OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
“OʻZDONMAHSULOT” DAVLAT KONSERNI MASALALARI
Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 20-iyundagi 311-sonli “Oʻzdonmahsulot” davlat-aksionerlik korporatsiyasini tashkil etish va uning faoliyati masalalari toʻgʻrisida”gi qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 6-fevraldagi Farmonini bajarish hamda non, un va omixta ozuqa ishlab chiqaruvchi korxonalarning xoʻjalik va iqtisodiy mustaqilligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Tarkibida ilovaga muvofiq birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar boʻlgan “Oʻzdonmahsulot” davlat konserni tashkil etilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, “Oʻzdonmahsulot” davlat konserni Oʻzbekiston Respublikasi Don mahsulotlari vazirligining huquqiy vorisi boʻlib, yuridik shaxs hisoblanadi va u oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan konsern Ustaviga amal qiladi.
3. Birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar bilan konsern oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar taʼsis shartnomasi, Ustav bilan belgilanadi hamda mulkchilikning davlat shakllari asosida quriladi. Konsernga kirgan birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar 1992-yilda qaror topgan xoʻjalik aloqalarini hamda oʻzaro moliyaviy majburiyatlarini saqlab qoladilar. Konsern tarkibiga, idoraviy boʻysunishidan va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, iqtisodiy manfaatdorlikning umumiyligi asosida, ixtiyoriy ravishda boshqa korxonalar va tashkilotlar kirishi mumkin.
4. “Oʻzdonmahsulot” davlat konsernining asosiy vazifasi respublika xalq xoʻjaligini va aholisini don, un, don mahsulotlari, omixta ozuqa va qandolatchilik mahsulotlari bilan taʼminlashdan iboratdir.
Shu maqsadlarda “Oʻzdonmahsulot” davlat konserni:
davlat buyurtmasiga muvofiq don qabul qilish va donni qayta ishlash korxonalari bilan jamoa, davlat xoʻjaliklari, boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalari, fermer xoʻjaliklaridan, shuningdek, aholidan shartnomalar boʻyicha don, moyli urugʻlarni, donli va moyli oʻsimliklarning navdor va duragay urugʻlarini, oʻtlarni, xashakni va koʻkat unini sotib olishni;
konsern ustavida belgilangan vazifalarni bajarish uchun zarur boʻlgan, don, shu jumladan, uning davlat va mobilizatsion resurslarini, shuningdek, moliyaviy va boshqa xil rezervlarni markazlashtirilgan tartibda toʻplashni hududlar boʻyicha oqilona joylashtirishni va saqlashni;
tuzilgan shartnomalar va savdo talabnomalari boʻyicha un, yorma, non, non-bulka, makaron, qandolatchilik mahsulotlari, omixta ozuqalarni ishlab chiqarish va yetkazib berish davlat buyurtmasi topshirigʻining bajarilishini, oʻz doʻkoni boʻlgan kichik nonvoyxonalar tarmogʻini rivojlantirishni;
don, un, yorma, non, non-bulka, makaron va qandolatchilik mahsulotlarining va omixta ozuqalarning sifatini doimiy ravishda tekshirib turishni;
yagona ilmiy-texnikaviy va texnologik siyosatning joriy etilishini, ichki va tashqi bozorning konyunkturasini oʻrganishni, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishni;
konsern va uning taʼsischilari manfaatlarini davlat, shu jumladan, chet el va xalqaro tashkilotlarda himoya qilish boʻyicha vakillik qilishni;
kadrlar siyosatini, kadrlar rezervini shakllantirish, kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirishni;
konsern tarkibidagi birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarda amaldagi qonunchilikning toʻgʻri qoʻllanilishini tashkil etishni, shuningdek, birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning konsern ichidagi qishloq xoʻjaligi hamda boshqa korxonalar va tashkilotlarning oʻzaro iqtisodiy aloqalarini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishini.
5. “Oʻzdonmahsulot” davlat konsernini boshqarish konsernga kirgan birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning ishlab chiqarish-xoʻjalik, faoliyatining alohida yoʻnalishlari boʻyicha funksiyalarini markazlashtirishni va ularning oʻzini oʻzi boshqarishini uygʻunlashtirish asosida amalga oshiriladi.
Konsernning birlashmalari, korxonalari va tashkilotlari vakillarining yigʻilishi tomonidan saylanadigan Kengash “Oʻzdonmahsulot” konsernining yuqori boshqaruv organi hisoblanadi.
Konsern Kengashi xoʻjalik faoliyatining, ilmiy-texnika taraqqiyotini jadallashtirishning, boshqaruv tuzilmasini takomillashtirishning, mehnat jamoalarini ijtimoiy rivojlantirishning, respublika aholisining non mahsulotlariga, chorvachilikning esa omixta ozuqaga boʻlgan ehtiyojlarini qondirishning muhim masalalarini hal etadi.
Konsern Kengashiga birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning rahbarlari, shuningdek, boshqaruv aʼzolari kiradi. Konsern Kengashi boshqaruvni, uning raisini va rais oʻrinbosarlarini saylaydi, ishchi apparatning sonini va uni saqlash xarajatlarini belgilaydi. Boshqaruv raisi va uning oʻrinbosarlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Konsern Kengashi, konsern boshqaruvi va ishchi apparati kelishilgan normativlar boʻyicha birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning foydalaridan ajratmalar, shuningdek, oʻzining tijoratchilik faoliyatidan tushadigan mablagʻlar hisobiga saqlanadi.
6. “Oʻzdonmahsulot” davlat konsernida safarbarlik va fuqaro mudofaasi boʻlimi saqlab qolinsin, safarbarlik boʻyicha topshiriqlarning bajarilishi belgilangan tartibda taʼminlansin.
7. Belgilab qoʻyilsinki, bozor iqtisodiyotiga oʻtish davri mobaynida davlat buyurtmachi boʻyicha ishlarni bajarish uchun “Oʻzdonmahsulot” konserniga kapital mablagʻlar va moddiy-texnika resurslarining markazlashtirilgan tartibda taqsimlanadigan limitlari ajratiladi.
8. “Oʻzdonmahsulot” konserni Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddat ichida respublika Hukumatiga konsernning Ustavi loyihasini taqdim etsin.
9. Konsern boshqaruvi raisiga, uning oʻrinbosarlariga Oʻzbekiston Respublikasi vazirlari va vazir oʻrinbosarlari uchun belgilangan moddiy-maishiy va tibbiy xizmat koʻrsatish sharoitlari tatbiq etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 21-fevral,
75-son
“OʻZDONMAHSULOT” KONSERNI TARKIBIGA QIRUVChI BIRLAShMALAR, KORXONALAR VA TAShKILOTLARNING
ROʻYXATI
Qoraqalpogʻiston don mahsulotlari hududiy ishlab chiqarish birlashmasi;
Toshkent don mahsulotlari hududiy ishlab chiqarish birlashmasi;
Sirdaryo don mahsulotlari hududiy ishlab chiqarish birlashmasi;
Jizzax don mahsulotlari hududiy ishlab chiqarish birlashmasi;
Samarqand don mahsulotlari hududiy ishlab chiqarish birlashmasi;
Navoiy don mahsulotlari hududiy ishlab chiqarish birlashmasi;
Buxoro don mahsulotlari hududiy ishlab chiqarish birlashmasi;
Qashqadaryo don mahsulotlari hududiy ishlab chiqarish birlashmasi;
Surxondaryo don mahsulotlari hududiy ishlab chiqarish birlashmasi;
Xorazm don mahsulotlari hududiy ishlab chiqarish birlashmasi;
Andijon don mahsulotlari hududiy ishlab chiqarish birlashmasi;
Namangan don mahsulotlari hududiy ishlab chiqarish birlashmasi;
Fargʻona don mahsulotlari hududiy ishlab chiqarish birlashmasi;
Loyihalashtirish-sanoat-qurilish birlashmasi;
“Toshkentnonsanoat” ishlab chiqarish birlashmasi;
Toshkent non-bulka-qandolatchilik kombinati;
Ishlab chiqarish-texnologik butlash birlashmasi;
Respublika axborot-hisoblash va joriy qilish markazi;
Don mahsulotlarini muhofaza qilish respublika ekspeditsiyasi;
Qoʻqon ijara non kombinati;
Don mahsulotlari respublika nazorat-ishlab chiqarish laboratoriyasi;
Omixta ozuqa sanoati respublika nazorat-ishlab chiqarish laboratoriyasi;
Toshkent texnologiya texnikumi;
Rahbar xodimlar, mutaxassislar va ishchi Kadrlar malakasini oshirish kurslari.