Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
taʼlim haqida davlat namunasidagi hujjatlarni oʻzaro tan olish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Tojikiston Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
2018-yil 9-martda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida oliy taʼlim va fan sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimga asoslanib,
taʼlim sohasidagi davlatlararo munosabatlarni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirishga koʻmaklashishni istab,
taʼlim toʻgʻrisidagi davlat namunasidagi hujjatlarni tan olish normalarini oʻrnatishga intilib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Mazkur Bitim Tomonlar davlatlari taʼlim muassasalari tarafidan berilgan taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi davlat namunasidagi hujjatlarni tan olish tartibini belgilaydi.
2-modda
Tojikiston Respublikasida beriladigan umumiy asosiy taʼlim toʻgʻrisida guvohnoma va Oʻzbekiston Respublikasida beriladigan umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisida shahodatnoma Tomonlar tarafidan ushbu hujjat egalari imtihonlar (yoki sinovlar) topshirganlaridan soʻng keyingi bosqichdagi taʼlim dasturlari boʻyicha Tomonlar davlatlarining taʼlim muassasalarida tahsil olishni davom ettirish huquqini beruvchi hujjat sifatida tan olinadi.
3-modda
Tojikiston Respublikasida beriladigan umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi guvohnoma va boshlangʻich kasb-hunar taʼlimi toʻgʻrisidagi (umumiy oʻrta taʼlim olgan holda) diplom va Oʻzbekiston Respublikasida beriladigan oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi toʻgʻrisidagi (oʻrta (toʻliq) umumiy taʼlim olgan holda) diplom har ikki davlatlarda tan olinadi hamda ularning egalariga imtihonlar (yoki sinovlar) topshirganlaridan soʻng, Oʻzbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi taʼlim muassasalarida oliy kasb-hunar taʼlim dasturlari asosida taʼlimni davom ettirish huquqini beradi.
Kasbiy faoliyat uchun ruxsat berish Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
4-modda
Tojikiston Respublikasida beriladigan oʻrta kasb-hunar taʼlimi toʻgʻrisidagi diplom va Oʻzbekiston Respublikasi kollejida beriladigan kasb-hunar taʼlimi toʻgʻrisidagi diplom har ikki davlatlarda tan olinadi va ularning egalariga imtihonlar (yoki sinovlar) topshirganlaridan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi taʼlim muassasalarida birinchi bosqichdan boshlab oliy taʼlim dasturlari asosida taʼlim olishni davom ettirish huquqini beradi.
Kasbiy faoliyat uchun ruxsat berish Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
5-modda
Oʻzbekiston Respublikasida beriladigan oliy kasbiy taʼlim toʻgʻrisidagi diplom, bunda mazkur taʼlim darajasida oʻqitishning normativ davomiyligi 4 yildan kam boʻlmasa va Tojikiston Respublikasida beriladigan bakalavr diplomi ularning egalariga tayyorgarlik koʻrgan darajasini inobatga olgan holda imtihonlar (yoki sinovlar) topshirganlaridan soʻng, boshqa Tomon davlatining oliy taʼlim muassasalarida oliy taʼlim dasturlari asosida taʼlim olishni davom ettirish huquqini beradi.
Kasbiy faoliyat uchun ruxsat berish Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
6-modda
Oʻzbekiston Respublikasida beriladigan oliy kasbiy taʼlim toʻgʻrisidagi diplom, bunda mazkur taʼlim darajasida oʻqitishning normativ davomiyligi 5 yildan kam boʻlmasa, oliy taʼlim toʻgʻrisidagi diplom va Tojikiston Respublikasida beriladigan oliy kasbiy taʼlim mutaxassisi diplomi ularning egalariga imtihonlar (yoki sinovlar) topshirganlaridan soʻng, boshqa Tomon davlati taʼlim muassasalarida oliy oʻquv yurtidan keyingi kasbiy taʼlim dasturlari asosida taʼlim olishni davom ettirish huquqini beradi.
Kasbiy faoliyat uchun ruxsat berish Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
7-modda
Tojikiston Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasida tegishincha beriladigan oliy kasbiy taʼlim mutaxassisi diplomi va oliy taʼlim toʻgʻrisidagi diplom hamda oliy kasbiy taʼlim dasturining kunduzgi taʼlim olish shaklida taʼlim dasturlarini oʻzlashtirganligini tasdiqlovchi normativ taʼlim muddati tibbiyot mutaxassisliklari boʻyicha 6 yildan kam boʻlmagan, stomatologiya va farmatsevtika mutaxassisliklari boʻyicha 5 yildan kam boʻlmagan diplom egalariga imtihonlar (yoki sinovlar) topshirganlaridan soʻng, oliy taʼlimdan keyingi kasbiy taʼlim dasturlari asosida boshqa Tomon davlatining taʼlim yoki ilmiy muassasalarida taʼlim olishni davom ettirish huquqini beradi.
Kasbiy faoliyat uchun ruxsat berish Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
8-modda
Tojikiston Respublikasida va Oʻzbekiston Respublikasida berilgan magistrlik diplomi, uning egasiga imtihonlar (yoki sinovlar) topshirilgandan soʻng, oliy taʼlimdan keyingi kasbiy taʼlim dasturlari asosida boshqa Tomon davlatining taʼlim yoki ilmiy muassasalarida taʼlim olishni davom ettirish huquqini beradi.
Kasbiy faoliyat uchun ruxsat berish Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
9-modda
Tomonlar davlatlarining oliy kasbiy taʼlim muassasalari tarafidan beriladigan akademik maʼlumotnoma, tayyorgarlik koʻrgan darajasi hamda qabul qiluvchi taʼlim muassasa Tomon davlatining qonunchiligini inobatga olgan holda Tomonlar davlati oliy kasbiy taʼlim muassasalarida muayyan oliy kasbiy taʼlim dasturlari asosida taʼlim olishni davom ettirish huquqini beradi.
10-modda
11-modda
Mazkur Bitimni amalga oshirish uchun Tomonlar taʼlim toʻgʻrisida davlat namunasidagi hujjatlar namunalari hamda ularni rasmiylashtirish va berishni tartibga soluvchi milliy normativ-huquqiy hujjatlarni bir-birlariga taqdim etadilar.
12-modda
Mazkur Bitimga har ikki Tomonning roziligi asosida alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
13-modda
Mazkur Bitimni qoʻllash yoki talqin qilishda yuzaga keladigan Tomonlar oʻrtasidagi nizolar Tomonlar oʻrtasida maslahatlashuvlar va muzokaralar orqali hal etiladi.
14-modda
Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuziladi va imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Har bir Tomon mazkur Bitimni boshqa Tomonga diplomatik kanallar orqali tegishli yozma xabarnoma yuborish orqali tugatishi mumkin. Bitimning amal qilishi boshqa Tomon tegishli xabarnomani olganidan soʻng oʻn ikki oy oʻtgach tugatiladi.
Toshkent shahrida 2018-yil 17-avgustda ikki nusxada, har biri oʻzbek, tojik va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, rus tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)