O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Yoshlar innovatsiya markazini tashkil etish to‘g‘risida
2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturini bajarish doirasida Farg‘ona vodiysi viloyatlarining iqtisodiy, investitsion va tadbirkorlik salohiyatini rivojlantirish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda. Avtomobilsozlik, energetika, kimyo, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari sanoati, agrar sohada innovatsion texnologiyalar qo‘llaniladigan loyihalar amalga oshirilmoqda.
Yoshlarning ijodiy, intellektual va tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, innovatsion g‘oyalar, loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy qilish, olimlar va tadbirkorlarning innovatsion faoliyatini rag‘batlantirish, ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, Farg‘ona vodiysi viloyatlarining sanoati va iqtisodiyotining boshqa tarmoqlari raqobatbardoshligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi va Farg‘ona viloyati hokimligining Farg‘ona shahrida davlat unitar korxonasi shaklida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Yoshlar innovatsiya markazini (keyingi o‘rinlarda Markaz deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Farg‘ona viloyatining oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining talabalari, yosh olimlari va o‘qituvchilariga innovatsion loyihalarni ishlab chiqish hamda joriy qilish uchun zamonaviy ilmiy va laboratoriya asbob-uskunalari, axborot-kommunikatsiya texnologiya vositalari bilan jihozlangan texnologik va ishlab chiqarish maydonchalarini taqdim etish yo‘li bilan ularning intellektual va ijodiy salohiyatini namoyon etish uchun shart-sharoitlar yaratish;
oliy ta’lim va ilmiy muassasalar, tadbirkorlik subyektlari va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasida innovatsion g‘oyalar va loyihalar, mahsulotlar va texnologiyalarning istiqbolli turlarini ishlab chiqishda o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlari rivojlanishini muvofiqlashtirish;
ilmiy va laboratoriya tadqiqotlari olib borish, tajriba namunalarini, sanoat mahsulotlarining prototiplarini ishlab chiqish va ularning natijalarini ishlab chiqarishga joriy qilish, shuningdek, innovatsion faoliyat natijalarining transferi va tijoratlashtirilishi, startap loyihalarni amalga oshirish, sanoat darajasida ularni to‘laqonli joriy etishda amaliy yordam ko‘rsatish yo‘li bilan yoshlar, olimlar va o‘qituvchilarni iqtisodiyot sohalari va korxonalarning ilmiy-texnik muammolarini hal etishga jalb qilish;
Markaz tuzilmasida tashkil etiladigan kovorking-markazda yoshlar, olimlar va tadbirkorlarga maslahat, moliyaviy, buxgalteriya xizmatlari va boshqa xizmatlar, shuningdek, biznes-akselerator xizmatlari ko‘rsatish, axborot-kommunikatsiya vositalari va Internet tarmog‘iga kirish bilan ta’minlash;
xalqaro va mahalliy darajada e’tirof etilgan kompaniyalar, tashkilotlar, olimlar va mutaxassislar ishtirokida innovatsiyalar sohasida mahorat darslari, treninglar va malaka oshirish kurslari, shuningdek, dolzarb ilmiy-innovatsion yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy-amaliy konferensiyalar va seminarlar, tanlovlar o‘tkazish.
3. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi “Yoshlar innovatsiya markazi” davlat unitar korxonasining tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Markaz direktoriga O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan kelishgan holda xodimlarning umumiy belgilangan soni va mehnatga haq to‘lash jamg‘armasi doirasida Markaz tuzilmasiga o‘zgartishlar kiritish huquqi berilsin.
Belgilansinki:
Oldingi tahrirga qarang.
Markaz ilmiy va rahbar xodimlarining lavozim maoshlari budjet mablag‘lari hisobiga Davlat ilmiy dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etuvchi ilmiy muassasalarning ilmiy va rahbar xodimlarining bazaviy lavozim maoshiga, boshqa xodimlarning lavozim maoshlari esa — O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy muassasalarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan lavozim maoshlariga tenglashtiriladi;
(3-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-avgustdagi 545-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.08.2021-y., 09/21/545/0832-son)
Markaz direktori Innovatsion rivojlanish vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
4. Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Innovatsion g‘oyalar va loyihalarni ishlab chiqarishga joriy qilish jamg‘armasining mablag‘lari;
Markaz tomonidan shartnoma asosida bajarilgan ishlar (tovarlar, xizmatlar)dan tushumlar;
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlovlar natijalari bo‘yicha ilmiy loyihalarni amalga oshirishga ajratiladigan mablag‘lar;
(4-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-avgustdagi 545-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.08.2021-y., 09/21/545/0832-son)
jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya mablag‘lari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi uch oy muddatda Markaz Ustavini ishlab chiqsin va tasdiqlasin, shuningdek, uning belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin.
6. Markazda yuridik shaxsni tashkil etmasdan Ishlab chiqarishga innovatsion g‘oyalar va loyihalarni joriy etish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb ataladi) tashkil etilsin, quyidagilar uni shakllantirish manbalari etib belgilansin:
2018-yilda O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan 5 mlrd. so‘m miqdoridagi va Farg‘ona viloyati mahalliy budjetining 5 mlrd. so‘m miqdoridagi mablag‘lari;
Innovatsion rivojlanish va innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining Kuzatuv kengashi qarorlari bilan belgilanadigan miqdorlarda Innovatsion rivojlanish va innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan innovatsion loyihalarni moliyalashtirishga ajratiladigan mablag‘lar;
Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi oliy ta’lim muassasalarining innovatsiya jamg‘armalariga yillik tushumlarning 10 foizi miqdoridagi ajratmalar;
Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarining xo‘jalik boshqaruvi organlari va davlat korxonalarining innovatsion faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalaridan ajratiladigan mablag‘lar;
Markaz ko‘magida yaratilgan innovatsion mahsulotlar va ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, shuningdek, Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini joylashtirishdan tushgan daromad;
jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari, xalqaro va xorijiy tashkilotlarning grantlari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
7. Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanishning asosiy yo‘nalishlar etib belgilansin:
innovatsion loyihalar va startaplarning amalga oshirilishini moliyalashtirish, shu jumladan, texnik-iqtisodiy asoslashni ishlab chiqish, asbob-uskuna, xom ashyo, butlovchi va ehtiyot qismlarni sotib olish, tajriba namunalari, sanoat mahsulotlarining prototiplarini ishlab chiqish;
Markazni zamonaviy ilmiy va laboratoriya uskunalari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan jihozlash, Markazda laboratoriya tadqiqotlarini o‘tkazish uchun laboratoriya jihozlari, reaktivlar va boshqa sarflash materiallarini sotib olish;
Markaz kutubxonasini shakllantirish va uni xalqaro va mahalliy ilmiy-texnik adabiyotlar bilan to‘ldirish, shuningdek, innovatsiyalar sohasida ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, tanlovlar o‘tkazish.
Oldingi tahrirga qarang.
8. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining buyurtmalari asosida Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va Markaz faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlarining imtiyozli zayomlari, grantlari hamda texnik ko‘maklashish vositalarini jalb qilish masalalarini ishlab chiqsin.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 25-iyundagi 393-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.06.2021-y., 09/21/393/0596-son)
9. Farg‘ona shahar hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Markazni Farg‘ona viloyati, Farg‘ona ko‘chasi, 84-uy (keyingi o‘rinlarda obyekt deb ataladi) manzili bo‘yicha joylashgan Qirguli qurilish-sanoat kasb-hunar kolleji binosining bir qismida (477,4 kv m) ijara to‘lovining “nol” stavkasida joylashtirish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
10. Obyektni rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va Markazni laboratoriya asbob-uskunalari, mebel, inventar, kompyuter va boshqa tashkiliy texnika bilan jihozlash doirasida:
a) Farg‘ona viloyati hokimiyati huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi — buyurtmachi;
tanlov (tender) savdolari natijalari bo‘yicha belgilangan tartibda aniqlanadigan tashkilotlar — bosh loyihalashtiruvchi va pudratchi tashkilotlar;
b) quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari — Markaz obyektini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash bo‘yicha ishlarni;
Innovatsion g‘oyalar va loyihalarni ishlab chiqarishga joriy qilish jamg‘armasi mablag‘lari — Markaz faoliyatini boshlash uchun uni laboratoriya asbob-uskunalari, mebel, inventar, kompyuter va tashkiliy texnika bilan jihozlash bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi obyekt bo‘yicha qurilish-montaj ishlari bajarilishi sifati ustidan belgilangan tartibda arxitektura-qurilish nazoratini o‘rnatsin.
Buyurtmachi bosh loyiha tashkiloti bilan birgalikda loyiha-smeta hujjatlari belgilangan tartibda va muddatlarda ishlab chiqilishini, ko‘rib chiqilishini va ularning vakolatli ekspertiza organlarida kelishilishini ta’minlasin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Markazning buyurtmalari bo‘yicha uning belgilangan tartibda yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘iga ulanishini hamda uni zarur telefon aloqasi bilan ta’minlasin.
13. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda ushbu qarorning mazmun-mohiyati va Markaz faoliyati aholi va tadbirkorlik subyektlari orasida keng yoritilishini ta’minlasin.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi S.R. Xolmuradov va O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri I.Y. Abdurahmonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 17-oktabr,
832-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 17-oktabrdagi 832-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi “Yoshlar innovatsiya markazi” davlat unitar korxonasining
tuzilmasi
Markaz xodimlarining umumiy soni (texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlardan tashqari) — 16 kishi.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.10.2018-y., 09/18/832/2070-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.06.2021-y., 09/21/393/0596-son, 28.08.2021-y., 09/21/545/0832-son)