Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Iqtisodiyotning jadal rivojlanishini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2018-yil 26-iyuldagi OʻRQ-488-son Qonuni)
Oʻzbekiston Respublikasining “Iqtisodiyotning jadal rivojlanishini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2018-yil 26-iyuldagi OʻRQ-488-son Qonuniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ular tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R.K. Davletov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 24-oktabr,
863-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 24-oktabrdagi 863-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. Vazirlar Mahkamasining “Avtomototransport vositalarini sotib olish, ulardan foydalanish va ularni boshqa shaxslarga berishni tartibga solish toʻgʻrisida” 2001-yil 28-avgustdagi 354-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2001-y., 8-son, 51-modda) 4-bandining uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 7-martdagi 38-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 3-son, 17-modda) bilan tasdiqlangan Avtomototransport vositalari bilan bogʻliq bitimlarni rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 2-bandida:
a) quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi qoʻshilsin:
“yengil avtomobillarni, mototransport vositalarini ijaraga berish xizmatlari koʻrsatuvchi yuridik shaxslar hamda jismoniy shaxslar oʻrtasida yengil avtomobillarni, mototransport vositalarini ijaraga berish yuzasidan oʻttiz kungacha oddiy yozma shartnomalar tuzish hollariga”;
b) uchinchi xatboshi toʻrtinchi xatboshi deb hisoblansin.
3. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 31-avgustdagi 683-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2017-y., 8-son, 191-modda) bilan tasdiqlangan Avtomototransport vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 45-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“45. Notariuslar, shuningdek, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlarda esa konsullar tomonidan ham tasdiqlangan avtomototransport vositalaridan foydalanish va (yoki) tasarruf etish ishonchnomalari, ijara, tekinga foydalanish va avtomototransport vositalarini garovga qoʻyish shartnomalari, avtomototransport vositasining roʻyxatdan oʻtish joyi boʻyicha tegishli hududiy YHXDX organlarida avtomototransport vositalarini roʻyxatdan oʻtkazmasdan hisobga qoʻyiladi.
Avtomototransport vositalarini begonalashtirish bilan bogʻliq boʻlmagan bitishuvlarni hisobga olish yuridik shaxslar tomonidan oʻz xodimlariga berilgan avtomototransport vositalaridan foydalanish va (yoki) ularni tasarruf etish huquqiga ishonchnomalarga hamda yengil avtomobillarni va mototransport vositalarini ijaraga berish boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi yuridik shaxslar hamda jismoniy shaxslar oʻrtasida oʻttiz kungacha muddatga oddiy yozma shaklda tuziladigan yengil avtomobillar va mototransport vositalarining ijara shartnomalariga nisbatan qoʻllanilmaydi”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2018-y., 09/18/863/2098-son; 22.02.2021-y., 09/21/87/0134-son)