Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Hindiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Kosmik fazoni tadqiq etish va undan tinch maqsadlarda foydalanish yuzasidan hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Hindiston Respublikasi Hukumati (keyingi oʻrinlarda alohida “Tomon” va birgalikda “Tomonlar” deb ataluvchilar),
kosmik texnologiyalarni tinch maqsadlarda qoʻllashni kengaytirishdan oʻzaro manfaatdorlikni inobatga olib,
kosmik texnologiyalarni ikkala mamlakat xalqlarining manfaatlari yoʻlida qoʻllash va kosmik fazoni tadqiq etish sohasida sherikchilik munosabatlarini rivojlantirishga koʻmaklashish va ikki tomonlama hamkorlikning samarali shakllari va tashkiliy asosini rivojlantirish istagini ifodalab,
kosmik fazoni tinch maqsadlarda keng xalqaro hamkorlik uchun ochiq saqlashga harakat qilib,
kosmik fazodan tinch maqsadda foydalanish borasida ikkala mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikka koʻmaklashish va ularning ijro etuvchi tashkilotlari oʻrtasida hamkorlik boʻyicha Ijroiya kelishuvlarni amalga oshirish uchun umumiy asos yaratilishini istab,
quyidagilar toʻgʻrisida anglashuvga erishdilar:
1-modda
Maqsad
Maqsad
Tomonlar, oʻz davlatlarining amaldagi milliy qonunchiligi va qoidalariga muvofiq hamda ularning xalqaro majburiyatlariga, xalqaro huquq prinsiplari va qoidalariga muvofiq kosmik fazoni tadqiq etish va undan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida hamkorlikni ragʻbatlantiradilar.
2-modda
Ijro etuvchi tashkilotlar va tayinlangan muassasalar
Ijro etuvchi tashkilotlar va tayinlangan muassasalar
1. Oʻzbekiston tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Hindiston tomonidan Kosmos departamentining (KD) Hindiston kosmik tadqiqotlar tashkiloti (HKTT) mazkur Bitim bilan nazarda tutilgan hamkorlikni rivojlantirish, muvofiqlashtirish va nazorat qilish yuzasidan: masʼul boʻlgan Ijro etuvchi tashkilotlar sifatida belgilanadi.
2. Tomonlar yoki Ijro etuvchi tashkilotlar oʻzlarining vakolatlari doirasida, quyidagi 3-moddada sanab oʻtilgan sohalarda Hamkorlik dasturlarni ishlab chiqish uchun boshqa muassasalarni tayinlashlari mumkin. Bunday holda, Tomon yoki Ijro etuvchi tashkilot boshqa Tomon yoki Ijro etuvchi tashkilotni muayyan Hamkorlik dasturiga masʼul etib tayinlangan muassasa toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qiladi.
3. Mazkur Bitimning 3-moddasida nazarda tutilgan Hamkorlik dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun har qanday boshqa tashkilotlarni tayinlash Tomonlarning oʻzlari tomonidan belgilanadi.
3-modda
Hamkorlik sohalari
Hamkorlik sohalari
Mazkur Bitim doirasidagi hamkorlik quyidagi sohalarda amalga oshiriladi:
(i) yerni masofadan zondlash (kuzatish);
(ii) yoʻldoshli aloqa va yoʻldoshli navigatsiya;
(iii) fazoga oid fanlar va sayyoralarni ilmiy tadqiq etish;
(iv) kosmik apparatlardan, eltuvchi raketalardan, kosmik tizimlar va yer usti tizimlaridan foydalanish;
(v) kosmik texnikani, shu jumladan, geofazoviy asboblar va usullarni amalda qoʻllash;
(vi) hamkorlikning Tomonlar tarafidan belgilanadigan boshqa sohalari.
4-modda
Hamkorlik shakllari
Hamkorlik shakllari
Mazkur Bitim doirasidagi hamkorlik quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
(i) oʻzaro foydali va manfaatli qoʻshma kosmik loyihalarni rejalashtirish va amalga oshirish;
(ii) maʼlumotlarni qabul qilish, ularni qayta ishlash va ulardan foydalanish uchun, shuningdek, yoʻldoshlar va eltuvchi raketalar parvozlariga yordam koʻrsatish uchun, yer usti stansiyalarini yaratish, foydalanish va ularga texnik xizmat koʻrsatish;
(iii) yoʻldoshli navigatsiya dasturlarini qoʻllab-quvvatlash uchun yer usti stansiyalarini yaratish, foydalanish va ularga texnik xizmat koʻrsatish;
(iv) uskunalar, hujjatlar, maʼlumotlar, ilmiy va texnologik axborot va eksperimentlarning natijalarini almashish;
(v) ilmiy maqsadlarda yoki tijorat maqsadlarida mikro va mini yoʻldoshlar ishlab chiqish;
(vi) qoʻshma ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari;
(vii) yoʻldoshlar uchirish, ularni ekspluatatsiya qilish va ulardan foydalanish sohasidagi qoʻshma faoliyatlar;
(viii) kosmik texnikani amalda qoʻllash va kosmik texnologiyalardan keladigan qoʻshimcha foydalardan foydalanish borasida hamkorlikning koʻp yoʻnalishli shakllarini ishlab chiqish;
(ix) mazkur Bitimga muvofiq tuzilgan, imzolangan kontraktlarni ishlab chiqish jarayonida yordam koʻrsatish va ular oʻrtasidagi bevosita aloqalarga koʻmaklashish orqali ikkala mamlakatning kosmik texnika sohasida ixtisoslashgan milliy kompaniyalari va tashkilotlari oʻrtasidagi sanoat hamkorligiga koʻmaklashish;
(x) kosmos fani va texnikasi hamda jamiyat manfaatlari yoʻlida kosmik texnikani qoʻllash dasturlarida salohiyatni kuchaytirish;
(xi) birgalikdagi yoʻldoshli dasturlar uchun yer usti infratuzilmasini ishlab chiqish;
(xii) kosmik dasturlarni amalga oshirish uchun qoʻshma ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini olib borish uchun Oʻzbekiston va Hindistondagi tadqiqot institutlarini kengaytirish;
(xiii) akademik institutlar oʻrtasida kosmos sohasida oʻzaro almashinuv va oʻqitish imkoniyatini yaratish;
(xiv) qoʻshma dasturlarda ishtirok etish uchun moʻljallangan texnik va ilmiy xodimlarni almashish;
(xv) qoʻshma simpoziumlar, konferensiyalar, ilmiy uchrashuvlar tashkil qilish;
(xvi) oʻzaro qiziqish uygʻotadigan sohalarda oʻquv dasturlari tashkil etish.
Hamkorlikning qoʻshimcha shakllari Tomonlar oʻrtasidagi oʻzaro kelishuvga koʻra yozma ravishda belgilanadi.
5-modda
Ijroiya kelishuvlari va Hamkorlik dasturlari
Ijroiya kelishuvlari va Hamkorlik dasturlari
1. Mazkur Bitimni amalga oshirish uchun Tomonlar, basharti oʻzgacha qaror qabul qilmagan boʻlsalar, mazkur Bitimga tayanadigan va unga muvofiq boʻladigan muayyan Ijroiya kelishuvlarni tuzishlari mumkin.
2. Ijro etuvchi tashkilotlar va boshqa tayinlangan muassasalar oʻzlarining tegishli mamlakatlarining qonunlari va qoidalari bilan oʻrnatilgan protseduralarga muvofiq:
a) muayyan Hamkorlik dasturlar toʻgʻrisida, bunday dasturlarni tashkil qilish, amalga oshirish va zarur boʻlganda, moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq prinsiplar, qoidalar va protseduralarni belgilaydigan qarorlar qabul qiladilar;
b) zarur boʻlganda, Hamkorlik dasturlarning amal qilish sohasi va xususiyatiga, shuningdek, ijro etuvchi tashkilotlar yoki boshqa tayinlangan muassasalarning ayrim umumiy vazifalariga taalluqli boʻlgan qoidalarni oʻz ichiga oladigan Ijroiya kelishuvlarini tuzishlari mumkin. Bunday Ijroiya kelishuvlari mazkur Bitimga tayanadi va unga muvofiq boʻladi.
3. Tegishli mamlakatlarning amaldagi qonunlariga, qoidalariga va siyosatiga muvofiq hamda Tomonlarning oʻzaro yozma roziligiga koʻra, har qanday uchinchi tomon, mazkur Bitim doirasida amalga oshiriladigan Hamkorlik dasturlarida ishtirok etishi mumkin. Uchinchi tomonning bunday ishtiroki alohida kelishuvlarda belgilanadi.
6-modda
Qoʻshma ishchi guruh va loyiha guruhlari
Qoʻshma ishchi guruh va loyiha guruhlari
1. Tomonlar mazkur Bitim maqsadlariga erishish uchun Qoʻshma ishchi guruh tuzadilar.
2. Qoʻshma ishchi guruh Tomonlar vakillarining teng sonidan iborat boʻladi va har ikkala Tomon nomzodlarining hamraisligida boshqariladi.
3. Qoʻshma ishchi guruh bir yilda kamida bir marta, navbati bilan Oʻzbekistonda va Hindistonda yigʻiladi.
4. Qoʻshma ishchi guruh Hamkorlik dasturlarini koʻrib chiqish, ularning bajarilishini kuzatib borish, mazkur Bitim doirasida ikkala mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikka koʻmaklashish va umumiy tarzda, mazkur Bitimning bajarilishiga taalluqli barcha masalalarni koʻrib chiqish va imkon boricha, Tomonlar oʻrtasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan har qanday nizoga doʻstona yechim topishga masʼul hisoblanadilar.
5. Tomonlar yoki ularning ixtiyoriga koʻra, ijro etuvchi tashkilotlar, zarur boʻlganda, Ijroiya kelishuvlariga muvofiq qabul qilingan hamkorlik loyihalarini boshqarish uchun Loyiha guruhlari tuzishlari mumkin.
7-modda
Moliyalashtirish prinsiplari
Moliyalashtirish prinsiplari
1. Tomonlar, oʻzaro manfaatli Dasturlar hamkorlik asosida bajarilishini nazarda tutadilar. Bunday faoliyatni moliyalashtirish mexanizmlari har bir muayyan holda Tomonlar tarafidan belgilanadi.
2. Mazkur Bitimga muvofiq amalga oshiriladigan qoʻshma tadbirlarni moliyalashtirish, tegishli Tomonlarning qonunlari va qoidalariga muvofiq hamda bunday maqsadlar uchun ajratilgan mablagʻlar mavjud boʻlgan sharoitda Tomonlar tarafidan taqdim etiladi.
3. Har bir loyihani batafsil moliyalashtirish tegishli Ijroiya kelishuvida koʻrsatiladi.
4. Mazkur moddada hech narsa mazkur Bitimga muvofiq olib boriladigan hamkorlikni moliyalashtirish uchun belgilangan budjet qoidalariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Hindiston Respublikasi Hukumati oldida qoʻshimcha majburiyatlar yaratilishi sifatida talqin qilinmaydi.
8-modda
Intellektual mulk huquqi
Intellektual mulk huquqi
1. Mazkur Bitim maqsadlarida “Intellektual mulk” atamasidan 1967-yil 14-iyulda Stokgolmda imzolangan Butunjahon intellektual mulk tashkilotini tashkil etish toʻgʻrisidagi Konvensiyaning 2-moddasi hamda Savdo bilan bogʻliq jihatlar boʻyicha Intellektual Mulk Huquqi Bitimi (TRIPS)ning 1-moddasida nazarda tutilishi boʻyicha TRIPS Bitimining II qismi, 1 — 7-boʻlimlarining predmeti hisoblanuvchi intellektual mulkning barcha toifalariga nisbatan qoʻllaniladi.
2. Mazkur Bitimda hech narsa intellektual mulk huquqini mazkur Bitim kuchga kirgunga qadar yoki amal qilish sohasidan tashqari bajarilgan Tomonning ishini yoki u bilan bogʻliq shaxslarni biror bir yangi kiritishlar bilan bogʻliq yoki manfaatdor boʻlgan ikkinchi Tomonga yoxud bevosita yoki bilvosita taqdim etish tarzida talqin etilmasligi kerak.
3. Mazkur Bitimni bajarish jarayonidagi har qanday yangilik yoki ish bilan bogʻliq intellektual mulk huquqining faqat bir Tomondan yoki u bilan bogʻliq istalgan shaxslar tarafidan har qanday buzilishi faqat, ushbu Tomonga yoki u bilan bogʻliq shaxslarga taalluqli boʻlishi mumkin. Ushbu Tomon va u bilan bogʻliq shaxslar oʻrtasida intellektual mulk huquqining taqsimlanishi Tomonlarning qoidalari, nizomlari va qoʻllaniladigan shartnomaviy majburiyatlari bilan belgilanadi.
4. Basharti tadqiqot favqulodda va alohida bir Tomonda oʻtkazilayotgan boʻlsa yoki tadqiqot natijalari bir Tomonning favqulodda va alohida harakati yordamida olingan boʻlsa, unga murojaat qilgan manfaatdor Tomon intellektual mulk huquqini taqdim etish uchun buyurtma berishi kerak boʻladi va buyurtma berilgandan soʻng intellektual mulk huquqi faqat manfaatdor Tomonga taalluqli boʻladi.
5. Basharti tadqiqot natijalari birgalikdagi tadbirlar doirasida olingan boʻlsa, intellektual mulk huquqini taqdim etishni ikkala Tomon birgalikda soʻraydilar va mazkur huquqlar taqdim etilgandan soʻng ikkala Tomonga tegishli boʻladi.
6. Tomonlar Bitimga muvofiq kashfiyotlar yoki amalga oshirilgan faoliyat uchun yaratilgan, intellektual mulk huquqidan kelib chiqadigan biror bir huquq va majburiyatlarni boshqa Tomonning roziligisiz uchinchi shaxsga berishlari mumkin emas.
7. Basharti tadqiqot natijalari mazkur Bitim doirasidagi birgalikdagi harakat jarayonida olingan boʻlsa, ikkala Tomon oʻz mamlakatlarida texnologiyani tijorat maqsadlarida sotish uchun Tomonlarning favqulodda huquqlarini hisobga olib, intellektual mulk huquqini muhofazalash uchun daʼvogar sifatida qaraladi. Boshqa mamlakatda tijoratlashtirish birgalikda, alohida bitimga asosan amalga oshiriladi.
8. Mazkur Bitimning Tomonlari shartnoma mexanizmlari yoki ekvivalent choralar orqali oʻzlarining tegishli tashkilotlariga ushbu moddaning qoidalariga rioya qilinishini majburiy qilib olish majburiyatini oladilar.
9-modda
Axborot almashinuvi
Axborot almashinuvi
1. Oʻzlarining tegishli qonun va qoidalariga muvofiq, shuningdek, mazkur Bitimning 10-moddasida nazarda tutilgan maxfiylik shartlariga rioya qilgan holda Tomonlar va ularning Ijro etuvchi tashkilotlari oʻzaro ishonch va mantiqiy muddatlarda mazkur Bitim doirasida birgalikda oʻtkazilgan ilmiy tadqiqotlar va ishlarning natijalaridan, hamkorlikning tanlab olingan istalgan sohasida Ijroiya kelishuviga muvofiq, foydalanishni taʼminlaydilar.
2. Tomonlar mazkur Bitim va uning Ijroiya kelishuvi doirasida tayyorlangan va oʻtkazilgan har qanday hamkorlikning ilmiy va texnikaviy natijalari bilan almashadilar. Bunday natijalar uchinchi shaxslarga Tomonlarning oldindan oʻzaro roziligisiz berilishi mumkin emas.
3. Tomonlar Ijro etuvchi tashkilotlari orqali foydalanilishi cheklangan axborot toʻgʻrisidagi oʻzlarining milliy qonunchiligiga muvofiq milliy kosmik dasturlarining asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida axborot almashinuviga koʻmaklashadilar.
10-modda
Maxfiylik
Maxfiylik
1. Tomonlar va Ijro etuvchi tashkilotlar hamkorlikdagi dasturlarni amalga oshirish jarayonida almashadigan barcha axborot, basharti Tomonlar tarafidan yozma tarzda oʻzgacha ifodalangan boʻlmasa, maxfiy deb hisoblanadi.
2. Har bir Ijroiya kelishuvi, shu qatorida, Hamkorlik dasturiga taalluqli maxfiy axborot almashinuvining shartlari va qoidalarini belgilab beradi.
3. Mazkur Bitimga muvofiq almashiladigan barcha axborot va hujjatlar Tomonlar tarafidan maxfiy saqlanadi va ulardan har birida koʻrsatilishi mumkin boʻlgan sharoitlarni hisobga olib foydalaniladi. Tomonlar boshqa Tomonning yozma roziligisiz axborotdan koʻrsatib oʻtilganidan farq qiladigan maqsadlarda foydalanmaydilar.
4. Barcha maxfiy axborot taqdim qiluvchi Tomonning shaxsiy mulki boʻlib qoladi. Tomonlar, mazkur Bitim va maxfiy axborotni taqdim qilish boshqa Tomonning intellektual mulk huquqiga nisbatan oluvchining biror bir litsenziyasi, manfaati yoki huquqini taqdim etmasligi yoki nazarda tutmasligiga rozilik bildiradilar.
5. Eʼlon qilinmagan axborot, u ogʻzaki, yozma yoki boshqa tarzda yoxud olimlar yoki mutaxassislar tomonidan kashf qilingan yoki aniqlangan boʻlishidan hamda mazkur Bitimning qoidalariga muvofiq almashinishidan qatʼi nazar, basharti Tomonlar oʻzgacha kelishmagan boʻlsalar, uchinchi tomonga berilmaydi.
6. Tomonlar ikki tomonlama hamkorlik doirasida olingan biror bir axborotdan boshqa Tomonning zarariga yo manfaatlariga qarshi foydalanmaslik majburiyatini oladilar.
7. Mazkur Bitimga muvofiq hech qanday uskuna yoki axborot uchinchi shaxsga bevosita yoki bilvosita, doimiy ravishda yoki vaqtinchalik usulda, boshqa Tomonning yozma roziligisiz, vakolatlanmagan jismoniy yoki yuridik shaxslariga topshirilmasligi, ochilmasligi yoki xabar qilinmasligi kerak.
8. Mazkur Bitimga muvofiq ishtirokchilar tomonidan oʻtkazilgan birgalikdagi faoliyatdan kelib chiqadigan har qanday nashr, hujjat va (yoki) maqola birgalikda egalik qilish asosida boʻladi. Ishtirokchilarning nomi, logotipi va (yoki) rasmiy emblemasidan nashrlar, hujjat va (yoki) maqolada foydalanish har ikkala ishtirokchilarning ham roziligini talab qiladi. Biroq rasmiy emblema va logotipning nooʻrin ishlatilmasligi taʼminlanishi lozim.
9. Mazkur Bitimning mazmuni ikkala Tomonning yozma roziligisiz toʻliq yoki qisman eʼlon qilinmaydi yoxud nashr qilinmaydi.
11-modda
Bojxona qoidalari va xodimlar almashinuvi
Bojxona qoidalari va xodimlar almashinuvi
1. Tegishli qonunlar va qoidalarga muvofiq har bir Tomon mazkur Bitimni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan uskunalar va ular bilan bogʻliq mahsulotlarga bojxona rasmiylashtiriluvida yordam beradi va imkon boricha ularga nisbatan barcha bojxona toʻlovlari va soliqlarini bekor qilish harakat qiladi. Bunday mexanizmlar Tomonlarning harakatini tartibga keltiruvchi tegishli qonunlar va qoidalarga muvofiq toʻliq oʻzaro bogʻliq boʻladi.
2. Har bir Tomon mazkur Bitimni bajarish boʻyicha boshqa Tomon xodimlarining tashrifiga yordam beradi va vakolatli organlar tomonidan talab qilinadigan vizalar berishni yengillashtirish uchun barcha zarur harakatlarni amalga oshiradi.
3. Tomonlar mazkur Bitimni amalga oshirish uchun jalb qilingan xodimlar va asbob-uskuna qabul qiluvchi mamlakatning siyosiy mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilishi, shuningdek, qabul qiluvchi mamlakatning ichki ishlariga aralashmaslik boʻyicha majburiyat olishini taʼminlaydi.
12-modda
Javobgarlik
Javobgarlik
Tomonlar va ularning tegishli Ijro etuvchi tashkilotlari mazkur Bitimni amalga oshirish natijasida yuzaga kelgan zararlar uchun javobgarlik toʻgʻrisida oʻzaro qaror qabul qiladilar.
13-modda
Nizolarni hal qilish
Nizolarni hal qilish
Mazkur Bitim qoidalarini qoʻllash yoki sharhlashda yuzaga keladigan har qanday nizolar Tomonlar oʻrtasida maslahatlashuvlar va muzokaralar orqali hal etiladi.
14-modda
Oʻzgartirishlar
Oʻzgartirishlar
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra mazkur Bitimga yozma shaklda alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan, mazkur Bitimning 16-moddasida nazarda tutilgan tartibda kuchga kiradigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
15-modda
Tushuntirish
Tushuntirish
Tomonlar va Ijro etuvchi tashkilotlar mazkur Bitimni sharhlash va amalga oshirish bilan bogʻliq har qanday masalalarni toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali hal qilishga harakat qiladilar.
16-modda
Amal qilishi, davomiyligi va tugatilishi
Amal qilishi, davomiyligi va tugatilishi
1. Mazkur Bitim imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi.
2. Mazkur Bitim 10 (oʻn) yil davomida amal qiladi, basharti Tomonlardan biri 16-moddaning 3-bandiga muvofiq hamkorlikni tugatish niyatida boʻlmasa, keyingi 5 (besh) yillik davrlarga oʻz-oʻzidan uzayaveradi;
3. Mazkur Bitim Tomonlarning biri tarafidan diplomatik kanallar orqali yozma xabarnoma berish orqali tugatilishi mumkin. Bitimning amal qilishi xabarnoma berilgan sanadan soʻng olti (6) oy oʻtgach tugatiladi.
4. Mazkur Bitim amal qilishining tugatilishi Bitim amal qilishini tugatish vaqtida kuchda boʻlgan moliyaviy yoki shartnomaviy xarakterdagi majburiyatlarni qayta koʻrib chiqish va tugatish uchun asos boʻlmaydi.
5. Mazkur Bitim amal qilishi tugatilganidan soʻng ikkala Tomon milliy xavfsizlikni taʼminlash maqsadida hamkorlik sohasiga taalluqli axborot bilan almashinuvni davom ettiradilar. Bunday maʼlumotlar Tomonlarning oʻzaro kelishuvi yoki boshqa tegishli bitimlarsiz uchinchi shaxslarga berilishi mumkin emas.
Dehli shahrida 2018-yil 1-oktabrda ikki asl nusxada oʻzbek va ingliz tillarida imzolandi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Tafovutlar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)