OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
OʻZBEKISTON MILLIY AXBOROT AGENTLIGI (OʻZA) TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 3-yanvardagi 1-sonli “Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston axborot agentligi (OʻzTAG)ni Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (OʻzA)ga aylantirish toʻgʻrisida” 1992-yil 5-fevraldagi Farmoniga muvofiq hamda respublikaning ichki va tashqi siyosati toʻgʻrisida ishonchli axborotlarni toʻplash va taʼminlashni tashkil etishni yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yuklatilgan vazifalarga muvofiq Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (OʻzA)ga quyidagi huquqlar beriladi:
moddiy-texnika negizini mustahkamlash va ijtimoiy masalalarni hal qilish uchun budjetdan tashqari moliyaviy manbalarning mablagʻlaridan mustaqil foydalanish;
shartnomalar yuzasidan buyurtmachilarga sotiladigan axborot mahsuloti (ishlar, xizmatlar) narxlari va tariflarini belgilash;
rahbarlarni, ijodiy xodimlarni, yuqori malakali mutaxassislar va xizmatchilarni bitim asosida ishga yollash;
axborot mahsulotini, tegishli texnika va asbob-uskunalarni sotib olish, sotish va ayirboshlash, reklama xizmati va boshqa turdagi xizmatlar koʻrsatish yuzasidan tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish.
2. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (OʻzA) toʻgʻrisidagi ilova etilayotgan Nizom tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi markaziy apparati xodimlarining eng koʻp soni, xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari, 150 kishidan iborat qilib belgilansin.
Keyingi tahrirga qarang.
Belgilab qoʻyilsinki, OʻzA mehnat haqi uchun ajratiladigan mablagʻlar doirasida apparat tuzilishini, moddiy ragʻbatlantirish shakllari va shartlarini (turli toifadagi xodimlar soni nisbatini hisobga olmasdan) mustaqil ravishda tasdiqlaydi.
OʻzA bosh direktorining uch nafar oʻrinbosari, jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosari va 9 kishidan iborat hayʼat boʻlishiga ruxsat berilsin, uning shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
OʻzA bosh direktoriga, uning oʻrinbosarlariga va hayʼat aʼzolariga Oʻzbekiston Respublikasi vazirlari, ularning oʻrinbosarlari va hayʼat aʼzolari uchun mos ravishda belgilangan moddiy taʼminot, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish shart-sharoitlari joriy qilinsin.
4. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi belgilangan asosiy vazifalardan va faoliyat yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda bir oy muddat ichida agentlikni boshqarishning tashkiliy tuzilishini takomillashtirish, respublikada, MDH davlatlarida va chet ellarda muxbirlik punktlari shoxobchalarini kengaytirish yuzasidan tadbirlarni amalga oshirsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi:
cheklangan narxlar va tariflarda xizmat haqi toʻlash sharti bilan OʻzAga, uning boʻlinmalariga va muxbirlik punktlariga shartnoma asosida zarur aloqa kanallari va vositalarini bersin;
OʻzA hamda unga qarashli tashkilotlarning xabarlari va fototelegrammalarini Hukumat telegrammalari toifasida uzatishni, telefon soʻzlashuvlarini esa ikkinchi toifa tezkorlikda ulashni taʼminlasin.
6. “Oʻzshartnomasavdo” uyushmasi asoslangan buyurtmalarga koʻra Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga zarur moddiy-texnika resurslari, asbob-uskunalar va jihozlar ajratishni nazarda tutsin.
7. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qoʻmitasi, “Toshkentboshqurilish” OʻzA laboratoriya korpusining ikkinchi navbati qurilishini tugallashni koʻrib chiqsinlar va ikki hafta muddat ichida belgilangan tartibda taklif kiritsinlar.
8. Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1972-yil 13-apreldagi 155-son, 1977-yil 22-dekabrdagi 804-son, 1981-yil 15-iyundagi 507-son, 1986-yil 9-apreldagi 181-son qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari oʻrtoq E.S. Samandarov zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 21-aprel,
202-son
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (OʻzA) toʻgʻrisida
NI3OM
1. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (bundan keyin matnda OʻzA deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasining markaziy davlat axborot agentligi boʻlib, uning axborot sohasidagi faoliyati respublikaning, MDHga kiruvchi mustaqil davlatlarning va xorijiy mamlakatlarning keng doiradagi oʻquvchilariga moʻljallangan.
2. OʻzA oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining qonunlari va qarorlariga, Prezidentning farmonlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi ishtirok etadigan ommaviy axborot vositalariga doir xalqaro shartnomalarga, shuningdek, ushbu Nizomga amal qiladi.
3. OʻzAning bosh vazifasi axborot toʻplash va ularni ommaviy axborot vositalariga, davlat organlariga, muassasalarga, korxonalarga va tashkilotlarga, jamoat birlashmalariga, shuningdek, respublikadagi va uning tashqarisidagi xususiy kishilarga yetkazib berishdan iborat.
OʻzA Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi va Rayosatining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy-siyosiy va boshqa voqealarga baho berishga, ichki va tashqi siyosatning eng muhim masalalariga taalluqli rasmiy hujjatlarini, bayonotlarini va axborotlarini tarqatadi.
OʻzA axborot toʻplash va tarqatishga doir oʻz faoliyatini siyosiy tashkilotlar va jamoat tashkilotlaridan mustaqil ravishda, Oʻzbekiston Respublikasining davlat manfaatlarini nazarda tutib hamda voqealarni xolis va har tomonlama yoritish prinsiplariga, turmushni butun choralar bilan demokratiyalash va odamiy munosabatlarni insonparvarlashtirish negizida jamiyatni jipslashtirish vazifalariga muvofiq ravishda amalga oshiradi.
OʻzA butun faoliyati bilan har bir fuqaroning har qanday masala yuzasidan, avvalo, Oʻzbekiston Respublikasi davlat hokimiyati oliy organlari faoliyati, ularning ichki va tashqi siyosati masalalariga doir haqqoniy va aniq axborot olishdan iborat qonuniy huquqini amalga oshirishni taʼminlaydi.
4. OʻzA oʻz vazifalariga muvofiq:
rasmiy va oʻzga axborotlarni toʻplaydi hamda uni tijorat asosida Oʻzbekiston Respublikasida va chet ellarda tarqatadi;
Oʻzbekiston Respublikasida va chet ellarda axborotnomalar, roʻznomalar, kitoblar, oynomalar, boshqa matbaa mahsulotlarini, kompyuter, foto va audiovizual mahsulotlarni nashr etadi hamda obuna yoʻli bilan va chakana savdo orqali tarqatadi;
oʻzining mavjud mablagʻlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasida va chet ellarda axborot markazlarini, boʻlimlari va muxbirlik punktlarini mustaqil ravishda taʼsis etadi, qayta tashkil etadi va tugatadi;
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat matbuot qoʻmitasi, Tashqi ishlar vazirligi va “UzPAK” maʼlumotlarni uzatish davlat tarmogʻini rivojlantirish va undan foydalanish korxonasi bilan birgalikda Oʻzbekistonning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayoti toʻgʻrisidagi axborotning Internet tarmogʻida tarqatilishini muvofiqlashtiradi;
(4-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 11-martdagi 108-sonli qarori bilan toʻldirilgan)
barcha turdagi axborotlarni toʻplash va tarqatish masalalari yuzasidan xalqaro aloqalarni amalga oshiradi; xorijdagi axborot agentliklari ish tajribasini oʻrganadi;
boshqa agentliklar, shu jumladan, xorijiy agentliklar, ommaviy axborot organlari bilan axborotlarni ayirboshlash shartlari yoki tijorat shartlari bilan barcha turdagi axborotlarni yetkazib berish (qabul qilib olish) toʻgʻrisida, ishlab chiqarish va boshqa sohalarda hamkorlik qilish haqida shartnomalar tuzadi;
tashqi iqtisodiy aloqalar qatnashchisi sifatida roʻyxatga olingan tashkilot sifatida turli shakllarda tashqi iqtisodiy faoliyatni (jumladan, eksport-import aʼmollarini, axborot sohasida vakillik va vositachilik faoliyatini) amalga oshiradi;
chet ellarda tijorat faoliyatini amalga oshirish uchun zarur ishlab chiqarish tuzilmalarini barpo etadi, oʻz xodimlarini xizmat safariga va xorijda ishlash uchun yuboradi, xorijiy fuqarolarni yollaydi yoki bu vazifalarni bitimlar asosida xorijiy agentliklarga, firmalarga va boshqa tashkilotlarga topshiradi.
5. OʻzA amaldagi qonunlarga muvofiq ijodiy va xoʻjalik sohalarida mustaqil boʻlib, oʻz faoliyatining rejalarini ishlab chiqadi, oʻziga biriktirib qoʻyilgan mol-mulkka egalik qiladi, undan foydalanadi va tasarruf etadi, tayyorlangan mahsulotni, olingan daromadlarni, shuningdek, boshqa daromadlarni agentlik oldida turgan vazifalarga asoslanib, mustaqil tasarruf etadi.
Agentlikning boʻlimlari moliya-xoʻjalik jihatidan va kadrlar bilan ishlash masalasida mustaqildir. Ular bilan munosabatlar shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
6. OʻzAning sovet soʻmi va xorijiy valyuta shaklidagi mablagʻlari:
agentlik axborotlari uchun Oʻzbekiston Davlat teleradio kompaniyasidan, ommaviy axborot vositalaridan tushadigan obuna haqi mablagʻlaridan;
agentlikning tijorat faoliyatidan keladigan daromadlardan va oʻziga qarashli korxonalar va tashkilotlar foydasining bir qismidan;
chet ellardagi va MDH mamlakatlaridagi tashkilotlar, firmalar, korxonalar, muassasalar va ayrim fuqarolarning pul, moddiy va madaniy boyliklar va koʻchmas mulk shaklidagi ixtiyoriy badallari, sovgʻalaridan, tushumlar va ajratmalardan;
boshqa tushumlardan tashkil topadi.
7. OʻzA agentlikning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va uning samaradorligini oshirish maqsadida:
oʻz axborotlarini, boshqa matbaa, kompyuter, foto va audiovizual mahsulotlarini hamda boshqa mahsulotlarni nashr etadi va ularni respublikada, xorijda obuna asosida va chakana savdo orqali tarqatadi;
Oʻzbekiston Respublikasi, MDH hududida va chet ellarda korxonalar, tashkilotlar va firmalar, shu jumladan, xorijiy sheriklar bilan birgalikda barpo etadi;
agentlikning binolarini, axborotni tayyorlash va uzatishga tegishli texnikaviy va dasturiy vositalarni Oʻzbekiston Respublikasi hududida ham, chet ellarda ham boshqa tashkilotlarga, firmalarga, agentliklarga va fuqarolarga tijorat asosida foydalanish uchun beradi.
8. OʻzAning amaldagi qonunlarga muvofiq tijorat faoliyati natijasida vujudga kelgan valyuta fondidan agentlikni moddiy-texnikaviy va ijtimoiy rivojlantirish uchun, shu jumladan, ishga jalb etilgan xorijiy fuqarolar xizmatiga haq toʻlash uchun foydalaniladi.
9. OʻzA axborot tarqatish, topshirilgan ish sohasidagi ahvol hamda muayyan vazifalarni bajarish uchun shaxslarning aniq ravshan masʼuliyatini aniqlash bilan bogʻliq barcha masalalarni muhokama etish va hal qilishda kollegial va yakkaboshchilik negizida oʻz ishini tashkil etadi.
10. OʻzAga Bosh direktor boshchilik qiladi, uni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tayinlaydi.
Bosh direktorning uch nafar oʻrinbosari (shu jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosari) boʻladi, ularni bu lavozimlarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tayinlaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Bosh direktor agentlik faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi, jamoa oldida turgan vazifalarning bajarilishini tashkil etadi, OʻzAning barcha xizmatlari va boʻlinmalari hamda oʻziga qarashli korxonalar va tashkilotlar ijro etishlari shart boʻlgan buyruqlar, farmoyishlar, yoʻriqnomalar chiqaradi.
OʻzA Bosh direktori:
amaldagi qonunlarga muvofiq agentlikning tuzilma birliklarini, boʻlimlarini, muxbirlik punktlarini va boshqa oʻziga qarashli korxonalar va tashkilotlarni barpo etadi, qayta tashkil qiladi va tugatadi;
xodimlarning soni va ish haqi fondi doirasida shtat jadvalini tasdiqlaydi;
xodimlarni va xorijiy mutaxassislarni amaldagi qonunlarda belgilangan tartibda hamda ular bilan bitim tuzish asosida Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi va Adliya vazirligi bilan kelishilgan Nizomga muvofiq ishga qabul qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
11. OʻzAda bosh direktor (hayʼat raisi), uning oʻrinbosarlari (lavozimiga koʻra), shuningdek OʻzA faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini muvofiqlashtiruvchi tarkibiy boʻlinmalari rahbarlaridan iborat tarkibda hayʼat tashkil etiladi. Hayʼat tarkibiga axborot faoliyati bilan bogʻliq boshqa davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar va muassasalar, jamoat birlashmalari vakillari ham kirishi mumkin.
Hayʼatning aʼzolari soni va shaxsiy tarkibi bosh direktorning taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Hayʼat quyidagilar bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqadi:
OʻzA faoliyatining respublikada axborot faoliyatini yanada rivojlantirish, axborot toʻplashni takomillashtirish va ommaviy axborot vositalariga, davlat organlariga va boshqa tashkilotlarga oʻz vaqtida, toʻliq va xolisona axborot taqdim etish boʻyicha ushbu Nizomda belgilangan asosiy yoʻnalishlarini tayyorlash va amalga oshirish;
OʻzA nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga kadrlarni tanlash, joy-joyiga qoʻyish, tayyorlash va qayta tayyorlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha ijro intizomini mustahkamlash, ularning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash uchun OʻzA rahbarlari va xodimlarining shaxsiy javobgarligini oshirish.
Hayʼat OʻzA vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ham koʻrib chiqish huquqiga ega.
Hayʼat majlisiga OʻzA vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha boshqa vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar rahbarlari taklif etilishi mumkin.
Hayʼat uning majlisida tarkibining yarmidan koʻpi qatnashgan taqdirda vakolatli boʻladi. Koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha qarorlar oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
Hayʼat qarorlari bosh direktorning buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Bosh direktor va hayʼat aʼzolari oʻrtasida kelishmovchiliklar kelib chiqqan taqdirda bosh direktor oʻz qarorini amalga oshiradi. Bosh direktor paydo boʻlgan kelishmovchiliklar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot beradi. Hayʼat aʼzolari ham oʻz fikr-mulohazalarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xabar qilishlari mumkin.
Hayʼat faoliyati tartibi uning hayʼat tasdiqlaydigan reglamentida belgilanadi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 5-iyundagi 108-son qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 23-son, 183-modda)
12. OʻzA yuridik shaxs hisoblanadi, oʻz nomi yozilgan va Oʻzbekiston Respublikasi gerbi tasviri tushirilgan muhrga ega boʻladi.