OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PROKURATURASI TUZILMASIDA TAShQI IQTISODIY FAOLIYAT SOHASIDAGI PORAXOʻRLIK, OʻGʻIRLIKLAR VA BOShQA SUIISTEʼMOLChILIKLARGA QARShI KURASh BOShQARMASINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Davlat, qoʻshma va xususiy korxonalar, turli birjalar va tijorat banklarining tashqi iqtisodiy faoliyatlari rivojlanayotganligi tufayli Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy manfaatlariga jiddiy zarar yetkazuvchi jinoyatlar soni koʻpayib bormoqda.
Iqtisodiy faoliyat sohasida poraxoʻrlikka, oʻgʻirliklar va boshqa suiisteʼmolchiliklarga qarshi kurash samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi markaziy apparati tuzilmasida — Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida poraxoʻrlikka, oʻgʻirliklar va boshqa suiisteʼmolchiliklarga qarshi kurash boshqarmasi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokuraturalarida va Oʻzbekiston transport prokuraturasida — tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida poraxoʻrlikga, oʻgʻirliklar va boshqa suiisteʼmolchiliklarga qarshi kurash boʻyicha tegishli boʻlinmalar tashkil etilsin.
2. Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida poraxoʻrlikka, oʻgʻirliklar va boshqa suiisteʼmolchiliklarga qarshi kurash boshqarmasi va boʻlimlarning tuzilmalari va shtatlar soni ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda, tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida poraxoʻrlikka, oʻgʻirliklar va boshqa suiisteʼmolchiliklarga qarshi kurash boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish uchun doimiy ishlaydigan tezkor-tergov guruhini tuzsinlar.
Oʻn kun muddat ichida ushbu guruh tarkibi Hukumat tasdigʻiga taqdim etilsin.
4. Tashqi iqtisodiy faoliyatga daxldor boʻlgan vazirliklar, idoralar, birlashmalar, korxonalar, qoʻshma korxonalar, barcha tashkilotlar Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmati talablariga binoan zarur materiallarni oʻz vaqtida taqdim etsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (oʻrtoq E.J. Boqiboyev) Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi tuzilmasida oʻzgarishlar boʻlganligi munosabati bilan uni mablagʻ bilan taʼminlasin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 3-mart,
96-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi markaziy apparati huzuridagi tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida poraxoʻrlikka, oʻgʻirliklar va boshqa suiistemolchiliklarga qarshi kurash Boshqarmasining
TUZILIShI VA ShTATLARI SONI
Boshqarma boshligʻi — 1
Boshqarma boshligʻining oʻrinbosarlari — 2
Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasining alohida muhim ishlar boʻyicha katta tergovchilari — 4
Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasining alohida muhim ishlar boʻyicha tergovchilari — 5
Jami: 12
Qoraqalpogʻiston Respublikasida, viloyatlarda, Toshkent shahrida va Oʻzbekiston transport prokuraturasida tegishli tuzilmaga va 3 nafardan shtatga ega boʻlgan boʻlinmalar tuziladi.