Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining Milliy standartiga (5-son BHMS) “Asosiy vositalar”ga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 8-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1299-4]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 133-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (5-sonli BHMS) “Asosiy vositalar”ni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3546, 09.08.2024-y.) asosan 2025-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2003-yil 9-oktabrdagi 114-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 1299, 2004-yil 20-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 3-son, 35-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining Milliy standartiga (5-son BHMS) “Asosiy vositalar”ga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Bazir J. QOʻCHQOROV
Toshkent sh.,
2018-yil 22-oktabr,
134-son
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2018-yil 22-oktabrdagi 134-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining Milliy standartiga (5-son BHMS) “Asosiy vositalar”ga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 13-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13. Chet el valyutasida xarid qilingan asosiy vositalarning boshlangʻich qiymati, ularning xarid qilinganligini tasdiqlovchi boshlangʻich hisob hujjatlarida (tovarning kuzatuv hujjatlari yoki bojxona yuk deklaratsiyasida) koʻrsatilgan qiymatidan kelib chiqib, ularni buxgalteriya hisobiga qabul qilish sanasidagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki kursi boʻyicha qayta hisoblab, shuningdek mazkur standartning 11-bandida nazarda tutilgan tegishli xarajatlarni hisobga olgan holda, aniqlanadi.”.
2. 35-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“35. Quyidagilar amortizatsiya qilinmaydi:
a) yer uchastkalari va tabiatdan foydalanishga doir boshqa obyektlar (suv, yer osti boyliklari va boshqa tabiiy resurslar);
b) mahsuldor chorva mollari;
v) axborot-kutubxona fondi;
g) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda konservatsiyalashga oʻtkazilgan asosiy vositalar;
d) muzey ashyolari;
e) moddiy madaniy meros obyektlari;
j) umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari, yoʻlaklar, sayilgohlar, xiyobonlar, mahalliy davlat hokimiyati organlari tasarrufida boʻlgan obodonlashtirish inshootlari;
z) toʻliq amortizatsiyalangan asosiy vositalar.”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2018-y., 10/18/1299-4/2173-son)