Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida Malaka oshirish markazi va “Ziyo” media markazini tashkil etish hamda ularning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 16-apreldagi PF-5416-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, diniy soha xodimlari, oliy, oʻrta maxsus, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ajdodlarimizning islom va jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan boy diniy-ilmiy merosini keng targʻib qilish, diniy-maʼrifiy hayotdagi yangiliklarni jamoatchilikka yetkazish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 16-apreldagi PF-5416-son Farmoniga muvofiq:
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi (keyingi oʻrinlarda Akademiya deb ataladi) huzurida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Samarqand, Namangan va Surxondaryo viloyatlari mintaqaviy filiallariga ega boʻlgan muassasa shaklidagi Malaka oshirish markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) tashkil etilganligi;
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi “Ziyo” media markazi mamlakatimizda dinning asl insonparvarlik mohiyatini, ajdodlarimizning islom va jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan boy diniy-ilmiy merosini keng targʻib qiluvchi, diniy-maʼrifiy hayotdagi yangiliklarni jamoatchilikka yetkazuvchi muassasa shaklidagi asosiy media tuzilma sifatida shakllantirilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Belgilansinki, Markaz va uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Samarqand, Namangan va Surxondaryo viloyatlaridagi yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan mintaqaviy filiallarida (keyingi oʻrinlarda mintaqaviy filiallar deb ataladi)da diniy soha xodimlari, shuningdek mazkur sohada faoliyat yurituvchi davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlari, oliy, oʻrta maxsus, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining sohaga oid pedagog kadrlari (keyingi oʻrinlarda diniy soha xodimlari deb ataladi) qayta tayyorgarlikdan oʻtadi va malaka oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Quyidagilar:
a) Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
diniy soha xodimlarini islom tarixi va manbashunoslik, qurʼonshunoslik va hadisshunoslik hamda fiqh va kalom ilmi kabi yoʻnalishlar boʻyicha qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
“Jaholatga qarshi maʼrifat” gʻoyasi ostida dinning asl taʼlimoti, ezgulik gʻoyalari, oʻzaro hurmat, tinchliksevarlik va bagʻrikenglik tamoyillarini targʻib etish hamda ular asosida yoshlarni tarbiyalash, davlat va nodavlat notijorat tashkilotlarida targʻibot ishlariga masʼul kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
davlat va jamiyat barqarorligi, umumjahon xavfsizligiga tahdid solayotgan yot gʻoyalar, din niqobi ostiga yashiringan unsurlarning asl maqsadlarini fosh etuvchi, ularga qarshi maʼrifat bilan kurashish gʻoyasining asl mohiyatini koʻrsatish, chuqur ilmiy asoslarga tayangan targʻibot ishlarini olib boruvchi ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etish;
respublikada diniy muhitni yanada sogʻlomlashtirish, oʻsib kelayotgan yosh avlodni maʼnaviy-axloqiy jihatdan barkamol etib, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlarini tubdan yaxshilash boʻyicha doimiy ish olib borish;
ilmiy asoslangan, islom dinining asl taʼlimotini oʻzida mujassam etgan bilimlarni qamrab olgan oʻquv reja, oʻquv dastur, oʻquv qoʻllanmalari hamda taqdimot materiallarini ishlab chiqish;
kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslarida taʼlim berish uchun malakali professor-oʻqituvchilar, sohaning taniqli mutaxassislarini jalb etish;
Keyingi tahrirga qarang.
b) “Ziyo” media markazining asosiy vazifalari etib belgilansin:
mamlakatimizda islom madaniyati, ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk allomalarimiz merosini, muqaddas qadamjolar va ziyoratgohlarni obod etish, muqaddas dinimiz musaffoligini asrash, aholi, ayniqsa, yoshlarni Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarimizga hurmat hamda turli millat va eʼtiqod vakillariga nisbatan bagʻrikenglik ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni keng targʻib etish;
xalqimizning diniy savodxonligini oshirish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlar va bunyodkorlik ishlari bilan aholini yaqindan tanishtirib borish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan chuqur falsafiy va ibratga yoʻgʻrilgan ilmiy-ommabop va badiiy koʻrsatuvlar tayyorlash;
bugungi globallashuv davrida insoniyat hayotiga xavf solayotgan muammolar hamda oilaviy, odob-axloq va yosh avlod tarbiyasining dolzarb masalalarga oid tok-shoular hamda din sohasi vakillari, soha mutaxassislari va olimlari bilan davra suhbatlari, bahs-munozaralar, muloqotlar, uchrashuvlar tashkil etish va ularni teleradiokanallarda efirga uzatib borilishini taʼminlash;
aholi, xususan yoshlarni gʻarazli kuchlar va oqimlarning taʼsiridan asrash, terrorizm va ekstremizm gʻoyalarining asl maqsadlarini fosh etish, har xil oqimlardan, shu jumladan, “ommaviy madaniyat”ning zararli illatlaridan himoya etishga yoʻnaltirilgan maxsus koʻrsatuv va roliklar tayyorlash.
4. Quyidagilar:
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazining mintaqaviy filiallari namunaviy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi “Ziyo” media markazining tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
Oldingi tahrirga qarang.
Akademiya rektoriga, zarur hollarda, Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda Din ishlari qoʻmitasi deb ataladi) va Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bilan kelishilgan holda mazkur qarorga 1, 2 va 3-ilovalarda nazarda tutilgan tuzilmalarga xodimlarning umumiy cheklangan soni hamda mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
(4-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-maydagi 193-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.05.2023-y., 09/23/193/0260-son)
5. Belgilansinki:
Markaz direktori va uning mintaqaviy filiallari rahbarlari Akademiya rektori tomonidan Din ishlari boʻyicha qoʻmita hamda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bilan kelishilgan holda lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
Keyingi tahrirga qarang.
Markaz va uning mintaqaviy filiallari xodimlariga oliy taʼlim muassasalarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash miqdorlari va shartlari tatbiq etiladi. Bunda, bir nafar oʻqituvchi hisobiga toʻgʻri keladigan tinglovchilar nisbatining cheklangan normativlari oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan bir nafar oʻqituvchi hisobiga talabalar soni nisbatining cheklangan normativlaridan 25 foiz past etib belgilanadi;
Keyingi tahrirga qarang.
qonun hujjatlariga muvofiq taʼlim jarayoniga oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari hamda diniy-maʼrifiy sohadagi yetakchi mutaxassislar jalb etilganda, ularga belgilangan tartibda soatbay asosida ish haqi toʻlanadi;
“Ziyo” media markazi xodimlariga Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi xodimlari uchun nazarda tutilgan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari tatbiq etiladi.
6. Quyidagilar Akademiya huzuridagi Malaka oshirish markazi va uning mintaqaviy filiallari faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlovlarning natijalari boʻyicha ajratiladigan grantlar;
taʼlim xizmatlari koʻrsatishdan, ilmiy-oʻquv, oʻquv-metodik, ilmiy va axborot-tahliliy mahsulotlarni ishlab chiqarish va ustavi boʻyicha boshqa faoliyat turlaridan olinadigan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya institutlari, xorijiy va donor tashkilotlarning grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Akademiya huzuridagi Malaka oshirish markazi va uning mintaqaviy filiallarini saqlash xarajatlarini 2019-yilda ijtimoiy soha boʻyicha tasdiqlangan budjet parametrlari doirasida ajratsin, 2020-yildan boshlab esa Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Markazga 2 ta, shu jumladan 1 ta xizmat va 1 ta maxsus avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratsin;
Akademiya huzuridagi “Ziyo” media markazida zamonaviy televizion va ovoz yozish uskunalari bilan jihozlangan telestudiya hamda ovoz yozish studiyasini tashkil etish uchun zarur mablagʻlar ajratsin;
Belgilab qoʻyilsinki, Akademiya huzuridagi “Ziyo” media markazi faoliyatini saqlash xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarining tegishli yilga “Madaniyat va ommaviy axborot vositalari” sohasi uchun ajratiladigan mablagʻlari doirasida amalga oshiriladi.
8. Quyidagilar:
Din ishlari boʻyicha qoʻmita Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bilan birgalikda Markaz va uning mintaqaviy filiallari ustavlarini ishlab chiqib, belgilangan tartibda tasdiqlasin va ularning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
Din ishlari boʻyicha qoʻmita hamda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda Markaz va uning mintaqaviy filiallarida oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish uchun salohiyatli va yuqori malakali professor-oʻqituvchilarni jalb etish, ularni oʻquv rejalari va dasturlari, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar va materiallar bilan taʼminlashda amaliy yordam koʻrsatsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Akademiya huzuridagi “Ziyo” media markazi, Markaz va uning mintaqaviy filiallari murojaatlariga asosan ularni belgilangan tartibda zarur aloqa vositalari bilan taʼminlash hamda interaktiv va masofadan oʻqitish uslublarini tatbiq etishi maqsadida keng qamrovli Internet tarmogʻi ulash choralarini koʻrsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi zarur hujjatlar taqdim etilgandan keyin bir oy muddatda Akademiya huzuridagi “Ziyo” media markaziga uchuvchisiz uchish apparatlaridan belgilangan tartibda foydalanishga ruxsat berish toʻgʻrisida xulosa taqdim etsin.
10. Akademiya huzuridagi Malaka oshirish markazi va “Ziyo” media markazi Akademiya binosida tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilishi inobatga olinsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Samarqand, Namangan va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari bir oy muddatda Akademiya huzuridagi Malaka oshirish markazining mintaqaviy filiallarini oʻquv jarayonini tashkil etish uchun mos binolarga joylashtirish choralarini koʻrsin.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Din ishlari boʻyicha qoʻmita manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduxakimov, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi J.K. Akramov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Madaniyat, sanʼat va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 14-yanvar,
25-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 14-yanvardagi 25-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazining
TUZILMASI
Xodimlarning cheklangan umumiy soni (texnik, xizmat koʻrsatuvchi, oʻquv-yordamchi xodimlar va professor-oʻqituvchilar tarkibidan tashqari) — 14 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlari — 11 nafar.
* Markaz xoʻjalik boʻlimining texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlari hamda kafedralarining oʻquv-yordamchi xodimlari soni qonun hujjatlarida oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan normativlarga muvofiq belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 14-yanvardagi 25-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazining mintaqaviy filiallari
NAMUNAVIY TUZILMASI
Xodimlarning cheklangan umumiy soni (texnik, xizmat koʻrsatuvchi, oʻquv-yordamchi xodimlar va professor-oʻqituvchilar tarkibidan tashqari) — 6 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlari — 4 nafar.
* Markaz filiali xoʻjalik boʻlimining texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlari hamda kafedralarining oʻquv-yordamchi xodimlari soni qonun hujjatlarida oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan normativlarga muvofiq belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 14-yanvardagi 25-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi “Ziyo” media markazining
TUZILMASI
“Ziyo” media markazi xodimlarining umumiy cheklangan soni — 19 nafar;
shu jumladan, maʼmuriy-boshqaruv xodimlari soni — 7 nafar.