O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mamlakatimizda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar hamda ularning xavf omillarining oldini olish, davolash va nazorat qilish, aholining barvaqt o‘lim hamda kasallanishini kamaytirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, aholi salomatligini muhofaza qilish borasida profilaktika chora-tadbirlarini samarali muvofiqlashtirish tizimi mavjud emasligi fuqarolarning jismoniy faolligi darajasini qo‘llab-quvvatlash va sog‘lom turmush tarzini yuritishda kelishilgan choralar ko‘rish imkonini bermayapti.
Aholining tibbiy va sanitar-gigiyenik madaniyati darajasining pastligicha qolayotganligi natijasida asosiy e’tibor profilaktikaga emas, kasalliklar bilan kurashishga qaratilmoqda.
Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va jismoniy faolligini oshirishni tashkil qilish va boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5590-son Farmoniga muvofiq:
1. Quyidagilar:
2019 — 2022-yillarda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish Konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda — Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;
2019 — 2022-yillarda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari Dasturi (keyingi o‘rinlarda — chora-tadbirlar Dasturi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining faoliyati samaradorligini baholashning asosiy mezonlaridan biri etib belgilansin — xodimlar jamoasining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash, ularning jismoniy faolligi darajasini oshirish maqsadida barcha zarur sharoitlarni yaratish, ushbu vazifalarga erishishga qaratilgan chora-tadbirlarni muntazam ravishda tashkil qilib borish.
Oldingi tahrirga qarang.
3. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Innovatsion rivojlanish agentligining:
(3-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Respublika diyetologiya o‘quv-ilmiy markazi negizida davlat muassasasi shaklida Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazini (keyingi o‘rinlarda — Markaz);
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi huzurida yuridik shaxsni tashkil etmagan holda Markazning hududiy bo‘limlarini;
tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari huzuridagi “Salomatlik” markazlari negizida yuridik shaxsni tashkil etmagan holda Markazning tuman va shahar bo‘linmalarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
4. Quyidagilar Markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yuqumli bo‘lmagan kasalliklar va ularning xavf omillariga qarshi kurashish hamda oldini olish bo‘yicha maqsadli dasturlarni ishlab chiqish va joriy etish;
sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, zararli odatlarga qarshi kurashish, aholining tibbiy madaniyatini rivojlantirish, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va ommaviy sport harakatini tibbiyot profilaktikasi bilan integratsiyalashtirish bo‘yicha ommaviy tadbirlarni o‘tkazish;
sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish va ularga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;
aholi salomatligi holatini monitoring qilishning yagona tizimini yaratish, zamonaviy axborot va innovatsion texnologiyalarini joriy etish bilan birga umrni uzaytirish va salomatlikni mustahkamlashga oid aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish va tavsiyalarni tatbiq etishda ko‘maklashish;
umume’tirof etilgan xalqaro uslublar asosida doimiy populyatsiya tekshiruvlari va yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning xavf omillari bo‘yicha so‘rovlar o‘tkazish;
noto‘g‘ri ovqatlanish bilan bog‘liq kasalliklarning oldini olish va tarqalishi darajasini kamaytirish, keng ko‘lamda tushuntirish ishlarini tashkil qilish va aholining sog‘lom turmush tarzi garovi sifatida to‘g‘ri ovqatlanish targ‘ibotini kuchaytirish;
sifatning zamonaviy xalqaro standartlariga muvofiq oziq-ovqat mahsulotlarining asosiy turlarini mamlakatimizda ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkazish;
ta’lim muassasalari bilan birgalikda yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish va aholining sog‘lom turmush tarzini shakllantirish masalalari yuzasidan kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va uzluksiz kasbiy rivojlanishi bo‘yicha tadbirlarni tashkil qilish va ularda ishtirok etish.
5. Belgilansinki:
Markaz O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining tashkiliy tuzilmasiga kiradi va unga hisobot beradi;
Markaz, uning hududiy bo‘limlari va tuman (shahar) bo‘linmalari (keyingi o‘rinlarda — hududiy bo‘linmalar) Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Respublika diyetologiya o‘quv-ilmiy markazi va tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari huzuridagi “Salomatlik” markazlarining umumiy shtat birliklari va ish haqi fondi doirasida tashkil etiladi;
Markaz va uning hududiy bo‘linmalari O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari, xalqaro moliya tashkilotlari va institutlarining grantlari va kreditlari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik mablag‘lari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari huzuridagi “Salomatlik” markazlari shtat birliklarini maqbullashtirish hisobidan bo‘shagan mablag‘lar Markaz va uning hududiy bo‘linmalarining xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi hamda har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetini shakllantirishda ushbu maqsadlar nazarda tutiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
Markaz aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish sohasida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Innovatsion rivojlanish agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, boshqa davlat boshqaruvi organlari, jamoat va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
(5-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Markaz unga yuklatilgan vazifalar doirasida vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlaridan zarur statistik va tahliliy ma’lumotlarni so‘rash va bepul olish huquqiga ega;
Markazni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor boshqaradi;
Markaz direktori mehnatga haq to‘lash sharoitlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining bosh boshqarma boshlig‘iga tenglashtiriladi.
6. Markaz va uning hududiy bo‘linmalari xodimlarining cheklangan umumiy soni 838 nafar etib belgilansin.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bir oy muddatda Markaz va uning hududiy bo‘linmalari nizomlari va tuzilmalarini tasdiqlasin, bunda Markaz direktoriga, zarur bo‘lganda, tasdiqlangan tuzilmalarga xodimlarning cheklangan umumiy soni va ish haqi fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2019-yilning 1-dekabriga qadar keng doirada o‘tkaziladigan jamoatchilik muhokamalari natijasida alkogol va tamaki mahsulotlar iste’molini cheklash bo‘yicha, shuningdek, quyidagilarni o‘z ichiga oluvchi qo‘shimcha chora-tadbirlarni qabul qilsin:
Alkogol mahsuloti idishining yorlig‘ida hamda tamaki mahsulotining qutisida (o‘rovida) tibbiy ogohlantirishlarni joylashtirish uchun asosiy maydon o‘lchamini kengaytirish;
tamaki mahsuloti qutisida (o‘rovida) matnli yozuv va rasm tarzidagi tibbiy ogohlantirishlarni joylashtirish;
alkogol va tamaki mahsulotlari savdosi qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat olib boruvchi organlarni hamda shunday nazoratni olib borishning mexanizmlarini aniqlashtirish;
jamoat joylari va transportning belgilanmagan joylarida alkogol va tamaki mahsulotlar iste’moli uchun javobgarlikni kuchaytirish;
jamoat joylarda va transportning belgilanmagan joylarida alkogol va tamaki mahsulotlari iste’molini cheklash maqsadida vakolatli shaxslar tomonidan (korxona, tashkilot, muassasalarning ma’muriyatlari, shu jumladan jamoat joylarida joylashgan inshoot, bino (imorat), boshqa obyektlar hamda transport vositalarining egalari) choralar ko‘rilmagani uchun javobgarlikni belgilash.
8. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
a) respublikaning barcha birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari amaliyotiga:
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining arterial gipertoniya, qandli diabet, bronxial astma va o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi va boshqa yuqumli bo‘lmagan kasalliklar bo‘yicha klinik protokollar, standartlar hamda tavsiyalar talablarini;
qo‘llab-quvvatlovchi kuratorlik tizimi orqali tibbiy xizmatlarning uzluksiz baholash va sifatini oshirish mexanizmlarini;
har bir bemor uchun yuqumli bo‘lmagan kasalliklar va xavf omillari bo‘yicha salomatlik profillarini yaratishni nazarda tutgan dasturiy ta’minotini tatbiq etsin;
b) oziq-ovqat mahsulotlarni tarkibida yog‘lar, tuz va qand miqdori yuqori bo‘lgan mahsulotlar toifasiga kiritish mezonlari va tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
v) tarkibida yog‘lar, tuz va qand miqdori yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini olib kirish, ishlab chiqarish (tayyorlash), sotish va iste’molini cheklash bo‘yicha takliflar kiritsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab, Toshkent tibbiyot akademiyasi magistraturasining yangi “Nutritsiologiya” yo‘nalishini ochish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
10. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq davlat organlari va tashkilotlarida:
ish kuni davomida ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlari;
haftasiga kamida bir marotaba xodimlarning jismoniy tarbiya-ommaviy tadbirlarda (yugurish, suzish, futbol, voleybol, basketbol, tennis va boshqalarda) ishtirok etishini nazarda tutadigan “Salomatlik kuni”;
muntazam ravishda xodimlar orasida ommaviylashgan sport turlari bo‘yicha sport musobaqalari va boshqa jismoniy tarbiya-ommaviy tadbirlar o‘tkazib borilishi amaliyotga joriy etilsin.
11. Davlat organlari va tashkilotlari texnologiya, ishlab chiqarish va ish sharoitlaridan kelib chiqib, xodimlariga ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlarini bajarishi uchun ish vaqtiga kiritiladigan maxsus tanaffuslarni belgilasin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi:
a) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
ishlab chiqarish gimnastikasining namunaviy mashqlar kompleksini;
transportda qatnash jihatidan qulayligi va masofani inobatga olgan holda korxonalar, tashkilotlar va muassasalar xodimlariga shug‘ullanish uchun tavsiya etiladigan sport inshootlari ro‘yxatini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
b) O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2019-yil 1-aprelga qadar tuman (shaharlar) bo‘yicha zonalarga bo‘lib hamda ish faoliyatining tavsiflari, mashg‘ulotlarning narxi, ish vaqti va boshqa ma’lumotlarni keltirib o‘tgan holda, sport inshootlarining yagona bazasini yaratsin hamda Internet tarmog‘iga joylashtirilishini ta’minlasin.
13. Belgilansinki, davlat organlari va tashkilotlari xodimlari jamoasiga sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratish, shu jumladan sport obyektlariga shug‘ullanish (qurish, jihozlash) bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirish tegishli davlat organlari va tashkilotlarning budjetdan tashqari mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
14. O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining aholining keng qatlamlari orasida quyidagilarni o‘z ichiga olgan “Alpomish” va “Barchinoy” maxsus testlarini o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
(14-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
aholining umumiy jismoniy tayyorgarligi darajasiga sport normativlarini va davlat talablarini belgilash;
aholining turli yoshdagi guruhlari o‘rtasida sport musobaqalarini o‘tkazish;
yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan fuqarolarni “Alpomish” va “Barchinoy” I, II va III darajali ko‘krak nishonlari bilan taqdirlashni joriy etish.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda “Alpomish” va “Barchinoy” maxsus testlarni o‘tkazishni tashkil qilish to‘g‘risida hukumat qarorini qabul qilsin.
15. Quyidagilar:
Markazning davlat organlari va tashkilotlari bilan samarali hamkorligini ta’minlash, shu jumladan yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish bo‘yicha sifatli chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan ta’sirchan nazorat o‘rnatish — O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Abduhakimov;
Oldingi tahrirga qarang.
Markaz va uning hududiy bo‘linmalari faoliyatini talab darajasida tashkil etish, jamiyat sog‘lig‘ini saqlashni ta’minlash, aholini sog‘lom turmush tarziga da’vat qilish bo‘yicha choralar ko‘rish, fuqarolarda o‘zining va atrofdagilarning salomatligi uchun mas’ullik hissini shakllantirish — O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri A.Sh. Inoyatov;
(15-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Oldingi tahrirga qarang.
aholi, ayniqsa yoshlar orasida jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishni ommalashtirish bo‘yicha tadbirlarni tashkillashtirish hamda aholining keng qatlamlari uchun sport inshootlari va inventaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlash — O‘zbekiston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vaziri A.I. Ikramov;
(15-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Oldingi tahrirga qarang.
ta’lim muassasalari o‘quv dasturlariga o‘quvchilarni sog‘lom turmush tarzini olib borish va jismoniy faolligi darajasini oshirishni ta’minlash tadbirlarini kiritish, ta’lim muassasalari hududida o‘quvchilarning salomatligiga ziyon yetkazadigan oziq-ovqat mahsulotlari sotilishiga yo‘l qo‘ymaslik — O‘zbekiston Respublikasining maktabgacha va maktab ta’limi vaziri X.U. Umarova, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri I.Yu. Abduraxmonov;
(15-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Konsepsiya va chora-tadbirlar Dasturida belgilangan tadbirlarni sifatli, o‘z vaqtida va to‘liq bajarish bo‘yicha shaxsiy javobgarlik — davlat organlari va tashkilotlarning rahbarlari zimmasiga yuklansin.
16. Markaz Toshkent shahri, Olmazor tumani, Farobiy ko‘chasi, 2-uy manzili bo‘yicha joylashtirilsin.
17. Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
18. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A. Abduvaxitov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 18-dekabr,
PQ-4063-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-dekabrdagi PQ-4063-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
2019 — 2022-yillarda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish
Konsepsiyasi
1-bob. Nosog‘lom turmush tarzi va yetarlicha bo‘lmagan jismoniy faollik natijasida yuzaga kelgan aholi salomatligining bugungi holati
Yurak qon-tomir kasalliklari, insult, xavfli o‘smalar, nafas olish a’zolarining surunkali kasalliklari va qandli diabet kabi yuqumli bo‘lmagan kasalliklar butun dunyoda nogironlik va o‘limlarning asosiy sabablaridir. Ular asosan yuqori qon bosimi, tamaki va alkogol mahsulotlarini iste’mol qilish, qondagi xolesterinning yuqori darajasi, ortiqcha tana vazni, meva va sabzavotlarni yetarlicha iste’mol qilmaslik va sust jismoniy faollik kabi xavfli omillar tufayli yuzaga keladi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, keyingi bir necha o‘n yil ichida ortiqcha tana vazni va semizlik muammosi butun dunyoda kuchayib bormoqda. 2015-yilning o‘zida yuqumli bo‘lmagan kasalliklar 40 million odamning umriga zavol bo‘ldi, bu esa dunyo bo‘yicha barcha o‘lim holatlarining 70 foizini tashkil qiladi.
O‘zbekistonda har yili barcha o‘lim holatlarining 78 foizi yuqumli bo‘lmagan kasalliklar tufayli yuz bermoqda. 2017-yilda jinsi va yoshi bo‘yicha standartlashtirilgan o‘lim sabablari umumiy tuzilmasida birinchi o‘rinni qon aylanish tizimi kasalliklari (69 foiz), shu jumladan yurak ishemik kasalligi, arterial gipertoniya va uning asoratlari (miokard infarkti, bosh miyaga qon quyilishi) egalladi. Ulardan keyin xavfli o‘smalar (8 foiz), qandli diabet (3 foiz) va nafas olish a’zolarining surunkali kasalliklari (3 foiz) joy oldi.
2014-2015-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan birgalikda respublikaning 18 — 64 yoshdagi aholisi orasida o‘tkazgan tadqiqot natijalari quyidagilarni ko‘rsatdi:
har kuni aholining uchdan ikki qismi (67 foiz) sabzavot va mevalarni yetarli miqdorda iste’mol qilmaydi (400 grammdan kam);
aholining yarmi ortiqcha vaznga ega (tana vazni indeksi ≥ 25 kg/m2);
katta yoshdagi aholining har beshinchisida semizlik aniqlangan (tana vazni indeksi ≥ 30 kg/m2);
aholining 46 foizida qondagi xolesterin darajasi ortganligi qayd qilingan;
erkaklarning 42 foizi va ayollarning 1,5 foizi tamaki chekadi;
aholining deyarli uchdan bir qismida yuqori arterial bosim (≥ 140/90 mm Hg) qayd qilinmoqda;
aholining 9 foizi och qoringa qondagi glukozaning ortgan darajasiga ega (≥6,1 mol/1);
40 — 64 yoshdagi aholining beshdan bir qismi o‘n yil ichida yurak qon-tomir kasalliklari rivojlanishi xavfiga ega;
aholi orasida bir kunda iste’mol qilinayotgan tuz miqdori o‘rtacha 14,9 grammni tashkil qiladi, bu esa Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiya etgan ko‘rsatkichdan (kuniga ko‘pi bilan 5 gramm) 3 baravar ortiq.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining baholashiga ko‘ra, 2016-yilda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar yetkazgan iqtisodiy zarar taxminan 9,3 trillion so‘mni tashkil qildi, bu esa mamlakat yalpi ichki mahsulotining 4,7 foiziga teng.
Mutaxassislar xavfli omillar profilaktikasi va yuqumli bo‘lmagan kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordamni tashkil qilish va ko‘rsatish tizimini yaxshilash orqali O‘zbekistonda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar sababli barvaqt o‘lim topish holatlari 31 foizining oldini olish yoki kechiktirish mumkinligini ta’kidlamoqda.
2-bob. Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish tizimini tashkil qilishdagi muammolar va kamchiliklar
Hozirgi paytda respublika aholisini sog‘lom ovqatlanish bilan ta’minlash sohasida quyidagi kamchiliklar mavjud:
qand-shakar o‘rnini bosuvchi tabiiy mahsulotlar yetarli hajmda ishlab chiqarilmasligi;
ta’lim muassasalarida iste’mol qilinayotgan oziq-ovqat mahsulotlari tarkibidagi foydali moddalarning sifat va mutanosiblik talablariga mos kelmasligi;
oziq-ovqat mahsulotlarida zarur vitaminlar va minerallar darajasining pastligi;
ayniqsa, kechki paytlarda haddan tashqari ovqatlanishning o‘sishi.
Bug‘doy unini mikronutriyentlar bilan boyitish darajasi ishlab chiqarilayotgan va import qilinayotgan barcha navdagi unning 30 foizini tashkil qilmoqda. Mikronutriyentlar bilan boyitilgan bug‘doy unini aholining taxminan 56 foizi iste’mol qiladi. Temir yetishmasligi anemiyasining profilaktikasini ta’minlash uchun aholining 90 foizini qamrab olish lozim.
Mahalliy oziq-ovqat mahsulotlarining kimyoviy tarkibi bo‘yicha ma’lumotlar mavjud emas, bu esa aholi uchun sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishni qiyinlashtiradi. Tabiiy va iqtisodiy sharoitlar, milliy an’analar, demografik va boshqa xususiyatlarni hisobga olgan holda kasb va jins-yosh guruhlari bo‘yicha differensiyalashtirilgan ovqatlanish me’yorlari ishlab chiqilmagan.
O‘zbekiston Respublikasining “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi Qonuni va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi va iste’mol qilinishini cheklash bo‘yicha boshqa qonun hujjatlari qoidalariga rioya qilish past darajada qolmoqda. 2017-yilda Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan jamoatchilik monitoringi natijalari quyidagilarni ko‘rsatdi:
74 foiz tashkilotlar, muassasalar, korxonalarning hududi va binolarida tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish uchun maxsus ajratilgan joylar va (yoki) xonalar tashkil qilinmagan;
tamaki mahsulotlarini sotuvchi savdo obyektlari va umumiy ovqatlanish korxonalarida qonunchilikni buzish holatlari (yigirma yoshga yetmagan shaxslarga sigareta sotish yoki sigaretalarni donalab sotish, yigirma yoshga yetmagan shaxslarga sigareta sotishga yo‘l qo‘yilmasligi hamda sigaretalarning inson salomatligiga salbiy ta’siri haqida ogohlantiruvchi yozuvlarning yo‘qligi) aniqlangan.
Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning xavfli omillariga ega bemorlarni barvaqt aniqlash tizimi yetarlicha rivojlanmagan, bemorlarga sog‘lom ovqatlanish, jismoniy faollik, tamaki va alkogol mahsulotlarini iste’mol qilishdan voz kechish masalalari bo‘yicha maslahatlar berish lozim darajada o‘tkazilmaydi.
2015 — 2017-yillarda Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlaridagi 8 ta oilaviy poliklinika va qishloq vrachlik punktlarida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining arterial gipertoniya va qandli diabet bo‘yicha klinik protokoli sinovdan o‘tkazildi.
Buning natijasida arterial gipertoniya va qandli diabet ikkinchi turini birlamchi aniqlash deyarli ikki baravarga ortdi, yurak qon-tomir kasalliklari xavfi 30 foizdan yuqori bo‘lgan bemorlar hamda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar xavfli omillariga ega sog‘lom bemorlar aniqlandi, ular uchun bemorga yordam ko‘rsatish shaxsiy rejalari tuzildi.
Qo‘lga kiritilgan ijobiy natijalarni hisobga olgan holda, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ekspertlari tomonidan mazkur tajriba natijalarini birlamchi tibbiy-sanitariya yordamining barcha muassasalari amaliyotiga joriy qilish maqsadga muvofiqligi asoslab berildi.
Yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning mavjud monitoring tizimi ijtimoiy himoyalanmagan aholi guruhlarining ijtimoiy-iqtisodiy jihatlarini (etnik kelib chiqishi, ma’lumoti, daromadlar darajasi va boshqalarni) o‘rganish imkonini bermaydi. Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar xavfli omillarining tarqalganligini o‘rganish bo‘yicha ijtimoiy tadqiqotlar o‘tkazish uchun zarur moliyaviy resurslar ajratilmayapti.
Barcha darajalarda tibbiy ma’lumotlarni yig‘ish va qayd qilishning yagona elektron tizimi joriy qilinmagan, bu esa monitoringni amalga oshirish jarayonini ancha qiyinlashtiradi va uning sifatini pasaytiradi. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida tibbiy hujjatlardagi yozuvlar unifikatsiyalashtirilmagan va ixtiyoriy shaklda yoziladi, bemorlarning salomatlik ko‘rsatkichlari turli tibbiy hujjatlarda takrorlanadi, ma’lumotlarni statistik qayta ishlash va tahlil qilish qog‘ozda amalga oshiriladi.
Natijada, yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning mavjud monitoring tizimi samarali boshqaruv qarorlari qabul qilinishini ta’minlamaydi.
Fuqarolarni sog‘lom turmush tarzini olib borishga jalb qilish bo‘yicha targ‘ibot ishlari yetarli darajada amalga oshirilmayapti. Mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar faqat miqdoriy va statistik ahamiyatga ega (2017-yilda 200 mingdan ortiq tadbirlar o‘tkazildi, lekin ular samarali va ta’sirchan natijalarni bermayapti).
Axborot-ma’rifiy kampaniyalar qisqa davom etadi va muntazam ravishda o‘tkazilmaydi. Xalqaro tajriba bunday chora-tadbirlar sog‘lom muhitni barpo etish bo‘yicha qonunchilik bazasini takomillashtirish, sog‘lom oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotishni rag‘batlantirish, aholini o‘z fe’l-atvorini o‘zgartirishga yoki ish beruvchilarni tashkilot xodimlari orasida sog‘lom muhitni yaratishga undovchi iqtisodiy va ma’muriy mexanizmlarni qo‘llash kabi boshqa chora-tadbirlar bilan birgalikda amalga oshirilganida samarali bo‘lishini ko‘rsatadi.
Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligini kuchaytirish sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha faoliyat yo‘lga qo‘yilmagan.
Toshkent tibbiyot akademiyasining Jamiyat salomatligini saqlash maktabi o‘quv dasturining mazmuni ko‘p jihatdan sog‘liqni saqlash sohasini boshqarish bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan. Toshkent tibbiyot akademiyasi “Bolalar va o‘smirlar gigiyenasi va ovqatlanish gigiyenasi” kafedrasining o‘quv dasturi sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmatida ishlaydigan ovqatlanish gigiyenasi bo‘yicha sanitar vrachlarni tayyorlashga mo‘ljallangan. Natijada, sog‘lom va parhez ovqatlanish hamda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish sohasida zamonaviy bilimlar, ko‘nikmalar va mahoratga ega bo‘lgan mutaxassislarning jiddiy yetishmasligi kuzatilmoqda.
Tibbiy oliy ta’lim muassasalarining ko‘pchilik o‘qituvchilari yetarlicha amaliy ish tajribasiga ega emas. Tahlillar shu ko‘rsatadiki, ayni paytda, xorijda o‘qituvchilar o‘qitish jarayonini ko‘pincha davlat va xususiy tashkilotlarda mutaxassis va ekspert sifatida ishlash bilan birgalikda olib boradilar.
Mamlakatda yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning profilaktikasi va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish uchun respublika darajasida ham, hududiy darajada ham mas’ul muassasalar mavjud emas.
3-bob. Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faollik darajasini oshirish maqsadlari, ustuvor yo‘nalishlari va vazifalari
2019 — 2022-yillarda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faollik darajasini oshirish konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda — Konsepsiya) O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2013 — 2020-yillarda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi va ularga qarshi kurashish bo‘yicha global harakatlar rejasi, 2015 — 2020-yillarda oziq-ovqat mahsulotlari va ovqatlanish sohasida harakatlar rejasi, 2016 — 2025-yillarda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqasi uchun jismoniy faollik sohasidagi strategiyasi, Tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha hadli konvensiya, 2012 — 2020-yillarda Yevropada alkogolni zararli iste’mol qilishni kamaytirish bo‘yicha harakatlar rejasi kabi hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilgan.
Konsepsiya Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalari asosida yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlarni o‘z ichiga olgan.
Konsepsiyaning maqsadi yuqumli bo‘lmagan kasalliklar va ularning xavfli omillarining oldini olish, davolash hamda nazorat qilish, barvaqt o‘lim holatlari va jamiyat uchun kasalliklar yukini kamaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish yo‘li bilan mamlakat aholisi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishdan iborat.
Konsepsiyaning strategik ustuvor yo‘nalishlari:
a) yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning quyidagi xavfli omillariga qarshi kurashish:
nosog‘lom ovqatlanish;
yetarli bo‘lmagan jismoniy faollik;
ortiqcha tana vazni;
tamaki va alkogol mahsulotlarini iste’mol qilish, shu jumladan chilim va elektron sigaretalarni chekish;
arterial bosimning yuqoriligi, qondagi glukoza va xolesterinning yuqori darajasi;
b) kasalliklarning quyidagi guruhlariga qarshi kurashish:
yurak-tomir kasalliklari (arterial gipertoniya, miokard infarkti, insult);
qandli diabet;
nafas olish a’zolarining surunkali kasalliklari (o‘pka surunkali obstruktiv kasalliklari, bronxial astma);
xavfli o‘smalar (sut bezi raki, bachadon bo‘yni raki, o‘pka raki).
Konsepsiyaning asosiy vazifalari:
1. Sog‘lom muhitni yaratish va sog‘lom turmush tarzi foydasiga to‘g‘ri tanlov bo‘yicha tashabbuslarni shakllantirish va omma orasida keng yoyish.
2. Ta’lim, tibbiyot, sport muassasalari, korxonalar, tashkilotlar va jamoat joylarida sog‘lom muhitni shakllantirish bo‘yicha nodavlat sektor rolini kuchaytirish.
3. Aholi o‘rtasida yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish sohasida davlat-xususiy sherikligi mexanizmlarini joriy qilish va uning imkoniyatlarini kengaytirish.
4. Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi va ularni nazorat qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti, xalqaro moliyaviy institutlar va tashkilotlar mablag‘lari, tijorat banklarining imtiyozli kreditlari, grantlar hamda qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan barqaror moliyalashtirish.
5. Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi va aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha axborot-ma’rifiy faoliyatni takomillashtirish;
6. Yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning milliy integratsiyalashgan epidemiologik nazorati axborot tizimini, shu jumladan xavfli omillar va asosiy yuqumli bo‘lmagan kasalliklar bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishni baholash va monitoring qilish tizimini yaratish.
7. Xavf guruhiga kiruvchi va yuqumli bo‘lmagan kasalliklarga chalingan bemorlarga xavfli omillarni barvaqt aniqlash va nazorat qilishga alohida e’tibor qaratgan holda profilaktika, davolash va konsultativ yordam tizimini takomillashtirish.
8. Yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning profilaktikasi va aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish sohasiga jalb etilgan barcha sektorlarning kadrlar va ilmiy-tadqiqot salohiyatini rivojlantirish.
4-bob. 2019 — 2022-yillarda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholi jismoniy faollik darajasini oshirish bo‘yicha faoliyatning asosiy yo‘nalishlari
1. Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faollik darajasini oshirish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish
1. Tarkibida yog‘lar, tuz va qand miqdori yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish targ‘iboti va reklamasini cheklash sohasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish.
2. Alkogol va tamaki mahsulotlarini tarqatish va iste’mol qilishni cheklash yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlarni o‘rnatishga qaratilgan huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish.
3. Respublikaga mikronutriyentlar bilan boyitilmagan birinchi nav bug‘doy unini olib kirishni (import qilishni) cheklash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.
4. Ommaviy iste’mol qilinadigan mahsulotlardagi kaloriya darajasini kamaytirish va ular tarkibidagi yog‘lar, tuz va qand miqdorining maqsadli darajalarini o‘rnatish hamda porsiyalarining tavsiya qilinuvchi miqdorlarini aniqlash maqsadida ularning standartlari va retsepturalarini qayta ko‘rib chiqish.
5. Zararli mehnat sharoitlariga ega sanoat korxonalari uchun profilaktik ovqatlanish standartlarini qayta ko‘rib chiqish.
6. Tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarishda ular ta’mining jozibadorligini orttiruvchi ingrediyentlardan (xushbo‘y hid beruvchi moddalar) foydalanish tartibini o‘rnatish.
2. Aholining sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish
1. Sog‘lom oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotishni rag‘batlantirish va tarkibida yog‘lar, tuz, qand miqdori yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini olib kirish, ishlab chiqarish (tayyorlash) va sotishni cheklash bo‘yicha bozor mexanizmlarini joriy qilish.
2. Turli dehqonchilik sharoitlarida yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat mahsulotlarining tarkibi va sifatini, shuningdek, milliy taomlarning farmakodinamik xususiyatlarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-amaliy tadqiqotlarni olib borish.
3. Nutritsiologiya sohasidagi zamonaviy yutuqlar asosida aholining yoshi, jinsi va kasbi bo‘yicha turli guruhlari uchun ovqatlanishning maqbul me’yorlarini qayta ko‘rib chiqish.
4. Ovqatga qo‘shiladigan qo‘shimchalarni (rang, xushbo‘y hid beruvchi moddalar, konservantlar va boshqalar) qo‘llash ustidan nazoratni kuchaytirish.
5. Umumiy ovqatlanish korxonalarining taomnomalariga sabzavotlar, mevalar va boshqa foydali oziq-ovqat mahsulotlarining kiritilishini rag‘batlantirish.
3. Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni qabul qilish
1. Ta’lim muassasalarining o‘quv dasturlariga sog‘lom turmush tarzini olib borish hamda o‘quvchilarning (talabalarning) sog‘lom ovqatlanishi va jismoniy faolligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni joriy qilish.
2. Aholi xavfsiz va faol harakatlanishi uchun shart-sharoitlarni (piyodalar va velosiped haydovchilari uchun yo‘lkalar) yaratish.
3. Jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish uchun hududlar va sport inshootlarini, shu jumladan davlat-xususiy sherikligi asosida qurish va rekonstruksiya qilish, turli yosh guruhlari foydalanishi mumkin bo‘lgan sport seksiyalarining qamrovi va turlarini kengaytirish.
4. Ish beruvchilar tomonidan xodimlarning ish vaqti davomida ishlab chiqarish gimnastikasi komplekslarini bajarishlari uchun maxsus tanaffuslar belgilash.
5. Ish beruvchilar tomonidan xodimlarning ishlab chiqarish gimnastikasi komplekslarini bajarishlari uchun tegishli sport inventarlari bilan jihozlangan xonalarni ajratish.
6. Kasaba uyushmalarining xodimlar bo‘sh vaqtlarini tashkil qilishdagi rolini oshirish orqali korporativ sportni rivojlantirishni rag‘batlantirish.
7. Jamoat obyektlaridan (maktab, tibbiyot, sport va ko‘ngilochar muassasalar, turar joylar va ko‘p kvartirali uylar) foydalanayotgan shaxslarning jismoniy faolligini majburiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy qilish.
8. Sport obyektlarining tumanlar (shaharlar) bo‘yicha zonalarga bo‘lib hamda ish faoliyatining tavsiflari, mashg‘ulotlar narxi, ish vaqti va boshqa ma’lumotlarni keltirib o‘tgan holda yagona ma’lumotlar bazasini yaratish va Internet tarmog‘iga joylashtirish.
9. Aholining keng qatlamlari orasida “Alpomish” va “Barchinoy” maxsus testlarini o‘tkazishni tashkil qilish.
4. Sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan yuqumli bo‘lmagan asosiy kasalliklar bo‘yicha ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash
1. Respublika birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari amaliyotiga Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining arterial gipertoniya, qandli diabet, bronxial astma va o‘pka surunkali obstruktiv kasalliklari va boshqa yuqumli bo‘lmagan kasalliklar bo‘yicha klinik protokollari, standartlari va tavsiyalarini joriy qilish.
2. Tibbiyotning o‘rta bo‘g‘ini xodimlari tomonidan aholini vrachdan oldin ko‘rikdan o‘tkazish punktlarini tashkil qilish.
3. Yuqumli bo‘lmagan kasalliklarga chalingan bemorlarni o‘zlarini parvarishlash va salomatlik holatini nazorat qilishga o‘rgatish.
4. Qo‘llab-quvvatlovchi kuratorlik tizimi orqali birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida uzluksiz baholash va xizmatlar sifatini oshirish mexanizmlarini joriy qilish.
5. Har bir bemor uchun xavfli omillar va yuqumli bo‘lmagan kasalliklar bo‘yicha salomatlik profilini (ovqatlanish xarakteri, tamakiga qaramlikning mavjudligi, tana vazni indeksi, arterial bosim, qondagi qand va xolesterin darajasi va boshqalar) yaratishni nazarda tutuvchi dasturiy ta’minotni ishlab chiqish va uni birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari amaliyotiga joriy qilish.
5. Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faollik darajasini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni monitoring qilish va baholash tizimini takomillashtirish
1. Aholi tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarining iste’mol qilinishi hamda iste’molchilarning ushbu ovqat mahsulotlarga munosabatini baholashni o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli monitoringni amalga oshirish.
2. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalari asosida yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning epidemiologik monitoringini amalga oshirish protokolini ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish.
3. Tibbiyot muassasalarining hisobga olish va hisobot hujjatlariga yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning xavfli omillari bo‘yicha ko‘rsatkichlarni kiritish orqali ushbu kasalliklar bo‘yicha tibbiy-statistika hisobi va hisoboti tizimini takomillashtirish.
4. Asosiy kasalliklar bo‘yicha kasalliklarning tobora avj olishini, asoratlarning rivojlanishini kuzatib borish imkoniyatini beruvchi registrlarni joriy qilish.
5. Aholi orasida xalqaro qabul qilingan standart metodologiya (HBSC, STEPS va boshqalar) asosida keng ko‘lamli tadqiqotlar o‘tkazish.
6. Sog‘lom atrof-muhitni yaratish bo‘yicha jamoatchilik monitoringi tizimini joriy qilish.
6. Kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish
1. Yetakchi xorijiy jamiyat sog‘liqni saqlash muassasalari bilan hamkorlikda oliy tibbiy ta’lim muassasalari tibbiyot-profilaktika yo‘nalishidagi kafedralari o‘qituvchilarining jamiyat salomatligi va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, sog‘lom ovqatlanish, diyetologiya masalalari bo‘yicha malakasini oshirish.
2. Oliy tibbiy ta’lim muassasalarining tibbiyot-profilaktika yo‘nalishiga ixtisoslashgan kafedralari, shuningdek, Toshkent tibbiyot akademiyasining Jamiyat sog‘lig‘ini saqlash maktabi hamda tibbiyot xodimlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimining o‘quv dasturlarini qayta ko‘rib chiqish va ularni xalqaro talablarga moslashtirish.
3. Tibbiyot institutlarining tibbiy-profilaktika yo‘nalishidagi soha kafedralari hamda Toshkent tibbiyot akademiyasi Jamiyat sog‘lig‘ini saqlash maktabining o‘quv dasturlarini Yevropa mintaqasining jamiyat sog‘lig‘ini saqlash maktablari assotsiatsiyasi (ASPHER — The Association of Schools of Public Health in the European Region) tomonidan akkreditatsiya qilinishini ta’minlash.
4. O‘rta tibbiy xodimlarni “Diabetik oyoq yuzi bo‘yicha tibbiy hamshira — podiatr”, “Sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha maslahatchi”, “Tamakidan voz kechish bo‘yicha maslahatchi”, “Bronxial astma bo‘yicha maslahatchi” hamda boshqa yo‘nalishlarda ixtisoslashtirish va sertifikatlash dasturlarini ishlab chiqish.
5-bob. Konsepsiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar
Konsepsiyani amalga oshirish natijasida quyidagilar:
aholi tomonidan sabzavot va mevalar iste’mol qilinishini 15 foizga oshirish;
osh tuzi iste’mol qilinishini 15 foizga qisqartirish;
vitaminlar va zarur minerallar bilan boyitilgan mahsulotlarni ishlab chiqarish ulushini oshirish;
aholining jismoniy faolligi darajasini 10 foizga oshirish;
alkogol va tamaki mahsulotlari iste’molini 10 foizga qisqartirish;
yuqori arterial bosimga ega bemorlar sonining o‘sishini to‘xtatib turish;
semirish va qandli diabet kasalligiga chalingan bemorlar sonining o‘sishini to‘xtatib turish;
tibbiy muassasalarni yuqumli bo‘lmagan asosiy kasalliklarni davolash uchun zarur bo‘lgan bazaviy diagnostik testlar, jihozlar va asosiy dori vositalari bilan ta’minlanganligi darajasini 50 foizga yetkazish;
infarkt va insultning oldini olish uchun yuqori xavf darajasiga ega va yuqumli bo‘lmagan kasalliklarga chalingan bemorlarning kamida 50 foizini zarur dori-darmon terapiyasi hamda maslahatlar bilan ta’minlash;
aholi orasida yurak qon-tomir kasalliklari, xavfli o‘smalar, qandli diabet va o‘pka surunkali obstruktiv kasalliklaridan barvaqt o‘lim holatlari darajasini 10 foizga qisqartirish kutilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-dekabrdagi PQ-4063-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
2019 — 2022-yillarda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari
Dasturi
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-noyabrdagi PF-5870-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.11.2019-y., 06/19/5870/4010-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.12.2018-y., 07/18/4063/2347-son; 09.11.2019-y., 06/19/5870/4010-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)