OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
OʻZBEKISTON-AMERIKA “ZARAFSHON-NYUMONT” QOʻSHMA KORXONASINING SAMARALI ISHLASHINI TAʼMINLASH CHORA-TADBIRLARI VA UNGA HUKUMAT KAFOLATLARINI BERISH TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasida chet el investitsiyalari toʻgʻrisida”gi va “Oʻzbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq, 1992-yilning 16-yanvaridagi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan “Nyumont Mayning Korporeyshn” firmasi oʻrtasidagi “Zarafshon-Nyumont” qoʻshma korxonasini tuzish toʻgʻrisida shartnoma bayonnomasiga asoslanib, shuningdek, chet el investitsiyalari va ilgʻor texnologiyalarini Oʻzbekiston iqtisodiyotiga jalb qilishni, Muruntov konidagi minerallashgan jins uyumlarini xalq xoʻjaligi tasarrufiga jalb qilishni jadallashtirish uchun real asoslarni taʼminlash, oltin qazib chiqarishni koʻpaytirish, valyuta tushumlarini tezlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining Oʻzbekiston tomonidan Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi va Navoiy kon-metallurgiya kombinati hamda Amerika tomonidan “Nyumont Mayning Korporeyshn” firmalari taʼsis etgan “Zarafshon-Nyumont” qoʻshma korxonasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasiga valyuta tushumlarini jadallashtirish, “Zarafshon-Nyumont” qoʻshma korxonasining samarali ishlashi bilan bogʻliq masalalarni hal qilish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida, bayonnomada koʻrsatilgan huquqlar bilan bir qatorda, unga quyidagi huquqlar berilsin:
oʻzi ishlab chiqargan oltinni, uning kamida 50 foizi Oʻzbekiston Respublikasida realizatsiya qilinishini nazarda tutib, dunyo bozori narxlarida erkin realizatsiya qilish;
Oʻzbekiston banklarida yoki undan tashqarida hisob-kitob schyotlarini ochish, oʻz mulki yoki mulkka egalik huquqi kafolati asosida istalgan valyutada qarz olish, mazkur qarzlar boʻyicha bitta yoki bir necha xalqaro moliya muassasasiga kerakli toʻlovlarni amalga oshirish.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 7-iyuldagi 133-son qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2006-y., 28-29-son, 270-modda)
4. “Zarafshon-Nyumont” qoʻshma korxonasiga hukumatning quyidagi kafolatlari belgilansin:
“Zarafshon-Nyumont” qoʻshma korxonasini tashkil etish va uning faoliyat koʻrsatishi toʻgʻrisidagi bayonnomaga muvofiq oʻzbekistonlik muassislarning barcha mulklari va boshqa majburiyatlari boʻyicha hamda hamkorlikdagi korxonaning mulk huquqlarini uchinchi tomon daʼvolaridan himoyalash kafolatlari;
oʻzbekistonlik muassislarning bayonnomada koʻrsatilgan badallarni qoʻshma korxonaning ustav fondiga toʻlab turish kafolatlari;
narxlar hamda tariflar boʻyicha kelishilgan qoidalar va shartlarga muvofiq ravishda qoʻshma korxonaga kerakli barcha ishlab chiqarish resurslarini respublika hududida belgilangan tartibda berish. Bunga zarur miqdordagi minerallashgan materiallarni sotib olish huquqi, yetarli miqdorda elektr energiyasi, suv limitlari, shuningdek, qoʻshma korxonaning ishlab chiqarish faoliyati uchun ijara shartnomasiga muvofiq yer uchastkasidan foydalanish huquqi ham kiradi;
“Zarafshon-Nyumont” qoʻshma korxonasiga kredit bergan xalqlar moliya muassasalarining va boshqa tashkilotlarning mablagʻlarini yetarlicha himoya qilish, shu jumladan, Hukumat qoʻshma korxona tomonidan qarzlar yoki uning ustav faoliyati boʻyicha toʻlovlarga cheklash belgilamasligi ham nazarda tutiladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi belgilangan tartibda “Zarafshon-Nyumont” qoʻshma korxonasini huquqiy shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtkazsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi “Zarafshon-Nyumont” qoʻshma korxonasini tashqi iqtisodiy aloqalar qatnashchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi hamda Navoiy kon-metallurgiya kombinati:
qoʻshma korxonani loyihaga muvofiq oʻz vaqtida qurilishi va ishga tushirilishini taʼminlasinlar;
“Zarafshon-Nyumont” qoʻshma korxonasiga, uning butun faoliyati davomida kelishilgan hajmda, sifatda, shakllangan bahoda minerallashgan massani sotishni taʼminlasinlar;
“Zarafshon-Nyumont” qoʻshma korxonasi uchun suv taʼminoti hamda ijara shartlari boʻyicha togʻ etagi chegaralarida yer uchastkasi ajratish masalasini hal qilsinlar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika va elektrlashtirish vazirligi “Zarafshon-Nyumont” qoʻshma korxonasini elektr quvvati isteʼmolchilarining birinchi toifasiga kiritsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi yer yoʻldoshi orqali aloqa oʻrnatishga ruxsat bersin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Binokorlik materiallari sanoati vazirligi “Zarafshon-Nyumont” qoʻshma korxonasi qurilishini mahalliy qurilish materiallari bilan bir qatorda sement, gʻisht, ohak bilan buyurtmaga muvofiq, amaldagi narxlar boʻyicha taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi “Zarafshon-Nyumont” qoʻshma korxonasi xodimlariga malakali tibbiy xizmat koʻrsatishni tashkil qilishda yordam bersin.
12. Belgilab qoʻyilsinki, mazkur qaror “Zarafshon-Nyumont” qoʻshma korxonasining butun faoliyati davrida amal qiladi.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining yoqilgʻi sanoati, energetika, kimyo va metallurgiya kompleksi (oʻrtoq Haqqulov)ga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 27-mart,
151-son