Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish toʻgʻrisida
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli “Qonunchilikdagi huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Aholi daromadlari va turmush darajasini oshirish, aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishini kuchaytirish, shuningdek, mehnatiga kam haq toʻlanadigan xodimlar ish haqi miqdorini jadal ravishda oshirishni taʼminlash maqsadida:
1. 2018-yilning 1-noyabridan boshlab budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori 1,1 baravar oshirilsin.
2. 2018-yilning 1-noyabridan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududida eng kam:
ish haqi — oyiga 202 730 soʻm;
yoshga doir pensiyalar — oyiga 396 500 soʻm;
bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa — oyiga 396 500 soʻm;
zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa oyiga 243 300 soʻm miqdorida belgilansin.
3. Belgilansinki, ish haqi hamda pensiyalarga qoʻshilgan ustama va qoʻshimcha haqlarning barcha turlari, eng kam ish haqiga nisbatan belgilangan kompensatsiya va boshqa toʻlovlar 2018-yilning 1-noyabridan boshlab mazkur Farmonda belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
Mehnatga haq toʻlash yagona tarif setkasining quyi razryadlari tarif koeffitsiyentlarini oʻrtacha 10 foizga, shu jumladan, 1-razryad boʻyicha 15 foizga, 2-razryad boʻyicha 10 foizga va 3-razryad boʻyicha 5 foizga oshirish orqali mehnatiga kam haq toʻlanadigan xodimlarning ish haqi miqdorining jadal ravishda oshirilishini koʻzda tutgan holda 2019-yil 1-yanvardan Mehnatga haq toʻlashning yagona tarif setkasini qayta koʻrib chiqsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan saqlanadigan tashkilotlarda band boʻlgan universal kasblar xodimlari mehnatiga haq toʻlashga doir razryadlarni tanqidiy koʻrib chiqsin va 2019-yil 1-yanvaridan ularning yangilanganlarini joriy etsin;
xalqaro moliyaviy institutlar bilan birgalikda mehnatga haq toʻlash miqdorining uning natijalari, bajarilayotgan mehnat funksiyalarining murakkabligi va masʼuliyati bilan yanada uzviy bogʻliqligini taʼminlashni nazarda tutadigan Budjet tashkilotlarida mehnatga haq toʻlash tizimini yanada takomillashtirish konsepsiyasining ishlab chiqilishini va 2019-yil 1-sentabrga qadar muddatda kiritilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlar bilan birgalikda pensiyalar, stipendiyalar hamda budjet tashkilotlari xodimlarining lavozim maoshlari miqdorini mazkur Farmon qoidalaridan kelib chiqqan holda oʻz vaqtida qayta hisoblab chiqishni taʼminlasin.
6. Budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalarning oshirilishi bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshirilsin.
Xoʻjalik hisobidagi korxona va tashkilotlarga ish haqining qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kam boʻlmagan holda toʻlashni taʼminlab, ish haqi miqdorlarini eng kam ish haqiga muvofiq oshirish tavsiya etilsin.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar Xalq deputatlari kengashlariga mazkur Farmonning qabul qilinishidan soʻng qoʻshimcha xarajatlarni qoplash uchun tegishli budjetlar parametrlariga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 13-oktabr,
PF-5553-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.10.2018-y., 06/18/5553/2048-son, 13.07.2019-y., 06/19/5765/3418-son)