Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Prokuratura organlari xodimlariga imtiyozli shartlarda kreditga uy-joy va avtotransport vositalarini sotib olish uchun dastlabki badalni kiritish maqsadida Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan foizsiz qarz berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2013-yil 13-noyabrdagi PQ-2065-son va “Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 15-iyundagi PQ-3060-son qarorlariga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Prokuratura organlari xodimlariga imtiyozli shartlarda kreditga uy-joy va avtotransport vositalarini sotib olish uchun dastlabki badalni kiritish maqsadida Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan foizsiz qarz berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 26-oktabr,
873-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-oktabrdagi 873-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Prokuratura organlari xodimlariga imtiyozli shartlarda kreditga uy-joy va avtotransport vositalarini sotib olish uchun dastlabki badalni kiritish maqsadida Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan foizsiz qarz berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi (keyingi oʻrinlarda Bosh prokuratura deb ataladi), Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi (keyingi oʻrinlarda Akademiya deb ataladi), Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti (keyingi oʻrinlarda Departament deb ataladi), Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi (keyingi oʻrinlarda Byuro deb ataladi) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) va Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) boshqaruv xodimlari, shuningdek, prokuratura organlarining amaldagi kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlariga imtiyozli shartlarda kreditga uy-joy va avtotransport vositalarini sotib olish uchun dastlabki badalni kiritish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan foizsiz qarz (keyingi oʻrinlarda qarz deb ataladi) berish tartibini belgilaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-iyuldagi 575-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.07.2019-y., 09/19/575/3415-son)
Keyingi tahrirga qarang.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
Oldingi tahrirga qarang.
ish beruvchi — Bosh prokuratura, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokuraturalari va ularga tenglashtirilgan prokuraturalar, Departament hamda Byuroning markaziy apparatlari va ularning hududiy boshqarmalari;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-iyuldagi 575-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.07.2019-y., 09/19/575/3415-son)
Oldingi tahrirga qarang.
xodim — Bosh prokuratura, Akademiya, Departament, Byuro organlarida attestatsiyadan oʻtish talab etiladigan lavozimlarda xizmatni oʻtayotgan, shuningdek, boshqa lavozimlarda ishlayotgan darajali unvonlarga ega xodimlar.
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-iyuldagi 575-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.07.2019-y., 09/19/575/3415-son)
3. Jamgʻarmadan pul mablagʻlarini ajratish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-iyundagi PQ-3060-son qarori bilan tasdiqlangan Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
4. Xodimga qarz berish tartibi ushbu Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Arizalarni koʻrib chiqish tartibi
5. Qarz berish masalasini koʻrib chiqish uchun ish beruvchi rahbarining buyrugʻi bilan yetti nafar aʼzodan iborat tarkibda komissiya (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb ataladi) tashkil etiladi.
Akademiya, Markaz va Jamgʻarma xodimlari, shuningdek, prokuratura organlarining amaldagi kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlarning arizalari bevosita Bosh prokuratura komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi.
6. Xodim qarz olish uchun komissiyaga ariza bilan birgalikda quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
fuqarolik pasporti nusxasi;
uy-joy yoki avtotransport vositasini sotib olish yuzasidan tuzilgan shartnoma nusxasi;
kafilning pasporti nusxasi va daromadlari toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma.
7. Komissiya yigʻilishi zaruratga koʻra, qoida tariqasida, har oyda kamida bir marta oʻtkaziladi. Komissiya xodimning arizasini koʻrib chiqish natijasiga koʻra arizani qanoatlantirish yoki qanoatlantirmasdan qoldirish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
8. Komissiya qarori uning aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
9. Komissiya tomonidan arizani qanoatlantirish haqida qaror qabul qilingan taqdirda, ikki kun muddatda tegishli rahbarning buyrugʻi bilan qarz berishga taqdim etiladigan xodimlar roʻyxati tasdiqlanadi.
Ushbu roʻyxat bir hafta muddatda Bosh prokuratura komissiyasiga taqdim qilinadi.
10. Bosh prokuratura komissiyasi komissiyalar tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatlarni oʻrganib chiqib, yakuniy roʻyxatni tasdiqlaydi.
Bunda, oʻrganib chiqishda va roʻyxatda xodimlarning navbati ketma-ketligini belgilashda quyidagilarga eʼtibor qaratiladi:
xodimning uy-joy va avtotransport vositasiga boʻlgan ehtiyoji;
xodimning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga va avtotransport vositasini yangilashga boʻlgan ehtiyoji;
xodimning koʻp yillik xizmati;
xizmat vazifalarini vijdonan va namunali bajarishi, qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika qilishga munosib hissa qoʻshganligi.
3-bob. Qarzni berish tartibi
11. Qarz xodimlarga yakuniy roʻyxatdagi navbat boʻyicha beriladi.
Yakuniy roʻyxatda ish beruvchining nomi, xodimning familiyasi, ismi va otasining ismi, lavozimi, sotib olinadigan uy-joyning manzili yoki avtotransport vositasining rusumi koʻrsatiladi.
12. Qarz miqdori sotib olinadigan uy-joy va avtotransport vositasi qiymatining 25 foizidan oshmasligi lozim.
13. Qarz shartnomasi Jamgʻarma va xodim oʻrtasida tuziladi.
14. Qarz shartnomasi, qoida tariqasida, avtotransport vositasi boʻyicha 5 yil va uy-joy boʻyicha 10 yil muddatga tuziladi.
15. Komissiya tavsiyasiga koʻra qarz shartnomasi kreditni qaytarish muddatidan kam boʻlmagan boshqa muddatga tuzilishi mumkin.
16. Qarz xodimning tijorat bankida ochilgan maxsus depozit hisob raqamiga pul oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
17. Jamgʻarma qarz shartnomasi tuzilgan kundan boshlab 10 kun muddatda mablagʻlarni xodimning depozit hisob raqamiga oʻtkazadi.
18. Qarz faqat xodimga uy-joy va avtotransport vositasini sotib olish yuzasidan rasmiylashtirilgan kreditning dastlabki badalini kiritish uchun beriladi.
19. Qarz uchinchi shaxs kafilligi taqdim etilgan holda beriladi.
20. Kafillik shartnomasi Jamgʻarma va kafil oʻrtasida oddiy yozma shaklda tuziladi. Kafillik shartnomasini notarial tasdiqlash talab etilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
21. Jamgʻarma nomidan qarz va kafillik shartnomasini tuzish (imzolash) vakolati qonunchilikda belgilangan tartibda ish beruvchiga berilishi mumkin.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
22. Xodimning ehtiyojini inobatga olib, muayyan kredit turi (uy-joy yoki avtotransport vositasi) uchun qarz berilgan vaqtdan 3 yil oʻtgach va qarz toʻliq qaytarilgan taqdirda ayni shu kredit turi boʻyicha takroran qarz berilishi mumkin.
23. Jamgʻarma qarzlar va ularning qaytarilishi boʻyicha tushumlarning hisobini alohida shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida yuritadi.
4-bob. Qarzni qaytarish tartibi
24. Xodim qarz summasini qarz shartnomasida belgilangan muddatlar va miqdorda qaytaradi.
25. Xodim qarz shartnomasida belgilangan toʻlovlarni belgilangan muddatdan oldin amalga oshirish huquqiga ega.
26. Qarzni qaytarish Jamgʻarmaning gʻaznachilikdagi shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga ish haqi, pensiya, omonat va boshqa daromadlar hisobidan naqd pulsiz mablagʻ oʻtkazish hamda naqd pul topshirish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
27. Xodim prokuratura organlari tizimida boshqa hududga yoki boshqa organga oʻtgan yoxud xizmatni oʻtashni tugatgan hollarda ish beruvchi bu haqda 1 oy ichida Jamgʻarmaga maʼlum qiladi.
28. Xodim yoki ish beruvchining tashabbusi bilan prokuratura organlarida xizmatni oʻtash tugatilganda xodim qarzni 3 oy ichida bir yoʻla toʻliq qaytaradi.
29. Jamgʻarma va ish beruvchi qarzdan foydalanishning butun davri davomida berilgan mablagʻlarni qaytarish muddatlariga rioya qilinishi yuzasidan birgalikda doimiy monitoring olib boradi.
Oldingi tahrirga qarang.
30. Qarz boʻyicha toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmaganda yoki toʻliq qaytarilmaslik xavfi yuzaga kelganda, Jamgʻarma qonunchilikda belgilangan tartibda qarzni undirish choralarini koʻradi.
(30-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
31. Qarzni undirish jarayonida ish beruvchi Jamgʻarma nomidan qonunchilikda belgilangan tartibda harakat qilishi mumkin.
(31-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
32. Qarz boʻyicha toʻlovlar kechiktirilishi shartnomada belgilangan tartibda va miqdorda penya undirish uchun asos hisoblanadi.
33. Xodim qarzni, qarz shartnomasi boʻyicha huquq va majburiyatlarini boshqa shaxsga oʻtkazishi mumkin emas.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
34. Qarzni qaytarish bilan bogʻliq nizolar qonunchilikka muvofiq hal etiladi.
(34-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
35. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
(35-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Prokuratura organlari xodimlariga imtiyozli shartlarda kreditga uy-joy va avtotransport vositalarini sotib olish uchun dastlabki badalni kiritish maqsadida Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan foizsiz qarz berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Qarz berish
SXEMASI
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.10.2018-y., 09/18/873/2111-son; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi,13.07.2019-y., 09/19/575/3415-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 07.04.2023-y., 09/23/143/0199-son)