Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Misr Arab Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Turizm sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Misr Arab Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
turizmni rivojlantirish va Tomonlar davlatlari aholisining madaniy hayoti bilan tanishish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida,
Tomonlar oʻrtasida turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga boʻlgan oʻzaro xohish-istak asosida,
Tomonlar davlatlarining iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlanishida turizmning muhimligini hisobga olib,
ikki tomonlama asosda turizm sohasida samarali hamkorlik qilishga intilib,
tenglik, oʻzaro hurmat va oʻzaro manfaat prinsiplariga asoslangan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar har ikkala Tomon davlatlarining fuqarolarini oʻzlarining fan, iqtisodiyot, ijtimoiy taraqqiyot, madaniyat, tabiat, diqqatga sazovor joylar, tarixiy obidalar va madaniy anʼanalar sohasidagi yutuqlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida turizmdagi teng huquqli hamkorlikni mustahkamlashga koʻmaklashadilar.
2-modda
Tomonlar ikki davlat oʻrtasida sayyohlar almashinuvini koʻpaytirish maqsadida oʻz davlatlarining turizm sohasida faoliyat koʻrsatadigan tashkilotlari oʻrtasidagi yaqin hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashadilar.
3-modda
Tomonlar xalqaro konferensiyalar, anjumanlar, seminarlar, koʻrgazmalar va ommaviy axborot vositalarida chiqishlar tashkil qilish orqali qoʻshma turistik yoʻnalishlarni ilgari surishni ragʻbatlantiradilar.
4-modda
Mazkur Bitimning 1 — 3-moddalarida nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun Tomonlar quyidagi sohalarda hamkorlik qilishga kelishadilar:
(a) Tomonlar davlatlarining ommaviy axborot vositalaridagi reklama kampaniyalari;
(b) turizmni rivojlantirish tadbirlari, shu jumladan, V2V formatidagi uchrashuvlar, konferensiyalar va seminarlar;
(c) Tomonlar davlatlari hududida oʻtkaziladigan turistik yarmarka va koʻrgazmalarda ishtirok etish;
(d) Tomonlar davlatlari turizm tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun oʻquv safarlari tashkil etish;
(e) turizm sohasidagi hamkorlik va investitsiyalarni jalb qilish;
(f) Tomonlar davlatlari tegishli muassasalari mutaxassislarining tajriba almashinuvi orqali turistik sanoat vakillari uchun amaliyot imkoniyatlarini taqdim etish bilan xodimlarning salohiyatini oshirishda yordam koʻrsatish;
(g) Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq turizm va investitsiya sohasida axborot va tajriba almashish;
(h) turistik nashrlar va boshqa materiallarni, ayniqsa, har ikkala Tomon davlatlarining turistik salohiyatini ragʻbatlantiradigan audio va video materiallarni ularning milliy qonunchiligiga muvofiq tarqatish.
5-modda
Tomonlar mazkur Bitimni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan quyidagi vakolatli organlarni tayinlaydilar:
Oʻzbekiston tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi;
Misr tomonidan — Misr Arab Respublikasi Turizm vazirligi.
6-modda
Tomonlar oʻrtasida almashiladigan barcha maʼlumotlar qatʼiy ravishda maxfiy hisoblanadi va boshqa Tomonning oldindan yozma roziligisiz uchinchi tomonga oshkor etilishi mumkin emas. Shuningdek, ulardan mazkur Bitimda nazarda tutilmagan maqsadlarda ham foydalanilmaydi.
7-modda
Tomonlar oʻz davlatlari qonunchiligiga muvofiq sayyohlarning manfaatlarini oʻzaro himoya qilish, shu jumladan, favqulodda vaziyatlarda (tabiiy ofatlar, inqilob, fuqarolik urushlari va keng tarqalgan kasalliklar) ularni evakuatsiya qilish choralarini koʻradilar.
8-modda
Tomonlar, zarur hollarda, maslahatlashuvlar oʻtkazadilar, ishchi guruhlar tuzadilar va mazkur Bitimni amalga oshirish bilan bogʻlik masalalar boʻyicha chora-tadbirlar taklif qiladilar.
9-modda
Mazkur Bitimni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar, basharti har bir alohida holatda boshqacha kelishilmagan boʻlsa, har bir Tomon tarafidan Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga muvofiq tegishli sohaga ajratilgan mavjud moliyaviy manbalar doirasida qoplanadi.
10-modda
Tomonlar oʻz davlatlaridagi qonun va qoidalarga rioya qilish majburiyatini oʻz zimmalariga oladilar.
11-modda
Mazkur Bitimni talqin qilish yoki qoʻllash yuzasidan kelib chiqadigan nizolar, kelishish uchun biron-bir milliy, xalqaro va uchinchi tomon sudiga murojaat qilinmasdan, Tomonlar oʻrtasida muzokaralar va maslahatlashuvlar orqali hal etiladi.
12-modda
Mazkur Bitim Tomonlarning davlatlari ishtirokchi hisoblangan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan Tomonlarning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
13-modda
Mazkur Bitimga Tomonlarning oʻzaro roziligiga koʻra uning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida bayonnomalar bilan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
14-modda
Mazkur Bitim imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi va uch (3) yil davomida amal qiladi, Tomonlardan biri uch oy oldin uning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor qilmasa, uning amal qilishi oʻz-oʻzidan keyingi uch yillik muddatlarga uzayaveradi.
Toshkent shahrida 2018-yil 5-sentabrda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, arab va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir.
Mazkur Bitim matnini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)