Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Jinoyat-ijroiya qonunchiligini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mamlakatda jazoni ijro etish tizimini takomillashtirish, mahkumlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining himoyasini taʼminlash, qayta jinoyat sodir etilishining oldini olish maqsadida ularni axloqan tuzatish boʻyicha tarbiyaviy ishlarning samaradorligini oshirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, jinoyat-ijroiya amaliyotini oʻrganish natijalari mahkumlarning huquqlariga rioya etish, ularning shaʼni va qadr-qimmati hurmat qilinishini taʼminlash, kelgusida jamiyatga ijtimoiy moslashtirish uchun axloqan tarbiyalash va mehnatga oʻrgatishning shaffof va yanada samarali huquqiy mexanizmlarini joriy etish zarurligidan dalolat bermoqda.
Zamonaviy xalqaro standartlar va ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda jinoyat-ijroiya qonunchiligini tubdan takomillashtirish maqsadida, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq:
1. Quyidagilar jinoiy jazolarning ijrosini taʼminlash sohasidagi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
jinoyat-ijroiya qonunchiligi normalarini unifikatsiya qilish, tizimlashtirish va uygʻunlashtirish;
mahkumlar huquqlariga soʻzsiz rioya etilishini, ularning shaʼni va qadr-qimmati hurmat qilinishini taʼminlashning sifat jihatidan yangi mexanizmlarini joriy etish;
mahkumlar ongida qonunga itoatkor xulq-atvorni, insonga, mehnatga, ijtimoiy turmush qoidalari va anʼanalariga hurmat munosabatini shakllantirish tizimini takomillashtirish;
umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga mos ravishda mahkumlar huquqlari doirasini yanada kengaytirish;
mahkumlar, birinchi navbatda, voyaga yetmaganlar va yoshlarning taʼlim olishi, kasbiy tayyorgarligini tashkil etish hamda bandligini taʼminlash tizimini rivojlantirish;
ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarni ijro etish mexanizmlarini tubdan qayta koʻrib chiqish, shartli hukm qilingan va jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan nazorat samaradorligini oshirish;
jazoni ijro etish muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ularning ozodlikdan mahrum etish joylardan ozod etilgan shaxslarni ijtimoiy moslashtirishda fuqarolik jamiyati institutlari bilan uzviy hamkorligini taʼminlash.
2. 2019-yil 1-yanvardan eʼtiboran, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasining Ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarni ijro etilishini nazorat qilish boshqarmasi va uning hududiy boʻlinmalari negizida vazirlikning Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmati va tegishlicha uning hududiy boʻlinmalari (keyingi oʻrinlarda — probatsiya boʻlinmalari) tashkil etilsin.
Probatsiya boʻlinmalarining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
ichki ishlar organlarining ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarni ijro etish boʻyicha faoliyatini boshqa davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, jamoat tuzilmalari bilan oʻzaro hamkorlikda samarali tashkil etish;
shartli hukm qilingan va jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan taʼsirchan nazoratni amalga oshirish;
nazorat ostidagilar, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan voyaga yetmaganlarning ijtimoiy moslashuvi va ishga joylashishiga, shu jumladan, ularning kasbiy tayyorgarligi boʻyicha tadbirlarni tashkil etish orqali har tomonlama amaliy koʻmaklashish;
nazorat ostidagilarning qayta jinoyat sodir etish xavfini aniqlash va bunga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish, ularning shaxsini ijtimoiy-psixologik portretni tuzgan holda oʻrganish.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
tuman (shahar) probatsiya boʻlinmalarining shaxsiy tarkibi ular zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda, qoida tariqasida, bir nafar xodimga shaharlarda — 100, tumanlarda — 75 nafar mahkum hisobidan kelib chiqib taqsimlanadi;
Keyingi tahrirga qarang.
probatsiya boʻlinmalari ustuvorlik asosida ijtimoiy, pedagogika va profilaktika sohalarida ish tajribasiga ega boʻlgan ofitserlar tarkibidagi malakali xodimlar bilan toʻldiriladi;
Keyingi tahrirga qarang.
katta amaliy ish tajribasiga ega boʻlgan va xizmatdan salbiy holatlarga koʻra boʻshatilmagan ichki ishlar organlarining pensionerlari, pensiyasi toʻliq miqdorda toʻlanishi saqlangan holda, probatsiya boʻlinmalari xodimlari lavozimiga attestatsiyadan oʻtgan lavozim hisobidan tayinlanishlari mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Hududiy ichki ishlar organlari rahbarlarining oʻrinbosarlari — jazoni ijro etish boʻlimi boshligʻi lavozimlari hududiy ichki ishlar organlari rahbarlarining probatsiya va jazoni ijro etish masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimlariga oʻzgartirilsin va ular zimmasiga:
ichki ishlar organlarining ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarni ijro etish faoliyatining samarali tashkil etilishi uchun shaxsiy javobgarlik;
jazoni ijro etish muassasalari va probatsiya boʻlinmalarining faoliyatini hamkorlikda va samarali taʼminlash boʻyicha vazifalar yuklansin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmatining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari probatsiya boʻlimlarining namunaviy tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining axloq tuzatish ishlari jazosini oʻtashdan kelib tushadigan ushlanmalarning 50 foizi hisobidan shakllantiriladigan Probatsiya xizmatini rivojlantirish jamgʻarmasini (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziriga Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan quyidagi huquqlar berilsin:
ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarni oʻtayotgan shaxslar sonini hisobga olgan holda, Jazoni ijro etish bosh boshqarmasining asoslangan takliflari boʻyicha probatsiya boʻlinmalari xodimlari, ishchi va xizmatchilarining qoʻshimcha shtat birliklarini joriy etish;
Keyingi tahrirga qarang.
probatsiya boʻlinmalariga mutaxassis-psixologlarni, ularning mehnatiga haq toʻlash miqdorini mehnat bozoridagi amaldagi konyunkturani hisobga olib belgilagan holda, shartnoma asosida jalb etish;
Keyingi tahrirga qarang.
probatsiya boʻlinmalari xodimlari uchun, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa ustama va toʻlovlardan qatʼi nazar, lavozim maoshiga ragʻbatlantiruvchi foizli ustamalar belgilash.
Keyingi tahrirga qarang.
Belgilansinki, Jamgʻarma mablagʻlari faqat quyidagilar uchun sarflanadi:
Keyingi tahrirga qarang.
probatsiya boʻlinmalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va xodimlarini ragʻbatlantirish;
Keyingi tahrirga qarang.
probatsiya boʻlinmalarining budjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilmaydigan qoʻshimcha kiritilgan shtat birliklarini, shuningdek, shartnoma asosida jalb etilgan mutaxassis-psixologlarni taʼminlash;
ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarni oʻtayotgan mahkumlarni, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan voyaga yetmaganlarning kasbiy tayyorgarligi boʻyicha tadbirlarni tashkil etish.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarga hukm qilinganlarning ijtimoiy moslashuvi va ularni ishga joylashtirishda probatsiya boʻlinmalariga har tomonlama amaliy koʻmaklashish va samarali hamkorlikni tashkil etish uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
8. 2019 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya) 3-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Oliy sud, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda:
bir oy muddatda Jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirish boʻyicha idoralararo ekspert guruhini (keyingi oʻrinlarda — ekspert guruhi), batafsil ish rejasini tasdiqlagan va nazorat mexanizmlarini belgilagan holda tashkil etsin;
2020-yil 1-iyunga qadar ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish asosida, Konsepsiyani amalga oshirish natijalarini hisobga olgan holda, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining loyihasi ishlab chiqilishi va oʻrnatilgan tartibda kiritilishini taʼminlasin.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda probatsiya boʻlinmalarini joylashtirish, ularni zamonaviy texnika va qurilmalar bilan jihozlash, shuningdek, bajarayotgan vazifalarini hisobga olgan holda faoliyatini tashkil etish boʻyicha zarur choralarni koʻrsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmati toʻgʻrisidagi Nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu qaror talablarini hisobga olgan holda Probatsiya xizmatini rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlasin;
2019-yil 1-yanvarga qadar probatsiya boʻlinmalarining shtat jadvalini, nazorat ostidagilar bilan ishlovchi mutaxassis-psixolog lavozimlarini nazarda tutgan holda, tasdiqlasin;
2019/2020 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida “Jinoiy jazolarni ijro etish faoliyati” mutaxassisligi boʻyicha oʻqitishni yoʻlga qoʻysin;
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda 2019-yil 1-iyunga qadar ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarga hukm qilinganlarning hisobini yuritish hamda nazorat qilish, ularning ijtimoiy-psixologik portretlarini umumlashtirish va foydalanish imkonini beruvchi probatsiyaning markazlashgan elektron tizimini ishlab chiqsin va joriy etsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda jinoyat-ijroiya sohasida ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish, shu jumladan, ekspert guruhining xorijiy davlatlarga ishchi va tanishuv safarlarini tashkil etish, xalqaro tashkilotlarning vakillari bilan uchrashuv va muzokaralar oʻtkazishni nazarda tutuvchi dasturni tasdiqlasin.
12. Belgilansinki, ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining asoslangan hisob-kitoblari boʻyicha har yili ajratiladigan budjet mablagʻlari, Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari, Jamgʻarma mablagʻlari, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 7-noyabr,
PQ-4006-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-noyabrdagi PQ-4006-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmatining tashkiliy tuzilmasi
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-noyabrdagi PQ-4006-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari probatsiya boʻlimlarining namunaviy tashkiliy tuzilmasi
* Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlari ichki ishlar boshqarmalarida mavjud
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-noyabrdagi PQ-4006-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
2019 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirish
KONSEPSIYASI
1997-yilda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksi qonun ustuvorligi va javobgarlikning muqarrarligi tamoyilini taʼminlash, mahkumlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, ular tomonidan qayta jinoyat sodir etilishining oldini olish maqsadida tarbiyalash va axloqan tuzatish uchun huquqiy poydevor boʻlib xizmat qildi.
Soʻnggi yillarda jazoni ijro etish tizimini takomillashtirish boʻyicha qator choralar qabul qilindi. Xususan, mahkumlarning huquqlariga soʻzsiz rioya etish, ularning shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilish, ushbu sohada korrupsiya va mansab vakolatini suiisteʼmol qilish holatlariga barham berish, jazoni ijro etish muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha kompleks tadbirlar amalga oshirildi.
Jazoni ijro etish tizimida taʼlim muassasalarining faoliyati tubdan isloh qilindi, mahkumlarni oʻqitish jarayoniga innovatsion pedagogik texnologiyalar joriy etildi, birinchi navbatda, voyaga yetmaganlar va kasb-hunarga ega boʻlmagan mahkumlarni kasbiy tayyorlash mexanizmlari qayta koʻrib chiqildi.
Jazoni ijro etish muassasalari faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, mahkumlarni nazorat qilishning zamonaviy texnika vositalarini, shuningdek, ular uchun masofali video-uchrashuv tashkil etish imkonini beruvchi videokonferensiya tizimini joriy etish va qoʻllash boʻyicha keng chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mahkumlarning mehnat bilan bandligini samarali taʼminlash maqsadida jazoni ijro etish muassasalarida ishlab chiqarish faoliyatini rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar qabul qilinmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman)ning jazoni ijro etish faoliyatini monitoring qilish borasidagi vakolatlari kengaytirildi.
Shu bilan birga, jinoyat-ijroiya amaliyoti tahlili, shuningdek, jamoatchilik bilan bevosita muloqot natijalari quyidagi huquqiy mexanizmlarni yanada takomillashtirish zarurligini koʻrsatmoqda:
mahkumlar huquqlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlash, ular tomonidan qayta jinoyat sodir etilishining oldini olish, ularda qonunga itoatkor xulq-atvorni, inson, mehnat va ijtimoiy turmush qoidalari hamda anʼanalariga hurmat munosabatini shakllantirish;
ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarni ijro etish, shartli hukm qilingan va jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan samarali nazoratni amalga oshirish;
jazoni ijro etish muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish, ularning jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni ijtimoiy moslashtirishda fuqarolik jamiyati institutlari bilan uzviy hamkorligini taʼminlash.
Yuqoridagilar davlat jinoyat-ijroiya siyosatining quyidagi asosiy jihatlarni nazarda tutuvchi mutlaqo yangi ustuvor yoʻnalishlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni talab etadi:
I. Jinoyat-ijroiya tizimini takomillashtirish, jinoyat-ijroiya qonunchiligi normalarini tizimlashtirish va uygʻunlashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish
1. Jinoyat-ijroiya qonunchiligini uning xalqaro standartlarga muvofiqligi nuqtai nazaridan inventarizatsiya qilish asosida normativ-huquqiy hujjatlar bazasini kengaytirish.
2. Turlicha talqin qilinadigan yoki korrupsiyaning yuzaga kelishiga yoʻl qoʻyadigan yoxud ularni qoʻllash boʻyicha tushuntirish talab etuvchi normalardan voz kechish, shuningdek, qonun normalarini toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllash amaliyotiga toʻliq oʻtish.
3. Jinoyat-ijroiya qonunchiligida foydalaniladigan atama va tushunchalarning huquqiy maʼnosini aniq ifodalash va ularning bir xilda qoʻllanilishini taʼminlash.
4. Jazolarni va boshqa huquqiy taʼsir choralarini ijro etuvchi muassasalar hamda organlar faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini taʼminlashning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish.
5. Jinoyat-huquqiy taʼsir choralarining tamoyillari, tartibi va shartlarini zamonaviy yondashuvlar, ilgʻor xalqaro standartlar va xorijiy amaliyotni hisobga olgan holda yanada takomillashtirish.
6. Jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan mahkumlarni hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish.
7. Probatsiya boʻlinmalarining faoliyati, zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirishi boʻyicha mexanizmlar va vakolatlarining normativ-huquqiy tartibini belgilash.
8. Jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarni jamoaviy saqlashga muqobil boʻlgan kamera tipida saqlash tartibini joriy etish.
9. Jazoni ijro etish muassasalari va probatsiya boʻlinmalari xodimlari faoliyatini baholash mezonlarini ishlab chiqish va joriy etish.
10. Jinoyat-ijroiya qonunchiligi normalarini unifikatsiya qilish.
II. Mahkumlarni axloqan tuzatish va ular tomonidan qayta jinoyat sodir etilishining oldini olish
1. Jazo va boshqa jinoyat-huquqiy taʼsir choralarini ijro etuvchi organlar faoliyatini mahkumlarni axloqan tuzatish va tarbiyaviy ishlar samaradorligini taʼminlash nuqtai nazaridan takomillashtirish.
2. Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan shaxslar, birinchi navbatda voyaga yetmaganlar va yoshlarni ijtimoiy moslashuvi va ishga joylashishga har tomonlama amaliy koʻmaklashish mexanizmlarini joriy etish.
3. Muayyan huquqdan mahrum qilingan shaxslarni qayta kasbiy tayyorlashning huquqiy asoslarini belgilash.
4. Ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarga hukm qilinganlar tomonidan qayta jinoyat sodir etilishi xavfini aniqlash va yoʻl qoʻymaslik boʻyicha profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish tizimini joriy etish.
5. Jazoni ijro etish tizimida psixologik ish amaliyotini keng qoʻllash, mahkum shaxsini uning ijtimoiy-psixologik portretini tuzgan holda oʻrganish.
6. Mahkumlarni axloqan tuzatishda korxona, tashkilot, muassasa, jamoatchilik tuzilmalari va fuqarolar ishtirokining taʼsirchan mexanizmlarini yaratish.
7. Voyaga yetgan mahkumlarni sud qarori asosida umumiy tartibli koloniya, manzil-koloniya va tarbiya koloniyasidan probatsiya boʻlinmalari vakolati doirasiga oʻtkazish tartibini joriy etish.
8. Mahkumlarni manzil-koloniyalarda saqlash tartibi va shartlarini qayta koʻrib chiqish.
9. Mahkumlarga qoʻllanilgan intizomiy jazolarning avtomatlashtirilgan hisobini, ularning xulq-atvori va harakatlarini nazorat qilish boʻyicha zamonaviy texnik vositalarni, birinchi navbatda, probatsiya boʻlinmalari faoliyatiga bosqichma-bosqich joriy etish.
III. Mahkumlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlash
1. Mahkumlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirish, shu jumladan, tintuv jarayonida jismoniy kuch va maxsus vositalar asossiz qoʻllanilishiga yoʻl qoʻymaslik.
2. Jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarning shaxsiy xavfsizligini taʼminlash boʻyicha aniq chora-tadbirlarni belgilash.
3. Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning davlat pensiya taʼminoti kafolatini kuchaytirish maqsadida, ularning ish haqidan davlat ijtimoiy sugʻurtasiga ajratmalar oʻtkazishga boʻlgan cheklovni bekor qilish.
4. Umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlar va ilgʻor xorijiy tajribaga muvofiq mahkumlarning huquqlari doirasini yanada kengaytirish.
5. Mahkumlarni oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalarida masofaviy oʻqitish shaklini joriy etish orqali ularning taʼlim olishi boʻyicha cheklovlarni bekor qilish.
6. Mahkumlarga uchrashuv berish va almashtirishning adolatli hamda shaffof tartibi va talablarini belgilash.
7. Mahkumlarni jazoni ijro etish muassasalariga taqsimlash, ularni bir muassasadan boshqasiga oʻtkazish, shuningdek, ularga nisbatan qoʻllanilgan intizomiy jazolar hisobini yuritish jarayonining shaffofligini taʼminlash.
8. Mahkumlarning kiyim-boshlarini iqlim sharoitlari va zamonaviy talablarga muvofiq qayta koʻrib chiqish.
IV. Konsepsiyani amalga oshirishdan koʻzlangan natijalar
Jinoyat-ijroiya qonunchiligini yanada takomillashtirish, undagi huquqiy boʻshliq va ziddiyatlarni bartaraf etish, milliy xususiyatlar va sharoitlarni eʼtiborga olgan holda xalqaro standartlar va ilgʻor xorijiy tajribani implementatsiya qilish.
Bunda quyidagi maqsadlarga erishish alohida ahamiyat kasb etadi:
mahkumlarni axloqan tuzatish, ularning huquqlariga soʻzsiz rioya etish, shaʼni va qadr-qimmati hurmat qilinishini taʼminlashning ishonchli va samarali mexanizmlarini yaratish;
jinoyat-ijroiya tizimi faoliyatining shaffofligi va oshkoraligini taʼminlash ustidan jamoatchilik nazoratini takomillashtirish;
mahkumlarni axloqan tuzatishda davlat hokimiyati va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxona, tashkilot, muassasa, jamoat birlashmalari va fuqarolarning ishtiroki institutini kuchaytirish;
jazoni ijro etish tizimi faoliyatiga zamonaviy shakl va usullarni hamda ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish.
Konsepsiyani amalga oshirishning pirovard natijasi mahkumlarni axloqan tuzatish, ularning jinoiy faoliyatining oldini olish, shuningdek, boshqa shaxslar tomonidan jinoyat sodir etilishiga chek qoʻyishning samarali tizimini yaratish hisoblanadi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.11.2018-y., 07/18/4006/2166-son, 13.12.2018-y., 06/18/5597/2300-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.12.2021-y., 06/21/27/1116-son, 15.04.2022-y., 07/22/207/0310-son; 11.04.2025-y., 06/25/65/0331-son)