O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
O‘ZBEKISTON MILLIY AXBOROT AGENTLIGI (O‘ZA) TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 3-yanvardagi 1-sonli “O‘zbekiston Milliy axborot agentligi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston axborot agentligi (O‘zTAG)ni O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA)ga aylantirish to‘g‘risida” 1992-yil 5-fevraldagi Farmoniga muvofiq hamda respublikaning ichki va tashqi siyosati to‘g‘risida ishonchli axborotlarni to‘plash va ta’minlashni tashkil etishni yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yuklatilgan vazifalarga muvofiq O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA)ga quyidagi huquqlar beriladi:
moddiy-texnika negizini mustahkamlash va ijtimoiy masalalarni hal qilish uchun budjetdan tashqari moliyaviy manbalarning mablag‘laridan mustaqil foydalanish;
shartnomalar yuzasidan buyurtmachilarga sotiladigan axborot mahsuloti (ishlar, xizmatlar) narxlari va tariflarini belgilash;
rahbarlarni, ijodiy xodimlarni, yuqori malakali mutaxassislar va xizmatchilarni bitim asosida ishga yollash;
axborot mahsulotini, tegishli texnika va asbob-uskunalarni sotib olish, sotish va ayirboshlash, reklama xizmati va boshqa turdagi xizmatlar ko‘rsatish yuzasidan tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish.
2. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) to‘g‘risidagi ilova etilayotgan Nizom tasdiqlansin.
3. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi markaziy apparati xodimlarining cheklangan soni 188,5 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlari soni — 11 nafar etib belgilansin.
(3-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 5-maydagi 140-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 18-son, 200-modda)
Belgilab qo‘yilsinki, O‘zA mehnat haqi uchun ajratiladigan mablag‘lar doirasida apparat tuzilishini, moddiy rag‘batlantirish shakllari va shartlarini (turli toifadagi xodimlar soni nisbatini hisobga olmasdan) mustaqil ravishda tasdiqlaydi.
O‘zAga bosh direktorning ikki nafar o‘rinbosari va shaxsiy tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan 9 kishidan iborat hay’ati bo‘lishiga ruxsat etilsin.
(3-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 5-maydagi 140-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 18-son, 200-modda)
O‘zA bosh direktoriga, uning o‘rinbosarlariga va hay’at a’zolariga O‘zbekiston Respublikasi vazirlari, ularning o‘rinbosarlari va hay’at a’zolari uchun mos ravishda belgilangan moddiy ta’minot, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shart-sharoitlari joriy qilinsin.
4. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi belgilangan asosiy vazifalardan va faoliyat yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda bir oy muddat ichida agentlikni boshqarishning tashkiliy tuzilishini takomillashtirish, respublikada, MDH davlatlarida va chet ellarda muxbirlik punktlari shoxobchalarini kengaytirish yuzasidan tadbirlarni amalga oshirsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi:
cheklangan narxlar va tariflarda xizmat haqi to‘lash sharti bilan O‘zAga, uning bo‘linmalariga va muxbirlik punktlariga shartnoma asosida zarur aloqa kanallari va vositalarini bersin;
O‘zA hamda unga qarashli tashkilotlarning xabarlari va fototelegrammalarini Hukumat telegrammalari toifasida uzatishni, telefon so‘zlashuvlarini esa ikkinchi toifa tezkorlikda ulashni ta’minlasin.
6. “O‘zshartnomasavdo” uyushmasi asoslangan buyurtmalarga ko‘ra O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga zarur moddiy-texnika resurslari, asbob-uskunalar va jihozlar ajratishni nazarda tutsin.
7. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qo‘mitasi, “Toshkentboshqurilish” O‘zA laboratoriya korpusining ikkinchi navbati qurilishini tugallashni ko‘rib chiqsinlar va ikki hafta muddat ichida belgilangan tartibda taklif kiritsinlar.
8. O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1972-yil 13-apreldagi 155-son, 1977-yil 22-dekabrdagi 804-son, 1981-yil 15-iyundagi 507-son, 1986-yil 9-apreldagi 181-son qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari o‘rtoq E.S. Samandarov zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 21-aprel,
202-son
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) to‘g‘risida
NI3OM
1. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (bundan keyin matnda O‘zA deb ataladi) O‘zbekiston Respublikasining markaziy davlat axborot agentligi bo‘lib, uning axborot sohasidagi faoliyati respublikaning, MDHga kiruvchi mustaqil davlatlarning va xorijiy mamlakatlarning keng doiradagi o‘quvchilariga mo‘ljallangan.
2. O‘zA o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining qonunlari va qarorlariga, Prezidentning farmonlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi ishtirok etadigan ommaviy axborot vositalariga doir xalqaro shartnomalarga, shuningdek, ushbu Nizomga amal qiladi.
3. O‘zAning bosh vazifasi axborot to‘plash va ularni ommaviy axborot vositalariga, davlat organlariga, muassasalarga, korxonalarga va tashkilotlarga, jamoat birlashmalariga, shuningdek, respublikadagi va uning tashqarisidagi xususiy kishilarga yetkazib berishdan iborat.
O‘zA O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi va Rayosatining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy-siyosiy va boshqa voqealarga baho berishga, ichki va tashqi siyosatning eng muhim masalalariga taalluqli rasmiy hujjatlarini, bayonotlarini va axborotlarini tarqatadi.
O‘zA axborot to‘plash va tarqatishga doir o‘z faoliyatini siyosiy tashkilotlar va jamoat tashkilotlaridan mustaqil ravishda, O‘zbekiston Respublikasining davlat manfaatlarini nazarda tutib hamda voqealarni xolis va har tomonlama yoritish prinsiplariga, turmushni butun choralar bilan demokratiyalash va odamiy munosabatlarni insonparvarlashtirish negizida jamiyatni jipslashtirish vazifalariga muvofiq ravishda amalga oshiradi.
O‘zA butun faoliyati bilan har bir fuqaroning har qanday masala yuzasidan, avvalo, O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati oliy organlari faoliyati, ularning ichki va tashqi siyosati masalalariga doir haqqoniy va aniq axborot olishdan iborat qonuniy huquqini amalga oshirishni ta’minlaydi.
4. O‘zA o‘z vazifalariga muvofiq:
rasmiy va o‘zga axborotlarni to‘playdi hamda uni tijorat asosida O‘zbekiston Respublikasida va chet ellarda tarqatadi;
O‘zbekiston Respublikasida va chet ellarda axborotnomalar, ro‘znomalar, kitoblar, oynomalar, boshqa matbaa mahsulotlarini, kompyuter, foto va audiovizual mahsulotlarni nashr etadi hamda obuna yo‘li bilan va chakana savdo orqali tarqatadi;
o‘zining mavjud mablag‘lari doirasida O‘zbekiston Respublikasida va chet ellarda axborot markazlarini, bo‘limlari va muxbirlik punktlarini mustaqil ravishda ta’sis etadi, qayta tashkil etadi va tugatadi;
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat matbuot qo‘mitasi, Tashqi ishlar vazirligi va “UzPAK” ma’lumotlarni uzatish davlat tarmog‘ini rivojlantirish va undan foydalanish korxonasi bilan birgalikda O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayoti to‘g‘risidagi axborotning Internet tarmog‘ida tarqatilishini muvofiqlashtiradi;
(4-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 11-martdagi 108-sonli qarori bilan to‘ldirilgan)
barcha turdagi axborotlarni to‘plash va tarqatish masalalari yuzasidan xalqaro aloqalarni amalga oshiradi; xorijdagi axborot agentliklari ish tajribasini o‘rganadi;
boshqa agentliklar, shu jumladan, xorijiy agentliklar, ommaviy axborot organlari bilan axborotlarni ayirboshlash shartlari yoki tijorat shartlari bilan barcha turdagi axborotlarni yetkazib berish (qabul qilib olish) to‘g‘risida, ishlab chiqarish va boshqa sohalarda hamkorlik qilish haqida shartnomalar tuzadi;
tashqi iqtisodiy aloqalar qatnashchisi sifatida ro‘yxatga olingan tashkilot sifatida turli shakllarda tashqi iqtisodiy faoliyatni (jumladan, eksport-import a’mollarini, axborot sohasida vakillik va vositachilik faoliyatini) amalga oshiradi;
chet ellarda tijorat faoliyatini amalga oshirish uchun zarur ishlab chiqarish tuzilmalarini barpo etadi, o‘z xodimlarini xizmat safariga va xorijda ishlash uchun yuboradi, xorijiy fuqarolarni yollaydi yoki bu vazifalarni bitimlar asosida xorijiy agentliklarga, firmalarga va boshqa tashkilotlarga topshiradi.
5. O‘zA amaldagi qonunlarga muvofiq ijodiy va xo‘jalik sohalarida mustaqil bo‘lib, o‘z faoliyatining rejalarini ishlab chiqadi, o‘ziga biriktirib qo‘yilgan mol-mulkka egalik qiladi, undan foydalanadi va tasarruf etadi, tayyorlangan mahsulotni, olingan daromadlarni, shuningdek, boshqa daromadlarni agentlik oldida turgan vazifalarga asoslanib, mustaqil tasarruf etadi.
Agentlikning bo‘limlari moliya-xo‘jalik jihatidan va kadrlar bilan ishlash masalasida mustaqildir. Ular bilan munosabatlar shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
6. O‘zAning sovet so‘mi va xorijiy valyuta shaklidagi mablag‘lari:
agentlik axborotlari uchun O‘zbekiston Davlat teleradio kompaniyasidan, ommaviy axborot vositalaridan tushadigan obuna haqi mablag‘laridan;
agentlikning tijorat faoliyatidan keladigan daromadlardan va o‘ziga qarashli korxonalar va tashkilotlar foydasining bir qismidan;
chet ellardagi va MDH mamlakatlaridagi tashkilotlar, firmalar, korxonalar, muassasalar va ayrim fuqarolarning pul, moddiy va madaniy boyliklar va ko‘chmas mulk shaklidagi ixtiyoriy badallari, sovg‘alaridan, tushumlar va ajratmalardan;
boshqa tushumlardan tashkil topadi.
7. O‘zA agentlikning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va uning samaradorligini oshirish maqsadida:
o‘z axborotlarini, boshqa matbaa, kompyuter, foto va audiovizual mahsulotlarini hamda boshqa mahsulotlarni nashr etadi va ularni respublikada, xorijda obuna asosida va chakana savdo orqali tarqatadi;
O‘zbekiston Respublikasi, MDH hududida va chet ellarda korxonalar, tashkilotlar va firmalar, shu jumladan, xorijiy sheriklar bilan birgalikda barpo etadi;
agentlikning binolarini, axborotni tayyorlash va uzatishga tegishli texnikaviy va dasturiy vositalarni O‘zbekiston Respublikasi hududida ham, chet ellarda ham boshqa tashkilotlarga, firmalarga, agentliklarga va fuqarolarga tijorat asosida foydalanish uchun beradi.
8. O‘zAning amaldagi qonunlarga muvofiq tijorat faoliyati natijasida vujudga kelgan valyuta fondidan agentlikni moddiy-texnikaviy va ijtimoiy rivojlantirish uchun, shu jumladan, ishga jalb etilgan xorijiy fuqarolar xizmatiga haq to‘lash uchun foydalaniladi.
9. O‘zA axborot tarqatish, topshirilgan ish sohasidagi ahvol hamda muayyan vazifalarni bajarish uchun shaxslarning aniq ravshan mas’uliyatini aniqlash bilan bog‘liq barcha masalalarni muhokama etish va hal qilishda kollegial va yakkaboshchilik negizida o‘z ishini tashkil etadi.
10. O‘zAga Bosh direktor boshchilik qiladi, uni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tayinlaydi.
Bosh direktorning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan ikki nafar o‘rinbosari bo‘ladi.
(10-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 5-maydagi 140-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 18-son, 200-modda)
Bosh direktor agentlik faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi, jamoa oldida turgan vazifalarning bajarilishini tashkil etadi, O‘zAning barcha xizmatlari va bo‘linmalari hamda o‘ziga qarashli korxonalar va tashkilotlar ijro etishlari shart bo‘lgan buyruqlar, farmoyishlar, yo‘riqnomalar chiqaradi.
O‘zA Bosh direktori:
amaldagi qonunlarga muvofiq agentlikning tuzilma birliklarini, bo‘limlarini, muxbirlik punktlarini va boshqa o‘ziga qarashli korxonalar va tashkilotlarni barpo etadi, qayta tashkil qiladi va tugatadi;
xodimlarning soni va ish haqi fondi doirasida shtat jadvalini tasdiqlaydi;
xodimlarni va xorijiy mutaxassislarni amaldagi qonunlarda belgilangan tartibda hamda ular bilan bitim tuzish asosida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Adliya vazirligi bilan kelishilgan Nizomga muvofiq ishga qabul qiladi.
(10-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda)
11. O‘zAda bosh direktor (hay’at raisi), uning o‘rinbosarlari (lavozimiga ko‘ra), shuningdek O‘zA faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini muvofiqlashtiruvchi tarkibiy bo‘linmalari rahbarlaridan iborat tarkibda hay’at tashkil etiladi. Hay’at tarkibiga axborot faoliyati bilan bog‘liq boshqa davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar va muassasalar, jamoat birlashmalari vakillari ham kirishi mumkin.
Hay’atning a’zolari soni va shaxsiy tarkibi bosh direktorning taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Hay’at quyidagilar bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqadi:
O‘zA faoliyatining respublikada axborot faoliyatini yanada rivojlantirish, axborot to‘plashni takomillashtirish va ommaviy axborot vositalariga, davlat organlariga va boshqa tashkilotlarga o‘z vaqtida, to‘liq va xolisona axborot taqdim etish bo‘yicha ushbu Nizomda belgilangan asosiy yo‘nalishlarini tayyorlash va amalga oshirish;
O‘zA nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish, tayyorlash va qayta tayyorlash;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlarida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha ijro intizomini mustahkamlash, ularning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash uchun O‘zA rahbarlari va xodimlarining shaxsiy javobgarligini oshirish.
Hay’at O‘zA vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqish huquqiga ega.
Hay’at majlisiga O‘zA vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha boshqa vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar rahbarlari taklif etilishi mumkin.
Hay’at uning majlisida tarkibining yarmidan ko‘pi qatnashgan taqdirda vakolatli bo‘ladi. Ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha qarorlar oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
Hay’at qarorlari bosh direktorning buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Bosh direktor va hay’at a’zolari o‘rtasida kelishmovchiliklar kelib chiqqan taqdirda bosh direktor o‘z qarorini amalga oshiradi. Bosh direktor paydo bo‘lgan kelishmovchiliklar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot beradi. Hay’at a’zolari ham o‘z fikr-mulohazalarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xabar qilishlari mumkin.
Hay’at faoliyati tartibi uning hay’at tasdiqlaydigan reglamentida belgilanadi.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 5-iyundagi 108-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2010-y., 23-son, 183-modda)
12. O‘zA yuridik shaxs hisoblanadi, o‘z nomi yozilgan va O‘zbekiston Respublikasi gerbi tasviri tushirilgan muhrga ega bo‘ladi.