Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan beriladigan tasdiqlovchi hujjatlar turlarini tubdan qisqartirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 12-dekabrdagi PF-5278-son Farmoniga muvofiq hamda davlat xizmatlarining koʻrsatilishida byurokratizm, sansalorlik va boshqa maʼmuriy toʻsiqlarni yanada bartaraf etish, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining mazkur sohadagi faoliyatini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2018-yil 15-oktabrdan davlat va xoʻjalik organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatilishida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining quyidagi tasdiqlovchi hujjatlarini taqdim qilish boʻyicha tartib bekor qilinsin:
Keyingi tahrirga qarang.
a) quyidagi faktlarni tasdiqlovchi:
shaxsning yashash joyi boʻyicha (propiska qilinganligi) yashayotganligi;
Keyingi tahrirga qarang.
shaxsning ishsizligi;
bolani, yolgʻiz shaxslarni, pensionerlarni va nogironlarni parvarish qilganligi haqida;
b) shaxsning tavsifnomasi.
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra fuqarolarga davlat xizmatlari koʻrsatilishi jarayonida shaxsning yashash joyi boʻyicha (propiska qilinganligi) yashayotganligi hamda uning ishsizligini tasdiqlovchi hujjatlarni olish zaruriyati tugʻilganda, davlat va xoʻjalik organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari mazkur maʼlumotlarni tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi organlaridan mustaqil ravishda, shu jumladan idoralararo elektron hamkorlik orqali soʻrab oladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Belgilansinki, 2020-yil 1-yanvardan boshlab, davlat xizmatlarini koʻrsatish jarayonida oila tarkibi, shu jumladan qarindoshlik darajasi va fuqaroning oilaviy ahvoli haqidagi maʼlumotlar davlat va xoʻjalik organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlaridan mustaqil ravishda soʻrab olinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashiga ikki oy muddatda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan tasdiqlovchi hujjatlarni, ularni berish aniq muddatlarini va bepulligini nazarda tutgan holda, fuqarolarga taqdim qilish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash tavsiya etilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
Belgilansinki, kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar 2018-yil 15-oktabrdan boshlab kuchga kiradi.
6. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosarlari zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 3-oktabr,
789-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-oktabrdagi 789-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 26-iyuldagi 318-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2001-y., 7-son,43-modda) bilan tasdiqlangan Oliy oʻquv yurtlarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqish uchun taʼlim kreditlari berish toʻgʻrisidagi nizomning 9-bandining “v” kichik bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 11-fevraldagi 60-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2005-y., 2-son, 7-modda) bilan tasdiqlangan Xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararni toʻlash qoidalari 37-bandining “v” kichik bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-iyundagi 132-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2008-y., 24-25-son, 226-modda) bilan tasdiqlangan Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabi toʻgʻrisidagi nizomning 6-bandida:
a) beshinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
b) oltinchi — sakkizinchi xatboshilar tegishlicha beshinchi — yettinchi xatboshilar deb hisoblansin.
4. Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 31-iyuldagi 158-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2007-y., 7-son, 43-modda) bilan tasdiqlangan Oilaviy bolalar uylari toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 6-bandning beshinchi xatboshisidan “yoki yashash joyidagi oʻzini oʻzi boshqarish organlarining” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
b) 8-bandning uchinchi xatboshisidan “va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-apreldagi 107-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2011-y., 4-son, 27-modda) bilan tasdiqlangan Bolalikdan nogironlarga va oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarga nafaqalar tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizom 6-bandining “v” kichik bandidan “nogiron bolaning va 16 yoshga toʻlmagan OIV infeksiyasiga chalingan shaxsning yashash joyini tasdiqlaydigan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi maʼlumotnomasi” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 14-iyundagi 174-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2011-y., 6-son, 51-modda) bilan tasdiqlangan Dafn etishga nafaqa tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida Nizom 31-bandining “b” kichik bandidan “fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi maʼlumotnomasi yoki” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 8-sentabrdagi 252-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2011-y., 9-son, 75-modda) bilan tasdiqlangan Davlat pensiyalarini tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 12-bandda:
“d” kichik band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
“n” kichik bandidan “fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan berilgan nogiron bola 8 yoshga toʻlgunga qadar uni parvarish qilish vaqtini tasdiqlaydigan maʼlumotnoma” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
b) 13-bandning yettinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
v) 14-bandning oʻn birinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
g) 16-bandning “v” kichik bandidan “fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan berilgan ariza beruvchi yashash joyi boʻyicha bir oʻzi yashashi (roʻyxatdan oʻtkazilganligi) toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma, shuningdek” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
d) 25-banddan “fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan berilgan ariza” degan soʻzlar “ichki ishlar organlari tomonidan berilgan maʼlumotnoma” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
e) 65-bandning toʻrtinchi xatboshisidan “fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organidan olingan maʼlumotlar va qarab turilgan shaxslardan” degan soʻzlar “fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi xodimlaridan va shaxslardan soʻrab chiqish” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 13-sentabrdagi 256-son “Imkoniyatlari cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat taʼlim muassasalari toʻgʻrisidagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash haqida” qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2011-y., 9-son, 77-modda):
a) 1-ilova 20-bandining 7-kichik bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
b) 2-ilova 17-bandining 7-kichik bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 13-iyundagi 171-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2012-yil 6-son, 43-modda) bilan tasdiqlangan Bolalarni Bolalar uyiga qabul qilish uchun hujjatlar Nizomga 1-ilova 12-bandining ikkinchi xatboshisidagi “oila tarkibi toʻgʻrisida yashash joyidan maʼlumotnoma” soʻzlari “oila tarkibi toʻgʻrisida maʼlumotnoma” soʻzlari bilan almashtirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-yanvardagi 38-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.01.2019-y., 09/19/38/2491-son)
11. Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 29-dekabrdagi 367-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2012-y., 12-son, 91-modda) bilan tasdiqlangan Harbiy akademik litseylar oʻquvchilarini oʻqishdan chetlashtirish va boshqa taʼlim muassasasiga oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida Nizom 8-bandining “g” kichik bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
12. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-iyuldagi 194-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2014-y., 7-son, 72-modda) bilan tasdiqlangan Isteʼmolchilarga suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari koʻrsatish qoidalarining 17-bandida:
a) toʻrtinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
b) quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Hisobga olish asboblari bilan taʼminlanmagan isteʼmolchilar tomonidan sarflangan suv hajmini aniqlash uchun zarur boʻlgan doimiy va vaqtinchalik istiqomat qiluvchilar soni haqidagi maʼlumotlar ISKX tashkiloti tomonidan isteʼmolchining yashash joyi boʻyicha ichki ishlar organlaridan mustaqil ravishda soʻrab olinadi”.
13. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 22-sentabrdagi 269-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2014-y., 9-son, 342-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida vasiylik va homiylik toʻgʻrisidagi Nizomda:
a) 60-bandda:
qoʻyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslarga vasiy yoki xomiy boʻlish istagini bildirgan shaxslarning tavsifnomalarini, ularning yashash joyidagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan soʻrab oladi”;
toʻrtinchi xatboshi beshinchi xatboshi deb hisoblansin;
b) 74-bandning ikkinchi xatboshisidan “yashash joyidagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organidan olingan maʼlumotnoma va tavsifnoma” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
v) 80-bandda:
“j” kichik band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
“z” kichik bandidan “yoki yashash joyidagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organidan” soʻzlari chiqarib tashlansin;
g) 81-bandda:
“e” kichik band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
“j” kichik bandidan “yoki yashash joyidagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organidan” soʻzlari chiqarib tashlansin;
d) 82-bandning “g” kichik bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
14. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 24-dekabrdagi 361-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2014-y., 12-son, 130-modda) bilan tasdiqlangan 1941 — 1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashiga hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga qarashli sanatoriy-sogʻlomlashtirish muassasalarida sogʻlomlashtirish tartibi toʻgʻrisida Nizom 13-bandining oltinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“I guruhiga kiruvchi urush va mehnat fronti faxriylari oʻzlariga hamrohlik qiluvchi shaxsning pasport nusxasini ham taqdim etadilar”.
15. Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 28-yanvardagi 18-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2016-y., 1-son, 7-modda) bilan tasdiqlangan Oliy mahorat sport maktabiga sportchilarni tanlash va qabul qilish tartibi toʻgʻrisida Nizom 7-bandining beshinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.
16. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 29-avgustdagi 681-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2017-y., 35-son, 932-modda) bilan tasdiqlangan “Kasanachilikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Konsorsium” MCHJ tomonidan zayom berish tartibi toʻgʻrisida Nizom 12-bandining toʻrtinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2018-y., 09/18/789/1993-son; 17.01.2019-y., 09/19/38/2491-son; 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.08.2021-y., 09/21/527/0804-son, 13.10.2021-y., 09/21/638/0962-son; 25.02.2022-y., 09/22/89/0164-son, 17.08.2022-y., 09/22/451/0743-son; 14.10.2022-y., 09/22/592/0919-son; 23.03.2023-y., 09/23/119/0160-son; 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son; 06.05.2026-y., 09/26/224/0457-son)