Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Namangan” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Namangan” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2018-yil 20-avgustdagi PF-5517-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Namangan” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2018-yil 20-avgustdagi PF-5517-son Farmoniga muvofiq “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Boshqaruv xodimlari soni 5 nafardan iborat boʻlgan “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasi (keyingi oʻrinlarda Direksiya deb ataladi) tashkil etilsin.
3. Quyidagilar:
“Namangan” erkin iqtisodiy zonasi tarkibiga kiruvchi hududlar 1-ilovaga;
“Namangan” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasining tuzilmasi 2-ilovaga;
“Namangan” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasining ustavi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan:
Direksiyaga, kelgusi yillarda oʻzini oʻzi moliyalashtirishga oʻtkazish sharti bilan, 2019-2020-yillar davrida saqlash xarajatlari uchun asoslangan hisob-kitoblar boʻyicha zarur mablagʻlar ajratilishini;
Direksiyaning Ustav fondini shakllantirishga 1,0 mlrd. soʻm miqdorida mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
5. Namangan viloyati hokimligi:
Direksiyaning Namangan viloyati, Chust shahri, Charagʻon koʻchasi, 1-uy manzilidagi binoga tekin foydalanish huquqi bilan joylashtirilishini va keyinchalik Direksiya uchun zamonaviy maʼmuriy bino qurilishini;
Direksiyani malakali mutaxassislar bilan taʼminlashni, shuningdek, xorijiy mamlakatlarning mazkur yoʻnalishdagi ilgʻor tajribalari asosida mutaxassislarning malakasini muntazam ravishda oshirib borishni hamda Direksiyaga zarur inventarlar, tashkiliy texnika hamda samarali faoliyat olib borish uchun talab etiladigan vositalarni xarid qilish va saqlash uchun mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R. Xolmuradov va Namangan viloyati hokimi X.X. Bozarov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 27-dekabr,
1054-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 27-dekabrdagi 1054-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
“Namangan” erkin iqtisodiy zonasi tarkibiga kiruvchi hududlar
1-yer uchastkasi:
1-boshlangʻich nuqta Toshkent-Namangan avtomobil yoʻlining Chust kanali kesishgan joydan sharqiy tomonga 710 metr masofada dala yoʻligacha, shimol tomonga olib boradigan dala yoʻli boʻylab 300 metr masofada joylashgan.
1-nuqtadan chegara shimoli-gʻarbiy yoʻnalishda dala yoʻli bilan 1200 metr masofada beton ariqgacha, beton ariqdan shu yoʻnalish boʻyicha 440 metr, soʻngra shimoliy yoʻnalish boʻyicha 315 metr masofada 2-nuqtagacha davom etadi.
2-nuqtadan chegara quruq yer bilan janubi-gʻarbiy yoʻnalishda 90 metr masofada dala yoʻligacha, soʻngra shu yoʻnalish boʻyicha quruq yer bilan 1110 metr masofada 3-nuqtagacha davom etadi.
3-nuqtadan chegara quruq soy bilan janubi-sharqiy 550 metr, soʻngra janubiy-sharqiy yoʻnalishga burilish hosil qilib, 240 metr masofadan soʻng janubi-gʻarbiy yoʻnalishda 300 metr dala yoʻligacha, shu yoʻnalish boʻyicha dala yoʻli boʻylab 200 metr, soʻngra gʻarbiy yoʻnalish dala yoʻli boʻylab 70 metr masofada 4-nuqtagacha davom etadi.
4-nuqtadan chegara “Navoiy” massivi chegarasi boʻylab quruq yer bilan janubi-sharqiy yoʻnalishda 150 metr masofada 5-nuqtagacha davom etadi.
5-nuqtadan chegara quruq yer bilan janubiy yoʻnalishda “Navoiy” massivi chegarasi boʻylab burilishlar hosil qilib, 1250 metr masofada 6-nuqtagacha davom etadi.
6-nuqtadan chegara quruq yerlar bilan shimoli-sharqiy yoʻnalishda 450 metr, soʻngra shu yoʻnalish boʻyicha bogʻzor yerlar bilan 850 metr masofada 1-nuqta qoʻshilgunga qadar davom etadi.
2-yer uchastkasi:
1-boshlangʻich nuqta Toshkent-Namangan avtomobil yoʻlining janubiy tomonida Chust kanali kesishgan joyidan boshlangan dala yoʻli bilan 400 metr masofada janubiy-sharqiy yoʻnalishda dala yoʻli boʻylab, ushbu dala yoʻli boʻylab janub tomonga 80 metr masofada joylashgan.
1-nuqtadan chegara dala yoʻli boʻylab janubiy yoʻnalishda 1 520 metr masofada 2-nuqtagacha davom etadi.
2-nuqtadan chegara quruq yer bilan gʻarbiy yoʻnalishda 130 metr masofada 3-nuqtagacha davom etadi.
3-nuqtadan chegara Pop tumani bilan chegaradosh ariq boʻylab shimoliy-gʻarb yoʻnalishida burilishlar hosil qilib, 1420 metr masofada 4-nuqtaga tutashadi.
4-nuqtadan chegara sharqiy tomonga 90 metr masofada dala yoʻli bilan, soʻngra shimoli-sharq tomonga ariq bilan 420 metr masofada 1-nuqtaga qoʻshilgunga qadar davom etadi.
3-yer uchastkasi:
1-boshlangʻich nuqta Toshkent-Namangan avtomobil yoʻlining Chust-Chortoq avtomobil yoʻli kesishgan joyining shimoliy qirgʻogʻida joylashgan.
1-nuqtadan chegara Chust-Chortoq avtomobil yoʻli boʻylab, shimoli-sharqiy yoʻnalish boʻyicha 340 metr masofada dala yoʻli kesishgan yergacha, keyinchalik dala yoʻli bilan janubiy yoʻnalishda 750 metr masofada 2-nuqtagacha davom etadi.
2-nuqtadan chegara shimol yoʻnalish boʻyicha Toʻraqoʻrgʻon tumani bilan chegaradosh ariq boʻylab, 400 metr masofada 3-nuqtagacha davom etadi.
3-nuqtadan chegara dala yoʻli bilan shimoli-gʻarbiy yoʻnalishi boʻyicha 180 metr masofada 4-nuqtagacha davom etadi.
4-nuqtadan chegara Chust-Chortoq yoʻli boʻylab, janubi-gʻarbiy yoʻnalish boʻyicha 610 metr masofada 5-nuqtagacha dala yoʻli bilan tutashgan joygacha davom etadi.
5-nuqtadan chegara dala yoʻli boʻylab shimoli-gʻarbiy yoʻnalishda burilishlar hosil qilib, 210 metr masofada 6-nuqtagacha davom etadi.
6-nuqtadan chegara quruq yer bilan shimoli-sharqiy yoʻnalish boʻyicha 250 metr masofada 7-nuqtagacha davom etadi.
7-nuqtadan chegara shimoliy yoʻnalish boʻyicha quruq yer bilan 550 metr, soʻngra shu yoʻnalish boʻyicha burilishlar hosil qilib nomsiz ariq boʻylab 380 metr masofada 8-nuqta beton ariqgacha davom etadi.
8-nuqtadan chegara shimoliy-gʻarbiy yoʻnalishda beton ariq boʻylab burilishlar hosil qilib 450 metr masofada 9-nuqtagacha davom etadi.
9-nuqtadan chegara gʻarbiy yoʻnalishda quruq yer bilan 200 metr masofada 10-nuqtagacha davom etadi.
10-nuqtadan chegara janubiy yoʻnalishda quruq yer bilan 450 metr masofada, soʻngra chegara quruq yer bilan janubiy-sharqiy yoʻnalish boʻyicha 180 metr, shu yoʻnalish boʻyicha bogʻzor yeri bilan 70 metr masofada dala yoʻli bilan tutashadi, dala yoʻli boʻylab janubiy-sharqiy yoʻnalishda 100 metr masofada 11-nuqtagacha davom etadi.
11-nuqtadan chegara janubiy yoʻnalishda quruq yer bilan 650 metr masofada 12-nuqtagacha davom etadi.
12-nuqtadan chegara gʻarbiy yoʻnalish boʻyicha quruq soy bilan 350 metr, soʻngra shu yoʻnalish boʻyicha ariq bilan burilishlar hosil qilib 300 metr masofada 13-nuqta dala yoʻligacha davom etadi.
13-nuqtadan chegara janubiy yoʻnalish boʻyicha dala yoʻli bilan 60 metr masofada, keyinchalik ushbu dala yoʻli bilan burilishlar hosil qilib janubi-sharqiy yoʻnalish boʻyicha 880 metr masofada 14-nuqtagacha davom etadi.
14-nuqtadan chegara Chust-Namangan avtomobil yoʻli bilan 240 metr masofada 1-nuqtaga qoʻshilgunga qadar davom etadi.
4-yer uchastkasi:
Boshlangʻich nuqta “Janubiy aylanma yoʻli”ning Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumani “Isoqxon Toʻra Ibrat” massividagi qismidan oʻtuvchi Katta Namangan kanalidan 70 metr masofada sharq tomonga, 1-nuqtagacha davom etadi.
1-nuqtadan boshlangan chegara “Omad 21” fermer xoʻjaligi ekin yer maydonlari bilan 800 metr masofada, “Teshiktosh Zamin” fermer xoʻjaligi ekin yer maydonlari bilan 348 metr masofada shimoldan janub tomonga 2-nuqtagacha davom etadi.
2-nuqtadan janubiy-sharq tomonga 449 metr, 180 metr “Teshiktosh Zamin” fermer xoʻjaligi bilan, 100 metr “Omad 21” fermer xoʻjaligi bilan, 169 metr “Mustaqil” fermer xoʻjaligi yer maydonlari bilan sobiq dala shiyponining sharq tomonidagi ichki dala yoʻli kesishmasidagi 3-nuqtagacha davom etadi.
3-nuqtadan dala ichki yoʻli orqali 880 metr, “Nosir Tolib” fermer xoʻjaligini ekin yerlari bilan “Porosmon” aholi yashash punktidan chiqayotgan ichki dala yoʻli bilan 4-nuqtagacha davom etadi.
4-nuqtadan sharq tomonga burilib, “Omad 21” fermer xoʻjaligi yerlari bilan 570 metr dala orqali dala yoʻlning kesishmasida 5-nuqtagacha davom etadi.
5-nuqtadan ichki dala yoʻli orqali, 1065 metrda tuman hokimligi zaxira yer maydonlari boʻylab 6-nuqtagacha davom etadi.
6-nuqtadan zaxira yer maydonlaridan 90 gradus burchak ostida gʻarbga burilib, “Qayumjon ota Raximov” fermer xoʻjaligi yerlari bilan 690 metrda ichki sugʻorish arigʻi boʻylab oʻtib, “Dashtobod Baraka Zamin” fermer xoʻjaligining yerlari bilan 120 metrda 7-nuqtagacha davom etadi.
7-nuqtadan shimolga burilib, 790 metr masofada Namangan shahar “Namangan parranda” MChJ yer maydonlari bilan “Janubiy aylanma yoʻl” boʻylab 8-nuqtagacha davom etadi.
8-nuqtadan chegara gʻarb tomonga burilib, 400 metr Namangan shahar “Namangan parranda” MChJ yer maydonlari bilan, 180 metr Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi “Qayumjon ota Raximov” fermer xoʻjaligini yer maydonlari bilan hamda 306 metr “Omad 21” fermer xoʻjaligini ekin yerlari bilan masofada 1-nuqtaga qadar davom etadi.
5-yer uchastkasi:
1-boshlangʻich nuqta “Janubiy aylanma yoʻl”ning shimoliy tomonidagi ichki yoʻl bilan “Janubiy aylanma yoʻl” kesishmasida joylashgan. Shu nuqtadan “Janubiy aylanma yoʻl” boʻylab 885 metr “Guliston Yashnagan Zamin” fermer xoʻjaligining yerlaridan oʻtib 2-nuqtagacha davom etadi.
2-nuqtadan chegara “Katta Namangan kanali” boʻylab 380 metr “Guliston Yashnagan Zamin” fermer xoʻjaligining yerlaridan oʻtib, “Toʻraqoʻrgʻon Agro Pilla” MChJ hisobida boʻlgan tutzordan 60 metr oʻtib, “Isoqxon Toʻra Ibrat” massivining chegarasi bilan 3-nuqtagacha davom etadi.
3-nuqtadan boshlangan chegara 610 metr masofada “Toʻraqoʻrgʻon Agro Pilla” MChJ hisobida boʻlgan tutzordan oʻtib, 510 metr “Guliston Yashnagan Zamin” fermer xoʻjaligining yerlaridan 4-nuqtagacha davom etadi.
4-nuqtadan chegara janubiy gʻarb tomonga burilib, 130 metr “Guliston Yashnagan Zamin” fermer xoʻjaligining ekin yerlaridan 5-nuqtagacha davom etadi.
5-nuqtadan chegara “Isoqxon Toʻra Ibrat” massivi chegarasi boʻylab shimoliy gʻarbga burilib, 190 metr masofada zakan tarmogʻi boʻyidagi ichki dala yoʻlidagi “Guliston Yashnagan Zamin” fermer xoʻjaligining yerlaridan 6-nuqtagacha davom etadi.
6-nuqtadan yer uchastkasining chegarasi shu nuqtadan janub tomonga burilib, ichki zakan boʻyidagi ichki dala yoʻli orqali 1010 metr masofada “Guliston Yashnagan Zamin” fermer xoʻjaligining ekin yerlaridan 7-nuqtagacha davom etadi.
7-nuqtadan shu nuqtada ajratilayotgan yer uchastkasining chegarasi janubi-gʻarbiy tomonga burilib, mahalliy aholining dala tomorqa yer maydonlarining janubiy (pastki) tomonidagi chegarasi orqali 170 metr masofada “Guliston Yashnagan Zamin” fermer xoʻjaligining yerlaridan oʻtib, ichki sugʻorish arigʻi joylashgan 8-nuqtagacha davom etadi.
8-nuqtadan chegara shu nuqtadan shimolga burilib, yuqoridagi ichki sugʻorish arigʻi orqali 70 metr masofada “Guliston Yashnagan Zamin” fermer xoʻjaligining yerlari hamda ichki zakan tarmogʻi boʻyidagi ichki dala yoʻlida joylashgan 9-nuqtagacha davom etadi.
9-nuqtadan ajratilayotgan yer uchastkasining chegarasi janub tomonga burilib, yuqoridagi ichki zakan tarmogʻi boʻyidagi ichki dala yoʻli orqali “Guliston Yashnagan Zamin” fermer xoʻjaligining ekin yerlaridan 270 metr masofada 1-nuqtaga qoʻshilgunga qadar davom etadi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 27-dekabrdagi 1054-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
“Namangan” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasining
TUZILMASI
Boshqaruv xodimlarining umumiy soni — 5 nafar.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 27-dekabrdagi 1054-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
“Namangan” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasining
USTAVI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” (keyingi oʻrinlarda Direksiya deb ataladi) operativ boshqaruv uchun oʻziga berilgan davlat mulki negizida davlat unitar korxonasi shaklida tashkil etilgan tijorat tashkiloti hisoblanadi, u oʻziga biriktirilgan mulkka nisbatan, qonunchilikda belgilangan doirada, oʻz faoliyati maqsadlariga, mulkdor (yoki uning topshirigʻiga binoan uning tomonidan masʼul etib tayinlangan davlat organi — muassis) topshiriqlariga muvofiq egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish huquqini amalga oshiradi.
2. Direksiya oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Ustavga hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
3. Direksiya yuridik shaxs hisoblanadi, alohida mulkka, mustaqil balansga, banklarda hisob raqamlariga, shu jumladan, valyuta hisob raqamlariga, emblemaga, shtamplar va blankalarga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan, oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va boshqa rekvizitlarga ega boʻladi.
4. Direksiyaning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
toʻliq nomi — “Namangan” erkin iqtisodiy zona Direktsiyasi” davlat unitar korxonasi;
qisqartirilgan nomi — “Namangan” EIZ Direktsiyasi” DUK;
b) rus tilida:
toʻliq nomi — Gosudarstvennoye unitarnoye predpriyatiye “Direksiya svobodnoy ekonomicheskoy zoni “Namangan”;
qisqartirilgan nomi — GUP “Direksiya SEZ “Namangan”;
v) ingliz tilida:
toʻliq nomi — “Directorate of free economic zone “Namangan” State Unitary Company;
qisqartirilgan nomi — “Directorate of FEZ “Namangan” SUC.
5. Direksiyaning joylashgan joyi (pochta manzili): Namangan viloyati, Chust shahri, Charagʻon koʻchasi, 1-uy.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Direksiyaning muassisi (keyingi oʻrinlarda Muassis deb ataladi) hisoblanadi.
7. Direksiya oʻz nomidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarni olishi va amalga oshirishi, majburiyatlar olishi, sudda daʼvogar va javobgar boʻlishi, nizolarni hal etishda boshqa organlarda vakillik qilishi mumkin.
8. Direksiya Muassisning roziligiga koʻra tijorat tashkilotlarining, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq yuridik shaxslarning qatnashishiga yoʻl qoʻyiladigan notijorat tashkilotlarda qatnashchi (aksiyador, aʼzo) boʻlishi mumkin.
9. Direksiya boshqa davlat korxonasining muassisi boʻlishi mumkin emas.
2-bob. Direksiya faoliyatining maqsadi va asosiy yoʻnalishlari
10. “Namangan” erkin iqtisodiy zonasini (keyingi oʻrinlarda “Namangan” EIZ deb ataladi) rivojlantirish davlat dasturlarining toʻliq va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash, shuningdek, “Namangan” EIZ hududida alohida huquqiy rejimga rioya etilishini taʼminlash yoʻli bilan operativ boshqarish, “Namangan” EIZ qatnashchilariga xizmatlar koʻrsatishdan hamda ushbu Ustavda nazarda tutilgan boshqa ishlar (xizmatlar)ni bajarishdan (koʻrsatishdan) foyda olish Direksiya faoliyatining asosiy maqsadi hisoblanadi.
11. Quyidagilar Direksiya faoliyatining asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
Namangan viloyati Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashining (keyingi oʻrinlarda Maʼmuriy kengash deb ataladi) qabul qilingan qarorlariga muvofiq “Namangan” EIZ qatnashchilarini roʻyxatdan oʻtkazish, shuningdek, ularning reyestrini yuritish;
Keyingi tahrirga qarang.
Maʼmuriy kengash qarorlariga muvofiq investorlar bilan “Namangan” EIZ hududida investitsiyalash toʻgʻrisida bitimlar, davlat mulkini “nol”ga teng xarid qiymati boʻyicha sotish toʻgʻrisida “Namangan” EIZ qatnashchilari bilan shartnomalar tuzish;
“Namangan” EIZ hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun xorijiy va mahalliy investorlarni qidirish va jalb etish;
ishlab chiqilgan “Namangan” EIZ bosh rejasi va Maʼmuriy kengash qarori bilan maʼqullangan investitsiya loyihalarini joylashtirish;
“yagona darcha” tamoyili asosida muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi tarmoqlariga ulanish uchun zarur boʻlgan barcha ruxsatnomalar berishni tashkil etish;
belgilangan tartibda tanlab olingan investorlar tomonidan oʻz zimmalariga qabul qilingan majburiyatlarning zarur tarzda bajarilishini tizimli nazorat qilish, keyinchalik natijalarni Maʼmuriy kengashga taqdim etish;
“Namangan” EIZ hududida joylashgan davlat mulki boʻlgan koʻchmas mulk obyektlarini oʻziga berilgan vakolatlar doirasida boshqarish;
“Namangan” EIZ hududidagi loyihalarni oʻz vaqtida ishga tushirish va korxonalarning doimiy faoliyat yuritishini taʼminlash bilan bogʻliq masalalarni hal etishda “Namangan” EIZ qatnashchilariga koʻmaklashish;
“Namangan” EIZni rivojlantirish dasturining amalga oshirilishini taʼminlash;
ekologik holatning yaxshilanishi yuzasidan nazoratni taʼminlash, shuningdek, “Namangan” EIZ hududida joylashgan tarixiy-madaniy boyliklarning but saqlanishi uchun javob berish;
“Namangan” EIZ faoliyatini boshqarish boʻyicha boshqa funksiyalarni amalga oshirish.
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida ushbu Ustavda nazarda tutilgan tegishli faoliyat turining litsenziyalanishi zarurligi belgilangan taqdirda, Direksiya faoliyatning ushbu turini litsenziya olmasdan, tegishli litsenziyalovchi organ bilan tuzilgan litsenziya bitimi asosida amalga oshirishga haqlidir.
12. Direksiya qonun hujjatlarida taqiqlanmagan faoliyatning boshqa turlarini amalga oshirishi mumkin.
3-bob. Direksiya faoliyatini boshqarish
13. Direksiya Muassisga va Maʼmuriy kengashga hisobot beradi.
14. Muassis quyidagi huquqlarga ega:
Direksiya faoliyatining maqsadi va yoʻnalishlarini belgilash;
Direksiya Ustaviga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
Direksiyaning ortiqcha, foydalanilmayotgan yoxud belgilangan maqsadda foydalanilmayotgan mulkini olib qoʻyish va tasarruf etish;
Direksiyaga berilgan mulkdan foydalanishdan olingan sof foydaning bir qismini yoki hammasini olish;
Direksiya mulki bilan amalga oshirilgan bitimlarni haqiqiy emas deb hisoblash va Direksiyaga yetkazilgan zararlarni qoplash toʻgʻrisida sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilish;
Direksiyani qayta tashkil etish yoki tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilish, tugatish komissiyasini tayinlash va oraliq, tugatish balansini tasdiqlash;
mehnatga oid qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Direksiya rahbari bilan mehnat shartnomasini muddatidan oldin toʻxtatish;
mehnatga oid qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Direksiya rahbari bilan mehnat shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish.
15. “Namangan” EIZ mustaqil budjeti va “Namangan” EIZni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish Maʼmuriy kengash tomonidan amalga oshiriladi.
16. Direksiyaning joriy faoliyatiga rahbarlikni Maʼmuriy kengash tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan Direktor amalga oshiradi.
17. Direktor ijro etuvchi organ hisoblanadi.
18. Direktor:
qonun hujjatlari talablarini bajarishga, Direksiya xodimlarining mehnat sharoitlarini muhofaza qilish va yaxshilashga, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi norma va qoidalarga rioya qilinishini taʼminlash tadbirlarini ishlab chiqadi va joriy etadi;
“Namangan” EIZni rivojlantirish dasturlarining amalga oshirilishini tashkil qiladi;
Direksiyaning asosiy faoliyatini takomillashtirishga, boshqarishning eng zamonaviy usullarini joriy etish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
Direksiya nomidan ishonchnomasiz harakat qiladi, barcha tashkilotlarda, shu jumladan, xorijiy tashkilotlarda uning manfaatlarini ifodalaydi;
xodimlarni ishga qabul qiladi, ular bilan mehnat shartnomalarini (kontraktlarini) tuzadi, oʻzgartiradi va ularning amal qilishini tugatadi;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishonchnomalar beradi;
kadrlarni tayyorlash va oʻqitish, ularning malakasini oshirish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
Direksiyaning barcha xodimlari uchun majburiy boʻlgan buyruqlar va koʻrsatmalar chiqaradi;
Direksiyaning ichki ish tartibini va xoʻjalik faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlarni tasdiqlaydi;
Direksiya tomonidan qonun hujjatlariga rioya qilinishini tashkil etish va nazorat qilishni taʼminlaydi;
Direksiyaga yuklangan maqsadlar va vazifalarni bajarish uchun zarur boʻlgan boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
19. Direktor:
Muassisga Direksiya faoliyati toʻgʻrisida belgilangan tartibda hisobot beradi;
Direktor oʻz huquqlarini amalga oshirishda va vazifalarini bajarishda Direksiya manfaatlarini koʻzlagan holda harakat qilishi lozim hamda budjetga va budjetdan tashqari jamgʻarmalarga toʻlovlar, ish haqining oʻz vaqtida toʻlanishi, mehnatga oid huquqiy munosabatlardan kelib chiquvchi barcha talablarning va ularga tenglashtirilgan toʻlovlarning qondirilishi, ishlab chiqarish faoliyati bilan bevosita bogʻliq ehtiyojlarga mablagʻlar oʻtkazilmaganligi, Direksiyaning xatti-harakatlari (harakatsizligi) bilan, shu jumladan Direksiyaga berilgan davlat mol-mulki yoʻqolgan taqdirda, yetkazilgan zarar yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi;
“Namangan” EIZning Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Maʼmuriy kengash tomonidan tasdiqlanadigan mustaqil budjet mablagʻlarining tasarruf etuvchisi hisoblanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga “Namangan” EIZning mustaqil budjeti ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni kelishish uchun belgilangan tartibda taqdim etadi.
20. Direktor oʻz zimmasiga yuklangan vazifalarning bajarilishi, shuningdek, Direksiyaga berilgan davlat mulkining saqlanishi va undan maqsadli foydalanilishi yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
4-bob. Direksiyaning ustav fondi
21. Direksiyaning ustav fondi “Namangan” EIZ faoliyatini operativ boshqarishni amalga oshirish uchun Muassis tomonidan oʻziga berilgan mablagʻlar, mol-mulk va boshqa aktivlar yigʻindisidan iborat boʻladi.
22. Direksiya ustav fondining miqdori 1,0 mlrd soʻmni tashkil qiladi.
5-bob. Direksiyaning ustav fondini koʻpaytirish va kamaytirish tartibi
23. Direksiyaning ustav fondini koʻpaytirish yoki kamaytirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, Muassis qaroriga binoan amalga oshiriladi.
6-bob. Direksiya mulkini tasarruf etish
24. Muassis tomonidan Direksiyaga operativ boshqaruv huquqi bilan berilgan asosiy fondlar va aylanma mablagʻlar Direksiya mol-mulkini tashkil qiladi.
25. Direksiyaning asosiy fondlari va aylanma mablagʻlari boʻlinmaydi va ulushlar (hissalar, paylar) boʻyicha taqsimlanishi mumkin emas.
26. Maʼmuriy kengash Direksiyaga berilgan davlat mulkidan belgilangan maqsadda foydalanilishini va uning saqlanishini, shuningdek, oʻzgaga berilishini Muassis nomidan nazorat qiladi.
27. Direktor Muassis bilan kelishgan holda Direksiya mulkini quyidagicha tasarruf etishi mumkin:
asosiy vositalarni sotish, ularni ijaraga yoki garovga berish;
mol-mulkni boshqa xoʻjalik jamiyatining ustav fondiga ulush sifatida kiritish;
boshqa xoʻjalik jamiyatlarining aksiyalari (ulushlari)ni sotib olish va sotish;
mol-mulkni boshqacha tarzda tasarruf etish.
7-bob. Direksiya budjetini shakllantirish
28. Quyidagilar Direksiya faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
davlat mulki boʻlgan va “Namangan” EIZ hududida joylashgan binolar va inshootlarni ijaraga berishdan olingan daromadlarning bir qismi;
xizmatlar koʻrsatishdan olingan daromadlar;
EIZ qatnashchilarining ajratmalari va EIZ qatnashchilari sifatida roʻyxatdan oʻtish uchun toʻlovlar;
Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlaridagi mablagʻlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar.
8-bob. Zaxira fondini va boshqa fondlarni shakllantirish tartibi
29. Direksiya oʻz tasarrufida qoladigan sof foyda hisobiga zaxira fondini, shuningdek, boshqa fondlarni tashkil etishi mumkin, ularning miqdori va shakllantirish tartibi Muassis tomonidan tasdiqlanadi.
9-bob. Daromad (foyda)ni taqsimlash va zararlarni qoplash tartibi
30. Direksiyaning sof foydasi Direksiya tasarrufida qoladi va undan Muassis qaroriga binoan foydalaniladi.
31. Muassis oʻz qarori bilan oʻzga yuridik va jismoniy shaxslarga xayriya maqsadlari uchun yoʻnaltiriladigan pul mablagʻlarining cheklangan summasini, ularni tasarruf etish huquqini Direktorga bergan holda belgilaydi.
32. Direksiyaning xoʻjalik faoliyati natijasida koʻrilgan zararlarini qoplash ushbu maqsadlar uchun tashkil etilgan zaxira fondi mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi mumkin.
10-bob. Hisobotlarni taqdim etish tartibi
33. Direksiya hisobot davri tugagach vakolatli organlarga moliya hisobotini va roʻyxati qonun hujjatlarida belgilangan boshqa hujjatlarni taqdim etadi hamda hujjatlarning saqlanishi va ularning davlat tomonidan saqlashga berilishi yuzasidan belgilangan tartibda javob beradi.
34. Direksiyaning xoʻjalik subyekti sifatidagi faoliyatini nazorat qilish Maʼmuriy kengash tomonidan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
35. Direktor har chorakda Direksiya faoliyatining natijalari va tasdiqlangan rivojlantirish dasturlarining amalga oshirilishi toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.
11-bob. Direksiyaning javobgarligi
36. Direksiya oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻziga tegishli mulk bilan javob beradi. Muassis Direksiyaning mulki yetarli boʻlmagan taqdirda uning majburiyatlari boʻyicha subsidiar javobgarlikni amalga oshiradi.
37. Direksiya Muassis majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi.
12-bob. Direksiyani tugatish va qayta tashkil etish
38. Direksiya Muassisning qaroriga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda yoki sud qaroriga binoan tugatilishi yoxud qayta tashkil etilishi mumkin.
39. Direksiyani tugatish Direksiya faoliyatining huquq va majburiyatlar huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxslarga oʻtmagan holda toʻxtatilishiga sabab boʻladi.
Direksiya qayta tashkil etilgan taqdirda uning huquq va majburiyatlari huquqiy vorisga oʻtadi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2018-y., 09/18/1054/2398-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2021-y., 09/21/786/1216-son)