nizolarni hal qilish
Bank siri bilan bogʻliq nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
18-modda. Bank siri toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Keyingi tahrirga qarang.
Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar xizmat vazifasini bajarishi munosabati bilan oʻziga ishonib topshirilgan yoki maʼlum boʻlib qolgan shaxsning bu maʼlumotlarni noqonuniy ravishda oshkor qilganligi yoxud ulardan noqonuniy foydalanganligi hamda bank mijoziga (vakiliga) zarar yetkazganligi qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 30-avgust,
530-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-y., 9-10-son, 144-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 37-38-son, 280-modda; 2009-y., 39-son, 423-modda; 2012-y., 15-son, 163-modda; 2016-y., 17-son, 173-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2019-y., 03/19/516/2484-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 29.06.2021-y., 03/21/697/0607-son, 12.04.2022-y., 03/22/762/0290-son; 21.09.2024-y., 03/24/964/0736-son; 19.02.2025-y., 03/25/1031/0160-son; 24.06.2025-y., 03/25/1070/0536-son; 17.12.2025-y., 03/25/1102/1173-son; 14.07.2026-y., 03/26/1158/0727-son)