OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT STATISTIKA QOʻMITASINING FAOLIYATINI TAKOMILLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi vazirlar mahkamasining istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasi (“Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi) faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 1992-yil 7-avgustdagi 367-sonli qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Bozor munosabatlariga oʻtish sharoitlarida respublika davlat statistika organlari faoliyatini tubdan qayta qurish, ijtimoiy-siyosiy rivojlanish toʻgʻrisida statistik axborotning yagona tizimini tashkil etish va uning samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlash, milliy schyotlar tizimini amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika Qoʻmitasining eng muhim vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari hisoblansin:
respublikada yuz berayotgan ijtimoiy va iqtisodiy jarayonlarni hamda ularning aholi turmush darajasiga, yaratilgan ishlab chiqarish potensiali samaradorligiga va xalq xoʻjaligining balansliligi darajasiga taʼsirini kompleks oʻrganish;
yirik sotsiologik soʻrovlar va tadqiqotlar oʻtkazish asosida iqtisodiy siyosatni va xalq xoʻjaligi tuzilmasini takomillashtirish yuzasidan direktiv organlarga takliflar tayyorlash va taqdim etish;
mulkchilikning yangi munosabatlari shakllanishi jarayonlarini bozor va uning infrastrukturasi rivojlanishini, xoʻjalikni yuritish shakllari va tadbirkorlik faoliyati turlarini, monopoliyalashuv darajasini va monopoliyaga qarshi olib borilayotgan tadbirlarning samaradorligini oʻrganish;
hisobot koʻrsatkichlarining ilmiy asoslangan tizimini, maʼlumotlarni toʻplash va ularni qayta ishlashning progressiv shakllarini joriy etish;
ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni kompleks ishlab chiqish masalalarida statistika organlarining respublikaning boshqa iqtisodiy organlari bilan oʻzaro hamkorligini kuchaytirish, ularni zarur axborot, tahliliy va prognoz maʼlumotlari bilan taʼminlash;
iqtisodiy-statistika axboroti tizimining barqarorligi va ishonchliligini taʼminlash, narxlar va tariflarni kuzatib borish va roʻyxatga olish boʻyicha statistika ishlarini oʻtkazish, mahsulot (ishlar, xizmatlarga ulgurji, xarid va chakana narxlar (tariflar) indekslarini ishlab chiqish, narxlar dinamikasi intizomi va darajasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni muntazam tahlil qilib borish;
mahsulot va tovarlar yetkazib berish boʻyicha davlatlararo shartnomalarning qanday bajarilayotganini tahlil qilish;
butun statistikani respublika manfaatlariga, qabul qilingan xalqaro normalar va standartlarga javob beruvchi milliy schyotlar tizimiga bosqichma-bosqich oʻtkazish mexanizmini ishlab chiqish va joriy etish;
tanlab, lahzali, monografik va boshqa iqtisodiy-sotsiologik kuzatishlardan keng foydalanish asosida ishlab turgan tarmoq statistikasini takomillashtirish, fermer xoʻjaliklari faoliyatini, oʻtkazilayotgan investitsiya siyosati samaradorligini, tashqi iqtisodiy aloqalarni tahlil etish.
2. Respublika statistika organlari xodimlarining cheklangan soni, tegishli ish haqi fondi bilan birga, 6091 nafardan, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi markaziy apparati xodimlari soni 90 nafardan iborat qilib (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari) belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddat ichida:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi, viloyat statistika qoʻmitalari boshqarmalari va Toshkent shahar statistika boshqarmasining tuzilmasi, vazifalari va funksiyalarini qayta koʻrib chiqsin hamda apparat xodimlari sonini 20 foiz qisqartirib, ularni mazkur qarordan kelib chiquvchi talablarga muvofiqlashtirsin;
nohiya, shahar statistika organlari va respublika hisoblash markazlarining tuzilmasi, xodimlari soni va funksiyalarini tahlil qilish hamda ularning tuzilmasini yanada takomillashtirish va ulardan samarali foydalanish yuzasidan takliflar kiritsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi markaziy apparatining tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasiga Raisning toʻrt nafar oʻrinbosariga, shu jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosariga, 7 kishidan iborat hayʼatga ega boʻlishga ruxsat berilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi:
bir oy muddat ichida respublika hududida joylashgan barcha xoʻjalik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflarni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
uch hafta muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oʻzbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qoʻmitasi, Fanlar akademiyasi bilan birgalikda milliy schyotlar tizimini joriy etish boʻyicha Idoralararo ishchi guruhining tarkibi yuzasidan takliflarni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Oʻzbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qoʻmitasi, Moliya vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi bilan birgalikda Qoʻmita huzurida narxlar indekslarining ishonchliligini baholash boʻyicha Ekspert kengash tashkil etsin.
5. Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasiga 1992-yil uchun statistika ishlarining tasdiqlangan rejasini amalga oshirish uchun 20,2 mln soʻm hajmida mablagʻ ajratsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasiga tijorat faoliyatidan va budjetdan tashqari mablagʻ bilan taʼminlashning boshqa manbalaridan olinadigan daromadlardan oʻz ehtiyojlari uchun foydalanishga ruxsat berilsin.
6. SSSR Davlat statistika qoʻmitasining hisobga olish, statistika va nazorat sohasidagi rahbar xodimlar va mutaxassislarning malakasini oshirish tarmoq instituti Oʻzbekiston filiali hamda SSSR Davlat statistika qoʻmitasining statistika axboroti Butunittifoq ilmiy-tadqiqot va loyiha-texnologiya instituti Oʻzbekiston filiali tegishli ravishda Hisobga olish va statistika sohasidagi rahbar xodimlar va mutaxassislarning malakasini oshirish respublika tarmoqlararo institutiga va Oʻzbekiston statistika axboroti ilmiy-tadqiqot institutiga aylantirilib, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasiga boʻysundirilsin.
Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining oʻquv va ilmiy boʻlinmalari oʻz faoliyatlarini toʻla xoʻjalik hisobi va oʻzini oʻzi mablagʻ bilan taʼminlash prinsiplari asosida amalga oshiradilar.
7. Oʻzbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Moddiy-texnika taʼminoti davlat-kooperativ qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining talabnomalari boʻyicha uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun moddiy resurslar ajratsinlar, Oʻzbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika tizimini zarur zamonaviy texnika bilan qayta jihozlash uchun xorijiy valyuta mablagʻlari ajratsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari oʻrtoq B. S. Hamidov zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 19-fevral,
70-son
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT STATISTIKA QOʻMITASI MARKAZIY APPARATINING
TUZILMASI
Rais
Metodologiya masalalari yigʻma ishlari va statistikani takomillashtirish boshqarmasi;
— xalq xoʻjaligi balanslari va milliy schyotlar tizimi boʻlimi;
— moliya statistikasi boʻlimi.
Xususiylashtirish va mulkchilikning yangi shakllari statistikasi boʻlimi.
Raisning birinchi oʻrinbosari — Kapital qurilish, transport, aloqa, uy-joy-kommunal xoʻjaligi statistikasi va tashqi iqtisodiy aloqalar kompleksi rahbari
Kapital qurilish, transport, aloqa va uy-joy-kommunal xoʻjaligi statistikasi va tahlili boshqarmasi:
— kapital qurilish va pudrat ishlari statistikasi va tahlili boʻlimi;
— transport, aloqa va uy-joy-kommunal xoʻjaligi statistikasi va tahlili boʻlimi.
Davlatlararo, tashqi iqtisodiy aloqalar va moddiy resurslar statistikasi boʻlimi.
Rais oʻrinbosari — Sanoat va fan-texnika potensiali statistikasi kompleksi rahbari
Sanoat va fan-texnika potensiali statistikasi va tahlili boshqarmasi:
— mashinasozlik, ogʻir sanoat tarmoqlari va fan-texnika potensiali boʻlimi;
— xalq isteʼmoli mollari va yengil sanoat mahsulotlari boʻlimi.
Ishlar boshqarmasi.
Rais oʻrinbosari — Ijtimoiy statistika va aholining turmush darajasi kompleksi rahbari
Ijtimoiy statistika boshqarmasi:
— ijtimoiy statistika va aholining turmush darajasi boʻlimi;
— savdo, xizmatlar, narxlar va tariflarni kuzatib borish va roʻyxatga olish boʻlimi;
— demografiya va aholining ish bilan bandligi statistikasi boʻlimi.
Rais oʻrinbosari — Dehqonchilik sanoati statistikasi kompleksi rahbari
Dehqonchilik sanoati kompleksi statistikasi va tahlili boshqarmasi:
— dehqonchilik sanoati kompleksi statistikasi boʻlimi;
— dehqonchilik va chorvachilik mahsulotlari yetishtirish va tayyorlash statistikasi boʻlimi.