Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Nukus filialini tashkil etish toʻgʻrisida
Qoraqalpogʻiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etadigan yoshlarni tayyorlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Nukus filialini (keyingi oʻrinlarda Filial deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Filialning asosiy vazifalari etib belgilansin:
sport faoliyati, jismoniy tarbiya va sport menejmenti, maktabgacha va boshlangʻich taʼlimda jismoniy tarbiya va sport, psixologiya (sport) taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha yuqori malakali kadrlarni xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashni taʼminlash;
xizmatlar va sogʻlomlashtirish tarmoqlarini rivojlantirishning ilmiy-texnologik vazifalarini hal etishga, ilgʻor xorijiy tajribadan foydalangan holda sport sohasiga yoʻnaltirilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlarni olib borish va ishlanmalarni amalga oshirish;
oʻquv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, taʼlim va ilmiy izlanishlar jarayoniga mutaxassislarni keng jalb etish maqsadida ishlab chiqarish va qayta ishlash sohalaridagi respublika va xorijiy yetakchi oliy taʼlim muassasalari va ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
respublika va xorijiy oliy taʼlim muassasalari hamda ilmiy markazlarga istiqbolli yosh bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish orqali Filialning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish.
3. Quyidagilar:
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filialining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Nukus filialida bakalavrlar tayyorlash boʻyicha taʼlim yoʻnalishlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektoriga, zarurat boʻlganda, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan kelishgan holda xodimlarning belgilangan shtatdagi xodimlari soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida Filial tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
4. Belgilansinki, Filial Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan tarkibiy boʻlinmasi hisoblanib, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida shaxsiy hisobvaraqlariga ega boʻladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi 2019/2020 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish kvotalarini ishlab chiqishda Filialga 50 nafar talaba qabul qilinishini nazarda tutsin.
2020/2021 oʻquv yilidan boshlab Filialga talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish kvotalaridan kelib chiqqan holda belgilansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi ikki hafta muddatda:
Filialning ustavi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini, shuningdek, uning belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini;
Filialning oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, sport tashkilotlari va sport federatsiyalari (uyushmalari)da katta amaliy tajribaga ega boʻlgan mutaxassislardan iborat yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirilishini;
Filial uchun moslashtirilgan oʻquv rejalari va dasturlari ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini;
Filialda oʻquv-metodik jarayonni samarali tashkil etish boʻyicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlasinlar.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Nukus shahar, Qoraqalpogʻiston koʻchasi, 24-uy manzilida joylashgan Nukus sport kollejining bino va inshootlarini tegishli hududi bilan birgalikda Filialga operativ boshqarish huquqi asosida bepul berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi zarurat boʻlganda Filialning toʻlaqonli faoliyat yuritishi uchun uni qoʻshimcha bino va inshootlar, yer maydonlari bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
Belgilab qoʻyilsinki, Nukus sport kolleji oʻquvchilari oʻqishni bitirgunlariga qadar Filial binolarida oʻquv jarayonini davom ettiradilar.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Filialga xizmat safariga yuborilgan pedagoglar va ularning oila aʼzolarini pedagoglar Filialda ishlagan davrda turar joy bilan taʼminlash, ularning farzandlarini maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga joylashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
9. Quyidagilar Filialning faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;
xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya institutlarining grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2019-yil va undan keyingi yillarga moʻljallangan parametrlarini shakllantirishda Filialni saqlash xarajatlari uchun mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin;
Filialga 2 ta, shu jumladan, 1 ta shaxsiy va 1 ta navbatchi avtotransport vositasini saqlashga limit ajratilishini taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga binoan 2020-yil va keyingi yillar uchun Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlarini shakllantirishda Filialning oʻquv binosini rekonstruksiya qilish, yangi sport majmuasi qurish va ularni jihozlash boʻyicha loyihalarning belgilangan tartibda kiritilishini nazarda tutsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda Filialda axborot va multimedia uskunalari qoʻllanilgan, shu jumladan, masofadan oʻqitishni nazarda tutgan holda zamonaviy taʼlim texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ular qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduxakimov, Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri D.H. Nabiyev va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Q.R. Sariyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 13-noyabr,
924-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 13-noyabrdagi 924-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filialining
TUZILMASI
Izoh: Filial (fakultetlar, kafedralar va boshqa tarkibiy boʻlinmalar) xodimlarining cheklangan umumiy soni oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan normativlarga muvofiq belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 13-noyabrdagi 924-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Nukus filialida bakalavrlar tayyorlash boʻyicha taʼlim yoʻnalishlari
ROʻYXATI
|
T/r |
Yoʻnalish shifri |
Taʼlim yoʻnalishi |
|
2019/2020 oʻquv yili uchun | ||
|
1. |
5610514 |
Sport faoliyati: badiiy gimnastika |
|
2. |
5610515 |
Sport faoliyati: dzyu-do |
|
3. |
5610501 |
Sport faoliyati: basketbol |
|
4. |
5610503 |
Sport faoliyati: voleybol |
|
5. |
5610511 |
Sport faoliyati: eshkak eshish |
|
6. |
5610516 |
Sport faoliyati: erkin kurash |
|
7. |
5112300 |
Maktabgacha va boshlangʻich taʼlimda jismoniy tarbiya va sport |
|
8. |
5210202 |
Psixologiya (sport) |
|
2020/2021 oʻquv yilidan boshlab* | ||
|
9. |
5610502 |
Sport faoliyati: boks |
|
10. |
5610506 |
Sport faoliyati: suzish |
|
11. |
5610520 |
Sport faoliyati: kurash |
|
12. |
5610513 |
Sport faoliyati: futbol |
|
2021/2022 oʻquv yilidan boshlab* | ||
|
13. |
5610507 |
Sport faoliyati: yengil atletika |
|
14. |
5610510 |
Sport faoliyati: ogʻir atletika |
|
15. |
5610508 |
Sport faoliyati: qoʻl toʻpi |
|
16. |
5610538 |
Sport faoliyati: yunon-rum kurashi |
* 2020/2021 va 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab qoʻshimcha ravishda tegishli taʼlim yoʻnalishlari nazarda tutiladi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.11.2018-y., 09/18/924/2182-son)