O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Elektron tijoratni amalga oshirish qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Elektron tijoratni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 14-maydagi PQ-3724-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
2. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.M. Sadikov zimmasiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Elektron hukumat, telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish va axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 13-oktabr,
825-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 13-oktabrdagi 825-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Elektron tijoratni amalga oshirish qoidalariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. 47-bandning uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“tovarlarni yetkazib berish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lgan yetkazib berish xizmati xizmatlaridan foydalanish.”
2. 48-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“48. Elektron tijoratda to‘lovlar quyidagi usullarda amalga oshiriladi:
naqd pul bilan — nazorat-kassa apparatidan foydalanish orqali naqd pul mablag‘lari qabul qilingani to‘g‘risida nazorat-kassa apparati cheki yoki boshqa tasdiqlovchi hujjatni majburan taqdim etish, shuningdek, belgilangan tartibda inkassatsiya qoidalariga rioya etgan holda, olingan pullarni xizmat ko‘rsatuvchi bankka topshirishni ta’minlash;
elektron to‘lov vositalari bilan — to‘lovlarni qabul qilish uchun hisob terminali yoki virtual terminal (E-POS) orqali shaxsiy va korporativ bank kartalaridan foydalanish orqali chakana to‘lov tizimida sotuvchi va xaridorga elektron to‘lov cheki yoki to‘lovni tasdiqlovchi boshqa hujjatni albatta taqdim etgan holda;
pul mablag‘larini bank hisob raqamlaridan o‘tkazish yo‘li bilan — pul mablag‘larini bank hisob raqamlaridan (shu jumladan karta hisob raqamlaridan) shaxsiy kabinet (masofaviy bank hisob raqamlaridan xizmat ko‘rsatish tizimi) yoki chakana to‘lov tizimi orqali o‘tkazgan holda”.
3. Quyidagi mazmundagi 481 — 483 — bandlari bilan to‘ldirilsin:
“481. Elektron to‘lov vositalaridan foydalangan holda hisob-kitoblarni amalga oshirayotganda xaridorga kassa chekini elektron shaklda (bundan keyin elektron chek) xaridor ko‘rsatgan abonent raqamiga yoki elektron pochta manziliga taqdim etishni ta’minlash zarur. Elektron chek nazorat kassa apparati mashinasidan chiqarilgan qog‘oz ko‘rinishidagi chekka tenglashtiriladi.
482. Yetkazib berish xizmatlariga sotuvchining nomidan tovarlar uchun to‘lovlarni qabul qilish huquqi shartnomaga asosan xaridor tovarni sotib olganligini tasdiqlovchi kassa cheki yoki boshqa hujjatni taqdim etgan holda beriladi.
483. Tovarlar milliy pochta aloqasi operatori orqali yetkazib berilgan taqdirda tovarning to‘lovi pochta pul o‘tkazmalari ustama to‘lov orqali amalga oshirilishi mumkin. Ushbu to‘lov usulida tovarni jo‘natish ustama to‘lovli pochta jo‘natmalari orqali amalga oshirilishi kerak.
Pochta jo‘natmalari orqali yetkaziladigan va ustama to‘lov qo‘llanilgan tovar xaridor tomonidan ustama to‘lov to‘liq to‘lanib, kvitansiya taqdim etilgandan so‘ng beriladi. Ustama to‘lov summalarini sotuvchi manziliga jo‘natish milliy pochta aloqasi operatori tomonidan pul mablag‘larini pochta orqali o‘tkazishning Pochta aloqasi xizmatlari ko‘rsatish qoidalarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi”.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.10.2018-y., 09/18/825/2052-son)