Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mamlakatda iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, raqobatbardoshlikni oshirish, iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish jarayonlarini chuqurlashtirish, investitsiyalarni, avvalambor iqtisodiyotning bazaviy va tarkibiy asosini tashkil etuvchi sohalarga jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga yoʻnaltirilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bunda, iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish, fond bozorini rivojlantirish va sogʻlom raqobat muhitini yaratish faol investitsiya siyosatini olib borish, jamiyat va davlat faoliyatining barcha sohalarini jadal va barqaror rivojlantirish uchun asos hisoblanadi.
Shu bilan birga, bir davlat organi doirasida davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi hamda qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish funksiyalarining jamlanishi tizimli muammolarning toʻplanishiga olib keldi, shu jumladan:
birinchidan, ustav kapitalida davlat ulushi boʻlgan korxonalarning (keyingi oʻrinlarda — davlat ishtirokidagi korxonalar) kundalik xoʻjalik faoliyatiga davlat organlari aralashuvining yuqori darajadaligi, bozor tendensiyalariga moslashuvchanlik va sezuvchanlikning yoʻqligi, davlat ishtirokidagi korxonalarning soliq va bojxona, shu jumladan yakka tartibdagi xususiyatga ega boʻlgan imtiyozlarga haddan tashqari bogʻliqligi;
ikkinchidan, strategik rejalashtirish, xavf-xatarlarni tahlil qilish va boshqarish tizimining yoʻqligi, shu jumladan ishlab chiqarishning past texnik darajasi, koʻplab ixtisoslikka kirmaydigan aktivlar mavjudligi, moliyaviy resurslarning ishlab chiqarishga taalluqli boʻlmagan maqsadlarga yoʻnaltirilishi sababli davlat ishtirokidagi korxonalarning investitsiyaviy jozibadorligi pastligi;
uchinchidan, davlat aktivlarini hisobga olishning tartibli tizimi yoʻqligi, xususiylashtirish jarayonlarini boshqarish samaradorligining pastligi, faoliyat koʻrsatmayotgan korxonalar va boʻsh yotgan obyektlarning ishlab chiqarish faoliyatini tiklash uchun institutsional salohiyatning sustligi;
toʻrtinchidan, monopoliyaga qarshi qonun hujjatlari buzilishi holatlari boʻyicha oʻz vaqtida va samarali tekshiruvlar oʻtkazish uchun vakolatli organda huquqlar va institutsional potensialning yetarli emasligi;
beshinchidan, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarning xalqaro standartlar va bugungi kun talablariga javob bermasligi, qonun hujjatlarining raqobatga taʼsirini baholash tizimining yoʻqligi hamda tovar va moliya bozorlarini tahlil qilish usullarining eskirganligi;
oltinchidan, xoʻjalik yurituvchi subyektlarda monopoliyaga qarshi qonun hujjatlari buzilishining oldini olishga doir korporativ standartlarni (monopoliyaga qarshi komplayens) joriy etish boʻyicha tizimli ishlarning, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish, raqobat huquqi va siyosati, shuningdek isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida kadrlarni tayyorlashning barqaror tizimi yoʻqligi;
yettinchidan, mamlakat kapital bozorining hozirgi holati iqtisodiyotning real sektoriga uzoq muddatli va toʻgʻridan-toʻgʻri, shu jumladan xorijiy investitsiyalarni jalb etish boʻyicha mavjud imkoniyat va salohiyatdan foydalanishga imkon bermayapti, koʻzlangan islohotlarni samarali amalga oshirish va respublikani jadallik bilan innovatsion rivojlantirishga toʻsiq boʻlmoqda.
Institutsional va tarkibiy islohotlarni jadallik bilan amalga oshirish, davlat aktivlarini boshqarishning samarali mexanizmlarini joriy etish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish, kapital bozorining ishonchli ishlash tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida, shuningdek 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Davlat raqobat qoʻmitasi), Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi va Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazi (keyingi oʻrinlarda — Davlat aktivlarini boshqarish markazi) negizida:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligini (keyingi oʻrinlarda — Davlat aktivlarini boshqarish agentligi) tashkil etish va unga tugatilayotgan Davlat raqobat qoʻmitasi va Davlat aktivlarini boshqarish markazining shtat birliklari, shuningdek davlatning, shu jumladan xorijdagi aktivlarini boshqarish, xususiylashtirish tadbirlarini amalga oshirish (xususan, davlat ulushlarini sotish), davlat mulklarini ijaraga berish, davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruvni joriy etish, davlat ishtirokidagi iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish, bankrotlik, baholash faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni taʼminlash, mulkni baholash standartlarini tasdiqlash va rieltorlarni sertifikatlash boʻyicha vazifa, funksiya va vakolatlarini oʻtkazish;
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band “a” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-apreldagi PF-6207-sonli Farmoniga asosan 2021-yil 1-maydan chiqariladi — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.04.2021-y., 06/21/6207/0334-son)
b) Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi yurituviga Tadbirkorlik faoliyati asoslarini oʻqitish respublika markazini berish;
v) tugatilayotgan Davlat raqobat qoʻmitasining quyidagi:
boʻsh turgan va qurilishi tugallanmagan obyektlarni xatlovdan oʻtkazish va aniqlash hamda ularning ishlab chiqarish faoliyati samaradorligini oshirish funksiyasini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasiga;
foydalanilmayotgan obyektlardan samarali foydalanish, shuningdek boʻsh turgan va qurilishi tugallanmagan obyektlarning ishlab chiqarish faoliyatini tiklashga qaratilgan investitsiya loyihalari (“Yoʻl xaritalari”)ni ishlab chiqish boʻyicha idoralararo komissiyalarning ishchi organi sifatidagi funksiyasini Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasiga berish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
a) davlat aktivlarini boshqarish, davlat ishtirokidagi iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish sohasida:
davlat ishtirokidagi korxonalarning ustav kapitalidagi davlat ulushini boshqarishning bozor mexanizmlarini ishlab chiqish;
davlat ishtirokidagi korxonalarda zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini joriy etish, ushbu korxonalar faoliyatining samaradorligi uchun ularning boshqaruv organlari masʼuliyatini oshirish;
davlat ishtirokidagi korxonalarni xususiylashtirishdan oldin tayyorlashning, shu jumladan ularning jozibadorligini va ularni boshqarishning samaradorligini oshirishni koʻzda tutuvchi samarali mexanizmlarini joriy etish boʻyicha xorijiy, xalqaro institutlar va kompaniyalar bilan samarali ishlashni tashkil etish;
davlat ishtirokidagi korxonalarning ustav kapitalidagi davlat ulushlarini bosqichma-bosqich qisqartirish, samarali va shaffof xususiylashtirishni taʼminlash;
davlat ishtirokidagi iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish, ular faoliyati samaradorligini oshirish dasturlarini ishlab chiqish va ularni amalga oshirishda qatnashish;
b) raqobatni rivojlantirish va monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish sohasida:
bozorning barcha ishtirokchilariga tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun teng imkoniyatlarni taqdim qilish, ruxsat berish tartib-tamoyillarini soddalashtirish va davlat xizmatlari koʻrsatish hisobiga ularga teng shart-sharoitlar va xoʻjalik faoliyati erkinligi berilishini taʼminlash;
ishlab chiqariladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning sifatini oshirish, narxlarning asossiz oshib ketishini cheklash va shu hisobidan ichki talabni yuqori darajada qondirishni taʼminlash uchun sharoit yaratish;
tovar va moliya bozorlarida faoliyat yuritayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar ustav kapitalidagi (fondidagi) davlat ishtirokini kamaytirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish;
v) kapital bozorini rivojlantirish sohasida:
kapital bozorini rivojlantirishning yaxlit strategiyasini shakllantirish va ushbu sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
kapital bozorining samarali infratuzilmasi shakllanishida koʻmaklashish;
ikkilamchi qimmatli qogʻozlar bozorini jadal rivojlantirish va uning koʻlamini kengaytirish, korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish;
korporativ boshqaruv va kapital bozorini tartibga solish sohasida xalqaro aloqalarni rivojlantirish.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Quyidagilar Davlat aktivlarini boshqarish agentligining asosiy vazifalari etib belgilansin:
davlat aktivlarini boshqarish va xususiylashtirish boʻyicha vakolatli davlat organi sifatida yagona davlat siyosatini yuritish;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat mulki hisobini yuritish, boshqarish va xususiylashtirish jarayonlarini raqamlashtirish;
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-maydagi PF-78-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 06/26/78/0454-son)
davlat ulushiga nisbatan aksiyador (ishtirokchi) vazifasini amalga oshirish, aksiyador (ishtirokchi) vazifalari Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq maxsus vakolatli davlat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan amalga oshiriladigan hollar bundan mustasno;
ilgʻor xorijiy tajriba asosida davlat ishtirokidagi korxonalarda zamonaviy korporativ boshqaruvning shakl va usullarini joriy qilish, ularni boshqarishda kuzatuv kengashi va aksiyadorlarning rolini tubdan oshirish;
davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari va davlat unitar korxonalarini isloh qilishda ishtirok etish, ularda samarali dividend siyosatining yuritilishini muvofiqlashtirish, korxonalarning operatsion samaradorligini oshirish, xaridlar hamda investitsiya loyihalarining samaradorligini oshirish;
davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatining samaradorligi va shaffofligini taʼminlash, boshqaruv tuzilmasini optimallashtirish, yuqori daromadlilik va kapitallashuv darajasini oshirish, sohaga kirmaydigan va foydalanilmayotgan aktivlarini chiqarib tashlashga qaratilgan rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqish va tasdiqlashni muvofiqlashtirish;
davlat manfaatlarini taʼminlagan holda, respublika mulki jumlasiga kiruvchi davlat aksiya paketlarini (ulushlarini) ishonchli boshqaruvga berishni tashkil etish;
davlat aktivlarini ijaraga berishning ochiq va shaffof mexanizmini taʼminlash;
davlat ishtirokidagi korxonalarning obligatsiya va aksiyalarini chiqarish va realizatsiya qilish, shu jumladan mahalliy va xorijiy fond birjalarida IPO/SPO boʻyicha emissiyalarni joylashtirish hisobiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni, shuningdek portfel investitsiyalarni jalb qilish;
davlat aktivlarini ochiq va shaffof xususiylashtirish orqali ularning iqtisodiyotdagi ulushini muttasil qisqartirib borish, xususiylashtirish tartib-taomillarini soddalashtirish hamda investorlar tomonidan qabul qilingan investitsiya va ijtimoiy majburiyatlar bajarilishini monitoring qilish, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik boʻyicha takliflarni tayyorlashda ishtirok etish;
tahlil asosida davlat ishtirokidagi faoliyat yuritmayotgan, past rentabelli va zarar koʻrib ishlayotgan korxonalarni aniqlash, moliyaviy sogʻlomlashtirish hamda ularning faoliyati samaradorligini oshirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish;
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning oʻn uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-maydagi PF-78-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 06/26/78/0454-son)
baholovchi va rieltorlar xizmatini sertifikatlashtirish, ularning faoliyatini rivojlantirish choralarini koʻrish;
davlat mulkidan foydalanish samaradorligini oshirish va bu toʻgʻrisida jamoatchilikni xabardor qilishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)
4. Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish jamgʻarmasi negizida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan budjetdan tashqari Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etilsin.
Belgilansinki, tugatilayotgan Davlat raqobat qoʻmitasining budjetdan tashqari jamgʻarmasi va Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish jamgʻarmasidagi mablagʻlar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining budjetdan tashqari jamgʻarmalari oʻrtasida teng taqsimlanadi.
5. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
davlat mulki ijarasidan tushadigan mablagʻlar, ijara toʻlovini toʻlash kechiktirilganligi uchun penya va shartnoma majburiyatlari buzilganlik uchun jarimalar summasi;
Oldingi tahrirga qarang.
korxonalarni, xoʻjalik jamiyatlarining ustav fondlaridagi aksiyalar (ulushlar)ni, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkasiga boʻlgan ijara va mulk huquqini hamda davlat mulki hisoblanadigan boshqa mulklarni (keyingi oʻrinlarda — davlat aktivlari) sotishdan tushgan mablagʻlar;
(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi PF-101-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son)
Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ilgari berilgan qarzlar boʻyicha qarzdorlar tomonidan asosiy summa va ular boʻyicha hisoblangan foizlar tarzida qaytarilgan tushumlar;
tuzilgan va bekor qilingan davlat aktivlari oldi-sotdi shartnomalari (bitimlari), berilgan qarzlar boʻyicha tushgan penyalar va jarimalar;
xoʻjalik jamiyatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tugatilgandagi davlat ulushi boʻyicha tushumlar;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat aktivlarini sotish boʻyicha oldi-sotdi shartnomalarini (birja bitimlarini) imzolashdan bosh tortgan yoki uni rad etgan savdo gʻoliblaridan ushlab qolingan zakalat summalari;
(5-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-70-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2025-y., 06/25/70/0375-son)
davlat aktivlarini sotishda ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tomonidan shartnoma majburiyatlari buzilganligi uchun neustoyka summalari;
Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ilgari oʻtkazilgan mablagʻlar qaytarilgandagi tushumlar;
Jamgʻarma mablagʻlarini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
Xalqaro institutlar va tashkilotlarning, yuridik va jismoniy shaxslarning grant mablagʻlari hamda homiylik xayriyalari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
6. Jamgʻarma mablagʻlarini taqsimlash quyidagi nisbatlarda amalga oshirilishi belgilansin:
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
a) davlat mulki ijarasidan tushadigan mablagʻlar davlat mulki hisoblangan moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari bundan mustasno (maktabgacha va maktab taʼlimi tizimi muassasa va tashkilotlaridan tashqari):
(6-band “a” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF-51-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.03.2025-y., 06/25/51/0261-son)
40 foiz — davlat mulkini balans saqlovchisiga;
25 foiz — tegishli mahalliy budjet daromadiga;
Oldingi tahrirga qarang.
20 foiz — Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markaziga;
(6-band “a” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)
Oldingi tahrirga qarang.
a1) maktabgacha va maktab taʼlimi tizimidagi muassasa va tashkilotlar mulki ijarasidan tushadigan mablagʻlar:
75 foiz — davlat mulkini balans saqlovchisiga;
25 foiz — tegishli mahalliy budjet daromadiga.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF-51-sonli Farmoniga asosan “a1” kichik band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.03.2025-y., 06/25/51/0261-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
b) davlat aktivlarini sotishdan tushadigan mablagʻlarning (ushbu bandning “v”-“g” kichik bandlari bundan mustasno):
92 foizi — Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetiga;
5 foizi — Jamgʻarmaga;
Oldingi tahrirga qarang.
3 foizi — Sport vazirligi huzuridagi Sportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga;
(6-band “b” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
v) hududi 10 000 kvadrat metrgacha boʻlgan davlat koʻchmas mulk obyektlari (ushbu bandning “v1” kichik bandi hamda xususiylashtirish uchun Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʻtkazilgan davlat ishtirokidagi korxonalarning koʻchmas mulk obyektlari bundan mustasno), shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qabul qilinadigan qarorlari asosida sotiladigan davlat koʻchmas mulk obyektlarini sotishdan tushadigan mablagʻlar:
(6-band “v” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)
90 foizi — tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy budjetlariga hamda obyekt joylashgan tuman (shahar) mahalliy budjetiga teng ulushlarda;
10 foizi — Jamgʻarmaga;
(6-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi PF-101-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son)
Oldingi tahrirga qarang.
v1) mahalladagi maydoni 2 000 kvadrat metrgacha boʻlgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini hokim yordamchilarining onlayn-buyurtmanomasiga asosan sotishdan tushadigan mablagʻlar tegishli mahallalarning Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamgʻarmalariga;
v2) xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Qoraqalpogʻiston Respublikasida joylashgan davlat aktivlarini (bundan ushbu bandning “v” kichik bandi mustasno) sotishdan tushgan mablagʻlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish hududiy jamgʻarmasiga;
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-yanvardagi PF-13-sonli Farmoniga asosan “v1” va “v2” kichik bandlar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.01.2023-y., 06/23/13/0051-son)
Oldingi tahrirga qarang.
g) qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkasiga boʻlgan ijara yoki mulk huquqini sotishdan tushgan mablagʻlarni taqsimlash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
d) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli hujjatlarida Jamgʻarmaning umumiy mablagʻlari hisobidan yoki aniq davlat aktivini sotishdan tushgan mablagʻlarni boshqa maqsadlarga toʻliq yoki qisman yoʻnaltirish koʻzda tutilgan taqdirda, mazkur bandning “b” — “v2” kichik bandlari mablagʻlarning qolgan qismiga nisbatan tatbiq etiladi.
(6-bandning “d” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-yanvardagi PF-13-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.01.2023-y., 06/23/13/0051-son)
7. Belgilansinki, Jamgʻarma mablagʻlari:
xoʻjalik jamiyatlarini xususiylashtirishdan oldin tayyorlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirishga, jalb qilinadigan, shu jumladan xorijiy mutaxassislar va konsalting tashkilotlariga;
Davlat aktivlarini boshqarish agentligining maʼmuriy va boshqaruv funksiyalarini amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni, shu jumladan davlat mulki elektron maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish boʻyicha xarajatlarini qoplashga;
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy taʼminlash, shu jumladan ular tomonidan uy-joy sotib olishlari uchun imtiyozli moliyalashtirish, shuningdek Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbarlari va mutaxassislarini oʻqitish, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishga sarflanadi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi ikki oy muddatda yuridik shaxslar hisobi va reyestrini yuritish tizimini takomillashtirish, bunda avvalo davlat korxonalari, ustav kapitalida (fondida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiqni tashkil etuvchi yuridik shaxslar, shuningdek ustav kapitalida (fondida) 50 foiz va undan ortiq ulush 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega yuridik shaxsga tegishli boʻlgan yuridik shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hisobining yuritilishini taʼminlash yuzasidan amaliy choralar koʻrsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan birgalikda ikki hafta muddatda quyidagilar faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari loyihalarini kiritsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi;
b) Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2019-yil 1-iyulga qadar iqtisodiyot tarmoqlarini davlat tomonidan tartibga solishni yanada takomillashtirish, shu jumladan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ishlab chiqarish va moliyaviy faoliyatini cheklaydigan qonunchilik normalarini bekor qilish boʻyicha takliflarni kiritsin;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi bilan birgalikda 2019-yil 1-iyulga qadar davlat, shu jumladan unitar korxonalarni xatlovdan oʻtkazsin, bunda ushbu korxonalarning faoliyat maqsadlaridan kelib chiqib, ularni davlat muassasalari yoki xoʻjalik jamiyatlariga aylantirish va keyinchalik ularning ustav kapitali (fondi)dagi aksiyalar paketlari (ulushlarini) Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʻtkazishni taʼminlash;
g) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi va Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda boʻsh turgan va samarasiz foydalanilayotgan obyektlarni tiklash va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga koʻmaklashish funksiyalarini amalga oshirish boʻyicha takliflar kiritsin.
10. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi:
a) mazkur Farmonga muvofiq tugatilayotgan tashkilotlar bilan birgalikda ikki oy muddatda ularning mol-mulkini qabul-qilish va topshirishni taʼminlasin;
b) 2019-yil 1-martga qadar tegishli sohalardagi kompleks kamchiliklarni, shuningdek maqsadli koʻrsatkichlar (indikatorlar) va ularga erishishning qadamba-qadam mexanizmlarini koʻrsatgan holda 2019-yil uchun mos ravishda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin;
v) ikki oy muddatda “Elektron hukumat” tizimiga taqdim etilishi va kiritilishi lozim boʻlgan maʼlumotlar tarkibi boʻyicha takliflarni belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga kiritsin, shuningdek Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimining belgilangan protokol boʻyicha platforma formatida majburiy qoʻllanilishini taʼminlasin;
g) Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2019-yil 1-iyulga qadar:
qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu Farmonga muvofiqlashtirishni taʼminlasin.
11. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzurida qimmatli qogʻozlar bozori ishlashini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Markazini tashkil etish toʻgʻrisida” 1996-yil 26-martdagi PF-1414-son Farmoni;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 18-apreldagi PF-5016-son Farmoni.
12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 14-yanvar,
PF-5630-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2019-y., 06/19/5630/2474-son; 27.05.2020-y., 06/20/6000/0673-son; 14.04.2021-y., 06/21/6207/0334-son, Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2021-y., 06/21/6258/0651-son, 30.12.2021-y., 06/21/42/1224-son, 30.12.2021-y., 06/21/45/1228-son; 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son; 24.01.2023-y., 06/23/13/0051-son, 02.02.2023-y., 06/23/16/0067-son; 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son; 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son; 13.07.2023-y., 06/23/109/0469-son; 03.01.2024-y., 06/24/221/0003-son, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son; 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son; 21.03.2025-y., 06/25/51/0261-son; 22.04.2025-y., 06/25/70/0375-son; 07.05.2026-y., 06/26/78/0454-son)