Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Ilmiy-texnikaviy hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Tomonlar oʻrtasida ilmiy-texnikaviy hamkorlikni istiqbolli rivojlantirish, shuningdek uni yanada kengaytirish va oʻzaro manfaatli qoʻshma dasturlar va loyihalar sonini oshirish lozimligini inobatga olib,
fan va texnologiyalar sohasidagi hamkorlik Tomonlar davlatlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga hissa qoʻshishi mumkinligini anglagan holda,
tenglik va oʻzaro manfaatdorlik prinsiplariga amal qilib,
davlatlarning mavjud ilmiy-tadqiqot va texnologik salohiyatini inobatga olib,
ikkala mamlakatni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi yoʻlida erishilgan natijalardan foydalanishni ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilgan yangi va yuqori texnologiyalar sohasida hamkorlik uchun ishonchli asosni shakllantirish istagida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar mazkur Bitimni amalga oshirishda oʻz davlatlarining milliy qonunchiligiga hamda xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan norma va prinsiplariga rioya qiladilar.
2-modda
Tomonlar oʻz davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq quyidagi yoʻnalishlarda hamkorlikni rivojlantiradilar:
nanotizim va materiallar;
axborot va telekommunikatsiya texnologiyalari;
hayot haqida ilm;
qishloq xoʻjalik fanlari;
atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish;
energetika va energiyani tejash;
Yer haqidagi fanlar, shu jumladan seysmologiya va geologiya;
boshqa oʻzaro kelishilgan hamkorlik yoʻnalishlari.
3-modda
Mazkur Bitimning 2-moddasida koʻrsatilgan yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlik quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
texnologiyalarni yaratish va oʻzlashtirish boʻyicha qoʻshma ilmiy- tadqiqot dasturlari hamda loyihalarni amalga tatbiq etish;
qoʻshma ilmiy laboratoriya va jamoalarni, shuningdek yangi texnika va texnologiyalarni oʻzlashtirishni taʼminlashga qaratilgan innovatsion tashkilotlarni shakllantirish;
Tomonlardan biri davlatining vakillari bilan birgalikda boshqa Tomon davlati hududida joylashgan ilmiy-tadqiqot muassasalarida, oliy oʻquv yurtlarida, texnoparklarda, kutubxonalarda va muzeylarda qoʻshma ilmiy-tadqiqot faoliyatini, shuningdek dala va ekspeditsion ishlarni olib borish;
ilmiy-texnik maʼlumotlar, ilmiy jurnallar, adabiyotlar va bibliografik nashrlar bilan almashinuv;
qoʻshma ilmiy-tadqiqot ishlarini oʻtkazish uchun olimlar va mutaxassislar bilan almashinuv;
ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish hamda olimlar va mutaxassislarning stajirovkalarini tashkil etish;
birgalikda seminar, ilmiy konferensiya, uchrashuvlar oʻtkazish;
shuningdek boshqa oʻzaro kelishilgan hamkorlik shakllari.
4-modda
Mazkur Bitim qoidalarini muvofiqlashtirish va amalga oshirish uchun Tomonlarning ijroiy organlari quyidagilar hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan — Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar boʻyicha agentligi;
Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati nomidan — Qirgʻiziston Respublikasi Taʼlim va fan vazirligi.
5-modda
Tomonlar mazkur Bitim doirasidagi hamkorlikda ishtirok etuvchi ilmiy muassasa va tashkilotlar oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri ilmiy- texnikaviy aloqalarni rivojlantirishni ragʻbatlantiradilar.
6-modda
Tomonlar teng va oʻzaro manfaatli ilmiy-texnikaviy hamkorlikka koʻmaklashadilar.
Ilmiy-tadqiqot ishlarni amalga oshirish doirasida yaratilgan va himoya qilinadigan intellektual mulk natijalariga boʻlgan huquqlar ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarishda qatnashgan Tomon davlatlarining vakolatli (mutasaddi) organlariga yoki boshqa tashkilotlariga beriladi.
7-modda
Moliyaviy va texnik masalalar mazkur Bitim doirasidagi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun masʼul hisoblangan Tomonlar davlatlarining tashkilotlari oʻrtasida tuziladigan alohida shartnoma yoki kontraktlar asosida tartibga solinadi.
8-modda
Mazkur Bitimni amalga tatbiq etishda yuzaga keladigan nizoli masalalar Tomonlar oʻrtasida muzokaralar va maslahatlashuvlar oʻtkazish orqali hal etiladi.
9-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra mazkur Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida protokollar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
10-modda
Mazkur Bitim imzolangan kunidan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Bitim 5 (besh) yil muddat davomida amal qiladi va agarda Tomonlardan biri uning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonni navbatdagi muddat tugashidan kamida olti oy ilgari diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabardor qilmasa, mazkur Bitimning amal qilishi keyingi besh yillik muddatlarga oʻz-oʻzidan uzayaveradi.
Mazkur Bitimni bekor qilinishi, agar Tomonlar boshqacha kelishilmagan boʻlsa, uning amal qilish davrida boshlangan va uning muddati tugashiga qadar yakunlanmagan qoʻshma loyihalar, dasturlar va boshqa tadbirlarni bajarilishiga taʼsir etmaydi.
Bishkek shahrida 2017-yil 5-sentabrda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, qirgʻiz va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda Tomonlar rus tilidagi matnni asos qilib oladilar.
(imzolar)