Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 10-iyuldagi PQ-3843-son qarori ijrosini taʼminlash hamda “Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasi hududida loyihalarni amalga oshirish uchun tadbirkorlik subyektlari jalb etilishini, ular bilan tizimli ishlar olib borilishini, shuningdek, loyihalarni “Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasi hududiga joylashtirish boʻyicha investitsiya buyurtmanomalarini sifatli va oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 10-iyuldagi PQ-3843-son qaroriga muvofiq Buxoro viloyatida “Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Boshqaruv xodimlarining umumiy soni 10 nafardan iborat boʻlgan “Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi davlat unitar korxonasi (keyingi oʻrinlarda Direksiya deb ataladi) tashkil etilsin.
Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashiga, zarurat boʻlganda, Direksiyaning tuzilmasi va boshqaruv xodimlari umumiy soniga investitsiyalar hajmi va loyihalar sonidan kelib chiqqan holda oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Quyidagilar:
“Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasining tuzilmasi 1-ilovaga;
“Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasining ustavi 2-ilovaga;
“Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasi hududida joylashtirish uchun investitsiya loyihalarini tanlab olish hamda qatnashchilarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilab qoʻyilsinki, “Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasi qatnashchilariga yer uchastkalari berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 16-yanvardagi 29-son qarori bilan tasdiqlangan Erkin iqtisodiy zonalar qatnashchilariga yer uchastkalari berish tartibi toʻgʻrisida Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda har yili kelgusi yillar uchun Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturini shakllantirishda, belgilangan tartibda, ularga “Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasining muhandislik-kommunikatsiya, yoʻl-transport va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha loyihalar kiritilishini nazarda tutsin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-dekabrdagi 777-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2020-y., 09/20/777/1620-son)
6. Buxoro viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda “Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasida zamonaviy issiqxona xoʻjaliklarini, jumladan, gidroponika texnologiyalarini qoʻllagan holda, klaster usuli asosida barpo etish, issiqxonalar qurish uchun konstruksiyalar, jihozlar va boshqa butlovchi buyumlar ishlab chiqarishni tashkil etish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish, qayta ishlashni chuqurlashtirish, shuningdek, logistika xizmatlari koʻrsatishning zamonaviy infratuzilmasini shakllantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan:
Direksiyani kelgusi yillarda, oʻzini oʻzi moliyalashtirishga oʻtkazish sharti bilan, 2018-2019-yillar davrida saqlash xarajatlari uchun asoslangan hisob-kitoblar boʻyicha zarur mablagʻlar ajratilishini;
Direksiyaning ustav fondini shakllantirilishga 1,0 mlrd. soʻm miqdorida mablagʻlar ajratishni taʼminlasin.
8. Buxoro viloyati hokimligi:
Direksiyani Buxoro viloyati, Buxoro shahar, I. Moʻminov koʻchasi, 2-uy manzilidagi binoda tekin foydalanish huquqi bilan vaqtinchalik joylashtirilishini va keyinchalik doimiy foydalanish huquqi bilan namunaviy loyiha asosidagi yangi zamonaviy maʼmuriy bino qurilishini;
ikkita avtotransport vositasi, jumladan bitta yengil va bitta yoʻltanlamas avtomobillari xarid qilish va ularni 2018-2019-yillar davomida saqlash xarajatlari uchun limit ajratish, shuningdek zarur inventarlar, tashkiliy texnika hamda samarali faoliyat olib borish uchun talab etiladigan vositalar bilan taʼminlash;
bir oy muddatda “Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasi bosh rejasi ishlab chiqilishi Buxoro viloyati mahalliy budjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan amalga oshirilishini;
Direksiyani malakali mutaxassislar bilan toʻldirish, shuningdek, xorijiy mamlakatlarning mazkur yoʻnalishdagi ilgʻor tajribalari asosida ularning malakasini muntazam ravishda oshirib borishni taʼminlasin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R. Xolmuradov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Z.T. Mirzayev va Buxoro viloyati hokimi Oʻ.I. Barnoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 6-oktabr,
803-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 6-oktabrdagi 803-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
“Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasining
tuzilmasi
Boshqaruv xodimlarining umumiy soni — 10 nafar.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 6-oktabrdagi 803-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
“Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasining
USTAVI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. “Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” (keyingi oʻrinlarda Direksiya deb ataladi) operativ boshqaruv uchun oʻziga berilgan davlat mulki boʻlgan mulk, jumladan yer maydonlari negizida davlat unitar korxonasi shaklida tashkil etilgan tijorat tashkiloti hisoblanadi, u oʻziga biriktirilgan mulkka nisbatan, qonunda belgilangan doirada, oʻz faoliyati maqsadlariga, mulkdor (yoki uning topshirigʻi bilan uning tomonidan masʼul etib tayinlangan davlat organi — muassis) topshiriqlariga muvofiq egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish huquqini amalga oshiradi.
2. Direksiya oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Ustavga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
3. Direksiya yuridik shaxs hisoblanadi, alohida mulkka, mustaqil balansga, banklarda hisob raqamlariga, shu jumladan, valyuta hisob raqamlariga, emblemaga, shtamplar va blankalarga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan, oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va boshqa rekvizitlarga ega boʻladi.
4. Direksiyaning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
toʻliq nomi — “Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zona direktsiyasi” davlat unitar korxonasi;
qisqartirilgan nomi — “Buxoro-agro” EIZ Direktsiyasi” DUK;
b) rus tilida:
toʻliq nomi — Gosudarstvennoye unitarnoye predpriyatiye “Direksiya svobodnoy ekonomicheskoy zoni “Buxoro-agro”;
qisqartirilgan nomi — GUP “Direksiya SEZ “Buxoro-agro”;
v) ingliz tilida:
toʻliq nomi — “Directorate of free economic zone “Buxoro-agro” State Unitary Company;
qisqartirilgan nomi — “Directorate of FEZ “Buxoro-agro”” SUC.
5. Direksiyaning joylashgan joyi (pochta manzili): Buxoro viloyati, Buxoro shahri, I. Moʻminov koʻchasi, 2-uy.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Direksiyaning muassisi (keyingi oʻrinlarda Muassis deb ataladi) hisoblanadi.
7. Direksiya oʻz nomidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarni olishi va amalga oshirishi, majburiyatlar olishi, sudda daʼvogar va javobgar boʻlishi, nizolarni hal etishda boshqa organlarda vakillik qilishi mumkin.
8. Direksiya Muassisning roziligiga koʻra tijorat tashkilotlarining, shuningdek, qonun hujjatlariga muvofiq yuridik shaxslarning qatnashishiga yoʻl qoʻyiladigan notijorat tashkilotlarda qatnashchi (aksiyador, aʼzo) boʻlishi mumkin.
9. Direksiya boshqa davlat korxonasining muassisi boʻlishi mumkin emas.
2-bob. Direksiya faoliyatining asosiy maqsadi, vazifasi va yoʻnalishlari
10. “Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasini (keyingi oʻrinlarda “Buxoro-agro” EIZ deb ataladi) rivojlantirish dasturlarining toʻliq va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash, shuningdek, “Buxoro-agro” EIZ hududida alohida huquqiy rejimga rioya etilishini taʼminlash yoʻli bilan operativ boshqarish, “Buxoro-agro” EIZ qatnashchilariga xizmatlar koʻrsatishdan hamda ushbu Ustavda nazarda tutilgan boshqa ishlar (xizmatlar)ni bajarishdan (koʻrsatishdan) foyda olish Direksiya faoliyatining asosiy maqsadi hisoblanadi.
11. Quyidagilar Direksiya faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari etib belgilansin:
belgilangan tartibda tanlangan investorlar bilan “Buxoro-agro” EIZning Buxoro viloyati erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonasi maʼmuriy kengashi (keyingi oʻrinlarda Maʼmuriy kengash deb ataladi) qarorlariga muvofiq “Buxoro-agro” EIZ hududida investitsiyalash toʻgʻrisida bitimlar boʻyicha shartnomalar tuzish;
Keyingi tahrirga qarang.
belgilangan tartibda tanlangan investorlar tomonidan oʻz zimmasiga qabul qilgan majburiyatlarning zarur darajada bajarilishini nazorat qilish, keyinchalik uning natijalarini Maʼmuriy kengashga taqdim etish;
ishlab chiqilgan “Buxoro-agro” EIZning bosh rejasi va Maʼmuriy kengash qarori bilan maʼqullangan investitsiya loyihalarini joylashtirish;
“Buxoro-agro” EIZ hududida joylashgan davlat mulki boʻlgan koʻchmas mulk obyektlarini Direksiyaga berilgan vakolatlar doirasida boshqarish;
“Buxoro-agro” EIZ qatnashchilariga investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida amalga oshirish, tashkilotlarni ishga tushirish va ularning faoliyati uchun zarur boʻlgan infratuzilma (elektr energiya, gaz va suv taʼminoti, kanalizatsiya, kirish yoʻllari va boshqalar) bilan taʼminlashga doir masalalarni hal etishda koʻmaklashish;
“Buxoro-agro” EIZ qatnashchilariga, shu jumladan davlat organlarida ularning manfaatlarini ifodalash yoʻli bilan xizmatlar koʻrsatish;
“Buxoro-agro” EIZ qatnashchilariga investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida amalga oshirish, tashkilotlarni ishga tushirish va ularning samarali faoliyati uchun zarur boʻlgan infratuzilma (elektr energiyasi, gaz va suv taʼminoti, kanalizatsiya, kirish yoʻllari va boshqalar) bilan taʼminlashga doir masalalarni hal etishda koʻmaklashish;
Maʼmuriy kengash vakolatlariga kiruvchi masalalar boʻyicha uning majlislarida koʻrib chiqish uchun materiallar tayyorlash;
“Buxoro-agro” EIZni rivojlantirish dasturini ishlab chiqish;
“Buxoro-agro” EIZ faoliyat koʻrsatishi bilan bogʻliq masalalar boʻyicha davlat boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish;
“Buxoro-agro” EIZning har yilgi budjetini koʻrib chiqish va tasdiqlash;
“Buxoro-agro” EIZ faoliyatini operativ boshqarish boʻyicha boshqa funksiyalarni amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida ushbu Ustavda nazarda tutilgan tegishli faoliyat turining litsenziyalanishi zarurligi belgilangan taqdirda, Direksiya faoliyatning ushbu turini litsenziya olmasdan, tegishli litsenziyalovchi organ bilan tuzilgan litsenziya bitimi asosida amalga oshirishga haqlidir.
12. Direksiya Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida taqiqlanmagan faoliyatning boshqa turlarini ham amalga oshirishi mumkin.
3-bob. Direksiya faoliyatini boshqarish
13. Direksiya Muassisga va Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashlarining faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashiga (keyingi oʻrinlarda Respublika kengashi deb ataladi) va Maʼmuriy kengashga hisobot beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Muassis quyidagi huquqlarga ega:
Direksiya faoliyatining maqsadi va yoʻnalishlarini belgilash;
Direksiya Ustaviga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
Direksiyaning ortiqcha, foydalanilmayotgan yoxud belgilangan maqsadda foydalanilmayotgan mulkini olib qoʻyish va tasarruf etish;
Direksiyaga berilgan mulkdan foydalanishdan olingan sof foydaning bir qismini yoki hammasini olish;
Direksiya mulki bilan amalga oshirilgan bitimlarni haqqoniy emas deb eʼtirof etish toʻgʻrisida sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilish;
Direksiyaga yetkazilgan zararlarni qoplash toʻgʻrisida daʼvo taqdim etish;
Direksiyani qayta tashkil etish yoki tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilish, tugatish komissiyasini tayinlash va tugatish balansini tasdiqlash;
Direksiya rahbari bilan mehnat shartnomasini mehnatga oid qonun hujjatlarida belgilangan tartibda muddatidan oldin toʻxtatish.
Muassis qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
15. Respublika kengashi Direksiya faoliyatiga rahbarlik qiladi va nazoratni amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
“Buxoro-agro” EIZ mustaqil budjeti va “Buxoro-agro” EIZni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish Maʼmuriy kengash tomonidan amalga oshiriladi.
16. Respublika kengashi quyidagi huquqlarga ega:
Direksiyaning “Buxoro-agro” EIZni rivojlantirish boʻyicha faoliyati strategik vazifalari va yoʻnalishlarini belgilash;
Direksiyaning moliya-xoʻjalik faoliyatini har chorakda oʻrganishni tashkil qilish;
har chorakda Direksiya faoliyati haqidagi hisobotni eshitish;
Direksiyaning shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlash.
Respublika kengashi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
17. Maʼmuriy kengash vakolatiga quyidagilar kiradi:
Direksiya faoliyatiga rahbarlikni amalga oshirish;
Direksiya faoliyatini nazorat qilish;
Direksiya direktori lavozimiga nomzodlarni tasdiqlash uchun Respublika kengashiga kiritish;
Direksiya mutaxassislarini tanlab olish;
Direksiyaning shtat jadvallari va xarajatlar smetasini kelishish;
Direksiya faoliyatini rejali tashkillashtirish, Direksiyaning choraklik ish rejalarini tasdiqlash va ularning bajarilishi yuzasidan nazoratni taʼminlash;
“Buxoro-agro” EIZning mustaqil budjetidan maqsadli foydalanilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish.
Maʼmuriy kengash qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
18. Maʼmuriy kengash oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun Direksiya faoliyatiga taalluqli boʻlgan hujjatlarni talab qilib olish huquqiga ega. Olingan hujjatlardan Maʼmuriy kengash tomonidan faqat xizmat maqsadlarida foydalaniladi.
19. Direksiyaning joriy faoliyatiga rahbarlikni Respublika kengashi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan Direktor amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
20. Direktor ijro etuvchi organ hisoblanadi.
21. Direktor:
qonun hujjatlari talablarini bajarishga, Direksiya xodimlarining mehnat sharoitlarini muhofaza qilish va yaxshilashga, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi norma va qoidalarga rioya qilishini taʼminlashga yoʻnaltirilgan tadbirlarni ishlab chiqadi va joriy etadi;
“Buxoro-agro” EIZni rivojlantirish dasturlari amalga oshirilishini tashkil etadi;
Direksiyaning asosiy faoliyatini takomillashtirishga, boshqarishning eng zamonaviy usullarini joriy etishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
Direksiya nomidan ishonchnomasiz harakat qiladi, barcha tashkilotlarda, shu jumladan xorijiy tashkilotlarda uning manfaatlarini ifodalaydi;
xodimlarni ishga qabul qiladi, ular bilan mehnat shartnomalari (kontraktlar) tuzadi hamda ularni oʻzgartiradi va amal qilishini toʻxtatadi;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishonchnomalar beradi;
kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
Direksiyaning barcha xodimlari uchun majburiy boʻlgan buyruqlar, farmoyishlar va koʻrsatmalar qabul qiladi;
Direksiyaning ichki ish tartibini va xoʻjalik faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlarni tasdiqlaydi;
Direksiya tomonidan qonun hujjatlariga rioya qilinishini va nazorat amalga oshirilishini taʼminlaydi;
Direksiyaga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
22. Direktor:
Muassis va Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashlarining faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashiga Direksiya faoliyati toʻgʻrisida belgilangan tartibda hisobot beradi;
Keyingi tahrirga qarang.
Direksiyaning Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Maʼmuriy kengash tomonidan tasdiqlanadigan mustaqil budjet mablagʻlarining tasarruf etuvchisi hisoblanadi;
Direksiyaning mustaqil budjeti ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etadi.
23. Direktor oʻz zimmasiga yuklangan vazifalarning bajarilishi, shuningdek, Direksiyaga berilgan davlat mulkining saqlanishi va undan maqsadli foydalanilishi yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
4-bob. Direksiyaning ustav fondi
24. Direksiyaning ustav fondi “Buxoro-agro” EIZ faoliyatini operativ boshqarishni amalga oshirish uchun Muassis tomonidan oʻziga berilgan mablagʻlar, mol-mulk va boshqa aktivlar yigʻindisidan iborat boʻladi.
25. Direksiya ustav fondining miqdori 1,0 mlrd. soʻmni tashkil etadi.
5-bob. Direksiya mulkini tasarruf etish
26. Muassis tomonidan Direksiyaga operativ boshqarish huquqi bilan berilgan asosiy fondlar va aylanma mablagʻlar Direksiya mol-mulkini tashkil etadi.
27. Direksiyaning asosiy fondlari va aylanma mablagʻlari boʻlinmaydi va ulushlar (hissalar, paylar) boʻyicha taqsimlanishi mumkin emas.
28. Maʼmuriy kengash Direksiyaga berilgan davlat mulkidan belgilangan maqsadda foydalanilishini va uning saqlanishini, shuningdek oʻzgaga berilishini Muassis nomidan nazorat qiladi.
29. Direktor Muassis bilan kelishgan holda Direksiya mulkini quyidagi holatlarda tasarruf etishi mumkin:
asosiy vositalarni sotish, ularni ijaraga yoki garovga berish;
mol-mulkni boshqa xoʻjalik jamiyatining ustav fondiga ulush sifatida kiritish;
boshqa xoʻjalik jamiyatlarining aksiyalari (ulushlari)ni sotib olish va sotish;
davlat korxonasi faoliyati maqsadlariga muvofiq boʻlmagan mol-mulkni boshqacha tarzda tasarruf etish.
6-bob. Direksiya budjetini shakllantirish
30. Quyidagilar Direksiya faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
davlat mulki boʻlgan va “Buxoro-agro” EIZ hududida joylashgan binolar va inshootlarni ijaraga berishdan olingan daromadlarning bir qismi;
xizmatlar koʻrsatishdan olingan daromadlar;
Respublika kengashi tomonidan belgilangan miqdorda EIZ qatnashchilarining ajratmalari va EIZ qatnashchilari sifatida roʻyxatdan oʻtish uchun toʻlovlari;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlaridagi mablagʻlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
7-bob. Zaxira va boshqa fondlarni shakllantirish
31. Direksiya oʻz tasarrufida qoladigan sof foyda hisobiga zaxira fondini, shuningdek boshqa fondlarni tashkil etishi mumkin, ularning miqdori, shakllantirish va foydalanish tartibi Muassis tomonidan tasdiqlanadi.
8-bob. Hisobotlarni taqdim etish
32. Direksiya hisobot davri tugagach vakolatli organlarga moliya hisobotini va roʻyxati qonun hujjatlarida belgilangan boshqa hujjatlarni taqdim etadi hamda hujjatlarning saqlanishi va ularning davlat tomonidan saqlashga berilishi yuzasidan belgilangan tartibda javob beradi.
9-bob. Direksiyaning javobgarligi
33. Direksiya oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻziga tegishli mulk bilan javob beradi. Muassis Direksiyaning mulki yetarli boʻlmagan taqdirda uning majburiyatlari boʻyicha subsidiar javobgarlikni amalga oshiradi.
34. Direksiya Muassis majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi.
10-bob. Direksiyani qayta tashkil etish va tugatish
35. Direksiya Muassisning qaroriga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda yoki sud qaroriga binoan qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi mumkin.
36. Direksiya tugatilganda uning huquq va majburiyatlari huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxslarga oʻtmaydi. Direksiya qayta tashkil etilgan taqdirda uning huquqi va majburiyatlari huquqiy vorisga oʻtadi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 6-oktabrdagi 803-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
“Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasi hududida joylashtirish uchun investitsiya loyihalarini tanlab olish hamda qatnashchilarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasi (keyingi oʻrinlarda “Buxoro-agro” EIZ deb ataladi) hududida joylashtirish uchun investitsiya loyihalarini tanlab olish hamda “Buxoro-agro” EIZ qatnashchilarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. “Buxoro-agro” EIZ hududida joylashtirish uchun investitsiya loyihalarini tanlab olish boʻyicha tashkiliy masalalarni hal etish Buxoro viloyati erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashi (keyingi oʻrinlarda Maʼmuriy kengash deb ataladi) va “Buxoro-agro” EIZ direksiyasiga (keyingi oʻrinlarda Direksiya deb ataladi) yuklanadi.
3. Maʼmuriy kengashning “Buxoro-agro” EIZ hududida ekvivalenti 5,0 mln. AQSh dollaridan yuqori qiymatli investitsiya loyihasini joylashtirish boʻyicha qarori erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashlarining faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi (keyingi oʻrinlarda Respublika kengashi deb ataladi) qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Quyidagilar “Buxoro-agro” EIZ hududida investitsiya loyihalarini joylashtirishning asosiy ustuvor mezonlari hisoblanadi:
zamonaviy issiqxona xoʻjaliklarini, jumladan, gidroponika texnologiyalarini qoʻllagan holda, klaster usuli asosida tashkil etish;
zamonaviy energiya tejovchi issiqxonalar qurish uchun konstruksiyalar, jihozlar va boshqa butlovchi buyumlar ishlab chiqarishni tashkil etish;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, qayta ishlashni chuqurlashtirish va ularni eksportga chiqarishni taʼminlash;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishning urugʻ ekishdan boshlab mahsulotni bozorga yetkazib berishgacha boʻlgan toʻliq jarayonini tashkil etish;
koʻchatzorlar, shuningdek, birlamchi urugʻchilikni tashkil etish uchun sharoitlar yaratish orqali issiqxona xoʻjaliklarini talab katta, yuqori hosildorlikka ega boʻlgan qishloq xoʻjaligi ekinlarining urugʻ va koʻchatlarini yetishtirish;
logistika xizmatlari koʻrsatishning zamonaviy infratuzilmasini shakllantirish;
ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni standartlashtirish, sertifikatlashtirish va markirovka qilish boʻyicha xalqaro standartlarga muvofiq ilmiy-ishlab chiqarish markazlari tashkil etish;
yangi ish oʻrinlari tashkil qilish.
2-bob. Investitsiya loyihalarini tanlab olish uchun “Buxoro-agro” EIZ direksiyasiga hujjatlarni topshirish tartibi
5. “Buxoro-agro” EIZ hududida joylashtirish uchun investitsiya loyihalarini tanlab olish hamda qatnashchilarini roʻyxatdan oʻtkazish ushbu Nizomning 1-ilovasidagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
6. Investor Direksiyaga ushbu Nizomning 2-ilovasidagi shaklga muvofiq “Buxoro-agro” EIZ hududida investitsiya loyihasini joylashtirish uchun toʻldirilgan investitsiya buyurtmanomasini (keyingi oʻrinlarda Investitsiya buyurtmanomasi deb ataladi) taqdim etadi.
Investitsiya buyurtmanomasiga quyidagilar ilova qilinadi:
a) yuridik shaxsning (investorning) roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasi yoki ushbu investorning faoliyatini tasdiqlovchi boshqa hujjat;
b) tavsiya qilinayotgan investitsiya loyihasining biznes-rejasi;
v) investorning tegishli sohadagi va/yoki shunga oʻxshash loyihalarni amalga oshirishdagi ish tajribasi mavjudligini tasdiqlovchi maʼlumot. Agar investorning tegishli sohada va/yoki oʻxshash investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha ish tajribasi mavjud boʻlmasa, investor Direksiyaga investitsiya loyihasini amalga oshirishga jalb etayotgan texnologik hamkorlari toʻgʻrisidagi maʼlumot;
d) investorning oxirgi uch yildagi moliya-xoʻjalik faoliyati toʻgʻrisida maʼlumot.
Agar investitsiya buyurtmanomasini topshirish vaqtida investor:
moliya-xoʻjalik faoliyatini yuritmagan yoki bir yildan kam yuritgan boʻlsa, investor Direksiyaga investorning bittadan kam boʻlmagan muassisining moliya-xoʻjalik faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etadi;
1 yildan 3 yilgacha xoʻjalik faoliyatini yuritayotgan boʻlsa, investor Direksiyaga oʻzining haqiqatda faoliyat yuritgan davri uchun moliya-xoʻjalik faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotni taqdim etadi.
Hujjatlar investor tomonidan Direksiyaga davlat yoki rus tilida taqdim etilishi mumkin. Investor taqdim etilayotgan maʼlumotlar va hujjatlarning ishonchliligi yuzasidan javob beradi.
7. Direksiyaga taqdim etilayotgan biznes-rejada quyidagi asosiy holatlar aks ettirilgan boʻlishi kerak:
xodimlarni ishga qabul qilinadigan xodimlar toifasi (mahalliy — kollej bitiruvchilari, mehnat birjasi tomonidan yoʻnaltirilgan shaxslar, boshqa tashkilotlar ishchilari va chet eldan mutaxassis jalb etish) hamda tashkil etilayotgan ish oʻrinlari soni;
yetishtiriladigan va qayta ishlanadigan mahsuloti, hajmi va tabiiy xususiyati;
mahsulotning moʻljallanayotgan sotish bahosi hamda mahsulotni ichki va tashqi bozorga yetkazib berish hajmlarini koʻrsatgan holda;
mahsulot sotish boʻyicha ichki va tashqi bozorlarning marketing tadqiqotlari;
taklif etilayotgan loyihani amalga oshirish hamda ishlab chiqarishning barqaror faoliyat yuritishi uchun zarur boʻlgan infratuzilma va muhandislik inshootlari (elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va texnik suv, kanalizatsiya, avtoyoʻl) hajmi;
ishlab chiqarishni oqilona joylashtirish uchun ijaraga olish rejalashtirilgan yer uchastkasining oʻlchamlari;
asosiy ishlab chiqarish sexi, uskuna va texnologik liniyalar, maʼmuriy-maishiy, ombor va boshqa yordamchi binolarning joylashuvi koʻrsatilgan dastlabki chizmasi;
ishlab chiqarish texnologiyasining (ekologik talablar hisobga olingan holda) texnologik uskunalar, ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar va davlatlari roʻyxati koʻrsatilgan tavsifi;
ishlab chiqarishda foydalanilishi moʻljallanayotgan texnologik asbob-uskunalarning xususiyati, ularning zamonaviy texnologik talablarga muvofiqligi, investitsiya loyihasida xalqaro standartlarga muvofiq boʻlgan menejment tizimining joriy etilishi;
moʻljallanayotgan investitsiyalarning hajmi, turi va muddatlari, moliyalashtirish manbalari va qarz mablagʻlari jalb etilgan taqdirda moʻljallanayotgan taʼminot turi;
investitsiya loyihasi amalga oshirilishining iqtisodiy samaradorligi koʻrsatkichlari va moliyaviy-iqtisodiy hisob-kitoblar.
3-bob. Investitsiya buyurtmanomasini koʻrib chiqish tartibi
8. Direksiya taqdim etilgan hujjatlarni ushbu Nizomning 6 va 7-bandlarida nazarda tutilgan talablarga muvofiqligi yuzasidan ikki ish kunida koʻrib chiqadi.
9. Ushbu Nizomning 6 va 7-bandlari talablari buzilgan holda taqdim etilgan investitsiya buyurtmanomasi, kamchiliklari koʻrsatilgan holda, investorga qaytariladi.
10. Investor tomonidan ushbu Nizomning 6 va 7-bandlari talablariga muvofiq taqdim etilgan investitsiya buyurtmanomasiga ushbu Nizomning 6 va 7-bandlari talablariga muvofiqligi yuzasidan Direksiya direktori tomonidan imzolangan tegishli xulosa ilova qilinadi.
11. “Buxoro-agro” EIZ hududida amalga oshirish uchun investitsiya loyihasini tanlab olish toʻgʻrisida qaror qabul qilishda Maʼmuriy kengash quyidagilarni koʻrib chiqadi:
investitsiya loyihasining ushbu Nizomning 4-bandida keltirilgan ustuvor mezonlarga muvofiqligi;
ilgʻor texnologiyalarni qoʻllagan holda zamonaviy issiqxonalar qurish, mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha texnologik zanjirning bosqichma-bosqich tashkil etilishi;
muassislarning oʻz mablagʻlari va ular tomonidan jalb etilgan kreditlar hisobiga investitsiyalarni amalga oshirishi;
investorning moliyaviy barqarorligi va texnik va texnologik bazaga egaligi;
loyihaning umumiy iqtisodiy samaradorligi va uni amalga oshirishning maqsadga muvofiqligi (ishlab chiqarish quvvatlarining maqbul joylashtirilishi, tashkil etiladigan ish oʻrinlari, tarmoqdagi tarkibiy qayta oʻzgartirishlarga taʼsiri, ishlayotgan quvvatlardan foydalanilishi, zarur xom ashyo, materiallar va infratuzilmaning mavjudligi);
texnologik uskunalarni zamonaviyligi, investitsiya loyihasida xalqaro standartlarga muvofiq boʻlgan boshqarish tizimining mavjudligi;
investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun zarur mablagʻ bilan taʼminlanganligi.
Investitsiya buyurtmanomasini koʻrib chiqishda “Buxoro-agro” EIZ hududida quyidagilarga ustunlik beriladi:
zamonaviy issiqxona xoʻjaliklarini, jumladan, gidroponika texnologiyalarini qoʻllagan holda klaster usuli tashkil etiladigan issiqxonalar hosildorlik darajasining yuqoriligi;
tashkil etiladigan issiqxonalarda yetishtiriladigan mahsulotlari ishlab chiqarishning urugʻdan boshlab mahsulotni bozorga yetkazib berishgacha boʻlgan toʻliq jarayonini tashkil etish;
issiqxona xoʻjaliklarini tashkil etishda zamonaviy resurs tejovchi texnologiyalardan, muqobil issiqlik energiyalaridan foydalanish;
taklif etilayotgan loyiha boʻyicha yetishtirilishi rejalashtirilgan mahsulotlarning eksport darajasi;
barpo etiladigan issiqxonalar hajmi va ularda yetishtirilgan mahsulotlarni yetishtirish hosildorligiga va qayta ishlashni chuqurlashtirishga hamda xodim sifatida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini ishga jalb etuvchi loyihalar.
12. Maʼmuriy kengash investitsiya buyurtmanomalarini Direksiya tomonidan kiritgan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida koʻrib chiqadi va quyidagi mazmundagi qarorlardan birini qabul qiladi:
investorga tadbirkorlik subyektiga “Buxoro-agro” EIZ qatnashchisi maqomini berish, yer uchastkasi, bino, inshootlar, ishlab chiqarish quvvatlarini ajratib berish, ularning umumiy maydoni va joylashgan joyini koʻrsatgan holda “Buxoro-agro” EIZ hududida investitsiya loyihasini joylashtirish toʻgʻrisida;
kamchiliklarni koʻrsatgan holda taqdim etilgan hujjatlarni takomillashtirish zarurligi toʻgʻrisida;
“Buxoro-agro” EIZ hududida investitsiya loyihasini amalga oshirishning maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisida.
Investitsiya buyurtmanomasini koʻrib chiqishda Maʼmuriy kengash tomonidan investorning oʻzi toʻgʻrisida notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etganligidan dalolat beruvchi holatlar aniqlansa mazkur buyurtmanomani koʻrib chiqish toʻxtatiladi va xulosa bilan Direksiyaga yuboriladi.
13. Investitsiya buyurtmanomalari Direksiyaga elektron tarzda taqdim etilishi mumkin.
14. Maʼmuriy kengash va Direksiya investor tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarning oshkor qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
15. Maʼmuriy kengash koʻrib chiqishi natijasida aniqlangan kamchiliklar asosida takomillashtirilgan investitsiya buyurtmanomasi takroran Direksiyaga koʻrib chiqish uchun kiritilishi mumkin.
Investitsiya buyurtmanomasini Direksiya tomonidan takroran koʻrib chiqish muddati uch ish kunini tashkil etadi.
16. Maʼmuriy kengashning investitsiya buyurtmanomasini koʻrib chiqish natijasi boʻyicha qarori uning aʼzolari tomonidan oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi va Maʼmuriy kengash yigʻilishi bayoni bilan rasmiylashtiriladi hamda Direksiya va investor (investorlar) oʻrtasida “Buxoro-agro” EIZ hududida investitsiyalash toʻgʻrisidagi bitimni (keyingi oʻrinlarda investitsiyalash toʻgʻrisida bitim deb ataladi) tuzish uchun asos boʻladi.
17. Maʼmuriy kengash yigʻilishining bayoni Direksiya direktori, maʼmuriy kengash aʼzolari tomonidan imzolanadi va maʼmuriy kengash raisi tomonidan tasdiqlanadi.
18. Maʼmuriy kengash majlisi bayonidan koʻchirma u tasdiqlangan kundan eʼtiboran bir ish kuni mobaynida Direksiya tomonidan investorga yoki uning vakolatli shaxsiga yetkaziladi.
4-bob. Investitsiya loyihalarini joylashtirish boʻyicha Maʼmuriy kengash qarorlarini Respublika kengashi bilan kelishish tartibi
19. Maʼmuriy kengashning qiymati ekvivalentda 5,0 mln AQSh dollaridan yuqori boʻlgan investitsiya loyihalarini koʻrib chiqish natijasi boʻyicha ijobiy qarori u tasdiqlangan sanadan boshlab ikki ish kuni ichida belgilangan tartibda kelishish uchun Respublika kengashiga, investitsiya buyurtmanomasi va loyiha biznes-rejasi bilan birga yuboriladi.
20. Respublika kengashi Maʼmuriy kengashning qarorini olgan sanadan boshlab 7 ish kuni ichida Respublika kengashi yigʻilishida koʻrib chiqadi. Investitsiya loyihasini kelishish Respublika kengashi aʼzolarining hamda manfaatdor vazirliklar va idoralarning quyidagi xulosalarini inobatga olgan holda amalga oshiriladi:
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi — hududning sanoat va issiqxonalar tarmogʻini rivojlantirish dasturlaridan kelib chiqib, loyiha amalga oshirilishining maqsadga muvofiqligi qismi boʻyicha, qayta ishlash va ishlab chiqarishni zarur xom ashyo resurslari bilan taʼminlanganligi, valyuta qoplanuvchanligi va tashkil etilayotgan ish oʻrinlari belgilangan koʻrsatkichlariga muvofiqligi qismi boʻyicha;
(20-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-dekabrdagi 777-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2020-y., 09/20/777/1620-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi — yangidan barpo etilayotgan ishlab chiqarishlarni zamonaviy uskunalar va texnologiyalar bilan jihozlash, investorlarning salohiyatliligi hamda investorning loyihani amalga oshirish uchun moliyaviy va texnologik imkoniyatlarining yetarliligi qismi boʻyicha;
Qishloq xoʻjaligi vazirligi — issiqxonalar tarmoqlarini rivojlantirish dasturlaridan kelib chiqib loyihalar amalga oshirilishining maqsadga muvofiqligi qismi boʻyicha;
tegishli tijorat banklari — loyihani birgalikda moliyalashtirish uchun kredit ajratish qismi boʻyicha.
Oldingi tahrirga qarang.
21. Investitsiya loyihalari boʻyicha ushbu Nizomning 20-bandida koʻrsatilgan xulosalar vakolatli tashkilotlar tomonidan ularga loyihaning investitsiya buyurtmanomasi va biznes-rejasi kelib tushgan sanadan boshlab besh ish kuni ichida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga umumlashtirish va Respublika kengashi yigʻilishining bayoni loyihasini tayyorlash uchun yuboriladi.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-dekabrdagi 777-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2020-y., 09/20/777/1620-son)
22. Respublika kengashi “Buxoro-agro” EIZ hududida investitsiya loyihasini joylashtirish boʻyicha Maʼmuriy kengash qarorini kelishish boʻyicha yigʻilish bayoni loyihasini avval ijobiy xulosa taqdim etgan Respublika kengashi aʼzolari bilan kelishish talab etilmaydi.
5-bob. Investitsiyalash toʻgʻrisidagi bitimni tuzish va “Buxoro-agro” EIZ qatnashchilarini roʻyxatdan oʻtkazish
23. Investitsiya kiritish toʻgʻrisida shartnoma loyihasi davlat, ingliz va rus tillarida Direksiyaning rasmiy veb sahifasida joylashtiriladi yoki Maʼmuriy kengashning investor tomonidan koʻrib chiqish uchun kiritgan investitsiya buyurtmanomasini maʼqullash boʻyicha yigʻilishining bayoni tasdiqlangandan keyin bir ish kuni ichida Direksiya tomonidan investorga taqdim etiladi.
24. Investitsiya kiritish toʻgʻrisidagi shartnoma qoidalarini kelishish maqsadida Direksiya va investorlar oʻrtasida muzokaralar oʻtkazilishi mumkin.
25. Investitsiya kiritish toʻgʻrisidagi shartnoma “Buxoro-agro” EIZning faoliyat koʻrsatish muddatidan oshmaydigan muddatga tuziladi.
26. Investor va Direksiya oʻrtasidagi investitsiya kiritish toʻgʻrisida taraflar tomonidan imzolangan shartnoma investor tomonidan tashkil etiladigan tadbirkorlik subyekti “Buxoro-agro” EIZ qatnashchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgan sanadan boshlab kuchga kiradi.
27. Investitsiya kiritish toʻgʻrisidagi shartnomaning amal qilishi:
investitsiya kiritish toʻgʻrisidagi shartnoma tuzilgan muddati oʻtib boʻlganda;
tadbirkorlik subyekti “Buxoro-agro” EIZ qatnashchisi maqomidan mahrum etilganda;
“Buxoro-agro” EIZ muddatidan oldin tugatilganda;
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa holatlarda toʻxtatiladi.
28. “Buxoro-agro” EIZ hududida joylashtirish uchun investor tomonidan tashkil etilgan tashkilotni (keyingi oʻrinlarda Tashkilot deb ataladi) davlat roʻyxatidan oʻtkazish qonun hujjatlarida yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
29. Tashkilot davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan keyin investor tomonidan Direksiyaga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
Tashkilotning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasi;
“Buxoro-agro” EIZ qatnashchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish uchun toʻlov toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat.
30. Direksiya ushbu Nizomning 29-bandida koʻrsatilgan hujjatlar olingan kundan boshlab ikki ish kuni mobaynida Tashkilotni “Buxoro-agro” EIZ qatnashchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazadi va belgilangan shakl boʻyicha “Buxoro-agro” EIZ qatnashchisi guvohnomasini beradi.
31. Direksiya Tashkilot “Buxoro-agro” EIZ qatnashchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgan kundan boshlab bir ish kuni ichida xoʻjalik yurituvchi subyekt joylashgan joydagi davlat soliq va bojxona xizmati organlarini xabardor qiladi.
32. Direksiya Tashkilot “Buxoro-agro” EIZ qatnashchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgan kundan boshlab bir ish kuni mobaynida barcha zarur hujjatlarni xoʻjalik yurituvchi subyektga yer uchastkasi ajratish uchun tegishli viloyat yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri boʻyicha davlat korxonasiga beradi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
33. “Buxoro-agro” EIZ qatnashchisi maqomidan mahrum qilish yoki uni toʻxtatib turish Respublika kengashi tomonidan maʼmuriy kengashlar yoki vakolatli tashkilotlarning asoslangan takliflari asosida, belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
34. Tashkilotni “Buxoro-agro” EIZ qatnashchisi maqomidan ixtiyoriy tartibda mahrum qilish toʻgʻrisidagi qaror Tashkilotning uni bunday maqomdan mahrum qilish toʻgʻrisidagi arizasiga koʻra yoxud u Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq tugatilgan taqdirda Maʼmuriy kengash tomonidan qabul qilinishi mumkin.
“Buxoro-agro” EIZ qatnashchisi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va (yoki) investitsiya kiritish toʻgʻrisidagi shartnoma shartlarining buzilishi yuzasidan nizo mavjud boʻlganda Tashkilotni “Buxoro-agro” EIZ qatnashchisi maqomidan mahrum etish sud tartibida amalga oshiriladi.
Direksiya “Buxoro-agro” EIZ qatnashchilari reyestriga Tashkilotning qatnashchi maqomidan mahrum etilganligi toʻgʻrisidagi sudning qarori kuchga kirgan sanadan boshlab uch ish kunida Tashkilotning “Buxoro-agro” EIZ qatnashchisi maqomidan mahrum etilganligi toʻgʻrisidagi yozuvni kiritadi.
35. Direksiya “Buxoro-agro” EIZ qatnashchilari reyestriga tegishli yozuv kiritilgan kundan boshlab bir ish kuni mobaynida davlat soliq va bojxona organlarini Tashkilotning “Buxoro-agro” EIZ qatnashchisi maqomidan mahrum etilgani toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan xabardor qiladi.
36. Tadbirkorlik subyektining “Buxoro-agro” EIZ qatnashchisi maqomidan mahrum boʻlishi uning “Buxoro-agro” EIZ hududidagi faoliyatini hamda “Buxoro-agro” EIZ qatnashchisiga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan boshqa obyektlarga nisbatan huquqlari tugatilishini keltirib chiqarmaydi. Bu holda ushbu tadbirkorlik subyekti “Buxoro-agro” EIZ qatnashchisiga taqdim etiladigan imtiyoz va afzalliklardan foydalanish huquqini yoʻqotadi.
“Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasi hududida joylashtirish uchun investitsiya loyihalarini tanlab olish hamda qatnashchilarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
“Buxoro-agro” EIZ hududida joylashtirish uchun investitsiya loyihalarini tanlab olish hamda qatnashchilarini roʻyxatdan oʻtkazish
SXEMASI
“Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasi hududida joylashtirish uchun investitsiya loyihalarini tanlab olish hamda qatnashchilarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
“Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasida investitsiya loyihasini joylashtirish uchun investitsiya
BUYURTMANOMASI
|
1. Investor (investorlar) toʻgʻrisida maʼlumotlar: | |
| Murojaat qilgan tashkilot (investor yoki investorlar)ning nomi, kelib chiqqan davlati | |
| Investor (yoki investorlar) toʻgʻrisida maʼlumot, jumladan davlat roʻyxatidan oʻtgan sanasi va joyi, taʼsischi(lar) va boshqalar | |
| Yuridik shaxsning tashkiliy-huquqiy shakli, taʼsischilarning ustav fondidagi ulushining taqsimlanishi va qoʻyilmalarning shakli | |
| Murojaat qilgan tashkilotning yuridik manzili | |
|
2. Investitsiya loyihasi toʻgʻrisida maʼlumotlar: | |
| Investitsiya loyihasining nomi | |
| Investitsiya loyihasining maqsadi va qisqacha tavsifi, jumladan ishlab chiqarishning yillik quvvati | |
| Ishlab chiqariladigan mahsulotning nomi, qoʻllanilishi va asosiy belgilari | |
| Ishlab chiqariladigan mahsulotning TIF TN kodi (10 ta belgi) | |
| Mahsulotning oʻrtacha yillik ishlab chiqarish hajmi, eksportga va ichki bozorga yoʻnaltiriladigan hajmini (natura koʻrinishida va AQSh dollarida) hisobga olgan holda | |
| Asosiy xom ashyo, material va butlovchi qismlar (mahalliy va import), ularning tayyor mahsulotdagi ulushi (%) | |
| Xom ashyo, materiallar, butlovchi qismlarga boʻlgan yillik talab (AQSh dollarida), shu jumladan mahalliy va import | |
| Mahalliylashtirish darajasi (MD=(1-I/T) x100%)* hamda tayyor mahsulot tovar pozitsiyasining TIF TN kodi boʻyicha oʻzgarishi (1 yil, 2 yil, 3 yil) | |
| Mahsulot standartlari — GOST, OST, TU, OzDst, ISO 9001 i ISO 14001 va boshqalar | |
| Foydalanilishi moʻljallanayotgan savdo markasi | |
| Ishlab chiqarishning boshlanish sanasi | |
| Tashkil etilayotgan ish oʻrni, jumladan mahalliy xodimlar | |
|
3. Zarur maydon va infratuzilma toʻgʻrisida maʼlumotlar: | |
| Talab etiladigan maydon (ga) | |
| Ishlab chiqarish maydonlari (kv.m.) | |
| Elektroenergiyaga boʻlgan talab (kVt/soat yiliga), oʻrnatiladigan quvvat (kVt yoki MVt) | |
| Tabiiy gazga boʻlgan talab (kub.m., yiliga), bosim (atm.) | |
| Ichimlik va texnik suvga boʻlgan talab (kub.m., yiliga) | |
| Ifloslantiruvchi moddalar chiqarishning mavjudligi, jumladan gazlar (nomlari) kg, yiliga yoki soatiga, qattiq chiqindilar (nomlari) tn/oyda, suyuq chiqindilar (nomlari) tn/oyda va boshqalar. | |
|
4. Loyihaning moliyaviy-iqtisodiy koʻrsatkichlari: | |
| Loyihaning qiymati (AQSh dollarida) | |
| Moliyalashtirish manbalari (toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar, mahalliy muassislar mablagʻlari, tijorat banklari kreditlari) | |
| Mashina va asboblar qiymati (AQSh dollarida), jumladan mahalliy va import. | |
| QMI qiymati (AQSh dollarida) | |
| Aylanma kapital summasi (AQSh dollarida) | |
| Investitsiyalarni kiritish shakli va jadvali | |
| Loyihaning qoplanish muddati (biznes-rejaga muvofiq) | |
|
| |
|
|
|
Keyingi tahrirga qarang.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.10.2018-y., 09/18/803/2011-son; 14.12.2020-y., 09/20/777/1620-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2021-y., 09/21/786/1216-son; 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son)