O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT JISMONIY TARBIYA VA SPORT QO‘MITASI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 30-sentabrdagi 455-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi to‘g‘risidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining “O‘zbekiston SSR Fizkultura va sport davlat komiteti to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 1987-yil 2-martdagi 91-son qarori (O‘zSSR QT, 1987-y., 3-son, 10-modda) o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘. SULTONOV
Toshkent sh.,
1996-yil 21-may,
185-son
O‘zbekiston Respublikasi Davlat jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi to‘g‘risida
NIZOM
1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi (O‘zbekiston Davlat sport qo‘mitasi) jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi organi hisoblanadi hamda o‘z faoliyatida bevosita O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi.
O‘zbekiston Davlat sport qo‘mitasi jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat siyosatini shakllantiradi va uning amalga oshirilishini ta’minlaydi, o‘z vakolati doirasida vazirliklar, idoralar, Milliy Olimpiya qo‘mitasi (MOQ), federatsiyalar hamda mulkchilik shakllaridan va idoraviy bo‘ysunishidan qat’i nazar, boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiradi, shuningdek barcha jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari ustidan nazorat qiluvchi organ funksiyasini bajaradi.
2. O‘zbekiston Davlat sport qo‘mitasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining boshqa qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, mazkur Nizomga va boshqa normativ hujjatlarga amal qiladi, shuningdek Qo‘mita tizimidagi birlashmalar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, o‘quv yurtlari va uyushmalarda amaldagi qonun hujjatlari to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlaydi.
O‘zbekiston Davlat sport qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat sport qo‘mitasi), viloyat sport qo‘mitalari, Toshkent shahar sport qo‘mitasi, shahar-tuman sport qo‘mitalari, ularga bo‘ysunuvchi respublika, ilmiy, ishlab chiqarish birlashmalari, korxonalar, tashkilotlar, muassasalar, o‘quv yurtlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasining yagona tizimini tashkil etadi.
3. O‘zbekiston Davlat sport qo‘mitasi o‘ziga berilgan huquqlar doirasida jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi sohasidagi barcha masalalarni hal etadi hamda o‘z vakolatiga kiruvchi ayrim masalalarning hal etilishini o‘ziga qarashli boshqaruv organlariga, birlashmalar va tashkilotlarga topshirishi mumkin.
O‘zbekiston Davlat sport qo‘mitasining O‘zbekiston Respublikasida ommaviy jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport ishlarini rivojlantirishga oid faoliyati kasaba uyushmalari, yoshlar va boshqa jamoat tashkilotlari hamda uyushmalar ishtirokida amalga oshiriladi.
4. O‘zbekiston Davlat sport qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat sport qo‘mitasi, viloyat sport qo‘mitalari, Toshkent shahar sport qo‘mitasi, shahar-tuman sport qo‘mitalari, o‘quv yurtlari, birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalar bilan o‘z moliyaviy munosabatlarini shartnoma asosida hamda ushbu shartnomalar bo‘yicha belgilangan miqdorlarda tushuvchi mablag‘lar hisobiga o‘rnatadi, tegishli jamg‘armalar tuzadi, bank muassasalarida hisob-kitob, joriy va boshqa schyotlar ochadi.
5. O‘zbekiston Davlat sport qo‘mitasi o‘ziga qarashli o‘quv yurtlari, birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalarni budjet mablag‘lari hisobidan mablag‘ bilan ta’minlaydi, kreditlarning taqsimlovchisi hisoblanadi.
6. O‘zbekiston Davlat sport qo‘mitasi o‘z tizimida qonun hujjatlari qo‘llanilishi amaliyotini umumlashtiradi, uni takomillashtirishga oid takliflarni ishlab chiqadi hamda belgilangan tartibda tegishli organlarga kiritadi.
7. O‘zbekiston Davlat sport qo‘mitasi yuridik shaxs hisoblanadi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi o‘zbek va rus tillarida yozilgan muhrga, mustaqil balansga, banklarda tegishli schyotlarga, shu jumladan valyuta schyotiga ega bo‘ladi.
8. O‘zbekiston Davlat sport qo‘mitasining asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
respublikada jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish istiqbollarini ishlab chiqish, yillik prognozlarni shakllantirish, aholini jismoniy tarbiyalashning ilmiy asoslangan tizimini amaliyotga joriy etish va ushbu masalalar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish;
“Jismoniy tarbiya va sport” sohasini ilmiy-uslubiy ta’minlashning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash, moliyaviy moddiy-texnika va boshqa resurslarni ularni rivojlantirishga jamlash;
aholi bilan jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va ommaviy sport ishlarini tashkil etish, O‘zbekiston fuqarolarining sog‘lom, har tomonlama kamol topgan avlodini tarbiyalash, yoshlarni mehnatga va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida xizmat qilishga tayyorlash, salomatlikni muhofaza qilish va mustahkamlash, kasalliklarning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, dam olishni tashkil etish;
o‘ziga qarashli sport qo‘mitalari va jamoatchilik jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari faoliyatining turar joy mikrorayonlari va mahallalarda jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish ommaviy sport ishlarini rivojlantirishga doir asosiy yo‘nalishlarini belgilash va ular faoliyatini muvofiqlashtirish;
xalq o‘yinlarini, sportning milliy turlari bo‘yicha musobaqalarni tashkil etish va o‘tkazish;
nogironlar bilan jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish ishlari olib borish, xayriya faoliyatida qatnashish;
sportchilarning, sport faxriylarining, jismoniy tarbiya va sport mutaxassislarining ijtimoiy himoyasi masalalarini hal etish;
bozor konyunkturasini o‘rganish, “Jismoniy tarbiya va sport” sohasida xo‘jalik yuritishning yangi shakllarini rivojlantirish ishlarini tashkil etish;
jismoniy tarbiya kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va taqsimlash;
sport o‘rinbosarlari va xalqaro klassdagi sportchilar tayyorlash ishlarini tashkil etish, xalqaro va respublika musobaqalarini, ular bilan bog‘liq o‘quv-mashq yig‘inlarini o‘tkazish;
aholini sport inshootlari, anjomlari, asbob-uskunalari, sport kiyimi va poyabzali bilan ta’minlash;
tashqi iqtisodiy faoliyatni belgilangan tartibda amalga oshirish va xalqaro sport aloqalarini rivojlantirish.
9. O‘zbekiston Davlat sport qo‘mitasi o‘ziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
“O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, respublika vazirliklari va idoralari bilan birgalikda ommaviy jismoniy tarbiyani ustun darajada rivojlantirishni hisobga olgan holda uzoq muddatli prognozlar, sport buyumlari ishlab chiqarishga ixtisoslashayotgan korxonalar va firmalarni oqilona joylashtirish sxemalarini ishlab chiqishni tashkil etadi;
“Jismoniy tarbiya va sport” tarmog‘ida boshqaruvning iqtisodiy usullarini joriy etish, bozor munosabatlarini va mehnatni tashkil etishning yangi ilg‘or shakllarini rivojlantirish ishlarini olib boradi, o‘ziga qarashli korxonalar va sport inshootlari obyektlarini davlat tasarrufidan chiqarish, xususiylashtirish va aksiyadorlashtirish masalalarini hal etadi;
ommaviy jismoniy tarbiya, sportning milliy turlari, xalq o‘yinlarini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari loyihalari, nogironlar o‘rtasidagi sport va yuqori yutuqlar sportini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari loyihasi ishlab chiqilishini tashkil etadi;
sport o‘rinbosarlari tayyorlash ishlarini amalga oshiradi, idoraviy bo‘ysunishidan qat’i nazar, sport maktablari tarmoqlari, olimpiadaga tayyorlanish markazlari rivojlanishini va ixtisoslashuvini muvofiqlashtiradi, ularda o‘quv-mashq jarayoni tashkil etilishini nazorat qiladi;
prognozlashtirish, hisob, hisobot, jismoniy tarbiya va sportni hamda o‘ziga qarashli tashkilotlarni nazorat qilish va boshqarish amaliyotiga hisoblash texnikasi va tashkiliy texnika vositalari joriy etilishini ta’minlaydi;
o‘ziga qarashli bo‘linmalarning buyurtmalariga muvofiq fondlar va moddiy-texnika resurslarini taqsimlaydi, ulardan to‘g‘ri va samarali foydalanish ustidan nazoratni tashkil etadi;
xorijiy investorlarning Davlat sport qo‘mitasiga qarashli tashkilotlar bilan birgalikdagi faoliyati to‘g‘risida shartnomalar va kontraktlar tuzish maqsadida xorijiy investorlarni respublikaga jalb etish ishlarini tashkil qiladi;
xorijiy mamlakatlar bilan tashqi iqtisodiy munosabatlarning ilg‘or shakllarini rivojlantiradi, boshqa mamlakatlar korxonalari va tashkilotlari bilan sport, ilmiy, ishlab chiqarish va iqtisodiy aloqalar o‘rnatilishiga faol ko‘maklashadi, belgilangan tartibda qo‘shma korxonalar, xalqaro birlashmalar va tashkilotlar tashkil etadi, shuningdek ularning faoliyatini muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi;
jahon sportidagi ilmiy-texnika taraqqiyoti yutuqlari, xorijiy mamlakatlarda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishning ilg‘or tajribasi umumlashtirilishini, ushbu yutuqlarning “Jismoniy tarbiya va sport” sohasini yanada rivojlantirish uchun joriy etilishini ta’minlaydi;
tegishli davlat organlari va boshqa organlarda o‘ziga qarashli birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning manfaatlarini himoya qiladi;
korxonalar, firmalar va tashkilotlarni qonunda belgilangan tartibda tashkil etadi, qayta tashkil qiladi va tugatadi;
“Jismoniy tarbiya va sport” sohasida tashkil etilgan o‘ziga qarashli korxonalar va tashkilotlarga, ularning ishlab chiqarish bazasi rivojlanishiga, moddiy-texnika va axborot ta’minoti tashkil etilishiga, maslahatlar berilishiga, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashga ko‘maklashadi va yordamning boshqa turlarini ko‘rsatadi;
shartnoma majburiyatlari bajarilishini tavsiflaydigan ko‘rsatkichlar bilan mehnatga haq to‘lash miqdorlari o‘rtasidagi bevosita bog‘liqlikni o‘rnatib markaziy apparat va o‘ziga qarashli tashkilotlar xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tizimini belgilaydi;
oldindan aniqlab bo‘lmaydigan xarajatlar va tadbirlar uchun maqsadli jamg‘armani, tarmoqni rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, shuningdek ulardan to‘g‘ri foydalanishni ta’minlaydi;
sport musobaqalarini o‘tkazish qoidalarini, yagona respublika sport klassifikatsiyasini, dasturiy-uslubiy hujjatlarni va boshqa normativ hujjatlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
Davlat fan va texnika qo‘mitasi bilan birgalikda jismoniy tarbiya va sport sohasida ilmiy tadqiqotlarni shakllantiradi va ularni rivojlantirishni ta’minlaydi, ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga joriy etadi va ushbu ishlar amalga oshirilishini muvofiqlashtiradi;
aholining jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari ko‘rsatadigan xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojini aniqlaydi, ilmiy asoslangan normativni ishlab chiqadi, xizmatlarning yangi turlarini joriy etadi;
O‘zbekiston Respublikasi terma komandalarining tayyorgarligini amalga oshiradi hamda ularning Osiyo va jahon chempionatlarida, kubok va birinchilik o‘yinlarida, Olimpiada va Osiyo o‘yinlarida, boshqa xalqaro musobaqalarda qatnashishini ta’minlaydi;
sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi rekordlarini tasdiqlaydi, O‘zbekiston Respublikasi sportchilari tomonidan o‘rnatilgan jahon, mintaqaviy rekordlarni tasdiqlash uchun tegishli hujjatlarni belgilangan tartibda xalqaro sport tashkilotlariga taqdim etadi;
respublika sport unvonlarini beradi, respublika musobaqalari g‘oliblarini, jismoniy tarbiya va sport xodimlarini, jismoniy tarbiya faollarini, sport klublarini, tashkilotlar va uyushmalarni, jismoniy tarbiya jamoalarini sport medallari, nishonlar, diplomlar, sovrinlar, yorliqlar bilan mukofotlaydi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ulkan yutuqlar uchun mukofotlar ta’sis etish va O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlarini berish to‘g‘risidagi takliflarni ishlab chiqadi va belgilangan tartibda kiritadi;
aholining, jismoniy tarbiya tashkilotlari va boshqa tashkilotlarning kiyim-bosh, poyabzal, jihozlar va sport anjomlariga bo‘lgan ehtiyojini o‘rganadi, ushbu mahsulotlarning, bo‘ysunishidan qat’i nazar, respublika korxonalari va tashkilotlarida ishlab chiqarilishini muvofiqlashtiradi, ularning O‘zbekiston Respublikasi Davlat sport qo‘mitasi tizimi korxonalarida ishlab chiqarilishini tashkil etadi;
tashkilotlar va sportchilarni sport jihozlari, anjomlari, kiyim-bosh va poyabzal bilan ta’minlash, shuningdek ulardan foydalanish muddatlari normativlarini tasdiqlaydi;
“O‘zbekyengilsanoat”, “Mahalliy sanoat”, “O‘zbeksavdo” bilan birgalikda sport buyumlari va turistik tovarlar ishlab chiqarish, ularning turlarini kengaytirish va yangilash, sifatini oshirish masalalari bo‘yicha yagona texnika siyosatini o‘tkazadi, O‘zbekiston Respublikasi sport qo‘mitasiga biriktirilgan sport mahsulotlari va asbob-uskunalarga texnik shartlarni, shuningdek keng ko‘lamda ishlab chiqarishga joriy etish uchun ushbu mahsulotlarning namunalari va etalonlarini tasdiqlaydi;
O‘zbekiston Davlat sport qo‘mitasining korxonalari va sport inshootlari qurilishini amalga oshiradi, “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi bilan birgalikda jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarini loyihalash va qurish uchun normativ hujjatlarni ishlab chiqadi, shuningdek ulardan foydalanish normativlarini tasdiqlaydi;
sport lotereyalarini o‘tkazadi hamda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ularni o‘tkazish shartlarini tasdiqlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Oliy ta’lim vazirliklari bilan birgalikda respublikaning jismoniy tarbiya va sport mutaxassislariga bo‘lgan ehtiyojini o‘rganadi, O‘zbekiston Davlat sport qo‘mitasi tizimidagi o‘quv yurtlarida ularni tayyorlash va qayta tayyorlashni ta’minlaydi, belgilangan tartibda jismoniy tarbiya kadrlarini taqsimlashni amalga oshiradi, jismoniy tarbiya va sport oliy va o‘rta bilim yurtlarida maxsus fanlar bo‘yicha o‘quv dasturlarini tasdiqlaydi, bu dasturlarni pedagogika o‘quv yurtlari, pedagogika institutlari va universitetlarning jismoniy tarbiya fakultetlari, shuningdek maktabgacha tarbiya muassasalari, umumta’lim maktablari va hunar-texnika bilim yurtlari uchun kelishib oladi;
jismoniy tarbiya va sportni ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ib qiladi, belgilangan tartibda gazetalar, jurnallar, jismoniy tarbiya va sport masalalariga oid ilmiy-uslubiy adabiyotlar chiqaradi, bunday adabiyotlar chiqarishning yillik va istiqboldagi prognozlarini ishlab chiqishda qatnashadi, o‘z matbuot organlariga ega bo‘ladi;
belgilangan tartibda xalqaro sport aloqalari rejalarini ishlab chiqadi va ularning bajarilishini tashkil etadi, vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar va jamoat tashkilotlarining ushbu masalalar bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtiradi.
10. O‘zbekiston Davlat sport qo‘mitasi o‘ziga qarashli tashkilotlar holatini har tomonlama iqtisodiy tahlil qilishni, ularning pul mablag‘lari hamda moddiy boyliklari saqlanishi ustidan nazoratni, iqtisod qilish, to‘g‘ri boshqarish va hisobga olish hamda hisobotning ishonchliligi tartibiga rioya qilinishini, bajarilgan ishlarning holatini tekshirishni ta’minlaydi.
11. O‘zbekiston Davlat sport qo‘mitasiga o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni hal etish va unga yuklatilgan funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlar beriladi:
vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar va jamoat tashkilotlaridan “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi tasdiqlagan hisobot shakllarida nazarda tutilgan O‘zbekiston Davlat sport qo‘mitasi vakolatiga kiruvchi ma’lumotlarni olish;
O‘zbekiston Davlat sport qo‘mitasi vakolati doirasida vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar va tashkilotlarga ularning boshqaruviga taalluqli bo‘lgan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan alohida muammolarni ishlab chiqishni topshirish;
vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, shuningdek idoraviy bo‘ysunishidan va mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, birlashmalar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va o‘quv yurtlarining O‘zbekiston Davlat sport qo‘mitasi vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha ishlarini tekshirish va qo‘mita hay’ati majlislarida mazkur masalalar bo‘yicha ularning vakillari axborotlarini tinglash;
jismoniy tarbiya va sportga oid dolzarb masalalarni ishlab chiqishda, tekshirishlarda qatnashish va maslahatlashuvlar o‘tkazish uchun, ularning rahbarlari bilan kelishgan holda, vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, shuningdek birlashmalar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda o‘quv yurtlarining olimlari va mutaxassislarini jalb etish;
muzokaralarda qatnashish hamda respublika Hukumati topshirig‘i bo‘yicha davlatlararo jismoniy tarbiya-sport bo‘yicha hamkorlik masalalariga oid shartnomalar va bitimlarni imzolash, o‘ziga qarashli tashkilotlar, sport federatsiyalari va Milliy Olimpiya qo‘mitasiga xorijiy mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli munosabatlar asosida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar o‘rnatishda ko‘maklashish, xorijga ilmiy, trener kadrlar, sportchilarni o‘qish, malaka oshirish va ishlash uchun jo‘natish to‘g‘risida takliflar kiritish;
ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyaviy, shu jumladan xorijiy valyutada ta’minlash manbalarini yaratish, xalqaro sport musobaqalari, Osiyo va Olimpiada o‘yinlariga respublikani olib chiqish bilan bog‘liq davlat masalalarini tezkorlik bilan hal etish, Olimpiada, Osiyo o‘yinlarida, jahon va Osiyo chempionatlarida egallangan faxrli o‘rinlar uchun mukofotlar to‘lash, shuningdek O‘zbekiston Davlat sport qo‘mitasi tomonidan ilmiy va ekspert ishlarini o‘tkazish uchun jalb etilgan mutaxassislar, shu jumladan chet ellik mutaxassislar mehnatiga belgilangan tartibda haq to‘lash.
12. O‘zbekiston Davlat sport qo‘mitasi fuqarolarning arizalari, takliflari va shikoyatlari, ularda qo‘yilgan masalalarni to‘g‘ri hal etishga erishgan holda, o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini tashkil etadi, shuningdek aholi maktublarida ma’lum qilingan Davlat sport qo‘mitasi tizimidagi birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalar faoliyatidagi qonun buzilishlarini, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘radi.
13. O‘zbekiston Davlat sport qo‘mitasini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tayinlaydigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadigan Rais boshqaradi.
O‘zbekiston Davlat sport qo‘mitasi raisining o‘rinbosarlari O‘zbekiston Davlat sport qo‘mitasi raisining tavsiyasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadilar va vazifasidan ozod qilinadilar.
O‘zbekiston Davlat sport qo‘mitasi raisi:
Davlat sport qo‘mitasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi hamda uning o‘z funksiyalarini amalga oshirishi uchun shaxsan javob beradi;
qo‘mita raisi o‘rinbosarlari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi va ularning faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
xodimlar soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida tuzilmaga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritadi, shtatlar ro‘yxatini, xarajatlar smetasini, Davlat sport qo‘mitasi markaziy apparati xodimlarini mukofotlash haqidagi nizomni, shuningdek uning tarkibiy bo‘linmalari haqidagi nizomni tasdiqlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat sport qo‘mitasi raisining o‘rinbosarlari va markaziy apparat tarkibiy bo‘linmalari rahbarlarining qo‘mita faoliyatining alohida sohalari uchun, shuningdek o‘ziga qarashli birlashmalar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar ishi uchun javobgarligi darajasini belgilaydi.
14. O‘zbekiston Davlat sport qo‘mitasida Davlat sport qo‘mitasi raisi (hay’at raisi), lavozimi bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosarlari, qo‘mita tizimining, shuningdek vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar va jamoat tashkilotlarining boshqa rahbar xodimlaridan iborat tarkibda hay’at tashkil etiladi.
Davlat sport qo‘mitasining hay’ati a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Davlat sport qo‘mitasi o‘z majlislarida respublikada jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish masalalarini, yuqori organlarga kiritiladigan normativ va boshqa muhim hujjatlar loyihalarini, shuningdek Davlat sport qo‘mitasi qarorlari, buyruqlari, yo‘riqnomalari loyihalarini, ijroni tekshirish, kadrlarni tanlash, tayyorlash, ulardan foydalanish, ularning malakasini oshirish masalalarini ko‘rib chiqadi, viloyat sport qo‘mitalari raislarining, qo‘mita markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari, qo‘mita tizimidagi birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar va o‘quv yurtlari rahbarlarining hisobotlari va axborotlarini tinglaydi, shuningdek O‘zbekiston Davlat sport qo‘mitasi vakolatiga kiruvchi boshqa masalalarni ko‘rib chiqadi.
Davlat sport qo‘mitasi hay’atining qarorlari qoida bo‘yicha qo‘mita qarorlari va buyruqlari bilan hayotga tatbiq etiladi.
Qo‘mita raisi va hay’at o‘rtasida kelishmovchiliklar paydo bo‘lgan taqdirda rais o‘z qarorini hayotga tatbiq etaveradi, bunda u mazkur kelishmovchiliklar haqida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ma’lum qiladi.
Hay’at tarmoq ishining samaradorligi va uning yakuniy natijalari uchun javob beradi, qarorlar qabul qilishda umumdavlat manfaatlariga amal qiladi.
15. Davlat sport qo‘mitasi qo‘mita markaziy apparatining tarkibiy bo‘linmalari, shuningdek o‘ziga qarashli birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va o‘quv yurtlari tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan buyruqlar, qarorlar va yo‘riqnomalar chiqaradi, ko‘rsatmalar beradi.
Davlat sport qo‘mitasi o‘z vakolati doirasida vazirliklar, idoralar, konsernlar va uyushmalar, shuningdek ularning idoraviy bo‘ysunishidan va mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va o‘quv yurtlarining bajarishi majburiy bo‘lgan qarorlar, buyruqlar va yo‘riqomalar chiqaradi.
Davlat sport qo‘mitasi zarur hollarda boshqa vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda yoki ular bilan kelishilgan holda qarorlar, buyruqlar va yo‘riqnomalar chiqaradi.
16. O‘zbekiston Respublikasi Davlat sport qo‘mitasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlariga oid masalalarni va takliflarni ko‘rib chiqish hamda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishning tarmoqlararo boshqarmalari muammolari bo‘yicha tavsiyanomalar ishlab chiqish uchun Davlat sport qo‘mitasiga zarurat bo‘lganda taniqli olimlar, yuqori malakali mutaxassislardan, vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar va tashkilotlar vakillaridan iborat idoralararo komissiyalar, kengashlar va ekspert guruhlari tuziladi.
17. Davlat sport qo‘mitasi markaziy apparatining tuzilmasi, xodimlari soni va mehnatga haq to‘lash fondi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
(O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari to‘plami, 1996-y., 5-son, 17-modda)