Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oliy taʼlim sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki davlat milliy qonunchiligiga va xalqaro huquq normalariga asoslanib,
taʼlim sohasida hamkorlikni chuqurlashtirishga intilishdan kelib chiqib,
oliy taʼlim sohasidagi hamkorlik xalqlar oʻrtasida oʻzaro anglashuvni mustahkamlash uchun koʻmaklashishiga umid bildirgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar quyidagi yoʻnalishlarda hamkorlikni amalga oshiradilar:
Tomonlar davlatlarida taʼlim tizimi va taʼlim sohasida olib borilayotgan islohotlar haqida axborot almashinuvi;
pedagoglar, ilmiy-pedagog xodimlar va taʼlim oluvchilar bilan almashinuv;
taʼlim masalalari boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar bilan almashinuv;
Tomonlar davlatlarining taʼlim muassasalari oʻrtasida barcha darajalarda hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish.
2-modda.
Tomonlar oʻqituvchilar, mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek birgalikda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish sohasida hamkorlikni rivojlantiradilar va ularni amalga tatbiq etish uchun Tomonlar davlatlarining manfaatdor tashkilotlari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar tuzishlari mumkin.
3-modda
Tomonlar taʼlim va fan yoʻnalishlarida oʻzaro manfaatli ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash hamda yanada rivojlantirish maqsadida talabalar, oʻqituvchilar, tadqiqotchilar, taʼlim va ilmiy delegatsiyalarning oʻzaro almashinuvini ragʻbatlantiradilar.
4-modda
Har qaysi Tomon boshqa Tomon davlatining fuqarolariga oʻzining tili, madaniyati, milliy tarixi, adabiyoti, geografiyasi, odatlari va anʼanalari bilan tanishishi uchun barcha sharoitlarni yaratishga intiladilar.
5-modda
Tomonlar mazkur Bitimni amalga oshirishga masʼul boʻlgan quyidagi Ijro organlarini tayinlaydilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi;
Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati nomidan — Qirgʻiziston Respublikasi Taʼlim va fan vazirligi.
6-modda
Taʼlim va almashinuvning moliyaviy va boshqa shartlari muzokaralar oʻtkazish, rasmiy xatlar bilan almashish yoki mazkur Bitimning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida bayonnomalar ishlab chiqish va imzolash yoʻli bilan belgilanadi.
7-modda
Tomonlar oʻz davlatlarining taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlarini tan olish masalalari boʻyicha axborot almashish va maslahatlashuvlar oʻtkazishga koʻmaklashadilar.
8-modda.
Mazkur Bitim Tomonlar ishtirokchisi hisoblangan boshqa shartnomalardan kelib chiqadigan ularning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
9-modda
Mazkur Bitimga Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra uning ajralmas qismi hisoblanadigan va alohida protokollar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Ular mazkur Bitimning 12-moddasida belgilangan tartibda kuchga kiradi.
10-modda
Mazkur Bitimda koʻzda tutilgan tadbirlarning ijro etilishi Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
11-modda
Mazkur Bitim qoidalarini sharhlash va qoʻllashda yuzaga keladigan kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida muzokaralar va maslahatlashuvlar oʻtkazish orqali hal etiladi.
12-modda
Mazkur Bitim imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi va besh yil muddat davomida amal qiladi.
Mazkur Bitimning amal qilish muddati tugagandan keyin agar Tomonlardan biri mazkur Bitimni amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonni navbatdagi besh yillik muddat tugashidan kamida uch oy ilgari diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabardor qilmasa, mazkur Bitimning amal qilishi navbatdagi besh yillik muddatlarga oʻz-oʻzidan uzayaveradi.
Bishkek shahrida 2017-yil 5-sentabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, qirgʻiz va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, Tomonlar rus tilidagi matnga murojaat qiladilar.
(imzolar)