Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi qimmatli qogʻozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi bosh direktorining
buyrugʻi
Qimmatli qogʻozlar bozorida investitsiya vositachisi faoliyati toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 30-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1108-5]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2025-yil 18-sentabrdagi 22-mh-sonli “Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3677, 22.09.2025-y.) asosan 2025-yil 24-dekabrdan davlat reyestridan chiqariladi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi va “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 8-iyundagi 285-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi hududida qimmatli qogʻozlar bilan bitimlar tuzish va ularni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 30-martdagi 126-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi bosh direktorining 2002-yil 7-fevraldagi 2002-01-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1108, 2002-yil 13-mart) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2002-y., 5-son) bilan tasdiqlangan Qimmatli qogʻozlar bozorida investitsiya vositachisi faoliyati toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Bosh direktor B. ATAXANOV
Toshkent sh.,
2018-yil 30-oktabr,
2018-12-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi bosh direktorining 2018-yil 30-oktabrdagi 2018-12-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Qimmatli qogʻozlar bozorida investitsiya vositachisi faoliyati toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 1-bandning uchinchi xatboshisidan “broker deb xisoblanadi” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
2. 2-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“nominal saqlovchi sifatida oʻz mijozlarining qimmatli qogʻozlari boʻyicha daromadlarni toʻliq va oʻz vaqtida, shu bilan birga qimmatli qogʻozlar muomaladan chiqarilganda nominal qiymatini olishda yordam koʻrsatishi kerak.”.
3. 31-bandning “j” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“j) qimmatli qogʻozlarga doir oʻz nomidan va mijoz hisobidan amalga oshirilgan bitimlarning natijalari boʻyicha hisobotni shartnomada kelishilgan muddatlar va shaklda taqdim etadi.”.
4. 7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Brokerlik xizmatlarini amalga oshirish jarayonida, investitsiya vositachisi mijoz bilan tuzilgan shartnomaga asosan uyushgan savdolarda qimmatli qogʻozlarni sotib olishi va sotishi uchun oʻz mijozlariga pul mablagʻlari va qimmatli qogʻozlar koʻrinishidagi karzni berishi mumkin.”.
5. Quyidagi mazmundagi 73-band bilan toʻldirilsin:
“73. Investitsiya vositachisi mijoz-norezident bilan tuzilgan shartnomaga asosan, qimmatli qogʻozlarni sotib olish (sotish)da mijoz-norezidentning nomidan va hisobidan xorijiy valyutalarni sotib olish (sotish) uchun tijorat banklariga buyurtmalar topshirishga haqli.”.
6. 12-band kuyidagi mazmundagi “j” kichik band bilan toʻldirilsin:
“j) depozitar tizimdagi oʻz mijozlari toʻgʻrisidagi malumotlarni dolzarblashtirish, shuningdek uch yil va undan ortiq vaqt mobaynida aloqaga ega boʻlmagan mijozlar bilan oʻzaro munosabatlarni oʻrnatish choralarini koʻrishga majbur.”.
7. 14-bandning “a” va “b” kichik bandlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“a) qimmatli qogʻozlarni sotib olishga va sotishga buyurtmalarni savdolar tizimida har kuni eʼlon qilishga;
b) oldin eʼlon qilingan narxlar va qimmatli qogʻozlar soniga muvofiq, qimmatli qogʻozlarni sotib olish yoki sotish taklifi bilan murojat qilgan shaxslar bilan bitim tuzish va bunday operatsiyalarni amalga oshirishdan bosh tortmaslikka majburdir.”.
8. 15-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“15. Diller oʻzining veb-saytida va savdolar tashkilotchisining veb-saytida sotib olinayotgan va (yoki) sotilayotgan qimmatli qogʻozlarning minimal va maksimal sonini eʼlon qilishga haqli.”.
9. Mazkur oʻzgartirish va qoʻshimchalar Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Savdo-sanoat palatasi raisi A. IKRAMOV
2018-yil 30-oktabr
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.12.2018-y., 10/18/1108-5/2254-son)